"Tarbiyali va bilimli". Nega Qozog‘iston prezidenti o‘z qo‘riqchilarini yuqori lavozimlarga tayinlayapti?

Yangi mudofaa vaziri Aydos Mirzaxmetov (chapda) Qosim-Jomart Toqaev bilan uchrashuvda, 27 sentyabr.
Surat tagso‘zi, Yangi mudofaa vaziri Aydos Mirzaxmetov (chapda) Qosim-Jomart Toqaev bilan uchrashuvda, 27 sentyabr.
    • Author, BBC Monitoring
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev Mudofaa vazirligida kadrlar o‘zgarishini amalga oshirib, rahbarlik lavozimlaridagi tajribali generallarni Davlat qo‘riqlash xizmati ofitserlari bilan almashtirdi.

Qozog‘istonning yangi mudofaa vaziri Aydos Mirzaxmetov va uning o‘rinbosari Aytkurman Omarbekov prezident xavfsizligi uchun mas’ul elita idora — Davlat qo‘riqlash xizmatidan yuqori davlat lavozimlariga ko‘tarilgan navbatdagi kadrlar bo‘ldi. Ularning karьerasi so‘nggi yillarda Toqaev kasbiy tajribadan ko‘ra sadoqatni ustun qo‘yayotganini, fuqarolik va strategik ahamiyatga ega rahbarlik lavozimlariga kuch ishlatar tuzilmalar vakillarini tayinlayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

2022 yildagi, rasmiylar davlat to‘ntarishiga urinish deb atagan voqealardan omon chiqqan Toqaev mamlakatda ichki siyosiy barqarorlikni ta’minlashga qat’iy bel bog‘lagan. Biroq tanqidchilar shaxsiy ishonchga asoslangan bunday kadrlar siyosati uzoq muddatda hukumatning kasbiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, bu yondashuv hokimiyatning Toqaevga yaqin doira qo‘lida yanada ko‘proq to‘planishiga olib kelishi mumkin. Bu esa o‘z hokimiyatini kuch ishlatar tuzilmalarning sadoqatli vakillariga tayanib mustahkamlagan Rossiya prezidenti Vladimir Putin amaliyotini eslatadi.

Nima bo‘ldi?

Toqaev prezidentligi davrida Davlat qo‘riqlash xizmatidan rahbarlik lavozimiga ko‘tarilgan birinchi shaxs Yermek Sagimbaev bo‘ldi. U 2022 yil 6 yanvarda, mamlakatni hukumatga qarshi namoyishlar qamrab olgan paytda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisi etib tayinlandi. Keyinchalik rasmiylar bu namoyishlarni davlat to‘ntarishiga urinish deb atadi.

Sagimbaev ushbu nufuzli maxsus xizmatga uning avvalgi rahbari Karim Masimov davlatga xiyonat qilishda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng boshchilik qildi. Masimov sobiq prezident Nursulton Nazarboev tarafdori edi. U 2022 yil yanvarь voqealari chog‘ida davlatga xiyonat qilishda ayblangan.

Sagimbaev bunga qadar Davlat qo‘riqlash xizmatida turli lavozimlarda, jumladan, uning rahbari va xizmat tarkibidagi ikkita bo‘linmadan biri bo‘lgan Prezidentni qo‘riqlash xizmati boshlig‘i sifatida ishlagan.

2024 yil boshida Chingis Arinov Prezidentni qo‘riqlash xizmati rahbari lavozimini tark etib, Favqulodda vaziyatlar vazirligiga boshchilik qila boshladi. 2026 yil sentyabrda esa u Olma-ota viloyati hokimi etib tayinlandi. Arinovning kasbiy yo‘l ayniqsa e’tiborga molik, chunki Qozog‘istonda kuch ishlatar tuzilmalar xodimlarining fuqarolik sohasidagi lavozimlarga tayinlanishi kamdan kam uchraydi.

Yangi mudofaa vaziri Aydos Mirzaxmetov ham Davlat qo‘riqlash xizmatida ungan. Uning 2022 yil martgacha bo‘lgan faoliyati haqida ko‘p ma’lumot yo‘q. O‘sha paytda u xizmatning ichki bo‘linmalaridan biriga rahbar etib tayinlangan. 2024 yilda esa Qurolli kuchlar Maxsus operatsiyalar kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan.

Mirzaxmetovning shu yil sentyabrda mudofaa vaziri etib tayinlanishi Kaspiy dengizidagi harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 14 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan hodisadan keyin yuz berdi. Bu voqea vazirlikda keng ko‘lamli kadrlar almashinuviga sabab bo‘ldi.

Mudofaa vazirligida Mirzaxmetov sobiq hamkasbi Aytkurman Omarbekov bilan yana birga ishlay boshladi. Omarbekov 5 oktyabrda vazirning birinchi o‘rinbosari va Qurolli kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i etib tayinlangan edi. Bunga qadar u Davlat qo‘riqlash xizmati rahbarining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Nega bunday bo‘ldi?

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Davlat qo‘riqlash xizmatidan rahbarlikka ko‘tarilgan ayrim shaxslar yangi lavozimlariga tayinlangan paytda tegishli sohada bevosita ish tajribasiga ega emas edi. Ularning yuqori lavozimlarga ko‘tarilishi Qozog‘istonda davlat idoralari rahbarlarini, odatda, shu idoraning o‘z xodimlari orasidan tanlash amaliyotiga ham zid keladi.

Bu holat xavfsizlik xizmati sobiq xodimlarining lavozimga ko‘tarilishida prezidentga sadoqat asosiy omil bo‘lganini ko‘rsatadi. Toqaev yillar davomida shaxsiy xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan odamlarga ishonch bildirgan.

2024 yilda Ulysmedia.kz nashri Chingis Arinovning tezkor karьerasiga e’tibor qaratgan va uning Favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlanishiga prezidentga yaqinligi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qilgan edi.

"Chingis Sayranovichning avvalgi kasbiy faoliyati fuqarolik mudofaasi, yong‘in xavfsizligi yoki qutqaruv operatsiyalariga mutlaqo aloqador emas. Albatta, agar u bizga noma’lum biror hodisa paytida prezidentni qutqarmagan bo‘lsa. Lekin hazilni bir chetga surib qo‘ysak, uning butun karьera yo‘li Shaolin rohibining bambuk tayog‘i kabi to‘g‘ri chiziqdan iborat", — deb yozgan edi nashr.

Ulysmedia.kz shuningdek, Toqaev Davlat qo‘riqlash xizmati xodimlarida bo‘lishini istagan fazilatlar haqida gapirganida "mutlaq sadoqat" va vafodorlikni alohida ta’kidlaganini eslatgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham hokimiyatini mustahkamlash uchun shunga o‘xshash strategiyadan anchadan beri foydalanadi. Qozog‘istonlik hamkasbi kabi Putin ham o‘z qo‘riqchilari va shaxsiy xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan Federal qo‘riqlash xizmati (FQX) xodimlarini yuqori rahbarlik lavozimlariga tayinlashi bilan tanilgan.

Rossiyadagi "inoagentlar" reestriga kiritilgan "Nastoyaщee vremya" telekanali 2024 yilda e’lon qilgan surishtiruvda FQXning sobiq yetti nafar xodimi haqida so‘z boradi. Keyinchalik ular gubernatorlar, vazirlar va prezident maslahatchilari lavozimlarini egallagan.

Ular orasida eng mashhuri — Putin mudofaa sanoatiga mas’ul yordamchisi etib tayinlagan Aleksey Dyumin. 2024 yilda Dyumin Rossiya Davlat kengashi kotibi ham bo‘ldi. Bu esa uning kelajakda Putinning ehtimoliy vorisi bo‘lishi mumkinligi haqidagi muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Munosabat qanday bo‘lyapti?

Qozog‘istonda ommaviy axborot vositalari qattiq nazorat qilinadi va o‘zini o‘zi senzura qilish keng tarqalgan. Shu sababli mustaqil nashrlar prezident xavfsizligi xizmati xodimlarining davlat boshqaruvidagi ta’siri ortib borayotgani haqida asosan fikr bildirishdan tiyildi.

Natijada axborot maydonidagi bo‘shliqni hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi tahlilchilar to‘ldirdi. Ular Toqaevning kadrlar bo‘yicha qarorlarini, ayniqsa Mudofaa vazirligidagi o‘zgarishlardan keyin, yuqori baholadi.

Harbiy tahlilchi Emin Jabbarov xavfsizlik xizmati xodimlarini u "baqiroq" deb ta’riflagan tajribali generallarga qarama-qarshi qo‘ydi.

"Davlat qo‘riqlash xizmati odamlari butunlay boshqacha. Ular bilan muloqot qilish yoqimli. Men armiyamizda ham shunday odamlarni ko‘rishni istardim. Ular tarbiyali va bilimli. Davlat qo‘riqlash xizmatida ma’naviyat va ofitserlik sha’niga e’tibor berilishi ko‘rinib turibdi. Ularni halol va bilimli bo‘lishga o‘rgatishgan. Armiyamizda aynan shu yetishmaydi. Umid qilamanki, ular tahqirlash, qo‘rqitish va haqoratlashga asoslangan harbiy madaniyatni o‘zgartirib, to‘g‘ri qadriyatlar va axloqiy tamoyillarni singdira oladi", — dedi u Instagram'da bloger Timur Balimbetovga bergan intervyusida.

Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi siyosatshunos Adil Seyfullin ham Mirzaxmetovning mudofaa vaziri etib tayinlanishini ma’qulladi.

"Davlat rahbari va mamlakatning yuqori lavozimli amaldorlari o‘z hayotini ishonib topshiradigan odamlar o‘zlarining munosib ekanini amalda bir necha bor isbotlagan... Bugun ofitser, benuqson obro‘ga ega insonning mudofaa vaziri etib tayinlanishi prezidentning meritokratiya tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi", — deb yozdi u Telegram'da.

Meritokratiya — lavozimlarga shaxsiy aloqalar yoki sadoqatga emas, balki qobiliyat va xizmatlarga qarab tayinlash tamoyili.

Endi nima bo‘ladi?

Toqaev kuch ishlatar tuzilmalar vakillarini muhim lavozimlarga tayinlashda davom etishi mumkin. Chunki bu uning boshqaruv modelidagi ajralmas xususiyatga aylanib bormoqda.

2022 yilda sobiq prezident Nazarboevning hokimiyatdan chetlashtirilishiga erishganiga qaramay, Toqaev o‘z mavqeini mustahkamlash uchun hali uzoq yo‘l bosishi kerak, deb hisoblayotgan ko‘rinadi. Bu yil boshida hukmron partiyani tubdan qayta tashkil etgani ham shundan dalolat beradi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Bunday strategiya Toqaevga hukumat ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishga yordam berishi mumkin. Biroq uning shaxsiy qo‘riqchilari vazirliklar, armiya va razvedka idoralariga rahbarlik qilish uchun zarur malakaga ega ekanini kafolatlamaydi.

"Hokimiyatning sadoqatli kuch ishlatar tuzilmalar vakillari qo‘lida to‘planib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otadi. Davlat rahbarining qaror qabul qilishdagi tizimli xatolari mamlakatga alohida bir mudofaa vazirining xatolaridan ko‘ra ancha qimmatga tushadi. Buning yaqqol dalili — 2022 yil yanvardagi fojiali voqealar. O‘shanda kuch ishlatar tuzilmalar hukumat buyrug‘iga amal qilib, ko‘ziga ko‘ringan har qanday odamga qarata o‘t ochgan", — deb yozgan edi muxolifatdagi Respublika.kz sayti 28 sentyabrda.