Qirg‘iziston: Avtobusdagi Z belgisi bahslarga sabab bo‘ldi - video

Surat manbasi, INSTAGRAM/KIRILL_TAOBAO
- Author, Shirin Aqmatbekova, BBC qirg‘iz xizmati muxbiri
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Bishkekdagi avtobusda Z ramzi va Rossiya bayrog‘i tushirilgan belgi taqqan yo‘lovchi e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Voqeaning eng qiziq jihati - uni kim va nima uchun tanqid qilganida.
Z - Ukrainaga qarshi urushni qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida ta’riflanadi va Rossiya targ‘ibotida keng qo‘llanadi.
Videoda uni tasvirga olgan yigit Z urushi ramzi ekanini aytib, kamuflyaj kiyimidagi erkakni tanqid qilayotganini ko‘rish mumkin. Voqea avgust oyi boshida bo‘lgan.
"Qirg‘iziston - betaraf davlat. Shuning uchun biz bu yerda Z emas, tinchlik tarafdorimiz. Z ramzini ko‘ryapsizmi? Bu xalqaro nizoni qo‘zg‘ashdir. Siz targ‘ibot qilyapsiz", - deydi videoni tasvirga olgan yigit.
Keyin ma’lum bo‘lishicha, videoni Kirill ismli Rossiya fuqarosi tasvirga olgan. U Bi-bi-siga voqea tafsilotlari haqida so‘zlab berdi.
"Avtobusda ketayotib, bu belgini ko‘rib qoldim. Men o‘zim Rossiya fuqarosiman, zo‘ravonlik bilan bog‘liq ramzlardan foydalanishni taqiqlashlarini xohlayman. U kishi bilan hech qanday janjal bo‘lmadi, suhbatdan keyin har ikkimiz o‘z yo‘limizga ketdik. Avtobusdagi odamlar ham bizga unchalik e’tibor berishmadi", - dedi u.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar voqeaga zudlik bilan munosabat bildirdi. Chuy viloyati ichki ishlar boshqarmasi bunday ramzlardan Qirg‘izistonda foydalanish rasman taqiqlanmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, fuqarolarni ulardan namoyishkorona foydalanmaslikka chaqirdi.
"Qirg‘iziston Respublikasi hududida Z va V harflari yozilgan kiyimlarni kiyish rasman taqiqlanmagan. Shu bilan birga, fuqarolarni jamiyatdagi kayfiyatni inobatga olishga va bunday ramzlardan namoyishkorona foydalanmaslikka chaqiramiz. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarga yozib, bunday holatlarni diqqat markaziga chiqarilmasligini so‘raymiz. Bu ayrim holatlarda millatlararo, dinlararo yoki boshqa adovatni qo‘zg‘atishi mumkin"- deyiladi bayonotda.
Faollar esa Qirg‘iziston hukumatidan keskin choralar ko‘rishni talab qilmoqda. Ulardan biri Ondurush Toktonasirovning fikricha, bunday belgilardan foydalanish rasman taqiqlanishi kerak:
"Negadir urushga qarshi betarafligini bildirgan Qirg‘izistonda bosqinni qo‘llab-quvvatlab qo‘shiq aytadigan rossiyalik xonandalar va blogerlarga yurtimizga kelib, bemalol faoliyat yuritishga imkon berib qo‘yishyapti. Bu xato va beparvolik. Qirg‘izistonda fashizmni qo‘llab-quvvatlaydigan va targ‘ib qiladigan har qanday harakatga butunlay taqiq qo‘yadigan rasmiy qaror va qonun zarur. Ko‘rmaganga, bilmaganga olib yuraversak, hammasi kech bo‘lib qoladi".
Bu yagona voqea emas
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qirg‘izistonda Z ramzidan foydalanish bilan bog‘liq bu birinchi holat emas. Joriy yilning may oyida Qoraqo‘l shahrida G‘alaba kuni munosabati bilan o‘tkazilgan kontsertda Rossiyaning "Lyube" guruhi qo‘shiq kuylayotgan paytda katta ekranda Z va V harflari, shuningdek, Rossiya harbiylari aks etgan kadrlar namoyish etilgan.
Shahar hokimligi voqeaga izoh bermagan. Biroq kontsert shahar byudjeti hisobidan emas, homiylar mablag‘i evaziga tashkil etilganini ta’kidlagan.
Keyinroq shahar hokimi Talant Imanov mahalliy medialarning biriga bu holat tasodifan sodir bo‘lganini aytgan.
"Tanqidlarni to‘g‘ri qabul qildim, yaxshi bo‘lmadi. Bu guruh kontsertda kuylaydigan xonandalarning oxirgisi edi, to‘plangan odamlar ularning sahnadan ketishini istamay, yana qo‘shiq aytishlarini so‘rashgan. Tayyorlangan dasturi tugagan, shoshilinch paytda qo‘lga birinchi ilingan fleshkani qo‘yib yuborishgan. Ma’lum bo‘lishicha, u avval Rossiyadagi tadbirlarda ishlatilgan fleshkalardan biri ekan. Shu tariqa o‘sha belgi bir soniyaga sahna ortidagi ekranda paydo bo‘lib qolgan. Biz keyin bu voqea bo‘yicha maxsus tekshiruv o‘tkazdik. Buni siyosiylashtirmaslik kerak, ataylab qilinmagan edi", - dedi Imanov.
Tadbir Qoraqo‘l shahar hokimligi, "Pobeda 9/45" xalqaro vatanparvarlik harakati va "Yevraziya" tashkiloti tomonidan tashkil etilgan.
"Yevraziya" tashkilotini Moldovada 15 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, qidiruvga berilgan oligarx Ilan Shor moliyalashtirishi ma’lum.
Shor Rossiya sanksiyalarini chetlab o‘tish sxemalarida ishtirok etgani aytilgan. Uning bizneslari Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSh sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Ayni paytda Ilan Shor Rossiyada boshpana topgan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Deportatsiya qilingan Z-bloger
Bir oy avval Ukrainadagi urush uchun yollanma askarlarni jalb qilgani uchun sudlangan rossiyalik Z-bloger va siyosiy texnolog Viktor Vasilev qamoqdan ozod qilinib, Qirg‘izistondan chiqarib yuborilgani ma’lum bo‘lgan edi.
"Sud meni 416-moddaning 1-bandi ["Boshqa davlatlardagi qurolli mojarolarda yoki davlat hokimiyatini ag‘darish yoxud hududiy yaxlitlikni buzishga qaratilgan zo‘ravonlik harakatlarida foydalanish maqsadida yollanma askarlarni jalb qilish, moliyalashtirish, moddiy jihatdan ta’minlash, o‘qitish, shuningdek, yollanma askarlardan qurolli mojarolar yoki harbiy harakatlarda foydalanish"] bo‘yicha aybdor deb topib, ikki yil to‘rt oyga ozodlikdan mahrum qildi. Vaqtincha hibsda saqlangan muddatim hisobga olinib, sud zalining o‘zida ozod qilindi. 2026 yil 12 iyunda ozodlikka chiqdim", — dedi Vasilev jurnalist Leyla Saralaevaning "Novыe litsa" kanaliga bergan intervyusida.
O‘sha suhbatda Vasilev avval "Vagner" xususiy harbiy tashkiloti asoschisi Yevgeniy Prigojinga tegishli medialarda ishlaganini, shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan ham hamkorlik qilgan paytlari bo‘lganini tasdiqlagan.
Vasilev va yana uch kishi Qirg‘izistonda 2025 yil aprelida hibsga olingan. Ular orasida O‘sh shahridagi "Russkiy dom" xodimi Natalya Sekerina va O‘sh shahar hokimligi xodimi Sergey Lapushkin ham bor edi.
To‘rtinchi shaxsning ismi aytilmagan. Ammo uning Mayli-Suu shahridagi elektr lampa zavodida ishlagani advokati tomonidan ma’lum qilingan.
Keyinchalik Sekerina va ismi oshkor etilmagan fuqaro uy qamog‘iga chiqarilgan. Vasilevning aytishicha, jinoyat ishi maxfiy bo‘lgani sababli ularga qanday hukm chiqarilganini bilmaydi.
Qirg‘iziston Rossiya–Ukraina urushi masalasida rasman betaraflikni saqlab kelmoqda.




























