AQSh va Xitoy: Endi atom quroli poygasi o‘rnida sun’iy intellekt urushi boshlangan. Kim yutadi?

Surat manbasi, Reuters
XX asr ikkinchi yarmida AQSh va Sovet Ittifoqining eng oldi sohibi aqllari yadro qurolini yaratish poygasi bilan band edi.
Hozir AQSh boshqa bir raqib – Xitoy bilan butunlay boshqa sohada bellashmoqda. Maqsad – texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt (SI) sohasida hukmronlikka erishish.
Bu kurash ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida, universitet shaharchalarida va eng ilg‘or startaplar idoralarida kechmoqda. Uni dunyoning eng boy kompaniyalari rahbarlari va hukumatning eng yuqori doiralari kuzatib turadi. Bu poyga trillionlab AQSh dollariga tushmoqda.
Har bir tomonning o‘z kuchli jihatlari bor. London Universitet kollejida (UCL) kognitiv nevrologiya sohasida ishlaydigan Nik Rayt buni "miyalar" va "tanalar" o‘rtasidagi kurash deya qisqacha ta’riflaydi. AQSh an’anaga ko‘ra, sun’iy intellektning "miyalari" – chatbotlar, mikrochiplar va katta til modellari (LLM) olamida yetakchilik qilib keladi. Xitoy esa sun’iy intellektning "tanalari" – robotlar (ayniqsa, odamlarga juda o‘xshaydigan "gumanoid" robotlar) borasida ustunlikka ega.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Biroq hozir har ikki tomon ham raqibining ustun kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka intilayotgani bois, bu ustunliklar abadiy qolmasligi mumkin va poyga yaqin yillarda yanada o‘zgarib ketishi ehtimoldan xoli emas.
LLM sohasida hukmronlik uchun kurash
2022 yil 30 noyabrь kuni Kaliforniyada joylashgan OpenAI texnologiya shirkati o‘zining yangi chatbotini ishga tushirdi. Olti jumlalik bayonotda shirkat "suhbat tarzida muloqot qiladigan" yangi modelni yaratganini e’lon qildi.

Surat manbasi, Getty Images
Unga ChatGPT deb nom berildi. Texnologiya olami bir zumda shunga maftun bo‘lib qoldi.
"Qaysi ijtimoiy tarmoqqa kirmang, odamlarning internetda paydo bo‘lgan bu kichik matn oynasidan foydalanishning turli usullari haqida gapirgan postlari seldek oqardi", – deydi Bloomberg sharhlovchisi, "Hukmronlik: SI, ChatGPT va dunyoni o‘zgartiradigan poyga" kitobi muallifi Parmi Olson.
Bu ommabop birinchi katta til modeli yoki LLMning dunyoga kelishi edi. LLM internetda mavjud bo‘lgan ulkan hajmdagi matn va ma’lumotlarni tahlil qiladi hamda undan g‘oyani qanday ifodalash qonuniyatlarini o‘rganish uchun foydalanadi.
Bugunga kelib, mutaxassislar sun’iy intellektning "miyasi" borasida AQSh ustunlikka ega ekanini deyarli bir ovozdan tasdiqlaydi.
OpenAI da’vosiga ko‘ra, hozirda har hafta 900 milliondan ortiq kishi – sayyoramizning deyarli har sakkizinchisi – ChatGPTdan foydalanadi. Anthropic, Google va Perplexity kabi boshqa Amerika texnologiya shirkatlari ham raqobatchi LLM tizimlarini yaratishga milliardlab dollar sarflab, poygaga kirishdi.
Bu sun’iy intellekt kompaniyalari agar ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsa, LLMlar hozirda "oq yoqali"lar bajarayotgan ko‘plab vazifalarni o‘z zimmasiga olishi mumkinligini bilishadi, bu esa tijoriy g‘alabaning mo‘may daromadga aylanishi demakdir.
Amerikaliklar chiplardan qanday foydalandi?
Biroq Vashingtondagi aqllar yana bir savol haqida bosh qotirmoqda: bularning barchasi AQShning Xitoy bilan global yetakchilik uchun poygasiga qanday ta’sir qiladi?
Bi-bi-si bilan suhbatlashgan yuqori martabali AQSh rasmiysiga ko‘ra, Amerikaning strategik ustunligi kaliti g‘aroyib algoritmik kodlashda emas, balki ulkan hisoblash quvvatini ta’minlaydigan apparat vositalarida, xususan, mikrochiplardadir.

Surat manbasi, Getty Images
Oddiy qilib aytganda, dunyodagi eng ilg‘or va qudratli kompyuter chiplarining aksariyati – Kremniy vodiysi shirkatlari LLMlarni yaratishda foydalanadigan chiplar Amerika nazorati ostida. Aslida, ularning ko‘pchiligi Kaliforniyada joylashgan bitta kompaniya – Nvidia tomonidan loyihalanadi. Oktyabrь oyida Nvidia bahosi 5 trillion dollarga yetgan dunyoda birinchi kompaniyaga aylandi. "Fikrlaydigan mashina" kitobi muallifi Stiven Uittning fikricha, u barcha davrlarning eng qimmat kompaniyasi bo‘lishi ham mumkin.
Vashington esa Xitoyning bu qudratli chiplarni qo‘lga kiritishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qat’iy eksport nazorati tizimidan foydalanadi. Bu siyosat asosan 1950-yillarga borib taqaladi, o‘shanda AQSh SSSRga ittifoqchi bo‘lgan mamlakatlarga ilg‘or elektronika eksportini to‘sib qo‘ygan edi. Ammo sun’iy intellekt poygasi qizigan bir paytda, 2022 yilda prezident Jo Bayden bu siyosatni keskin kuchaytirdi.
Garchi bu qudratli chiplarning aksariyati AQShning o‘zida ishlab chiqarilmasa-da, Amerika eksport nazorati borasida kuchini ko‘rsata oladi. Aslida, ularning aksariyati Tayvanda (AQSh ittifoqchisi) Tayvan yarimo‘tkazgich ishlab chiqarish korporatsiyasi tomonidan tayyorlanadi.
Amerika Tayvanda ishlab chiqarilgan bu ilg‘or chiplar Xitoyga tushmasligi uchun imkon qadar harakat qiladi. U buni o‘zining "xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot qoidasi" orqali amalga oshiradi. Bu qoida xorijiy kompaniyalarni, agar ular eksport qilayotgan tovarlar tarkibida AQShga aloqador qismlar bo‘lsa yoki ular AQSh texnologiyasi asosida yaratilgan bo‘lsa, AQSh qoidalariga bo‘ysunishga majbur qiladi.

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images
Tayvandagi mikrosxema zavodi materik Xitoydan deyarli ko‘rinib turadi. Orol nima uchun Pekin uchun bunchalik jozibador o‘lja bo‘lishi mumkinligini tushunsa bo‘ladi.
Xo‘sh, nega Xitoy zavodlari bunday qudratli chiplarni o‘zlari ishlab chiqarishni boshlamayapti? Bu unchalik oson emas. Eng ilg‘or chiplarni tayyorlash uchun ultrabinafsha nurlari yordamida litografiya qiluvchi dastgoh kerak bo‘ladi. Dunyoda faqat bitta kompaniya – Niderlandiyaning kichik bir shaharchasida joylashgan ASML shirkati bunday dastgohlarni ishlab chiqaradi. Amerika o‘sha golland shirkati bu foydali dastgohlarni Xitoyga yuborishiga to‘sqinlik qilish uchun ayni shu taktikadan ("xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahsulot qoidasi") foydalanadi.
Bu protektsionistik siyosat AQShga sun’iy intellektning "miyalari" borasidagi ustunligini saqlab qolishda ancha muvaffaqiyatli bo‘lgandek ko‘ringan edi.
Biroq endi Xitoy javob zarbasini berdi.
"DeepSeek"ning javob hujumi
2025 yil yanvarida, Donald Tramp milliarder texnologiya hamkorlari qurshovida ikkinchi muddatga qasamyod qilgan hafta Xitoy o‘zining "DeepSeek" nomli chatbotini ishga tushirdi.
Foydalanuvchiga u ko‘p jihatdan ChatGPT'ga o‘xshab tuyuladi: savollarga javob bera oladi, kod yoza oladi va undan foydalanish bepul.
Eng muhimi, DeepSeek'ni yaratish ChatGPT va Claude kabi Amerika LLMlariga sarflangan mablag‘ning juda kichik bir qismiga tushgani taxmin qilinmoqda.
Bu katta zarba to‘lqinlarini yuzaga keltirdi. 2025 yil 27 yanvarda Nvidia AQSh fond bozori tarixidagi eng yirik bir kunlik bozor qiymati yo‘qotilishiga uchradi: taxminan 600 mlrd dollar.
"Bu Vashington uchun juda katta sarosima bo‘ldi", deydi sun’iy intellekt jurnalisti Karen Hao. Uning fikricha, AQShning eksport nazorati siyosati aks natija bergan bo‘lishi mumkin: xitoylik dasturchilar kuchli chiplarsiz ishlashga majbur bo‘lgan, ana shu holat ularni ijodkorlikka undagan. "Bu, pirovardida, Xitoyning o‘z kuchiga tayanishini tezlashtirdi", deydi u.
DeepSeek'ning asosiy xususiyati shundaki, u o‘sha vaqtda "OpenAI" va "Anthropic" kabi Amerika modellarinikiga o‘xshash imkoniyatlarga ega bo‘lgan, ammo ushbu modelni o‘rgatish uchun ancha kam kompyuter chiplaridan foydalangan".
Xitoydagi tex-kompaniyalar yangi sun’iy intellekt modelini yaratayotganda ishni noldan boshlashi shart emas. Ular shunchaki tayyor modelga asoslanib yangisini qurishi mumkin.
Bu orada Pekinda yaqqol ruhlanish va ko‘tarinkilik kuzatildi, deydi Google sobiq rahbari Erik Shmidtning ofisida Xitoyning sun’iy intellekt siyosati bo‘yicha ishlaydigan tadqiqotchi Selina Syu. "Hamma "DeepSeek bunga qanday erishdi?" degan savolga javob izlayotgandi. Bu, haqiqatan ham, Xitoyning sun’iy intellekt ekotizimi uchun juda ijobiy turtki bo‘ldi".
Bu, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi keskin farqni ham ko‘rsatib berdi. AQShda sun’iy intellekt firmalari o‘z intellektual mulkini qattiq qo‘riqlasa, Xitoyda "ochiq kodli" yondashuv kengroq tarqalgan. Ommalashish va innovatsiyalarni jadallashtirish maqsadida Xitoy firmalari o‘z kodlarini ko‘pincha internetda e’lon qiladi, toki boshqa kompaniyalardagi dasturchilar ham uni o‘rganib chiqishi mumkin bo‘lsin.
"Bu shuni anglatadiki, Xitoydagi texnologiya kompaniyalari yangi sun’iy intellekt modelini yaratayotganda ishni noldan boshlashi shart emas, – deydi Olson. – Ular shunchaki tayyor modelni olib, uning asosida yangisini qurishi va uni takomillashtirishi mumkin".
Natijada sun’iy intellekt "miyasi" uchun kurash endi avvalgidek aniq emas. Amerika LLMlarni o‘z quroli ichidagi eng kuchli vosita deb hisoblagan edi, endi esa Xitoy ham ularni yarata oladi.
"Amerikaning yopiq-xususiy modellari, ehtimol, yaxshiroqdir, lekin unchalik katta farq bilan emas, – deydi Selina Syu. – Xitoy modeli, balki, 90 foizga yaxshidir, lekin narxi o‘n baravar arzon".
Robotlar urushida Xitoy ustunligi
Sun’iy intellekt "tanasi", ya’ni dronlar va robototexnika olamiga kelsak, bu borada Xitoy ustun bo‘lib kelgan.
2010 yillardan boshlab Xitoy hukumati robotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashni keskin kuchaytirdi, tadqiqotlarni moliyalashtirdi, robot ishlab chiqaruvchilarga milliardlab AQSh dollari miqdorida subsidiyalar ajratdi. Bugungi kunda Xitoyda ikki millionga yaqin ishchi robot borligi taxmin qilinadi – bu dunyoning qolgan qismidagi robotlarning umumiy sonidan ham ko‘p.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Olsonning aytishicha, bu muvaffaqiyatning asosiy sababi Xitoyning ishlab chiqarishga asoslangan iqtisodiyot ekanligidir. "Demak, sizda elektronika yaratish bo‘yicha katta tajriba bo‘lsa, bundan unumli foydalana olasiz va natijada aqlbovar qilmas robototexnika startaplarini qurasiz".
Shenchjen yoki Shanxayga kelgan xalqaro mehmonlar ko‘pincha robotlarning kundalik hayotga bunchalik chuqur singib ketganidan hayratlanishadi, deydi Syu. Masalan, oziq-ovqat buyurtmasini dron orqali yetkazib berish kabi holatlar.
Xitoy, ayniqsa, "gumanoid" robotlar, ya’ni tashqi ko‘rinishi va harakatlari odamlarga o‘xshatib yasalgan mashinalar sohasida katta yutuqlarga erishdi.
AQShdagi tahlil markazi bo‘lgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi mamlakat janubidagi Chuntsin shahrida joylashgan "qorong‘i zavod" haqida ma’lumot berdi. Zavodda 2000 ta robot va avtonom transport vositasi bo‘lib, ular birgalikda har daqiqada bitta yangi avtomobil yetkazib bera oladi, deb da’vo qilinadi. U to‘liq avtomatlashtirilgani va nazariy jihatdan qorong‘ida, inson ishtirokisiz ham ishlay olishi sababli "qorong‘i zavod" deb ataladi.
Pekin mamlakat aholisining tez qarib borayotganini biladi, deydi Syu. Hukumat fikricha, ishchilar, ayniqsa, parvarishlash sohasidagilar nafaqaga chiqqanda yuzaga keladigan bo‘shliqni gumanoidlar to‘ldirishi mumkin. "Taxminan 2035 yilga borib [Xitoyda] 60 va undan katta yoshdagilar soni butun AQSh aholisidan oshib ketishi kutilmoqda", deydi u.
Xitoy nafaqat o‘zining ulkan aholisiga xizmat ko‘rsatish uchun robotlar qurmoqda, balki ayni paytda barcha gumanoid robotlar eksportining 90 foizi ham uning hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mashinadagi arvoh
Xitoy robot tanasini yasash bo‘yicha dunyoda yetakchi. Ammo bu tanalarning har biriga hali ham miya – turli metall qismlarga nima qilish kerakligini buyuruvchi operatsion tizim yoki dasturiy ta’minot kerak.
Agar robot faqat takrorlanuvchan vazifani bajarishi kerak bo‘lsa (masalan, o‘sha Chuntsindagi avtomobil zavodida) oddiy robot miyasi kifoya qiladi. Xitoy buni o‘zi yarata oladi.
Ammo robotning turli-tuman, murakkab vazifalarni bajarishi uchun unga avtonom sun’iy intellekt deb ataluvchi SIning boshqa bir shakliga asoslangan aqlli miya zarur. Bu mustaqil harakat qiluvchi, bir necha bosqichdan iborat topshiriqlarni bajaruvchi sun’iy intellekt dasturidir.
Shunday ekan, gap yuqori quvvatli miyalar haqida ketganda, ustunlik hamon Amerikada.
"Robot miyasi borasida... Qo‘shma Shtatlar shubhasiz hali ham oldinda, – deydi UCL tadqiqotchisi Rayt. – Bular robotga amaliy vazifalarni bajarishda yordam beradigan chiplar va sun’iy intellekt dasturiy ta’minotidir. Shuni ham yodda tutish kerakki, robot qiymatining qariyb 80 foizi uning miyasiga to‘g‘ri keladi".
Robot-itlar va dronlar
Hozir AQSh ham, Xitoy ham robotlarni avtonom sun’iy intellekt bilan birlashtirish poygasiga kirishgan. Bir AQSh shirkati esa muvaffaqiyatli robotlarni faqat Xitoy kompaniyalari yarata olmasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bu poygada kim g‘olib bo‘lishi muhim: bu ham hayratlanarli, ham qo‘rqinchli texnologiyadir.

Surat manbasi, WEB SUMMIT VIA GETTY IMAGES
AQShdagi Boston Dynamics muhandislik firmasi allaqachon undan foydalanmoqda. Ularning itga o‘xshash "Spot" nomli roboti millionlab YouTube tomoshalari bilan texnologiya ishqibozlari orasida onlayn ramzga aylanib ulgurdi. Robot-itda kuchli "ko‘zlar" (termal tasvirga ega yuqori texnologiyali kamera) va "quloqlar" (akustik monitoring) bor.
Spot endi kompaniya omborlarini aylanib tekshirishi, uskunaning haddan tashqari qizishi, gaz sizishi yoki to‘kilishi kabi holatlarni aniqlashi, so‘ng bu ma’lumotni sanoat sun’iy intellekti dasturiy ta’minoti provayderi bo‘lgan IFSga uzatishi mumkin. Shundan so‘ng sun’iy intellekt ularni tahlil qiladi va muammoni hal qilish uchun (ehtimol, inson aralashuvisiz) qarorlar qabul qiladi.
Raytning aytishicha, buning qo‘rqinchli tomoni shundaki, robototexnika va avtonom sun’iy intellekt uyg‘unligini ko‘rish mumkin bo‘lgan yana bir soha bor: bu – jang maydonidagi dronlardir.
O‘tgan yozda Ukraina "Gogol-M" nomli havo "ona kema" dronini ishga tushirdi. U Rossiya hududiga yuzlab kilometr ichkariga kirib, ikkita kichikroq hujumchi dronni qo‘yib yuborishga qodir. Bu dronlar inson nazoratisiz o‘zining sun’iy intellekt miyasidan foydalanib, nishonlarni aniqlash uchun yerni skanerlaydi, so‘ng ularga qarab uchib, portlovchi moddalarni ishga soladi.
Kim zafar quchadi?
Marra chizig‘i qaerdaligini bilmas ekanmiz, poygada kim g‘olib bo‘lishini bashorat qilish qiyin, deydi London Qirolicha Meri universiteti kompyuter nigoh va sun’iy intellekt professori Greg Slabo.
"G‘alaba Oyga kim birinchi qo‘nish kabi yakka bir lahza bo‘lishi dargumon, – deya qo‘shimcha qiladi u. – Aksincha, doimiy ustunlik muhim: kim salohiyatda yetakchi, kim sun’iy intellektni o‘z iqtisodiyotiga eng samarali tatbiq etadi va kim global standartlarni belgilaydi".
Professor Slaboning ta’kidlashicha, elektr va kompyuter texnologiyalarida tizimlarni kim birinchi qurgani emas, balki ularni iqtisodiyotga kim eng samarali joriy etgani muhimroq bo‘lgan: "Xuddi shu holat sun’iy intellekt uchun ham to‘g‘ri bo‘lishi mumkin".
Sun’iy intellekt bizni qayerga olib borayotganini bilmaymiz. AQShning yirik texnologiya shirkatlari bu noma’lum kelajakka cheklovlarsiz yugurishni istaydi; Xitoy Kommunistik partiyasi esa tadqiqotlarni davlat nazorat qilishi tarafdori.
Birinchi yo‘l iste’mol kapitalizmining giperversiyasini va’da qilsa, ikkinchisi – davlat texnologiya bilan nima qilish mumkinu nima mumkin emasligini belgilaydigan dunyoni taklif etadi.
"Har bir tomon o‘z o‘yinida g‘alaba qozonish uchun qulay mavqega ega, – deydi Oksford universitetining Said biznes maktabidan Meri Sako. – Ikki o‘yinchi turli qoidalar bilan kurashganda, menimcha, kengroq auditoriyani – foydalanuvchilar, o‘zlashtiruvchilar va hokazolarni o‘ziga jalb qila olgan tomon g‘olib chiqadi".
Bu o‘yinda tikilgan narsa katta. XXI asrdan AQSh yoki Xitoy qudratliroq bo‘lib chiqishi hali ham aniq emas. Sun’iy intellekt poygasi esa hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.





























