Muzey ko‘chadi, devorlardagi noyob suratlar-chi? Navoiy muzeyi atrofida yangi bahs
Toshkent markazidagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi binosi Yoshlar teatriga bepul berib yuborilmoqdami?
O‘zbekiston matbuotida hukumatning shu haqdagi qarori qabul qilingani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘ldi.
«Daryo» nashrining yozishicha, Vazirlar Mahkamasining 29 sentyabrdagi qarorida muzey boshqa joyga ko‘chirilgach, uning binosini Yoshlar teatriga bepul berish ko‘zda tutilgan.
Bu xabarlar Adabiyot muzeyi atrofidagi bahslarni yana jonlantirdi.
Muassasaning ilmiy xodimlari tarixiy bino, undagi noyob devoriy suratlar va qo‘lyozmalar taqdiridan xavotirda. Ular muzeyni hozirgi joyida saqlab qolishni so‘rab, davlat idoralariga murojaat qilgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
Muzey xodimlari nimadan xavotirda?

Adabiyot muzeyining ilmiy xodimlari uni ko‘chirish rejasidan xavotir bildirib, bir necha bor davlat idoralariga murojaat qilgan. Ular muzey joylashgan binoning o‘zi ham tarixiy va madaniy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashadi.
Ayniqsa, bino devorlaridagi noyob suratlar taqdiri ularni tashvishga solayotganini aytishadi.
Alisher Navoiyning «Xamsa» dostonlari va g‘azallari asosida yaratilgan bu asarlar muzey uchun maxsus ishlangan.

Matbuotdagi chiqishlarida muzey xodimlari bino Yoshlar teatriga berilgan taqdirda, devoriy suratlar qanday asrab qolinishi haqida aniq ma’lumot yo‘qligini bildirishgan.
Ularning xavotiriga sabab - bu asarlar binoning o‘zi bilan uzviy bog‘liqligi va ularni saqlash masalasi qanday hal etilishi hanuz noma’lumligidir.
Muzey direktori avval nima degan edi?

BBC O‘zbek xizmati shu yil iyul oyida ham Adabiyot muzeyining ko‘chirilishi va noyob qo‘lyozmalar taqdiri haqida material e’lon qilgan edi.
O‘shanda muzey direktori Shahnoza Nazarova BBCga muassasa butunlay tugatilmayotganini, balki Yangi Toshkentga ko‘chirilishini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bino 2027–2028 yillarda tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Muzeyning barcha eksponatlari keyinchalik shu yerga joylashtirilishi rejalashtirilgan.
Direktor muzeyning hozirgi binosi kelajakda qanday maqsadda foydalanilishidan bexabar ekanini ham bildirgan edi.
Endi esa tarixiy binoni Yoshlar teatriga berish haqida xabarlar tarqalmoqda.
Biroq devoriy suratlar qanday asrab qolinishi, boshqa muassasalarga ko‘chirilgan qo‘lyozmalardan ilmiy xodimlar qanday foydalanishi va yangi muzey qachon ish boshlashi kabi savollar ochiq qolmoqda.

































