Jahonda Xitoy qo‘llovchilari ko‘paymoqda. AQShniki esa kamaymoqda. Nega?

Surat manbasi, Getty Images
Pew Research Center tadqiqot markazining yangi hisobotiga ko‘ra, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xitoy AQShga nisbatan ijobiyroq qabul qilinmoqda. Tashkilot o‘tkazgan tadqiqotlar tarixida bu kabi natija ilk bor qayd qilingan.
AQShda joylashgan va betaraf ko‘rilgan tahlil markazi tadqiqotiga ko‘ra, ko‘plab mamlakatlarda Xitoyga nisbatan ijobiy munosabat rekord darajaga yetgan, ayni paytda AQSh haqidagi tasavvurlar yomonlashgan.
Umuman olganda, so‘rov qatnashchilari AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Shi Jinpinga nisbatan yuqori ishonch bildirmagan. Biroq Shi Trampga qaraganda yuqoriroq baholangan.
Shu bilan birga, respondentlar AQSh shaxsiy erkinliklarni Xitoyga qaraganda ko‘proq hurmat qiladi deb hisoblagan bo‘lsa-da, Xitoy boshqa davlatlarning ichki ishlariga AQShga nisbatan kamroq aralashadi, degan fikr ham keng tarqalgan.
PEW fevral va may oylari o‘rtasida 36 mamlakatdagi 42 ming inson o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan.

So‘rov ishtirokchilaridan har ikki davlat haqidagi fikrlarini "juda ijobiy", "birmuncha ijobiy", "birmuncha salbiy" yoki "juda salbiy" tarzda baholash so‘ralgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘rganilgan 36 mamlakatning 25 tasida Xitoy haqida ijobiy fikr bildirganlar soni AQSh haqida ijobiy fikr bildirganlardan ko‘proq bo‘lgan.
2002 yildan buyon dunyoning ikki yirik davlatiga munosabatni kuzatib kelayotgan markaz uchun bu birinchi shunday holatdir. Tadqiqot mualliflaridan biri Jonatan Shulmanning aytishicha, bungacha bu qadar ko‘p mamlakatda bunday natija qayd etilmagan.
Pew markazi bundan avval ham AQShga nisbatan ijobiy munosabat pasaygan davrlarni kuzatgan. Masalan, 2008 yilda Jorj Bush prezidentligining oxirida va 2017 yilda Trampning birinchi prezidentlik muddati boshlanishida shunday holat yuz bergan.
Biroq hatto o‘shanda ham Xitoyga nisbatan ijobiy munosabat odatda AQSh bilan teng yoki biroz past darajada bo‘lgan, dedi Shulman BBCga.
Ispaniya, Indoneziya, Italiya, Gretsiya va Kanada Xitoy tomonga eng kuchli siljish kuzatilgan mamlakatlar qatoriga kirdi.
Joriy yilgi so‘rovda faqat olti mamlakat AQShni Xitoydan afzal ko‘rishini bildirgan. Ularning aksariyati Vashingtonning yaqin ittifoqchilari hisoblanadi: Polsha, Filippin, Janubiy Koreya, Hindiston, Yaponiya va Isroil.
Alohida tahlilda markaz 20 mamlakat bo‘yicha hisoblangan o‘rtacha ko‘rsatkich AQShga nisbatan ijobiy munosabatning so‘nggi yillarda izchil pasayganini, Xitoyga nisbatan ijobiy munosabat esa oshganini aniqladi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Tadqiqotchilar, shuningdek, AQSh ham qamrab olingan kengaytirilgan ma’lumotlar to‘plami asosida, keyingi yillarda o‘rganilgan mamlakatlarning uchdan biridan ko‘prog‘ida Xitoyga nisbatan ijobiy munosabat kuchayganini qayd etdi.
Bu yilgi so‘rovda Italiya, Ispaniya, Kolumbiya, Meksika, Indoneziya, Malayziya, Nigeriya va Turkiyada Xitoy haqidagi ijobiy qarashlar rekord darajaga yetgan.
Tadqiqotchilarning aniqlashicha, o‘rta daromadli mamlakatlar odatda Xitoy haqida ijobiy fikrga ega bo‘lsa, rivojlangan davlatlar ko‘proq salbiy munosabat bildirgan.
Bu qonuniyatning asosiy istisnolaridan biri Singapur bo‘lib, so‘rovda ishtirok etgan mamlakatlar orasida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi eng yuqori davlatlardan biri bo‘lishiga qaramay, Xitoyga nisbatan ijobiy munosabat yuqori bo‘lib kelgan.
So‘rovda Xitoy haqidagi eng ijobiy va eng salbiy fikrlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida qayd etilgan. Pokistonliklarning qariyb 90 foizi Xitoyni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, yaponiyaliklarning bor-yo‘g‘i 11 foizi shunday fikr bildirgan.
Prezident Shiga ko‘proq ishonasizmi yoki Trampga?
So‘rov ishtirokchilaridan Shi Jinpin va Donald Tramp jahon ishlarida to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatiga ega, deb hisoblaydimi yoki yo‘qmi, degan savolga ham javob berish so‘ralgan.
Umuman olganda, har ikki rahbarga ishonch darajasi past bo‘lgan va aksar mamlakatlarda ko‘rsatkich 50 foizdan oshmagan. Shunga qaramay, ko‘plab mamlakatlarda respondentlar prezident Shiga Trampga qaraganda ko‘proq ishonch bildirgan.
Shi uchun eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlar Pokiston va Yaponiyada qayd etilgan: 83 va 7 foiz.
Tramp uchun eng yuqori ko‘rsatkich Filippinda bo‘lib, u yerda 68 foiz ishtirokchi ishonch bildirgan. Eng past ko‘rsatkich esa G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda qayd etilib, bor-yo‘g‘i 4 foizni tashkil qilgan.
Jonatan Shulmanning aytishicha, tadqiqot natijalari odatda odamlar Shi haqida boshqa rahbarlardek kuchli fikrga ega emasligini ko‘rsatgan.
"Tramp haqida esa, odamlar ko‘proq javob berishga moyil va o‘ta ijobiy yoki o‘ta salbiy pozitsiyalarni tanlaydi", deydi u.
So‘rovnoma yana shuni ham ko‘rsatganki, hamon AQSh hukumati Xitoy hukumatiga nisbatan o‘z fuqarolarining shaxsiy erkinliklarini ko‘proq hurmat qiladi, deb hisoblovchilar soni ko‘proq bo‘lsa-da, har ikkisi o‘rtasidagi farq qisqargan.
Pew markazi o‘rta daromadli bir qator mamlakatlarda qo‘shimcha savollar ham berib, odamlarning ikki yirik davlatning tashqi siyosati haqidagi qarashlarini o‘rgandi.
Respondentlarning o‘rtacha 75 foizi AQSh boshqa mamlakatlar ishlariga juda ko‘p yoki ma’lum darajada aralashadi, deb hisoblagan. Xitoy haqida ham shunday fikr bildirganlar ulushi esa 45 foizni tashkil etgan.
Boshqa so‘rovlar natijasi qanday?
So‘nggi yillarda boshqa tashkilotlar ham shunga o‘xshash tadqiqotlar o‘tkazgan.
Gallup so‘rov markazi o‘tgan yili Xitoy global ma’qullash ko‘rsatkichlari bo‘yicha AQShni ortda qoldirganini aniqlagan. Qayd etilishicha, Xitoy foydasiga eng katta farq so‘nggi 20 yil ichida kuzatilgan.
Biroq Asia Society'ning har yilgi "Xitoy haqidagi global jamoatchilik fikri" tadqiqoti pandemiya davrida yomonlashgan Xitoy imiji keyinchalik faqat qisman tiklanganini ko‘rsatgan.
Carnegie China tahlil markazining shtatsiz ilmiy xodimi Chon Ja Ian Pew tadqiqotining so‘nggi natijalarini kutilmagan hol deb hisoblamasligini aytdi.
Uning fikricha, "AQSh siyosatining o‘zgaruvchanligi, jumladan kuch ishlatilishi va buning iqtisodiy oqibatlari ko‘pchilikni xavotirga solmoqda".
Tadqiqot Donald Tramp Grenlandiyani AQShga qo‘shib olish haqidagi bayonotlarini kuchaytirgan hamda AQSh Venesuela rahbari Nikolas Maduroga qarshi harakatlar olib borgan davrdan ko‘p o‘tmay boshlangan. So‘rov o‘tkazilgan vaqtda AQShning Eron bilan qurolli to‘qnashuvi ham ro‘y bergan bo‘lgan.
Doktor Chonning aytishicha, Xitoy mutlaq darajada mashhurmi yoki yo‘qmi, bu alohida savol. Ammo hozircha u ancha bashorat qilish mumkin bo‘lgan davlat sifatida ko‘rilmoqda. Pekin, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda, o‘z imijini yaxshilash uchun ham katta sa’y-harakat qilmoqda.
Xitoyga yuqori ijobiy munosabat bilan Shi Jinpinga nisbatan nisbatan past ishonch o‘rtasidagi farq haqida so‘ralganda, doktor Chon shunday dedi:
"Xitoyning bashorat qilish osonroq davlat ekani ba’zi odamlarni xotirjam qilishi mumkin. Ammo bu prezident Shining avtoritar yetakchi ekani voqeligini o‘zgartirmaydi».
Uning ta’kidlashicha, Shi rahbarligida Xitoy "yanada qat’iy va keng ko‘lamli da’volarni ilgari surmoqda, jumladan boshqalardan ham o‘zining dunyoqarashiga moslashishni talab qilmoqda".
Shuningdek, mamlakatda ozchilik millatlarga munosabat masalasiga oid savollar ham saqlanib qolmoqda.
Doktor Chon so‘ziga ko‘ra, odamlar ko‘proq majburlovchi va iqtisodiy jihatdan unchalik foydali bo‘lmagan siyosatlarni shaxsan Shi bilan bog‘lashadi. Texnologik taraqqiyot kabi ijobiy jihatlarni esa keng ma’noda Xitoyning o‘zi bilan bog‘lashadi.





























