O‘zbekiston Havo Yo‘llari: "Saudiyaga parvozlar ochiq, ammo vaziyat kuzatilmoqda". Saudiya vaziri hujumlarga jiddiy javob berilishini aytdi. Markaziy Osiyo qoralamoqda

Ar-Riyoddagi aeroportda yong‘in
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

O‘zbekiston Havo Yo‘llari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi aeroportning raketa hujumlariga tutilishi ortidan Jidda va Madina shaharlariga parvozlar odatdagidek davom etishini ma’lum qilgan.

11- oktyabr kuni O‘zbekiston Havo Yo‘llari shirkatining Telegram kanalida joylashtirilgan ma’lumotda shuningdek, Saudiya Arabistonidagi vaziyat sinchkovlik bilan kuzatilayotgani va har bir parvoz haqidagi qaror oxirgi daqiqalarga qadar olinayotgan xabarlar asosida qabul qilinishi ham bildirilgan.

Saudiya Arabistoniga umra ziyoratchilarini yetkazish uchun tashkil etiladigan charter parvozlar haqida ma’lumot olish hozircha imkonsiz va ular amalga oshirilmayaptimi-yo‘qmi noma’lum.

Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ar-Riyoddagi aeroport hujumga tutilgan vaqti u yerda bo‘lgan 2 nafar o‘zbekistonlik yengil jarohat olganligini Instgram sahifasida ma’lum qilgandi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi bayonoti

Vazirlik Matbuot kotibi Omonulla Fayziev nomidan chop etilgan ma’lumotnomada aytilishicha, 10- oktyabr kungi hujum vaqtida Ar-Riyoddagi aeroportning 3- terminalida bo‘lgan 1977 va 1997 yillarda tug‘ilgan jarohat olgan o‘zbekistonliklarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ar-Riyoddagi O‘zbekiston elchixonasi ham vaziyat yaqindan kuzatib turganligini ta’kidlagan. Ammo elchixonaning Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu borada ma’lumot hozircha yo‘q.

Markaziy Osiyo davlatlari hujumlarni qoralashdi

Shu vaqtgacha Markaziy Osiyoning uch davlati Saudiya Arabistoniga qilingan so‘nggi hujumlarga, xususan, Ar-Riyod aeroportiga uyushtirilgan va odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan raketa hujumiga rasman munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot tarqatib, husiylar tomonidan Saudiya poytaxtidagi xalqaro aeroportga raketa hujumi uyushtirilganini "keskin qoralagan". Vazirlik bayonotida, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga qilingan hujumlar xalqaro huquqning jiddiy buzilishi hisoblanishi va zudlik bilan to‘xtatilishi kerakligi aytilgan.

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Barcha tomonlarni vaziyatni muloqot va diplomatiya yo‘li bilan tinch hal etishga chaqirgan vazirlik O‘zbekiston Respublikasi qardosh Saudiya Arabistoni Podshohligi xalqi va hukumati bilan birdamligini izhor etishi hamda mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlashini bildirgan.

"Kazinform" davlat axborot agentligining xabar berishicha, Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham hujumlarni qoralagan.

Xabarda aytilishicha, Qozog‘iston husiylarning Saudiya Arabistonidagi fuqarolik infratuzilmasiga odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlarini keskin qoralaydi va hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiradi.

Vazirlik bayonotida bunday hujumlar gumanitar nuqtai nazardan qabul qilib bo‘lmaydigan holat ekanligi va xalqaro huquqni buzishi ta’kidlangan.

"Ushbu harakatlar Yamandagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarga putur yetkazadi va mojaroga siyosiy yechim topishga to‘sqinlik qiladi. Biz hujumlarni zudlik bilan to‘xtatishga hamda inqirozni faqat siyosiy va diplomatik vositalar orqali hal etishga chaqiramiz", deyilgan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

"Kabar" davlat axborot agentligining xabariga ko‘ra, qo‘shni Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi ham bir necha mamlakat fuqarolarining hayotiga zomin bo‘lgan hujumlarni qoralovchi bayonot chiqargan.

Bayonotda vazirlik barcha tomonlarni vazminlikka hamda Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada beqarorlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlardan tiyilishga chaqirgan.

"Fuqarolik va aviatsiya infratuzilmasiga qilingan hujumlar xalqaro huquqning jiddiy buzilishi hisoblanadi hamda xalqaro fuqarolik aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid soladi", deyiladi Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Ar-Riyoddagi aeroport hujumga tutilgan onlar aks etgan BBC UZBEK videolavhasi:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Jiddiy hujumga javob ham jiddiy bo‘ladi"

Saudiya Arabistonining energetika vaziri minbarda nutq so‘zlamoqda
Surat tagso‘zi, Shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ar-Riyod shahrida o‘tgan WPC Energy Congress anjumanida aytishicha, so‘nggi haftalarda yuz bergan voqealar juda jiddiy va javob ham shunchalik jiddiy bo‘lishi kerak.

Saudiya Arabistonining energetika vaziri Yamandagi Eron tomonidan dastaklangan husiylar harakatining qirollik aeroportlari hamda neft-gaz inshootlariga qilgan qonli hujumlariga "jiddiy" javob qaytarilishini va’da qildi.

Shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ar-Riyod shahrida o‘tgan WPC Energy Congress anjumanida aytishicha, so‘nggi haftalarda yuz bergan voqealar juda jiddiy va javob ham shunchalik jiddiy bo‘lishi kerak.

Saudiya rasmiylarining ma’lum qilishicha, yakshanba kuni poytaxtdagi Qirol Xolid xalqaro aeroporti terminaliga qilingan hujumda bir nafar pokistonlik halok bo‘lgan.

Bu hodisa husiylar otgan raketa bir kun avval boshqa terminalga kelib tushib, 13 kishi halok bo‘lgani va terminal faoliyati to‘xtatilganidan keyin sodir bo‘ldi.

Husiylar mazkur hujumlar Saudiya Arabistonining Yaman g‘arbida o‘zlari nazorat qilayotgan hududlarga qarshi olib borayotgan hujumlari uchun javob ekanini aytishdi.

Yamanda 2014 yilda boshlangan fuqarolar urushi oqibatida mamlakat vayron bo‘lgan. O‘sha yili husiylar poytaxt Sanodan xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan hukumatni siqib chiqargan edi. 2015 yilda esa Saudiya boshchiligidagi harbiy koalitsiya hukumat hokimiyatini tiklash maqsadida mojaroga aralashgach, urush yanada keskinlashdi.

To‘rt yil davom etgan norasmiy otashkesim o‘tgan iyul oyida izdan chiqa boshladi. Shu paytda husiylar Saudiya Arabistoniga qarshi "dengiz qamali"ni e’lon qilib, mamlakat aeroportlari, neft ishlab chiqarish ob’ektlari hamda Qizil dengizdagi tankerlarga raketa va dron hujumlarini boshladi.

Husiylar bu harakatlarini o‘z hududlaridagi portlar va aeroportlarga nisbatan Saudiya tomonidan qo‘yilgan qamal, shuningdek, Sano aeroportiga qilingan havo zarbasiga javob deya ta’riflashgandi.

Yaman hukumati esa mazkur hujumni o‘zi amalga oshirganini bildirib, bu orqali ruxsatsiz Eron samolyotining qo‘nishiga yo‘l qo‘ymaslikka uringanini aytdi.

O‘tgan oyda husiylar Yamanning janubi-g‘arbiy Qizil dengiz sohili bo‘ylab kutilmagan hujum boshlab, hukumat tarafdori bo‘lgan kuchlarni Bob al-Mandab bo‘g‘oziga qadar hududlardan siqib chiqardi.

Ular xalqaro kemachilik harakatiga tahdid solmasligini, ammo Saudiya Arabistoniga tegishli kemalarni nishonga olishda davom etishlarini ma’lum qilishdi.

Biroq ushbu bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatilishi jahonda neft narxlarining keskin o‘sishiga yana bir turtki berdi. Chunki Fors ko‘rfazidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQSh va Isroilning Eron bilan urushi tufayli amalda yopilib qolgach, Saudiya Arabistoni neft eksport qilishda asosan Qizil dengiz yo‘nalishiga tayanib kelayotgan edi.

O‘tgan hafta Yaman hukumati husiylar nazoratidagi barcha hududlarni qaytarib olishga qaratilgan yangi harbiy amaliyot boshlanganini e’lon qildi.

Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi kuchlar Saudiya havo kuchlari zarbalari yordamida Bob al-Mandab atrofidagi hududlarni tez orada qayta egallaganini bildirishdi.

Biroq husiylar biron-bir hududni qo‘ldan boy berganlarini rad etishgan.

Tanglik kuchaymoqda

BBC ning Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchisi Frank Gardenerning yozishicha, Ar-Riyoddagi Qirol Xolid aeroportiga qilingan hujumlar allaqachon keskinlik va mojarolar domiga tortilgan mintaqadagi yana bir xavfli bosqichni anglatadi.

Unga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bunday voqealarga to‘liq tayyor emas edi.

So‘nggi haftalarda husiylar Saudiya hududiga hujumlarni kuchaytirdi. Ammo o‘tgan bir necha kun ichidagi hujumlar mamlakatning strategik ahamiyatga ega infratuzilmasini, jumladan poytaxtning asosiy aeroportini nishonga oldi va ular Saudiya havo mudofaa tizimlarini osonlik bilan chetlab o‘tgan ko‘rinadi.

Saudiya obro‘siga jiddiy putur

Yamandagi husiy jangchilari
Surat tagso‘zi, So‘nggi haftalarda husiylar Saudiya hududiga hujumlarni kuchaytirishdi

Yetkazilgan moddiy zararni tezda bartaraf etish mumkin. Ammo Saudiya Arabistonining barqarorlik va xavfsizlik maskani sifatidagi obro‘siga jiddiy putur yetmoqda.

Yamanda xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan hukumat bilan Eron qo‘lloviga tayangan husiylar o‘rtasidagi fuqarolar urushi minglab odamlar umriga zomin bo‘ldi va Yamanni dunyodagi eng og‘ir insoniy inqiroz markazlaridan biriga aylantirgan.

Saudiya Arabistoni Yaqin Sharqdagi eng qudratli havo kuchlaridan biriga ega va husiylar pozitsiyalariga ashaddiy havo zarbalarini amalga oshirib kelmoqda.

Shunga qaramay, husiylar Yamanning katta qismini, ayniqsa shimolda va g‘arbda hududlarini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Husiylar Saudiya iqtisodiyotining eng zaif nuqtasi qaerda ekanligini yaxshi bilishadi.

Jizondan tortib Xuraysdagi neft-kimyo majmuasigacha bo‘lgan hududlarda husiylar portlovchi dron va raketalarni yuqori aniqlik bilan ishlatmoqda.

Qizil dengiz orqali o‘tadigan dengiz savdo yo‘li tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Chunki ko‘rfazning narigi tomonida joylashgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishilmagani sababli hanuz to‘liq qayta ochilmagan.

Qizil dengizdagi kemalarni nishonga olish husiylarning bosim o‘tkazish usullaridan yana biri hisoblanadi.

Bunday hujumlar jahon iqtisodiyotiga zarar yetkazadi va bu Tehron uchun muhim siyosiy bosim vositasi sanaladi.

AQSh aralashadimi?

АҚШ президенти Доналд Трамп.
gettyimages
Biz bu hujum haqida endigina xabar topdik va qaror qabul qilamiz. Biz juda tez harakat qilamiz.
Donald Tramp
AQSh prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Sentyabr oyi boshlarida Oq uy Yamandagi mojaroga bevosita aralashmasligini, ammo Saudiyaga razvedka ma’lumotlari bilan yordam berishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

Keyinroq Vashington haqiqatan ham razvedka ko‘magi ko‘rsatayotganini va Saudiya Arabistoniga harbiy mutaxassislar yuborganini tasdiqladi.

Biroq AR-Riyoddagi so‘nggi hujumdan keyin vaziyat yangi bosqichga o‘tgan bo‘lishi mumkin. Chunki mazkur hujumda AQSh fuqarosi halok bo‘lgan.

Jurnalistlar bilan suhbatda Donald Tramp shanba kungi hujumni "dahshatli" deb atadi va Saudiya bilan birgalikda harbiy aralashuv ehtimoliga ishora qildi.

"Biz bu hujum haqida endigina xabar topdik va qaror qabul qilamiz. Biz juda tez harakat qilamiz", dedi janob Tramp.

Biroq kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi AQSh oraliq saylovlaridan oldin bunday qaror qabul qilinishi ehtimoli kamdek ko‘rinadi.

Tramp 2024 yilda qayta saylanganida Amerika ishtirok etayotgan urushlarga nuqta qo‘yishni va’da qilgan edi.

Shunga qaramay, AQSh hozir Yaqin Sharqdagi hal etilmagan uchta mojaro, ya’ni G‘azo, Livan va Eron bilan bog‘liq ziddiyatlarga aloqador bo‘lib qolmoqda.

Agar Tramp yana bir urushga, bu safar Yamandagi mojaroga ham tortiladigan bo‘lsa, bu saylovchilar tomonidan ijobiy qabul qilinishi dargumon.

Hozircha bu urushga AQSh aralashadimi-yo‘qmi, yana bir beqaror sulh tuzilishidan oldin yanada keskinlashayotganga o‘xshaydi.