Nega biz kam seks qilayapmiz – Buning beshta sababini bilasizmi?

Surat manbasi, iStock
- Author, Saymon Koplend
- Role, BBC Future
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
BBC Future sharhlovchisi fikricha, so‘nggi o‘n yilliklarda G‘arb mamlakatlarida o‘rtacha insonning jinsiy faolligi sezilarli darajada kamaygan. Bunga zamonaviy jamiyatni tobora qamrab olayotgan xavotir hissi sabab bo‘lishi mumkin. Biroq, bu yagona sabab emas.
Hozir insoniyat tarixidagi eng keng jinsiy erkinlik davrida yashayapmiz. Yangi texnologiyalar ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan imkoniyatlarni yaratdi – asr oldin na homiladorlikdan saqlovchi vositalar, na tanishuv ilovalari mavjud edi.
Jinsiy inqilob asta-sekin ko‘plab ijtimoiy me’yorlar o‘zgarishiga olib keldi. Natijada jamiyat gomoseksuallik, ajralish, nikohdan oldingi jinsiy aloqa, hattoki poliamoriya va svingerlik kabi munosabat shakllariga nisbatan bag‘rikengroq bo‘ldi.
Shunga qaramay, paradoksal holat yuzaga chiqdi: bugun odamlar ilgari bo‘lganiga qaraganda kamroq seks qilmoqda – bu fakt bir qancha tadqiqotlar bilan tasdiqlangan.
Joriy yil mart oyida amerikalik tadqiqotchilar Jin Tvenj, Rayn Sherman va Bruk Uells "Archives of Sexual Behavior" jurnalida maqola e’lon qildi. Unda aytilishicha, 2010-yillar boshida amerikaliklar 1990-yillar oxiriga nisbatan yiliga o‘rtacha to‘qqiz marta kamroq seks qilmoqda. Umuman olganda, bu 15 foizlik pasayishni anglatadi.
Jinsiy faollikdagi bu pasayish turli jins, irq, millat va kasb egalari orasida deyarli bir xil kuzatilgan. Ayniqsa, nikohdagi juftliklar orasida bu holat yaqqol ko‘zga tashlangan.
Bitta tadqiqot natijasiga tayanib mutlaq xulosa chiqarib bo‘lmasa-da, bu tendentsiya so‘nggi yillarda kuchaygani ayon.
2013-yilgi "Jinsiy munosabatlar va turmush tarzi bo‘yicha milliy tadqiqot" (Natsal) shuni ko‘rsatdiki: 16 yoshdan 44 yoshgacha bo‘lgan britaniyaliklar oyiga o‘rtacha beshtadan kam seks qilmoqda. 2000 yildagi shunga o‘xshash tadqiqotda esa bu ko‘rsatkich erkaklar uchun oyiga 6,2, ayollar uchun esa 6,3 marta bo‘lgan.
Eng keskin holat Yaponiyada kuzatilmoqda: bu yerda 16–25 yoshdagi ayollarning 46 foizi va erkaklarning 25 foizi umuman seksdan uzoq.
Albatta, bu holatlarga yuzaki izohlar topish mumkin. Ammo jinsiy faollikning bunday sezilarli kamaygani sabablari chuqurroq tahlilga arziydi.
1. Pornografiya
Birinchi sabab – pornografiyaning yangi texnologiyalar yordamida keng ommalashgani. Ijtimoiy tarmoqlar esa bu kontentning iste’molchilari sonini yanada oshirdi.
Pornografiya ko‘pchilik uchun real hayotdagi ctrc o‘rnini bosadi va bu yotoqdagi istakni sezilarli kamaytiradi. U, shuningdek, ctrcning haqiqiy hayotga mos kelmaydigan, idealizatsiyalangan tasvirini yaratib, "jinsiy anoreksiya" va "porno bilan bog‘liq jinsiy disfunktsiya" kabi muammolarga olib kelishi mumkin.

Surat manbasi, iStock
2011 yilda o‘tkazilgan tadqiqotda aniqlanishicha, pornografiyani doimiy ravishda tomosha qiladigan 28 ming italiyalik erkakning aksariyati har kuni pornografik saytlarga kiradi. Tadqiqot muallifi Karlo Forest bu odatlar odamlarni "shiddatli jinsiy sahnalarga" o‘rgatib qo‘yishini, natijada ular real hayotda erektsiya bilan bog‘liq muammolarga duch kelishini ta’kidlaydi.
Ba’zi mutaxassislar pornografiyani muntazam tomosha qilish doimiy jinsiy juft topish imkoniyatini kamaytirishini ham aytmoqda. Masalan, 2014 yilda Eastern Economic Journal jurnalida chop etilgan tadqiqot pornografiyani tomosha qilish chastotasi va turmush qurish ehtimoli o‘rtasida teskari bog‘liqlikni ko‘rsatgan. Bu ayniqsa erkaklar orasida aniqroq namoyon bo‘lgan.
2. Ijtimoiy tarmoqlar
Jinsiy faollik pasayishiga ta’sir etayotgan ikkinchi muhim omil – ijtimoiy tarmoqlar.
Avvallari tadqiqotchilar yotoqxonadagi televizor jinsiy hayotni susaytirishini aniqlagan bo‘lsa, bugun bu rolni "Facebook", "Instagram", "Twitter" kabi platformalar egallagan.

Surat manbasi, Getty Images
Shunga qaramay, barcha olimlar bu fikrga qo‘shilavermaydi. 2015 yilda Sexual Medicine jurnalida chop etilgan, 280 erkak ishtirok etgan tadqiqotga ko‘ra, haftasiga ikki marta 40 daqiqa davomida pornografiya tomosha qilish jinsiy istakni oshirishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar ham ziddiyatli baholanmoqda. Ha, smartfonlar odamlarning real hayotdagi vaqtini oladi. Ammo Tinder va Grindr kabi tanishuv ilovalari seks uchun imkoniyat kengaytirish vositasiga aylangan.
Shunday qilib, texnologiyalar jinsiy hayotimizga shubhasiz ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, ularni jinsiy faollik pasayishidagi yagona omil deb bo‘lmaydi.
3. Ish
Tadqiqotchilar, avvallari yotoqxonadagi televizor jinsiy hayotni susaytirishini aniqlagan bo‘lsa, bugun bu rolni "Facebook", "Instagram", "Twitter" kabi platformalar egallagan.
Libidoning pasayishiga sabab bo‘luvchi yana bir omil – ishdagi zo‘riqish, stress va charchoq. Ammo bu bog‘liqlik har doim ham aniq emas. 1998 yilda Janet Gayd, Jon Delamater va Erri Gyuit tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari Journal of Family Psychology jurnalida chop etildi. Unga ko‘ra, ishlaydigan ayollar va uy bekalari orasida jinsiy faollik darajasida katta farq kuzatilmagan. Hatto, faol mehnat hayoti ko‘proq seks bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aniqlangan.
Demak, ish butunlay aloqasiz masala emas. Muhimi – ishlash miqdori emas, balki sifatidir. Zavq keltirmaydigan yoki haddan tashqari zo‘riqishli ish ruhiy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi, bu esa jinsiy hayotga ham taalluqlidir.
4. Stress
So‘nggi yillarda jinsiy faollik kamayishi va seksdan qoniqmaslikning asosiy sababi sifatida tobora ko‘proq stress tilga olinmoqda – bu holat ko‘pincha ishdagi bosim bilan chambarchas bog‘liq.
Masalan, 2010 yilda Syurix universiteti olimlari Gi Bodenmann boshchiligida olib borilgan tadqiqotda 103 nafar shveytsariyalik talaba qizning uch oy davomidagi holati tahlil qilingan. Tadqiqot ishtirokchilari bildirganidek, stress darajasi oshgan sayin ularning jinsiy faolligi va jinsiy hayotdan qoniqish darajasi pasaygan.
Stress turlicha ta’sir ko‘rsatadi: u gormonal muvozanatni buzadi, insonning o‘z tanasiga salbiy munosabatini shakllantiradi, oilaviy munosabatlarga bo‘lgan ishonchni susaytiradi, spirtli ichimliklar va giyohvandlikka moyillikni oshiradi. Bularning barchasi, albatta, jinsiy hayotga salbiy ta’sir etadi.
5. Zamonaviy hayotning o‘zi
Jinsiy hayotga ta’sir qiluvchi boshqa muhim omillar qatorida tadqiqotchilar ruhiy salomatlik, farovonlik va baxt hissini ajratib ko‘rsatishadi. So‘nggi yillarda G‘arb jamiyatlarida ruhiy kasalliklar, ayniqsa depressiya va xavotir, avj olmoqda.
Ko‘plab tadqiqotlar depressiya seksga ehtiyojni pasaytirishini va jinsiy hayotdagi muammolarni kuchaytirishini ko‘rsatmoqda. Tvenj, Sherman va Uells ham hayotdan qoniqish darajasi tushishi bilan jinsiy faollikning pasayishi o‘rtasida uzviy bog‘liqlik borligini ta’kidlaydilar.

Surat manbasi, iStock
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Doimiy ish joyining yoki o‘z uyining yo‘qligi, global inqirozlar xavfi, shaharlardagi ijtimoiy yakkalanganlik va yolg‘izlik hissi odamlarning ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, jinsiy faollik pasayishini zamonaviy hayotning umumiy oqibati, deya baholash mumkin.
Bu turli omillar yig‘indisidir: stress, ishdagi bosim, umumiy beqarorlik hissi, va texnologik taraqqiyotning inson uchun oqibatidir.
Ayrimlar, ehtimol, bugungi jamiyatdagi erkinlik darajasini hisobga olib, jinsiy faollik pasayishini ijobiy hodisa deb baholashi mumkin. Biroq seksning inson hayotidagi o‘rni katta: u baxt, sog‘liq, ruhiy barqarorlik va shaxsiy farovonlik bilan chambarchas bog‘liq. Eng muhimi – ko‘pchilik uchun u zavq manbaidir.
Shu sababli, dunyo bo‘ylab bu muammoni hal qilish uchun turli chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Masalan, joriy yil fevral oyida shved siyosatchisi Per-Erik Muskos ish kunida seks uchun haq to‘lanadigan tanaffus joriy qilishni taklif qildi. Unga ko‘ra, juftliklar orasidagi aloqa susayib ketgani sababli, bu tanaffus foydali bo‘ladi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Yaponiyada esa tug‘ilish darajasi keskin pasayishi ortidan ko‘plab choralar ko‘rilmoqda. Hukumat farzandli bo‘lganlarga moddiy mukofot beradi, korxonalar xodimlarga oilaviy hayot uchun ko‘proq vaqt ajratishni tavsiya qiladi. Mahalliy hokimiyatlar esa ko‘p farzandli oilalarga oziq-ovqat talonlari beradi va tanishuv xizmatlarini moliyalashtiradi.
Avstraliya hukumati ham shunga o‘xshash choralarni bir necha yillardan beri amalga oshirib kelmoqda.
Ammo bu tashabbuslar muammoning ildiziga yetib bormaydi. Chunki ular insonlarning jinsiy faolligiga bevosita ta’sir qiladigan hayotdan qoniqish darajasini oshirmaydi.
Bu juda murakkab, ko‘p qirrali muammo bo‘lib, uning yechimi ham har tomonlama yondashuvni talab qiladi. Avvalo, ruhiy salomatlikni mustahkamlash lozim – ayniqsa, stress va hayotiy barqarorlik yetishmasligi sharoitida. Bu nafaqat jinsiy hayotga, balki umuman insonning holati va farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.





























