Shakiradan Lopesgacha: Markaziy Osiyo superyulduzlar uchun yangi bozorga aylandimi?

Surat manbasi, Rasmiy/Getty Images/Kevin Mazur/Stefania M. D'Alessandro
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Markaziy Osiyo jahon pop yulduzlaridan biri Shakirani kutmoqda. Ayni damda xonandaga to‘lanadigan gonorar va bu kontsert Qirg‘iziston iqtisodiga qancha daromad keltirishi haqida muhokamalar avjida.
Bir yil avval mintaqada shunga o‘xshash bahslarga amerikalik xonanda Jennifer Lopesning kontsertlari sabab bo‘lgandi.
Millionlab dollarlik gonorarlar, minglab xorijlik mehmonlar va turizmdan kutilayotgan daromad haqidagi raqamlar bu kabi tadbirlarga qiziqishni yanada oshirmoqda.
Ammo bunday kontsertlar mamlakat iqtisodiyotiga haqiqatan ham foyda keltiradimi? Markaziy Osiyo davlatlari nega jahon yulduzlarini taklif qilmoqda? Bu turizmni rivojlantirishning samarali yo‘limi yoki mamlakat imijini targ‘ib qilish vositasimi?
30 million $ daromad?
18 oktyabr kuni Bishkekda kolumbiyalik mashhup xonanda Shakira Markaziy Osiyodagi ilk kontsertini berishi kutilmoqda. Qirg‘iziston poytaxtida kontsertga tayyorgarlik allaqachon shahar manzarasining bir qismiga aylandi. Reklama lavhalarini yirik ekranlardan tortib, ko‘cha bannerlarida va hatto ayrim xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida ham ko‘rish mumkin.
Rasmiylar bu kontsertga mamlakatning turizm imkoniyatlarini namoyish qilish uchun muhim maydon sifatida ham qaraydi.
"Bishkek Arenaga 60 ming muxlis kelishi kutilmoqda. Ularning 30 mingi xorijlik mehmonlar bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir xorijlik mehmon o‘rtacha 940 dollar sarflaydi. Bu mablag‘ga bilet, transport, yo‘l va mehmonxona xarajatlari kiradi. Tasavvur qiling, 30 ming mehmon bir kunda qariyb 30 million dollar sarflaydi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy hissadir", — deydi Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish davlat agentligi rahbari Eduard Qubatov.

Surat manbasi, Rasmiy
Biroq bu raqamlar hozircha taxmin sifatida qaralmoqda. Kontsertning iqtisodiy samarasi haqida aniq xulosa chiqarish uchun tadbirdan keyingi ma’lumotlar talab etiladi. Bishkeklik jamoat faoli Jannat To‘qto‘sunova esa rasmiy hisob-kitoblarga ehtiyotkorlik bilan yondashish zarurligini ta’kidlaydi:
"Eduard Qubatov aytgan 30 million dollar aniq hisob-kitobmi yoki shunchaki taxminmi, noma’lum. Chet elliklarning aviachipta puli asosan xorijiy aviakompaniyalarga tushadi, Qirg‘iziston aviakompaniyalarining parvozlari esa cheklangan. Mehmonxona va ovqatlanish xarajatlarini hisobga olganda ham, bu raqamni kamida ikki baravar kamaytirish kerak. Bundan tashqari, kontsert kuni yo‘llarning yopilishi va harakatga qo‘yiladigan cheklovlar Bishkek iqtisodiga qancha zarar keltirishini ham hisoblash lozim".
51 ming kishilik «Bishkek Arena»da o‘tkazilishi rejalashtirilgan kontsert chiptalari 12 ming somdan 180 ming somgacha, ya’ni taxminan 137 dollardan 2058 dollargacha belgilangan. Ayrim banklar esa chipta sotib olish uchun mijozlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan qarz taklif qilmoqda.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qirg‘iziston Prezidenti ish boshqarmasi rahbari ham targ‘ib qilayotgan kontsert uchun Shakiraga qancha gonorar to‘lanishi haqida rasmiy ma’lumot ochiqlanmagan. Tadbirni xususiy kompaniya tashkil qilayotgani, xonandaga to‘lanadigan mablag‘ esa davlat byudjeti emas, homiylar hisobidan qoplanishi aytilmoqda. Biroq homiylar va tashkilotchi kompaniyaning nomi oshkor qilinmagan.
Axborot vositalarining yozishicha, rasman tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Shakiraning gonorari 6–7 million dollar atrofida bo‘lishi mumkin.
"Markaziy Osiyoda oxirgi paytlarda tashkillashtirilayotgan mashhur jahon superyulduzlarining kontsertlariga ikki tomonlama qarash mumkin. Birinchisi, ushbu mamlakatlar turizm sohasiga katta e’tibor qaratayotgani va kontsertlar orqali o‘z yurtini dunyoga tanitishni maqsad qilganida. Ikkinchi tomoni esa siyosiy. Albatta, mamlakat rahbariyati buni ochiq aytmaydi va jahon yulduzlarining kontsertlariga umuman aloqasi yo‘qdek ko‘rsatishga harakat qiladi. Birok shu bilan bir vaqtda, mashhur yulduzlarning kelishi o‘sha davlatning hamda mamlakat rahbariyatining imiji yuksalishiga xizmat qiladi", — deydi jurnalist Sabir Abdumo‘munov.
Lopes kontsertlari nimani ko‘rsatdi?
Markaziy Osiyoda superyulduzlarning gonorari va kontsertlardan olinadigan daromad haqidagi bahslar yangi emas. 2025 yilda amerikalik xonanda Jennifer Lopesning mintaqadagi gastrollari ham shunday savollarni kun tartibiga olib chiqqandi.
Lopes Toshkent, Ostona va Olmaotada kontsert bergan. Uning har bir shahardagi chiqishi uchun gonorari qariyb 7 million dollar bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi, ammo bu raqamlar rasman tasdiqlanmagan.
"Bu jarayon o‘zining tabiiy oqimi bilan davom etmoqda. Qachondir Markaziy Osiyoga ham dunyo miqyosidagi yulduzlar kelishi kerak edi. Demak, bu borada ijobiy rivojlanish bor. Buni ko‘proq davlat obro‘-e’tibori uchun qilingan deb hisoblamayman. Bunda siyosiy sabablarni ko‘rmayman. Asosiy o‘rinda turizm turadi", — deydi toshkentlik prodyuser Sardor Komilov.

Surat manbasi, Taqdim
Mahalliy axborot vositalari Toshkentdagi kontsertda 31 mingdan ortiq tomoshabin qatnashgani va ularning yarmi xorijlik mehmonlar bo‘lganini yozgan. Kontsert bilan bog‘liq soliq tushumlari 42,5 milliard so‘mni tashkil etgani aytilgan.
Olmaotada esa taxminan 27 ming tomoshabin yig‘ilgan bo‘lib, ularning 7 mingtasi chet eldan kelgan. U yerdagi soliq tushumlari 600 million tenge atrofida baholangan.
Qimmat chiptalar va mahalliy aholi imkoniyati
Yirik kontsertlarning iqtisodiy samarasi haqidagi bahslar chipta narxlari bilan ham bevosita bog‘liq. Markaziy Osiyo mamlakatlarida aholining daromadi va xarid qobiliyati bir xil emas.
Jahon banki va milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtadan past daromadli davlatlar qatoriga kiradi. Har ikki mamlakatda ham qishloq joylarda yashovchi aholi salmoqli ulushni tashkil etadi.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasidagi Chotqol tumanida yashovchi Odina Sheralieva Shakira kontserti chiptalarini juda qimmat deb hisoblaydi:
"Shakiraning kontsertiga eng arzon chipta 12 ming som ekan, bu pulga men 30 qop ko‘mir sotib olaman. Eng qimmat chipta 180 ming som ekan. Bu pul oddiy odamlarning deyarli bir yilda ishlab topgan daromadi".
Kontsertlar atrofidagi muhokamalar faqat iqtisod bilangina cheklanmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda artistlarning obrazi haqida ham bahslar mavjud. O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ayrimlar xonandalarning liboslari milliy qadriyatlarga mos emasligini tanqid qilib, boshqalarni kontsertga bormaslikka chaqirmoqda.
"Men bunday tanqidiy fikrlarga jiddiy qarashni xohlamayman. Chunki bu xonandalar unday fikrlar aytiladimi-yo‘qmi, e’tibor ham berishmaydi. U buyurtma bilan keladi va o‘z uslubida kuylaydi, bu uning imiji. U: "Men Markaziy Osiyoga boryapman, endi atlas ko‘ylak bilan do‘ppi kiyib, maqom aytayin", demaydi. U o‘z gonorarini oladi va o‘zini superyulduz qilib turgan uslubida kuylab, ketadi. U aynan shunisi bilan ham superyulduzdir", — deydi Sabir Abdumo‘munov.
Bizga xorijlik yulduzlar kelyapti, ammo o‘zimizning san’at ahlidan kimdir qachon dunyoga tanilarkin? Afsuski, bizning xonandalarning faoliyati asosan to‘y xizmatlariga bog‘langan.
Bu yangi jarayonmi?
Aslida, jahon pop yulduzlarining Markaziy Osiyo bilan bog‘liq chiqishlari ancha oldin boshlangan.
2013 yilda Jennifer Lopes Turkmanistonning o‘sha paytdagi prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Ashxobodda o‘tkazilgan xususiy tadbirda qatnashgan va unga "Happy Birthday, Mr. President" qo‘shig‘ini kuylagan edi. Xalqaro nashrlar bu chiqish uchun Lopesga taxminan bir million dollar to‘langanini yozgan.
Biroq kuzatuvchilar Ashxoboddagi xususiy tadbirni Toshkent, Olmaota yoki Bishkekdagi ommaviy kontsertlar bilan tenglashtirib bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Chunki bu kontsertlar minglab tomoshabinlar uchun ochiq va chipta sotuvi orqali moliyalashtirilmoqda.
Jahon miqyosidagi artistlarning gastrol safarlari odatda bir necha oy, ba’zan yillab tayyorgarlikni talab qiladi. Muzokaralar, maydon tayyorlash, texnik talablar, xavfsizlik va logistika, bularning bari yuzlab mutaxassislar mehnatini talab etadi. Shu bois tahlilchilar katta gastrollarni shunchaki madaniy tadbir emas, balki yirik biznes loyihasi sifatida ko‘radilar.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzating
"Biznikilar qachon chiqadi?"
Xullas, Markaziy Osiyo odatda yirik gastrol xaritalarida kam uchraydigan hududdan taniqli artistlar e’tibor qaratayotgan bozorga aylanib bormoqda.
Lekin muhim bir savol ochiq qolmoqda: bu kontsertlar mintaqaga doimiy sayyohlar oqimi va iqtisodiy foyda keltiradigan an’anaga aylanadimi yoki shov-shuvdan so‘ng to‘xtaydigan vaqtinchalik jarayonmi?
"Faqat bir narsa afsus uyg‘otadi. Bizga xorijlik yulduzlar kelyapti, ammo o‘zimizning san’at ahlidan kimdir qachon dunyoga tanilarkin? Biznikilar ham faqat to‘ylar bilan cheklanib qolmay, jahon sahnalarini zabt etsa qani edi. Afsuski, bizning xonandalarning faoliyati asosan to‘y xizmatlariga bog‘lanib qolgan. To‘liq ma’nodagi haqiqiy sahna artistlarimiz, tan olish kerak, juda kam", — deydi prodyuser Sardor Komilov.































