O‘zbekistonga jinsiy zo‘ravonlar "qora ro‘yxati" kerakmi? - Video

Surat manbasi, gazeta.uz
Namanganda ro‘y bergan hodisa bundan keyin O‘zbekistonning biror bir joyida o‘xshash voqea takrorlanmasligi uchun nima qilmoq lozim degan savolni paydo qildi.
Hodisa oddiy o‘zbekistonliklardan tortib mamlakat rahbariyatigacha ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
"Bo‘lgan voqeani eshitib, g‘azabim ichimga sig‘may ketdi", deb yozdi O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva.
"Shuningdek, beparvoligi bilan bu qabohatga yo‘l ochgan, norasida bolani asray olmagan barcha mas’ullar ham jazolanadi.
Shu bilan birga, bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish uchun qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklif tayyorlayapmiz", deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Bloger Shahnoza Soatova oldin kuzatilgan shu kabi hodisalardan xulosa chiqarilmadi, bunday hodisalar oldini olish choralari ko‘rilmadi, deya xulosaga kelgani haqida yozdi:
"Lekin bir xavfli nuqta bor, biz bundan avval o‘tganmiz — xulosa chiqarmaslik va keyingi ehtimolli fojialarning oldini olishga yetarli e’tibor qaratmaslik".

"Biz hozir "jinoyat sodir bo‘ldi, jazoni kuchaytirish kerak" degan talab bilan birga, balki undan ham oldinroq "Bolalar muassasasida katta yoshli xodimning 5 yoshli bola bilan nazoratsiz qolishiga tizim qanday qilib yo‘l qo‘ydi va bunday imkoniyatni qanday yo‘qotamiz?" degan savol ustida o‘ylashimiz kerak", deya taklif bildirdi bloger.
"... jamoatchilik faollari talab qilayotgan bolalarga qarshi zo‘ravonlik va jinsiy jinoyatlar sodir etganlarning reestrini joriy qilishimiz shart. Bu "qora ro‘yxat"ga voyaga yetmaganlarga jinsiy shilqimlik qilganlardan tortib nomusga tegish ishlarida nomi aralashgan hammani kiritish kerak", deb yozdi Shahnoza Soatova.
"Ha, vaziyat jiddiy, keskin choralar ko‘rilishi kerak. Shu paytgacha hatto pedofillarning reestri yaratilmagan, hech kim bosh qotirayotgani ham yo‘q. Adliya pedofillari shov-shuv bo‘lgan davrda boshlaganimizda ancha ishlar qilgan bo‘lardik", deb yozdi "Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Taniqli bloger Aziza Umarova o‘zining Feysbukdagi sahifasida Qozog‘istonda allaqachon yo‘lga qo‘yilgan voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilgan jinoyatchilar ro‘yxatini misol keltirdi va bugun O‘zbekistonda javobi talab qilinayotgan eng dolzarb savollarni qo‘ydi:
- 128-modda (pedofiliya) bo‘yicha bir yilda qancha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi va buning uchun qanday jazo belgilangan? Ularning qanchasi keyinchalik takroran shu turdagi jinoyatni sodir etadi?
- Pedofiliya uchun sudlangan shaxslarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishini kim nazorat qiladi?
- Bolalar muassasalariga, masalan, bog‘chalar va maktablarga xodimlarni (aytaylik, qorovul sifatida) ishga qabul qilishda ularda pedofiliyaga moyillik bor-yo‘qligini aynan kim tekshiradi?
- Uy sharoitida bolalar bog‘chasi tashkil etishga ruxsat berishda pedofiliyaga moyillik bor-yo‘qligi bo‘yicha qanday tekshiruv o‘tkaziladi?"
O‘zbekistondagi Gazeta.uz veb-nashri shunday yozdi:
"Jahon amaliyotida bolalarni himoya qilish barcha muassasalar va ularning xodimlari uchun majburiy bo‘lgan qat’iy standartlar, protokollar va tartib-qoidalarga asoslanadi. Namangandagi bolalar bog‘chasida qiz bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilgani O‘zbekistondagi ta’lim va tarbiya tizimida bunday mexanizmlar mavjud emasligini ko‘rsatdi".
O‘zbekiston Bolalar Ombudsmani ham pedofillarga nisbatan javobgarlikni keskin kuchaytirish tarafdori ekanini ma’lum qildi:
"bolalarga nisbatan og‘ir jinsiy jinoyatlarni (nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) sodir etgan shaxslarga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etilishi lozim.
Bunday jinoyat oqibatida bolaga yetadigan ziyon darajasi va uning jamiyat uchun ijtimoiy xavfliligi aslida odam o‘ldirishdan kam emas.
Bola jismonan omon qolsa-da, uning ruhiyati, bolaligi va kelajagi umrbod jarohatlanadi.
Mazkur pozitsiya Bolalar ombudsmanining Parlamentga kiritgan Maxsus ma’ruzasida ham tahlillar asosida bayon etilgan.
Xorijiy tajriba ham buni tasdiqlaydi: qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanadi".
Bi-bi-si ham O‘zbekistonda bolalar bilan ishlaydigan xodimlarning kriminal o‘tmishini tekshirish mavzusini ko‘targan edi.
O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva shunday dedi:
"Oila boshqa shaharga ko‘chib o‘tadi, uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi. Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi, xususan, qizaloqning onasi o‘qish va ishga joylashishiga yordam beriladi. Zarur bo‘lsa, familiyasini o‘zgartirishga ham ko‘maklashiladi. Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi".
Shahnoza Mirziyoyevaga ko‘ra, O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi mas’ul idoralar bilan birgalikda bir necha oy davomida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ustida ish olib borgan.
Tayyorlangan takliflar ko‘rib chiqish uchun allaqachon taqdim etildi.
"Shuningdek, biz ota-onalarning bolalarga g‘amxo‘rlik qilmagani uchun, pedagoglarning esa zo‘ravonlik va kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ygani uchun javobgarligini kuchaytirishni, jabrlangan bolalarga tergov va sud jarayonining har bir bosqichida huquqiy yordam va himoya ta’minlanishini taklif etmoqdamiz", dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi 28 sentyabrda O‘zbekistonning Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshlagani haqida xabar qildi.






























