Yangiliklar: Urush yana boshlandimi - AQSh Eronga zarba berdi, Tehron ham javobini uzoq kuttirmadi

Surat manbasi, Reuters
Tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hujumlar bir necha haftalik tanaffusdan keyin kuzatildi. Shunisi bilan chetda yana e’tiborga tushdi. Sarlavhalarga chiqdi.
Yangi hujumlar
Hujumni o‘tgan tun AQSh boshladi.
Amerika kuchlari bu gal Larak oroliga zarba berdi.
Eronning ikki raketa qurilmasini nishonga oldi.
Larak oroli Ho‘rmuz bo‘g‘ozida joylashgan.
AQSh Eronga so‘nggi bor o‘tgan oy oxirida hujum qilgan.
Eron tomoni o‘shanda ikki kishi qurbon bo‘lgani, yana shunchasining yaralanganini aytgan.
Eron Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusi buning "bejavob va bejazo qolmasligi"ni va’da qilgan.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi bayonot bilan chiqqan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi mina o‘rnatuvchi kuchlarni nishonga olganliklarini aytgan.
Qo‘mondonlikka ko‘ra, ularga qarshi "cheklangan va aniq harakatlar" amalga oshirilgan. Bu kuchlar "yaqqol xavf tug‘dirgan".
Eron tomoniga ko‘ra, so‘nggi hujumlarga javoban AQShning Iordaniyadagi harbiy bazalariga zarba bergan.
Iordaniya Armiyasi bildirishicha, dushanba kuni tongda sakkizta raketani tutib qolishgan.
Eron davlat televideniesi boshqa bir xabar bilan ham chiqqan.
Unda aytilishicha, Eron Armiyasi Birlashgan Arab Amirliklaridagi havo bazasini ham dron hujumiga tutgan.
Eronning hujumlari natijasida AQSh bazalariga qanchalik jiddiy ziyon yetgani hozircha ma’lum emas.
Hujumlar qandaydir moddiy yoki insoniy talafotlarga sabab bo‘lgani yoki yo‘qligi tafsilotlari ham halicha tilga olinmagan.
Tanaffus tugadimi?

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Eron urushi bir necha haftadan buyon tinchib qolgandi.
AQSh prezidenti o‘tgan oy oxirida qayta boshlangan harbiy amaliyotlarini to‘xtatib qo‘ygandi.
Eronning AQSh hujumiga uchragan Larak oroli sohilga yaqin.
Orol muhim Bandar-Abbos porti yaqinida va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hududida joylashgan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi global miqyosda hayotiy ahamiyatga ega suv yo‘llaridan biri.
Urushgacha jahon nefti va suyultirilgan gazining 20 foizchasi aynan Ho‘rmuz orqali tashilgan.
Eron hozir bo‘g‘oz orqali o‘tuvchi tankerlarga nazoratdan o‘tishi talabini qo‘ygan.
Va, xabarlarga ko‘ra, ulardan $2 million AQSh dollari miqdorida tranzit haqqini ham talab qilmoqda.
Eronning Tasnim axborot agentligiga ko‘ra, Larak oroliga dronlar yordamida hujum qilingan.
Ushbu axborot agentligi Eron Islomiy inqilob qo‘riqchilari korpusiga aloqadorlikda ko‘riladi.
AQShning so‘nggi hujumidan bir necha soat o‘tib, Eron ommaviy axborot vositalari korpusning bayonotini e’lon qilgan.
Unda aytilishicha, yangi hujumga javoban AQShning Iordaniyadagi harbiy bazalari nishonga olingan.
Ularga ballistik raketalar bilan zarba berilgan.

Surat manbasi, AFP
Aks-sadolar
Eron Tashqi ishlar vazirligi Larakka qilingan hujumni "harbiy tajovuz", deb atadi.
Hujumni "keskin qoralashlari"ni bildirdi.
Vazirlik o‘zlarining javob hujumlarini "qonuniy", deb baholadi.
Uning "himoya maqsadida qilinganini" bildirdi.
Frans-Pressning xabar berishicha, AQShning so‘nggi hujumini Eron prezidenti ham bejavob qoldirmagan.
Mas’ud Pezishkiyon o‘zlarining "urushni istamasliklari"ni aytgan.
Ammo, "tajovuzkorlarga javoblari qat’iy bo‘lishi"ni ta’kidlagan.
Frans-Pressga ko‘ra, prezident bayonotidagi bu so‘zlardan Eron davlat ommaviy axborot vositalari iqtibos keltirgan.
AQSh zarbasidan bir necha soat o‘tib, Tramp Truth Social tarmog‘ida neft infratuzilmasi portlayotgani aks etgan videolarni joylashtirgan.
Videolar, aftidan, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan.
Ulardan biriga "Xarg oroli kunpayakun qilinmoqda!!!" degan yozuv ham ilova qilingan.
Xarg Eron qirg‘oqlari yaqinidagi yirik neft terminali.
Tramp bundan avval uni egallab olish bilan tahdid qilgan.
AQSh prezidentining postida boshqa tafsilotlar berilmagan.
Tramp o‘tgan hafta Eron suv yo‘lini to‘sish uchun Ho‘rmuzga o‘rnatgan barcha minalar portlatilgani yoki olib tashlanganini iddao qilgan.
U Eron yangi minalarni o‘rnatadigan har qanday kema yoki qayiq yo‘q qilinishi bilan ogohlantirilganini ham bildirgan.
Eron Tashqi ishlar vazir muovini esa Trampning da’vosini quruq "targ‘ibot", deb atagan.
Biz urushni istamaymiz, ammo tajovuzkorlarga qat’iy zarba beramiz.
Iqtisodiy bosimlar
Vashington Eronga iqtisodiy bosimlarini ham kuchaytirgan.
Tehronni yanada ihotalash uchun 24 avgust kuni yangi sanksiyalar qo‘llagan.
Eronning ittifoqchilariga qarshi ikkilamchi sanksiyalarini ham kengaytirgan.
Eronlik mulozimlar va davlat mediasi bunga unchalik ham jiddiy e’tibor qaratmadi.
Asosan AQSh iqtisodiy choralarining davomi, degan munosabatda bo‘ldi.
Ular da’vosicha, bularning barchasi Vashington yaqindagi harbiy mojaroda muvaffaqiyatsizlikka uchragani bois qilinmoqda.
AQSh Eronni dengizdan ham qamal qilib turibdi.
Eronning portlarini to‘sib qo‘ygan.
Bu Eronning neft eksport qilishiga ta’sir qilgan.
Shanba kuni AQSh Markaziy qo‘mondonligi yangi bayonot bilan chiqqan.
Qo‘mondonlikka ko‘ra, qamal doirasida uchta kema ishdan chiqarilgan.
Ikkitasiga chiqib, borti ko‘zdan kechirilgan.
82 tasining yo‘nalishi o‘zgartirilgan.
AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga keng ko‘lamli zarbalar bergan.
Eron bunga Isroil, AQSh bazalari va uning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilariga hujum qilish bilan javob qaytargan.
Ho‘rmuz bo‘g‘ozini tranzit uchun yopib qo‘yishgacha borgan.
Eron urushining boshlanganiga esa olti oydan oshdi.






























