«Hech qanday qoida yo‘q»: Putinning yangi strategiyasi - Ukraina shaharlarini yashash uchun yaroqsiz holga keltirish

Surat manbasi, Getty Images/BBC
- Author, Ilya Abishev
- Role, BBC News Russian harbiy muxbiri
- Author, Olesya Zhigalyuk
- Role, VVS News Ukrainian
- Author, Catherine Heathwood
- Role, BBC News World Service
- Published
- O'qilish vaqti: 7 daq
Ukrainadagi vaziyat keskin o‘zgargan. Ilgari frontdagi askarlarning ahvolidan xavotir olgan oila a’zolari ularga qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lsa, endi aksincha — askarlarning o‘zlari Kievdagi yaqinlariga telefon qilib, ularning omon-esonligini so‘ramoqda.
«Hozir odamlar Kievni ham front chizig‘idagi shahar deb atay boshladi», — deydi shu shaharda yashovchi Piter Dikinson Bi-bi-si Jahon xizmatiga.
«Aslida, hozir Kievda yashash urushning bevosita front chizig‘ida joylashgan shaharlarda yashashchalik, balki undan ham xavfliroq bo‘lib qoldi».
So‘nggi haftalarda Rossiya Ukraina poytaxti va boshqa yirik shaharlarga raketa hamda dron hujumlarini kuchaytirdi. Maktablar, shifoxonalar, mehmonxonalar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, poezdlar va ko‘priklar kabi fuqaroviy ob’ektlar ham zarbalar ostida qolmoqda.
Masalan, 30 sentyabrь kuni dronlar Kiev yaqinidagi ikkita do‘konga zarar yetkazdi. Ertasi kuni poytaxtning Solomyanskiy tumanidagi maktab binosiga dron kelib urildi. Odessa viloyatida esa biznes markazi hujumga uchradi.
8 oktyabrь kuni Rossiya droni Kiev viloyatining Bucha tumanidagi maktab va bolalar bog‘chasi hududiga kelib tushdi.
Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, bu fuqaroviy binolar qurol-yarog‘ ishlab chiqarish yoki saqlash uchun ishlatilgan. Moskva faqat harbiy ob’ektlar va mudofaa sanoati korxonalarini nishonga olayotganini bildirmoqda.
Biroq Ukraina parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Dmitriy Lubinets ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvarь–avgust oylarida Rossiya hujumlari oqibatida 15 280 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan yoki jarohatlangan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 55 foizga ko‘p.

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning aytishicha, o‘tgan hafta Rossiyaning eng «qabih hujumlaridan biri» oqibatida kamida 25 kishi, jumladan, bolalar halok bo‘ldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan buyon mamlakat shaharlari muntazam ravishda bombardimon qilinmoqda.
«Men buni strategiyaning o‘zgarishi emas, balki hujumlarning kuchayishi deb atagan bo‘lardim», — deydi Shotlandiyadagi Sent-Andryus universiteti professori Fillips O'Brayen Bi-bi-si Jahon xizmatiga.
Biroq Atlantika kengashining Ukraine Alert blogi muharriri Piter Dikinson so‘nggi hujumlar avvalgilaridan farq qilishini ta’kidlaydi. Uning aytishicha, endi Kiev kechayu kunduz hujumga uchramoqda.
«Bu insonlar hayoti uchun ulkan xavf tug‘dirmoqda. Shu bilan birga, kundalik turmushni ham izdan chiqarmoqda. Maktablar ishlay olmayapti, korxonalar faoliyati to‘xtab qolmoqda. Odamlar doimiy noaniqlik va xavotir ichida yashamoqda», — deydi u.
Hujumlar kuchayganining eng yaqqol belgilaridan biri — Kievni ikki qismga ajratib turuvchi Dnepr daryosi ustidagi ko‘priklar nishonga olinayotganidir. Dikinson bu ko‘priklarni «shaharning hayotiy qon tomirlari» deb ataydi.
Daryoning o‘ng sohilida davlat idoralari, korxonalar va poytaxt iqtisodiy hayotining asosiy qismi joylashgan. Chap sohilda esa - asosan turar-joy mavzelari.
Daryoning ikki sohilini bog‘laydigan tunnellar yo‘q. Ular faqat ko‘priklar orqali tutashgan. Bu ko‘priklardan avtomobil yo‘llari bilan birga metro liniyalari ham o‘tadi.
Har kuni millionlab odamlar shu ko‘priklar orqali daryoning bir sohilidan ikkinchisiga qatnaydi.

Qish yaqinlashyapti
Piter Dikinsonning fikricha, Rossiya dronlari ko‘priklardek yirik inshootlarni butunlay vayron qilish uchun yetarlicha qudratli emas. Shuning uchun hujumlardan ko‘zlangan maqsad ko‘priklarni yopishga majbur qilish bo‘lsa kerak. Hujumlar aynan qaysi vaqtda amalga oshirilayotgani ham ko‘p narsadan dalolat beradi.
«Agar ularning maqsadi faqat infratuzilmani ishdan chiqarish bo‘lganida, buni bemalol yarim tunda yoki tong saharda ham qilishlari mumkin edi. Natija xuddi shunday bo‘lardi, ammo odamlar hayoti xavf ostida qolmasdi. Lekin ular bunday qilmayapti. Hujumlarni aynan odamlar ishga boradigan yoki ishdan qaytadigan, yo‘llar eng gavjum paytda amalga oshiryapti», — deydi u.
«Bularning barchasi ataylab olib borilayotgan siyosat ekani yaqqol sezilib turibdi. Bu hujumlar oqibatida tinch aholi tasodifan jabr ko‘ryapti yoki nishonga olinayotgan ob’ektlar qonuniy harbiy maqsadlar, deb ularni oqlashning deyarli iloji yo‘q».
Zelenskiyning o‘zi Financial Times nashriga bergan intervyusida shunday degan:
«Rossiyaliklar bizni bosib ololmadi. Shuning uchun endi keng ko‘lamli hujumlar uyushtirib, odamlarni ommaviy ravishda o‘ldirmoqda. Albatta, ular ko‘priklarimizni nishonga olmoqchi. Biz bilishimizcha, ular ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, internet tarmog‘i, mobil aloqa tizimi, shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar, universitetlar — xullas, hamma narsaga hujum qilmoqchi. Ular odamlarni o‘z shaharlaridan qochib ketishga majburlamoqchi».
Zelenskiy yana shunday degan:
«Razvedka ma’lumotlari va Putin atrofidagi ayrim odamlar orqali bilishimizcha, sentyabrь oyi boshida Putin: "Endi hech qanday qoida yo‘q", degan».
Professor O'Brayenning aytishicha, Zelenskiy Putinning maqsadi «Ukraina shaharlarida tinch aholi yashashini imkon qadar qiyinlashtirish, ayniqsa qish yaqinlashayotgan bir paytda ularni yashash uchun yaroqsiz holga keltirish» deb hisoblaydi.
Qishda havo harorati minus 20 darajagacha tushadigan Ukrainada atom elektr stantsiyalarini umumiy elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish ham shaharlarni issiqlik va suv ta’minotidan mahrum qilishi, bu esa aholi hayotini nihoyatda og‘irlashtirishi mumkin.
'Qo‘rquv tarqatish'
«Bularning barchasini birlashtirib qarasak, asosiy maqsad Ukraina hukumatiga shu qadar kuchli siyosiy bosim o‘tkazishki, oxir-oqibat u Rossiya istaklariga mos kelishuvga rozi bo‘lsin», — deydi O'Brayen.
Hujumlarning asosiy nishoni Kiev bo‘lib ko‘rinmoqda. Biroq Odessa, Lьvov, Dnepr va Xarьkov shaharlari ham zarbalarga uchrashi ehtimoldan xoli emas. Chunki, O'Brayenning fikricha, Rossiya imkon qadar tinch aholini nishonga olishga intilmoqda.
Dikinsonning aytishicha, odamlarni «o‘z shaharlaridan qochib ketishga» majburlashdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri — ukrainaliklarning ruhiyatini sindirish.
«Bu hukumat ojiz, u o‘z fuqarolarini himoya qila olmayapti, degan tasavvurni shakllantiradi», — deydi u.
Dikinsonning fikricha, Rossiya shu yo‘l bilan Ukraina jamiyatida taslim bo‘lishga chaqiriqlar ko‘payishiga umid qilmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:
«Rossiya odamlar kundalik hayoti davomida to‘planadigan joylarga muntazam ravishda hujum qilmoqda. U qaerda odamlar bo‘lishini yaxshi biladi. Bundan maqsad — qurbonlar sonini imkon qadar ko‘paytirish, aholi orasida qo‘rquv tarqatish va Ukraina jamiyatiga bosim o‘tkazish».
Biroq bu hujumlardan ko‘zlangan yana bir maqsad ham bor.
«Agar odamlar shaharlarni tark etsa, zavodlarda ishlaydigan ishchilar qolmaydi. Mamlakatni himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘larni ishlab chiqarish ham imkonsiz bo‘lib qoladi», — deydi Dikinson.

Korxonalar ishlamasa, ulardan tushadigan soliqlar ham kamayadi. Bu esa hukumatning o‘z xarajatlarini moliyalashtirishini qiyinlashtiradi.
Ukraina iqtisodiyot va atrof-muhit vaziri Aleksandr Kravchenkoning aytishicha, havo hujumi xavfi haqidagi ogohlantirishlar tufayli korxonalar faoliyati to‘xtab qolgan har bir soat mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 45 million dollarga tushmoqda.
«Agar odamlar bombapanalarda o‘tirgan bo‘lsa, biznes faoliyati ham to‘xtab qoladi», — degan u Guardian nashriga.
Ukraina allaqachon ittifoqchilaridan qo‘shimcha moliyaviy yordam so‘rashga majbur bo‘lmoqda.
Dikinsonning fikricha, Rossiya aynan hozir hujumlarni kuchaytirayotganining yana bir sababi oddiy — «chunki ularda bunday imkoniyat bor».
Ukrainada havo hujumidan mudofaa qiluvchi Patriot tizimlari uchun mo‘ljallangan raketalar zaxirasi juda kamayib ketgan. Dikinson ta’kidlashicha, Patriot — ballistik raketalarga qarshi ishonchli himoyani ta’minlay oladigan yagona tizim.
Bunday raketalarni katta miqdorda ishlab chiqaradigan yagona davlat AQShdir. Biroq «Eronga qarshi urush davomida amerikaliklar va ularning Yaqin Sharqdagi hamkorlari mavjud zaxiralarning katta qismini ishlatib yuborgan», — deydi Dikinson.

Ayni damda, ukrainalik harbiy tahlilchi Aleksandr Kovalenkoning aytishicha, «dushman hech bir turdagi raketa ishlab chiqarishni kamaytirgani yo‘q, uning zaxiralari ham tugagani yo‘q. Aksincha, Rossiya raketa zaxiralarini ko‘paytirmoqda».
Bundan tashqari, avgust oyi o‘rtalaridan boshlab Rossiya yangi turdagi reaktiv dvigatelli dronlardan foydalanmoqda. «Hozircha Ukrainada ularga qarshi samarali kurashish vositasi yo‘q».
Bu dronlar avvalgi parrakli modellarga nisbatan ikki barobar tez uchadi, ancha balandlikka ko‘tarila oladi va nishonni aniqlash hamda yo‘nalishni belgilash uchun ancha takomillashgan texnologiyalar bilan jihozlangan. Shu sababli ularni havoda tutib qolish ancha qiyin.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari matbuot kotibi Yuriy Ignatning aytishicha, Rossiya avgust oyida Ukrainaga hujum qilish uchun shunday dronlardan 2 850 tasini uchirgan. 29 sentyabrga qadar esa yana 3 177 ta dron yuborgan.
Ukraina mudofaa sanoatiga sarmoya kiritgan eng yirik xorijiy investorlardan biri, Google kompaniyasining sobiq rahbari Erik Shmidt Rossiya yangi dronlardan foydalanish ko‘lamini bu qadar tez kengaytirishini kutmaganini tan oladi.
«Rossiya dronni Ukraina Xavfsizlik xizmati — SBU bosh qarorgohining aynan markaziy derazasiga yo‘naltirib, zarba berishga muvaffaq bo‘ldi», — degan u The Economist nashriga.
«Bu ushbu tizimlar nimalarga qodir ekanidan ogohlantiruvchi jiddiy signaldir».
Zelenskiyning aytishicha, hozirda Ukraina reaktiv dvigatelli dronlarning taxminan 50–55 foizini urib tushirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ayrim hollarda esa Ukraina harbiy aviatsiyasi yordamida bu ko‘rsatkich 60 foizga yetmoqda.

Biroq Ukraina bu dronlarga qarshi kurashishning yangi usullarini ishlab chiqmoqda. Professor O'Brayenning fikricha, bu borada muayyan yutuqlarga ham erishilmoqda. Shunga qaramay, Rossiya dronlarni shu qadar ko‘p uchirmoqdaki, hatto ularning 80 foizi urib tushirilgan taqdirda ham, «har kecha anchagina dron mudofaa tizimlaridan o‘tib, nishonga yetib boradi».
Dikinson ham bu fikrga qo‘shiladi.
«Vaziyatga real qarasak, eng yaxshi holatda ham Ukraina bu tahdidga samarali qarshi tura oladigan darajaga yetishi uchun yana bir-ikki oy kerak bo‘ladi», — deydi u.
Shu bilan birga, Erik Shmidtning aytishicha, «kamida beshta Ukraina kompaniyasi bu muammoni hal qilish yo‘llarini ishlab chiqqan va hozir ularni sinovdan o‘tkazmoqda».
Dikinson ta’kidlashicha, bu urush boshidanoq texnologiyalar poygasiga aylangan. Tomonlarning hech biri hozirgacha raqibidan hal qiluvchi ustunlikka erisha olgani yo‘q.
Asosiy qiyinchilik faqat yangi texnologiyalarni yaratishda emas. Ularni katta miqdorda ishlab chiqarish va ulardan foydalana oladigan mutaxassislarni tayyorlash ham zarur.
Biroq Rossiyaning tinch aholini nishonga olayotgani uning quruqlikdagi janglarda jiddiy muvaffaqiyatga erisha olmayotgani bilan ham bevosita bog‘liq.
Dikinsonning aytishicha, Moskva urush tezda yakunlanishini kutgan edi. Ammo oradan to‘rt yarim yil o‘tgan bo‘lsa-da, Rossiya qo‘shinlari hali ham 2022 yil fevralidagi bosqin boshlangan nuqtalardan piyoda yetib borish mumkin bo‘lgan masofadagi qishloqlar uchun jang qilmoqda.
Rossiyalik harbiy blogerlarning o‘zi ham urush botqoqqa aylangani, qo‘shinlar esa undan chiqolmay qolgani haqida yozmoqda.
«Har kuni juda ko‘p odamlar halok bo‘lmoqda», — deydi Dikinson.
Avstraliya armiyasining iste’fodagi generali Mik Rayanning fikricha, Putin Rossiya urushda oldinga siljiyotgandek tasavvur uyg‘otmoqchi.
Rayan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi, Loui instituti hamda AQSh Harbiy akademiyasining Zamonaviy urush instituti bilan hamkorlik qiladi.
'Terror taktikasi'
O'Brayen ham bu fikrga qo‘shiladi. Uning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari frontda oldinga siljiy olmayapti, mamlakat iqtisodiyoti ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Shuning uchun Moskva havo hujumlarini «Ukrainaga bosim o‘tkazish mumkin bo‘lgan yo‘nalish» deb hisoblamoqda.
Biroq, O'Brayenning ta’kidlashicha, «bu urush o‘z foydasiga ketayotganiga qat’iy ishongan davlatning strategiyasi emas».
O'Brayenning fikricha, Putin urushda g‘alaba qozonish uchun «nima qilish kerak bo‘lsa, shuni qiladi». Biroq u ikki holatni istisno qiladi.
Birinchidan, u Putin yadroviy qurol qo‘llashini kutmayapti. Chunki Rossiyaning yaqin hamkori bo‘lgan Xitoy ham bunga qarshi.
Ikkinchidan, O'Brayen Putin butun bir shaharga kimyoviy yoki biologik qurol bilan hujum qilishini ham ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi.
Dikinsonning aytishicha, hozircha Kievdan aholining ommaviy ko‘chib ketishi kuzatilmagan. Biroq ko‘plab oilalar qishni boshqa joyda o‘tkazish uchun shaharni tark etish masalasini muhokama qilmoqda.
Dikinson «terrorizm» so‘zini ishlatishga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Ammo u Rossiyaning hozirgi hujumlarini boshqacha ta’riflash qiyinligini aytadi.
«Menimcha, buni boshqacha atashning iloji yo‘q. Bu — sof terror taktikasi. Maqsad — odamlarni doimiy bezovtalikda ushlab turish, ularning kundalik hayotini izdan chiqarish va hamisha qo‘rquv hamda xavotir ostida yashashga majburlash. Va bu taktika o‘z samarasini bermoqda», — deydi u.































