"Rus Starlinki" qanday yaratilmoqda va u nima uchun kerak?

“Soyuz-2.1b” raketasi Plesetsk kosmodromidan uchirilyapti.
Surat tagso‘zi, "Soyuz-2.1b" raketasining Plesetsk kosmodromidan uchirilishi. "Rassvet" sun’iy yo‘ldoshlari ham xuddi shunday raketa orqali kosmosga olib chiqilgan.
    • Author, BBC Rus xizmati
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiya so‘nggi yillarda "Rassvet" deb nomlangan past orbitali sun’iy yo‘ldosh internet tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Loyiha arxitekturasi jihatidan amerikalik Starlink tarmog‘iga o‘xshagani uchun uni "Rus Starlinki" deb atamoqdalar. Biroq uning ko‘lami va imkoniyatlari Starlink'dan ancha kichik bo‘lishi kutilmoqda.

Loyihani "Byuro 1440" xususiy kompaniyasi amalga oshirmoqda. Rasman u fuqarolik maqsadlariga xizmat qiluvchi internet tarmog‘i sifatida taqdim etilmoqda. Ammo mutaxassislar va kuzatuvchilar uning ahamiyati birinchi navbatda harbiy sohada namoyon bo‘lishini ta’kidlashyapti.

Nega "Rassvet"ga ehtiyoj paydo bo‘ldi?

Iqtibos

Ukrainadagi urush sun’iy yo‘ldosh internetining ahamiyatini yanada oshirdi. Front sharoitida dronlarni boshqarish, bo‘linmalar o‘rtasida tezkor aloqa o‘rnatish va razvedka ma’lumotlarini uzatish uchun barqaror internet zarur hisoblanadi.

2026 yil boshida SpaceX Ukraina murojaatidan keyin Rossiya harbiylari foydalanishi mumkin bo‘lgan Starlink terminallarini blokladi. Natijada Rossiya qo‘shinlarining ayrim bo‘linmalari sun’iy yo‘ldosh internetisiz qoldi. Harbiy blogerlar bu holat frontda boshqaruv va aloqa bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarganini ta’kidladilar.

Shundan keyin Rossiya uchun o‘zining mustaqil sputnik internet tizimini yaratish masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Loyiha qay darajada amalga oshirildi?

2026 yil mart oyida "Rassvet" tizimining birinchi 16 ta sun’iy yo‘ldoshi orbitaga chiqarildi. Iyul oyida yana 16 ta apparat uchirildi. Hozircha orbitada jami 32 ta sputnik bor.

Bu son to‘liq ishlaydigan tizim uchun yetarli emas. Rossiya rejalariga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar orbitada 156 ta apparat bo‘lishi kerak. 2027 yilda esa to‘liq ishga tushiriladigan dastlabki guruh qariyb 300 ta sun’iy yo‘ldoshdan tashkil topishi ko‘zlangan.

Uzoq muddatli rejaga ko‘ra, 2035 yilga borib "Rassvet" tizimidagi sputniklar soni 900 tadan oshishi mumkin.

Starlink dastlab tijorat internet tarmog‘i sifatida yaratilgan. Keyinchalik uning harbiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan Starshield versiyasi ham ishlab chiqildi.

"Rassvet" ham rasman fuqarolik loyihasi hisoblanadi. Kompaniya kelajakda uni poezdlar, samolyotlar va chekka hududlarda internet xizmatlari uchun qo‘llashni rejalashtirmoqda. Biroq loyiha haqidagi muhokamalarning katta qismi harbiy imkoniyatlar bilan bog‘langan.

Ikki tizimning ko‘lami o‘rtasida ham katta farq mavjud. Starlink hozirda orbitada o‘n bir mingdan ortiq sputnikka ega. "Rassvet" uchun esa kelajakda maksimal 900 ta apparat rejalashtirilgan.

Arktikaga alohida e’tibor

"Rassvet"ning muhim xususiyatlaridan biri uning Arktika mintaqasini qamrab olishga mo‘ljallanganidir.

Sputniklar shunday orbitalar bo‘ylab harakatlanadiki, ular Rossiyaning shimoliy hududlari ustidan muntazam o‘tib turadi. Bu Arktika uchun muhim hisoblanadi. Chunki mintaqa orqali Shimoliy dengiz yo‘li o‘tadi, shuningdek, Rossiyaning muhim harbiy ob’ektlari ham shu yerda joylashgan.

Mutaxassislar fikricha, loyihaning asosiy vazifalaridan biri aynan shu strategik hududlarda ishonchli aloqa yaratishdir.

Sputniklar yer sayyorasini aylanib joylashgani tasvirlangan surat.
Surat tagso‘zi, Sputniklar taxminan 82 daraja og‘ish burchagiga ega ikki orbitada joylashgan. FindRassvet.ru saytidan olingan skrinshot.

Lazer texnologiyasiga tayanish

Starlink butun dunyo bo‘ylab joylashgan ko‘plab yer usti stantsiyalaridan foydalanadi. Rossiya esa xalqaro cheklovlar sabab bunday infratuzilmani oson tashkil eta olmaydi.

Shuning uchun "Byuro 1440" ma’lumotlarni sun’iy yo‘ldoshlar orasida lazer nuri orqali uzatish texnologiyasiga katta e’tibor qaratmoqda. Bu usul tashqi infratuzilmaga qaramlikni kamaytiradi va xavfsizlikni oshiradi.

Biroq bunday texnologiya texnik jihatdan ancha murakkab hisoblanadi va qo‘shimcha resurslar talab qiladi.

Texnik qiyinchiliklar saqlanib qolmoqda

Oktyabr holatiga ko‘ra, uchirilgan 32 ta sputnikning hech biri rejalashtirilgan ishchi orbitaga chiqmagan. Ular hali tayyorlov bosqichidagi orbitalarda harakatlanmoqda.

Kosmosga ixtisoslashgan kuzatuvchilar bu holatni loyihadagi ehtimoliy texnik muammolar bilan bog‘lamoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, birinchi partiyadagi bir sputnik yo‘qotilgan. Ikkinchi partiyadagi yana ikki apparat bilan ham muammolar kuzatilgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, loyihaga yaqin manbalarning ta’kidlashicha, qolgan apparatlar rejadagi orbital manyovrlarni amalga oshirmoqda va o‘z o‘rinlarini egallash jarayoni davom etmoqda.

Sanksiyalar ta’siri

G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi joriy etgan sanksiyalari kosmik sanoatga ham ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, zamonaviy elektronika va ikki maqsadli texnologiyalarni sotib olish ancha qiyinlashgan.

Mutaxassislar fikricha, "Byuro 1440" zarur qismlarni qisman Xitoydan, qisman esa bilvosita ta’minot kanallari orqali olishda davom etmoqda. Ammo bu jarayon ko‘proq vaqt va mablag‘ talab qiladi.

Shuningdek, ayrim muhim butlovchi qismlar, jumladan antennalar, boshqaruv tizimlari yoki dvigatellar bo‘yicha ham qiyinchiliklar bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Davlat ishtirokisiz mumkin emas

"Byuro 1440" rasman xususiy kompaniya bo‘lsa-da, loyiha davlat yordamisiz amalga oshirilmayapti.

Kompaniya sun’iy yo‘ldoshlarni davlatga qarashli "Soyuz-2" raketalari orqali uchirmoqda. Bundan tashqari, 2026-2030 yillar davomida unga katta hajmda davlat kreditlari ajratilishi rejalashtirilgan.

Shu sababli ko‘plab tahlilchilar "Rassvet"ni rasman xususiy, ammo amalda davlat qo‘llab-quvvatlayotgan loyiha deb baholaydi.

Hujumlar ham loyihaga ta’sir qilmoqda

2026 yilda Ukraina Samara shahridagi "Progress" zavodiga zarba berdi. Mazkur korxona "Soyuz" raketalarini ishlab chiqaradi.

Shuningdek, "Rassvet" sputniklari uchiriladigan Plesetsk kosmodromi ham bir necha marta dron hujumlari haqidagi xabarlarda tilga olindi.

Zarar darajasi to‘liq ma’lum emas. Ammo mutaxassislar bunday voqealar raketa ishlab chiqarish yoki uchirish sur’atiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring and continue readingIjtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring

Kelajak qanday?

"Byuro 1440" kelajakda poezdlar va samolyotlarda sun’iy yo‘ldosh internetini joriy qilishni rejalashtirmoqda. Bu maqsadda kompaniya "Aeroflot" va Rossiya temir yo‘llari bilan hamkorlik kelishuvlarini imzolagan.

Biroq hozircha loyihaning kelajagi haqida aniq xulosa chiqarish qiyin. Kompaniya faoliyati to‘liq ochiq emas. Sputniklarning haqiqiy holati, ishlab chiqarish sur’ati va texnik imkoniyatlari haqida ma’lumotlar cheklangan.

Shunga qaramay, bir narsa aniq: zamonaviy harbiy harakatlarda sun’iy yo‘ldosh interneti muhim o‘rin tutadi. Shu sababli Rossiya texnik qiyinchiliklar, sanksiyalar va boshqa to‘siqlarga qaramay, o‘zining mustaqil sputnik internet tarmog‘ini yaratish harakatlarini davom ettirishi kutilmoqda.

Maqolaning rus tilidagi to‘liq matnini bu yerda o‘qishingiz mumkin.