Putinning roziligi olingan. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qanday boshlangan?

Surat manbasi, Rasmiy
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanishidan avval Rossiya prezidenti Vladimir Putinning roziligi olingan.
Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov so‘nggi intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra aytishicha, Xitoy tomoni dastlab Rossiyaning roziligisiz bu loyihani boshlash mumkin emasligini bildirgan.
Japarovning katta intervyusi 13 avgust kuni MediaHub kanalida e’lon qilindi.
"Agar Rossiya rozi bo‘lmasa…"
Prezident Japarovning suhbatda aytishicha, u prezidentlikka kelgach, Xitoyning Qirg‘izistondagi o‘sha paytdagi elchisi bilan uchrashib, temir yo‘l loyihasini amalga oshirishni taklif qilgan.
"Uni (temir yo‘lni – tahririyat) ayrimlar, xoh ichki kuchlar deylik, xoh tashqi kuchlar, yoqtirmaydi. Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini quramiz, deb Qirg‘izistonda Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri gapirib kelamiz. Men 2020 yilda prezident bo‘lib kelganimdan keyin o‘sha paytdagi Xitoy elchisini xonamga chaqirdim. Unga qahva quyib berib, ikkovimiz o‘tirib, "Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lini boshlaylik", dedim.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy tomoni Qirg‘iziston bu masalani mustaqil hal qila olmasligini bildirgan.
"U mendan ochiqchasiga: "Siz bu ishni boshlay olasizmi?" deb so‘radi.
"Nega boshlay olmas ekanman? Men Qirg‘iziston hududi uchun o‘zim javob beraman. Boshlayman", dedim. U yana ochiqchasiga: "Buning uddasidan chiqa olasizmi? Axir bu masalani yolg‘iz o‘zingiz hal qila olmaysiz-ku. Agar Rossiya rozi bo‘lmasa, biz bu yo‘l qurilishini boshlay olmaymiz", dedi.
"Nega?" deb so‘radim. "Chunki sizlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi hududidasizlar. Bundan tashqari, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosisizlar. Agar ular rozi bo‘lmasa, biz boshlay olmaymiz", dedi".
Shundan keyin Japarov Rossiya prezidentidan uni ishchi tashrif bilan qabul qilishini so‘raganini, Kremldan ertasiyoq ijobiy javob kelganini va u Moskvaga uchib borganini aytadi.
Putin bilan 40 daqiqalik suhbat
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"Vladimir Vladimirovich ikkovimiz yuzma-yuz o‘tirib, 35–40 daqiqa juda qattiq muhokama qildik" - deydi suhbat davomida Qirg‘iziston prezidenti.
"Oxirida uni ishondirdim. Chunki Xitoyning pozitsiyasi ham to‘g‘ri edi. Sababi, bular ulkan davlatlar. Dunyoda uchta yirik derjava bo‘lsa, biri Xitoy, biri Rossiya, biri AQSh. Ular bir-birining pozitsiyasi bilan hisoblashadi. Shuning uchun men Vladimir Vladimirovichning oldiga bordim. "Biz tuyuq (dengizga chiqish yo‘li yo‘q - tahririyat) mamlakatmiz, qiynalyapmiz. Bu temir yo‘l bizga suv va havodek zarur", dedim va oxir-oqibat uning roziligini oldim. Shunday qilib, temir yo‘l loyihasi boshlandi" - deydi Japarov.
Intervyuda O‘zbekiston bilan loyiha yuzasidan alohida kelishuv yoki muzokaralar bo‘lgani haqida ma’lumot keltirilmagan.
Uning Putin bilan uchrashuvi va Rossiyaning roziligi haqidagi bayonotiga Toshkent, Pekin yoki Moskva hozircha munosabat bildirmadi.
Ani damda qirg‘izistonliklar orasida bu turlicha baholanmoqda.
"Rossiyaning ruxsatini olishga aslida ehtiyoj yo‘q edi. Ammo, ko‘rinib turibdiki, Xitoy tomoni Kremlning roziligi kerakligi haqida norasmiy ishora bergan. Albatta, buning barchasi geosiyosat bilan bog‘liq. Prezidentimiz Moskvaga borib, Putinni ko‘ndirib kelganini aytyapti. Ehtimol, keyinchalik Rossiya bu loyihaga to‘siq bo‘lmasligi yoki unga qarshi chiqmasligi uchun shunday ehtiyotkorlik qilingan" - deydi bishkeklik jamoat faollaridan biri Burul Usmanali BBC bilan suhbatda.

Surat manbasi, Erkin Saliev (taqdim)
Qurilish qachon boshlangan?
Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi rasman 2024 yil 27 dekabr kuni Qirg‘izistonning Jalolobod (hozirgi Manas) shahrida bo‘lib o‘tgan.
Uch davlat hukumatlari loyihani birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni 2024 yil 6 iyunda Pekinda imzolashgandi.
2025 yil 30 iyunda esa Qirg‘iziston hududida temir yo‘lning butun yo‘nalishi bo‘ylab keng ko‘lamli qurilish ishlari boshlangan.
Loyihani 2030 yil oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan.
Temir yo‘l Qashg‘ar–To‘rug‘art–Makmal–Manas–Andijon yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. U Markaziy Osiyoni Xitoy bilan eng qisqa quruqlik yo‘li orqali bog‘lashi kutilmoqda.
Loyihaning umumiy uzunligi 532 kilometrdan oshadi, yillik yuk tashish quvvati esa 15 million tonnagacha yetishi ma’lum qilingan. Ham yuk, ham yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan yo‘lning 312 kilometri Qirg‘iziston hududidan o‘tadi, O‘zbekistondagi qismi esa taxminan 70 kilometrni tashkil etishi aytiladi.
Ko‘rinib turibdiki, Xitoy tomoni Kremlning roziligi kerakligi haqida norasmiy ishora bergan. Albatta, buning barchasi geosiyosat bilan bog‘liq.
O‘zbekiston mavqei qanday?
Loyiha Qirg‘iziston uchun yangi transport yo‘li va mintaqaviy tranzit tizimiga chiqish imkoniyati sifatida qaraladi. O‘zbekiston uchun esa u Xitoy bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va qisqaroq quruqlik aloqasini kuchaytirishi aytiladi.
Rasmiy Toshkent temir yo‘l loyihasini ochiq qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni "muhim infratuzilma loyihasi" deb atagan va bu yo‘l mintaqadagi iqtisodiy hamda transport rishtalarini kuchaytirishini ta’kidlagan. U kelajakda ushbu loyiha Trans-Afg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishini aytgan.

Surat manbasi, Rasmiy
Loyihaga qancha mablag‘ sarflanadi?
Qirg‘iziston hukumati loyihaning umumiy qiymatini 4,7 milliard dollar ekanini bildirgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Xitoy taxminan 2,3 milliard dollar mablag‘ni uch davlat tomonidan tashkil etilgan Qo‘shma loyiha kompaniyasiga 35 yil muddatga kredit sifatida ajratadi.
"Ushbu kreditni Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlatlari tomonidan tashkil etilgan Qo‘shma loyiha kompaniyasi to‘laydi. Qolgan 2,3 milliard dollarni esa uch davlat birgalikda qoplaydi. Mablag‘ning 51 foizini Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston esa har biri 24,5 foizdan ajratadi" - deyiladi Qirg‘iziston hukumatining 2025 yil 16 dekabrdagi bayonotida.
































