O‘zbekiston va Qozog‘iston bulut ekishmoqda - endi suv ko‘payadimi?

Surat manbasi, AFP/president.uz/BBC
Qozog‘iston qurg‘oqchilik va suvsizlikka qarshi bulut ekishga kirishmoqda. O‘zbekistonga tutash Turkiston viloyatida bu tajriba keng miqyosda yo‘lga qo‘yilyapti.
Bulut ekish o‘zi nima va bundan qo‘shnilar xavotirlanishi kerakmi?
Qozog‘iston bulut ekib, suv olsa, chegaraning narigi tarafida yashaydigan O‘zbekiston aholisiga qanday bo‘lishi mumkin?
Bunday savollar o‘rtaga chiqishi tabiiy.
Deylik, O‘zbekistonning Jizzax viloyatida AES qurish rejasi ham o‘z paytida Qozog‘istonda xavotirlar uyg‘otmay qolmagan.
Bulut ekish nima?

Surat manbasi, AFP (screenshot)
Turkiston dalalari uzra maxsus uchoq parvoz qiladi. U yomg‘ir chaqirish uchun muhim.
Uchoq sochadigan modda bulut tomchilariga yopishadi va ularni og‘irlashtiradi. Og‘irlashgan tomchilar yomg‘ir bo‘lib yog‘adi.
Shu asno Qozog‘iston mas’ullari suv omborlari sathini ko‘tarishmoqchi va Turkiston viloyatidagi keng dalalarga suv yetib borishini ta’minlashmoqchi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayni loyiha BAA qo‘llovida amalga oshirilmoqda.
Qozog‘iston hukumati loyihasida qo‘llanilayotgan texnologiya, King Air C90 uchog‘i va mutaxassislar, xususan, uchuvchi hamda bulut ekuvchilar ham Birlashgan Arab Amirliklaridan kelishgan.
"Biz bulut yaratmayapmiz, bo‘m-bo‘sh atmosferadan yomg‘ir olmayapmiz" - tushuntiradi ushbu tashabbusda ishtirok etayotgan BAA mulozimi Adnan Yormuhammad.
"Shunchaki, allaqachon mavjud bulutlarning samaradorligini oshirmoqdamiz, xolos".
Janubiy Qozog‘istondagi Turkiston va Jambil viloyatlari mamlakat oziq-ovqat ta’minoti uchun muhim o‘rin tutadi.
Iqlimi ancha sovuq sovuq shimoliy mintaqalardan farqli tarzda bu hududlarda azaldan mavsumiy sug‘orma dehqonchilik qilingan.
Janubda meva-sabzavot va paxta dalalari, sholipoyalar ko‘p. Bu yerlar qo‘y-echki boqish uchun ham qulay.
Biroq ayni hududlardagi dehqonchilik qisman qo‘shni O‘zbekiston yo Qirg‘izistondan keladigan suvga bog‘liq va suv tanqisligi muntazam muammoga aylangan, deyish mumkin.
Tabiiy tog‘lar yo‘q, yaydoq mintaqalarda quruq issiq yoz paytlari shundoq ham siyrak bulutlar osmondan shunchaki o‘tib ketishi ehtimoli katta.
Biz bulut yaratmayapmiz. Shunchaki, allaqachon mavjud bulutlarning samaradorligini oshirmoqdamiz, xolos.
Bu yil butun mintaqa kabi Qozog‘iston janubida ham yoz juda issiq keldi.
Rasmiylar shu bois ham sun’iy yomg‘ir chaqirishga majbur bo‘lishganini urg‘ulashadi.
"Fermerlar yuz tutgan muammolarni hal etish uchun biz sun’iy yomg‘ir texnologiyasini ishlatishga qaror qildik" - deydi "Turan Su" davlat kommunal shirkati rahbari Kazbek Bedebaev.
Janubiy Qozog‘iston dehqonlari bu yil haqiqatan ham qiynalishganini aytishadi.
Ushbu hududlar mintaqaning ulkan sahrolari va keng cho‘llari tobora kengayib, bir-biriga yaqinlashib, kesishayotgan joyda.
Ob-havoning me’yoridan ortiq isishi, suv tortilishi yo tuproqdagi salbiy o‘zgarishlar hammasi birgalashib, mintaqa dehqonlari oldiga ko‘plab sinov va qiyinchiliklarni qo‘yadi.
"Mintaqamiz juda quruq. Kelganda ko‘rgandirsiz, yomg‘ir yog‘masa, hamma joy qovjirab, sap-sariq bo‘lib qoladi" - deydi fermer Faxriddin Zokirov.
"Qozoqlarda bir maqol bor, yomg‘ir bilan yer ko‘karadi, maqtov bilan el ko‘karadi".
"Kavkaz va Kavkazortida yomg‘ir yog‘adi, tabiati juda yaxshi. Bizda ham tabiat shunday bo‘lishini istayman" - deydi fermer.

Surat manbasi, AFP (screenshot)

Surat manbasi, AFP (screenshot)
Mutaxassislarning aytishicha, hamma bulutdan ham yomg‘ir yog‘dirib bo‘lmaydi.
Ular yomg‘ir yog‘dirish mumkin bo‘lgan bulutni izlab topishlari kerak.
Shuningdek, ob-havo qanday bo‘lishini oldindan bilib, zarur bulutlar qachon kelishiga qarab, uchoq va uchuvchilar tayyor bo‘lib turishadi.
O‘zbekistonda sun’iy yomg‘ir?

Surat manbasi, AFP (screenshot)
O‘zbekiston ham joriy yil boshida sinov tariqasida sun’iy yomg‘ir yog‘dirish tajribasini qo‘llash niyatini bildirgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, u yog‘ingarchilikni 10-20% atrofida oshirishi mumkinligi aytladi.
Mahalliy matbuotning yozishicha, O‘zbekiston bu sohada Frantsiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribasiga murojaat qiladi.
O‘zbekiston allaqachon dunyodagi suv taqchilligi yuqori mamlakatlar ro‘yxatida.
Butun Markaziy Osiyo aholisining yarmidan ko‘pi O‘zbekistonda yashaydi.
Buning ustiga, mamlakatning aksar hudullari suvsiz Qizilqum va Orolqum sahrolaridan iborat. Mutaxassislar esa cho‘l hamda sahrolar jadal kengayib borayotganini aytishadi.
Iqlim o‘zgarishi, muzliklar erishi, aholi o‘sishi va zaxiralar kamayishi bois Ovrosiyo qoq o‘rtasidagi mintaqada suv taqchilligi vaqt sayin yanada yomonlashib borishi kutiladi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Ayrim davlatlar, qimmat bo‘lsa-da, ummon suvlarini chuchuklashtirish tajribasini ko‘rishmoqda.
O‘zbekiston esa dengizga chiqmagan.
Mamlakatdagi suv iste’moli asosan qo‘shni davaltlardan keladigan daryo suvlariga bog‘liq.
Yerosti suvlar ham hisobli va shu bois ulardan foydalanishga muayyan cheklovlar kiritilmoqda.
O‘zbekiston yirik agrar mamlakat va so‘nggi yillari iqtisodni rang-baranglashtirish harakatlariga qaramay, dehqonchilikning iqtisodda ham, mahalliy oziq-ovqat ta’minotida ham o‘rni katta.
Lekin sun’iy yomg‘ir ta’siri u qadar ulkan bo‘lmasligi va suvga bo‘lgan ehtiyojlarni to‘liq qoplamasligi ham aytiladi.
Ammo O‘zbekiston va Qozog‘iston uchun hozir - va balki kelajakda ham - boshqa qo‘shimcha suv manbalari ham yo‘q.



























