Mintaqadagi tarqoqlik va totuvlik: gap faqat Karimovda edimi? (Video)

Surat manbasi, Getty Images/Ivan Sekretarev/Rasmiy
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 8 daq
O‘zbekistonni Islom Karimov boshqargan davrida Markaziy Osiyo davlatlari nega bir-biridan uzoqlashdi? Nima o‘zgardiki, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, qo‘shnilar bilan munosabatlar iliqlasha boshladi?
Bu o‘zgarish faqat siyosiy iroda samarasimi? Yoki suv, energetika, savdo va transport kabi umumiy manfaatlar ham mintaqani yaqinlashtirmoqdami? Va eng muhim savol: bu yaqinlashuv mustahkam asosga egami yoki shaxslarga bog‘liq jarayonmi?
Sayohatchi o‘qituvchi
Farg‘onalik 40 yoshli o‘qituvchi Azizbek Akramov 2024 yildan beri qo‘shni davlatlarga, asosan Qirg‘izistonga sayohat qilishni odatga aylantirdi. O‘n yil avval bunday safarlar ancha mushkul edi.
Azizbek Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududda tug‘ilib o‘sgan. Shunga qaramay, o‘ttiz yoshdan oshguniga qadar qo‘shni mamlakat haqida deyarli hech narsa bilmagan. Chegaraning narigi tomonidagi hayot haqidagi tasavvurlari ko‘proq eshitgan gaplariga asoslangan edi.
2017 yilgacha O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidan o‘tishda ko‘plab cheklovlar mavjud bo‘lgan. Keyinchalik ikki davlat o‘rtasida chegara punktlari faoliyati va bordi-keldi tartibi sezilarli darajada yengillashtirildi. Shu o‘zgarishlardan keyin Azizbek ilk bor Qirg‘izistonga safar qildi.
"Dastlab Qirg‘izistonga borganimizda qirg‘izlarga nisbatan, ular bizga nisbatan biroz begonasirab qaragan bo‘lsa, hozir xalqlar o‘rtasidagi munosabat ancha iliqlashdi", - deydi u.

Surat manbasi, Taqdim
Suhbatdoshimiz aytishicha, qo‘shni davlat haqidagi tasavvurlari safardan keyin tubdan o‘zgargan.
"Borib ko‘rganimizdan keyin tilimiz, dinimiz, urf-odatlarimiz, yashash tarzimiz bir-biriga juda o‘xshashligini his qilyapmiz. Gaplashganingizda, ular ham o‘zimizga o‘xshagan oddiy odamlar ekanini ko‘rasiz. Shu tariqa ko‘pchiligi bilan do‘st bo‘lib ketdik".
Toshkent va Bishkekning rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–avgust oylarida ikki mamlakat o‘rtasida sayyohlik maqsadida safar qilganlar soni har ikki tomonda jami 2,5 million nafarga yetgan.
Yaqinlashuv faqat sayohat emas
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida chegaradan o‘tish osonlashdi, savdo va madaniy aloqalar kengaydi. Bu jarayon faqat ikki davlat bilan cheklanmaydi. Rasmiy uchrashuvlar va bayonotlarga qaraganda, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi muloqot va hamkorlik ham sezilarli darajada faollashgan.
Ammo bu yaqinlashuv qanchalik mustahkam? U shaxslarga bog‘liqmi yoki barqaror institutlarga tayanganmi? Jurnalist O‘ktam Karimovning fikricha, bu savol haligacha ochiq qolmoqda.
"Umid bordek. Davlatlararo institutlar tashkil etilmoqda. Chunki, mana 35 yillik tarix ko‘rsatib turibdiki, bu u yoki bu davlat rahbarining hoxish istagiga, uning siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolyapti. Kafolat yo‘q. Masalan, aytaylik, Qirg‘izistonmi, Tojikistonmi yoki O‘zbekistonmi, prezidenting ertaga kayfiyati buzilib, hamkorlikdan voz kechib yubormasligiga. Yoki, davlat rahbari o‘zgarib, u boshqacha siyosat yuritmasligiga kafolat yo‘qda. Jamoatchilikning, davlat boshqaruv organlarining bu masalaga ta’siri deyarli yo‘qda. Bu bir kishiga bog‘liq bo‘lib qolyapti".

Bu fikr Markaziy Osiyoning so‘nggi 35 yillik tarixi bilan hamohang. Mustaqillikdan keyin mintaqadagi besh davlat o‘z milliy davlatchiligini barpo qildi, har biri o‘z iqtisodiy va siyosiy yo‘lini tanladi. Biroq shu jarayon qo‘shni davlatlarning o‘zaro uzoqlashuviga ham sabab bo‘lgani aytiladi.
"Biz bir-birimiz bilan gaplashganda Markaziy Osiyo degan tushuncha bilan emas, faqatgina muammolar tilida so‘zlashdik. 1991 yildan 2000 yilgacha fuqarolar turmushini izga solish, davlatchilikni barpo etish, mustaqillikni saqlab qolish kerak edi. Ilgari biz duch kelmagan ekstremizm, xavfsizlik kabi masalalarni hal qilish zarur edi. Shu sababli har bir mamlakat o‘z yo‘lidan ketgan".
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu davrni faqat davlatlar bir-biridan yuz o‘girgani bilan izohlash to‘g‘ri emas. Mustaqillikning dastlabki yillarida har bir mamlakat oldida milliy valyuta, chegara, iqtisodiyot, armiya va davlat boshqaruv tizimini shakllantirish kabi ulkan vazifalar turgan. Shu bilan birga, xavfsizlik bilan bog‘liq yangi tahdidlar ham paydo bo‘lgan.
Natijada milliy davlatchilikni mustahkamlash mintaqaviy hamkorlikdan ustun qo‘yildi.
Bu siyosatning oqibatlari ham sezildi. Chegaralarda nazorat kuchaytirildi, ayrim joylarda chegaralar yopildi, savdo-sotiq qisqardi, transport aloqalari uzildi. Suv va energetika masalalarida kelishmovchiliklar kuchaydi. Ayrim hollarda esa chegara hududlarida qurbonlar bilan tugagan mojarolar ham kuzatildi.
O‘zbekistonning o‘rni va bahsli qarorlar
Mintaqada eng ko‘p aholiga ega va geografik jihatdan markazda joylashgan davlat sifatida O‘zbekiston har doim alohida ahamiyat kasb etgan. Shu bois Toshkentning siyosiy qarorlari qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatgan.
Jurnalist O‘ktam Karimov buning misoli sifatida Rog‘un GESi atrofidagi siyosatni eslaydi.
"Islom Karimov davrida O‘zbekiston hukumati Tojikistondagi Rog‘un GESining qurilishiga qattiq qarshilik qildi. Bu O‘zbekiston uchun zarar dedi. Ekspertlar prezidentning bu fikrini tasdiqladi, qancha qancha maqolalar yozildi, balki kitoblar yozishga ulgurishgandir. Juda ko‘p chiqishlar qilindi. Lekin prezident almashdi. Adashmasam, 2018 yili prezident Mirziyoyev Rog‘unni birga quramiz dedi. Bo‘larkanku. Bu afsuski, bu masalalarni hal qilishda jamoatchilik institutlarining roli ko‘rinmadi. Bu masalalar faqat davlat rahbarlarining siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolyapti. O‘zbekcha aytganda, shunisiga ham shukr".
Biroq Islom Karimov davri siyosatiga munosabat bir xil emas. Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev Exclusive KG bergan intervyusida Karimovning nisbatan yopiq iqtisodiy siyosati qirg‘iz va qozoq tadbirkorlari uchun muayyan imkoniyatlar yaratganini aytgan:
"Men qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib keta oladimi, o‘zbeklar bilan raqobatlasha olamizmi, deb ko‘p o‘ylanar edim. Chunki mening nazarimda bozor iqtisodiyotiga o‘tishimiz bilan o‘zbek birodarlar butun Markaziy Osiyoni egallab, boshqaradigandek edi. Sababi ular Sovet davridayoq bunga tayyor edi. Ammo biz barchamiz Islom Karimovdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. U kishi o‘zbeklarni O‘zbekistonda dunyodan ajratib qo‘ydi. Shu bilan u qirg‘iz va qozoqlarga imkoniyat yaratib berdi. Men shu uchun Qirg‘izistonda Islom Karimovga haykal o‘rnatgan bo‘lardim. U bizga yo‘l ochib bergani uchun qirg‘izlar bozor mexanizmlarini o‘zlashtirib oldi".
2016 yildan keyin nima o‘zgardi?
2016 yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlar O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’lon qilindi.
Toshkent tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining tashqi vositachilarsiz muntazam maslahat uchrashuvlari yo‘lga qo‘yildi. Ilk sammit 2018 yilda Qozog‘istonda o‘tkazildi va bu format hozirgacha davom etmoqda.
Natijada chegaralarni delimitatsiya qilish, transport aloqalarini tiklash va savdoni kengaytirish bo‘yicha salmoqli natijalarga erishildi. Energetika sohasida esa raqobat o‘rnini Qambarota-1 GESi kabi qo‘shma loyihalar egallay boshladi.
Biroq mutaxassislar bu jarayonni faqat siyosiy iroda bilan izohlab bo‘lmasligini aytishadi.
Markaziy Osiyoda suv va energetika tizimlari o‘zaro chambarchas bog‘langan. Hamkorlikning kuchayishi yillar davomida yig‘ilib qolgan iqtisodiy zaruratning ham natijasi sifatida ko‘rilmoqda.

Surat manbasi, Sultan Dosaliev/Rasmiy
Suv, iqlim va demografiya bosimi
Davlat boshqaruvi bo‘yicha ekspert Aziza Umarovaning ta’kidlashicha, mintaqaning kelajagi ko‘p jihatdan suv resurslarini qanday boshqarishiga bog‘liq.
"Suv resurslarini boshqarish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirmasdan turib, iqlim va suv bilan bog‘liq ta’sirlar 2050-yilgacha mintaqa yalpi ichki mahsulotini 11 foizgacha qisqartirishi mumkin. Chegaralararo hamkorlikning yetarli emasligi esa allaqachon yiliga qariyb 4,5 milliard dollar iqtisodiy zarar keltirmoqda. Mintaqa energiya talabining o‘sishi va jahon bozorlarining kam uglerodli tizimlarga o‘tishi fonida muhim energetik transformatsiyani ham boshdan kechirmoqda".
Mintaqada suv resurslari va ehtiyojining taqsimoti turlicha. Qirg‘iziston va Tojikiston katta suv-energetika salohiyatiga ega bo‘lsa, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonda suvga bo‘lgan talab ancha yuqori.
Shu bois bir mamlakatda qabul qilingan qaror butun mintaqaga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi va aholi sonining o‘sishi bu o‘zaro bog‘liqlikni yanada kuchaytirmoqda.

Surat manbasi, Taqdim
"Markaziy Osiyo keng ko‘lamli demografik o‘zgarishlar davriga kirmoqda. Mintaqa aholisi bugungi 80 milliondan 2050-yilga borib 110 milliondan oshishi prognoz qilinmoqda. Mehnatga layoqatli aholi soni esa 50 milliondan 71 milliongacha ko‘payishi mumkin. Hozirda aholining 60 foizdan ortig‘i 35 yoshdan kichik. Bu demografik salohiyatni iqtisodiy dividendga aylantirishda inson kapitali, ta’lim, ko‘nikmalar va bandlik masalalarini hal qiluvchi omillarga aylantiradi", - deydi Umarova.
Demak, mintaqaviy yaqinlashuvning asosida nafaqat siyosiy qarorlar, balki suv, energiya, demografiya va iqtisodiyot bilan bog‘liq ob’ektiv ehtiyojlar ham yotibdi.
Katta loyihalar va umumiy manfaatlar
Aholi ko‘paygan sari yangi ish o‘rinlariga ehtiyoj ortib boradi. Yangi ish o‘rinlari uchun esa yirik bozorlar, transport yo‘laklari, energetika tarmoqlari va faol savdo munosabatlari zarur.
Tahlilchi Alisher Ilhomovning fikricha, bugun aynan shunday megaloyihalar haqida jiddiy muhokamalar ketmoqda:
"Ba’zi eng yirik megaloyihalar haqida gap-so‘zlar paydo bo‘lmoqda. Jumladan, Emomali Rahmon Rossiyadan yonilg‘i yetkazib berishga qaram bo‘lib qolmaslik uchun katta neftni qayta ishlash zavodi haqida bayonot berdi. Qirg‘iziston rahbari xorijiy turistlarni jalb qilish uchun yagona viza hududini yaratishni taklif qilmoqda. Bu kabi tashabbuslarni O‘zbekiston tomoni xayrixohlik bilan kutib olmoqda. O‘zbekistonning o‘zi ham shunga o‘xshash tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu mintaqa mamlakatlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan va keyinchalik ham rejalashtirilayotgan eng katta hamkorlikdir".
Bu jarayonda Turkmanistonning o‘rni ham muhim hisoblanadi. Gaz zaxiralari, energetika imkoniyatlari hamda transport salohiyati tufayli mamlakat mintaqada rejalashtirilayotgan ko‘plab iqtisodiy loyihalar uchun muhim bo‘g‘in bo‘lib qolmoqda.
End of Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib boring
Tashqi kuchlar fonida mintaqa manfaatlari
Hozir AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan turli "C5+1" formatlarida hamkorlik qilmoqda.
Biroq muhim savol saqlanib qolmoqda: mintaqa davlatlari bu yirik geosiyosiy o‘yinchilar qarshisida o‘z umumiy manfaatlarini himoya qila oladimi?
"Sovet o‘tmishidan sekin-asta xalos bo‘lib, ancha uzoqlashganimizdan keyingina bir-birimizni tushuna boshladik. Tarixga nazar solsak, o‘sha 90-yillardanoq O‘rta Osiyo iqtisodiy hamkorligi va ittifoqi tuzilgan edi. Ammo 2000-yillarda u mutlaqo yo‘qqa chiqdi. Boshqaruvchilar ittifoq haqida o‘ylashgan, lekin hamma o‘z suverenitetini qizg‘ongani uchun uchinchi mamlakatlar ishtirokisiz bir-birimiz bilan gaplasha olmabmiz", - deydi tahlilchi Ruslan Aqmatbek. Uning fikricha, mintaqa davlatlari yaqin qo‘shnilari bo‘lgan Rossiya va Xitoy o‘rtasida, ular yuritayotgan siyosatning nozik jihatlaridan kelib chiqib siyosat yuritishga harakat qilgan.
"Rossiya va Xitoy bizni shartli ravishda bo‘lib olgandek. Masalan, Rossiya xavfsizlik uchun javob bersa, Xitoy iqtisodiyotga yordam beradigandek. Lekin qizig‘i shundaki, ikkalasi ham bizni hamkor sifatida emas, ta’sir ko‘rsatish maydoni sifatida ko‘ribdi".
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li ham bu o‘zgarishlarning yorqin misollaridan biri hisoblanadi. Mutaxassislar fikricha, bu loyiha oddiy infratuzilma emas, balki mintaqaning tashqi dunyo va yangi savdo yo‘laklariga chiqishga bo‘lgan intilishini ifoda etadi.
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning aytishicha, temir yo‘l qurilishi masalasi Pekin va Moskva bilan olib borilgan muzokaralardan keyin amaliy bosqichga o‘tgan.
"Vladimir Vladimirovich ikkovimiz yuzma-yuz o‘tirib, 35–40 daqiqa juda qattiq muhokama qildik. Oxirida uni ishondirdim. Chunki Xitoyning pozitsiyasi ham to‘g‘ri edi. Sababi, bular ulkan davlatlar. Dunyoda uchta yirik derjava bo‘lsa, biri Xitoy, biri Rossiya, biri AQSh. Ular bir-birining pozitsiyasi bilan hisoblashadi. Shuning uchun men Vladimir Vladimirovichning oldiga bordim. "Biz dengizga chiqish yo‘li yo‘q mamlakatmiz, qiynalyapmiz. Bu temir yo‘l bizga suv va havodek zarur", dedim va oxir-oqibat uning roziligini oldim. Shunday qilib, temir yo‘l loyihasi boshlandi" - degan Japarov MediaHub kanaliga bergan intervyuda.
Jurnalist O‘ktam Karimov esa mintaqaning tashqi kuchlar bilan teng muloqot qilishi uchun avvalo ichki birlik mustahkam bo‘lishi zarurligini ta’kidlaydi.
"Afsuski, hozircha Markaziy Osiyo davlatlari katta o‘yinchilar bilan teng o‘ynash imkoniyatiga ega emas. Buning uchun mintaqada totuvlik bo‘lishi kerak. Mintaqa, bilmayman Yevropa Ittifoqidek yaxlit bir organizmga aylanishi lozim, har biri alohida, lekin manfaatlar uyg‘unligi, manfaatlar mushtarakligidan kelib chiqib, qandaydir bir katta bir organizmga aylansa, ana o‘sha geosiyosiy o‘yinchilar ta’siridan qutilib qolishi mumkin".
Xulosa qanday?
Markaziy Osiyoning so‘nggi 35 yillik tarixi shuni ko‘rsatadiki, besh davlat bir-biridan uzoqlashishi ham, yaqinlashishi ham mumkin.
Kuzatuvchilar ta’kidlaganidek, mintaqadagi integratsiya hamon asosan davlat rahbarlarining siyosiy irodasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ya’ni, agar qaysidir mamlakatda rahbariyat yoki siyosiy kurs o‘zgarsa, hamkorlik sur’ati sustlashishi ehtimol, degan tahminlar bor.






























