Tramp Rossiyaga qarshi ayrim sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatdi. Qaror Zelenskiy bilan tortishuvlar kuchaygan paytda qabul qilindi.

Surat manbasi, Reuters
- Author, Maks Matza
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ziddiyat kuchayib borayotgan bir paytda, kuchga kirishiga ikki kun qolgan Rossiyaga qarshi ko‘plab sanksiyalar amalini vaqtincha to‘xtatdi.
Ushbu sanksiyalar AQSh Kongressi tomonidan qabul qilinib, sentyabr oyida Tramp tomonidan imzolanib qonunga aylantirilgan edi.
Biroq juma kuni kechqurun AQSh prezidenti ayrim sanksiyalarni to‘xtatib turish AQShning "milliy manfaatlari"ga mos kelishini aytgan ijro farmonini chiqardi. Bu qaror AQSh qonunchilari tomonidan keskin tanqid qilindi.
Vashington va Kiev o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan hafta AQSh Rossiya dizelini import qilish bo‘yicha bahsli kelishuv tuzganidan keyin yomonlashdi.
Shundan so‘ng Ukraina Tramp ma’muriyati muhim harbiy yordamni cheklayotganini ma’lum qildi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Tramp va Zelenskiy shundan buyon bir-biriga nisbatan keskin bayonotlar berib kelmoqda.
Ukraina prezidenti YeI sammitida nutq so‘zlar ekan, "haqiqiy yetakchilar" orasida bo‘lish yaxshi ekanini ta’kidladi. Bu Tramp Zelenskiyni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qaraganda "muomala qilish qiyinroq" deb ataganidan keyin yangradi.
AQShning yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonuni Rossiya iqtisodiga bosim o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Qonun Trampga Rossiya nefti va gazining eng yirik xaridorlari hisoblangan davlatlardan, ayniqsa Xitoy va Hindistondan AQShga keladigan mahsulotlarga 100 foizgacha boj joriy etish vakolatini bergan.
Qonunda Putinni ham o‘z ichiga olgan yuqori lavozimli rossiyalik amaldorlarga, shuningdek Rossiya moliya muassasalariga va Moskvaning mavjud embargolarni aylanib o‘tish uchun foydalanadigan "soya flot"iga qarshi sanksiyalar ham nazarda tutilgan edi.
Bu qoidalarning ko‘pchiligi endi Tramp tomonidan bekor qilindi.
Rossiya vakili Kirill Dmitriev bu qarorni "muhim va haqiqatan ham tarixiy voqea" deb atadi.
U X tarmog‘idagi postida mazkur sanksiyalar, avvalo, AQSh va jahon bozoriga "jiddiy zarar" yetkazishini, iqtisodiy hamkorlik esa har ikki mamlakat uchun ham manfaatli ekanini yozdi.
Zelenskiy bu kelishuvni AQSh amalda Rossiyaning urush harakatlariga sarmoya kiritayotganiga tenglashtirdi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Virjiniya shtatidan kongressmen Don Beyerni o‘z ichiga olgan demokratlar jamoasi bu qarorni tanqid qildi. Ular Trampni Moskvaga yon berishda hamda Kiev va Zelenskiydan yuz o‘girishda aybladi.
"Trampning Putinga navbatdagi yon berishi yana ukrainalik hamkorlarimizga xiyonat bo‘lib, Rossiyaning noqonuniy tajovuzkor urushi uchun jazolashni ko‘zlagan qonunchilikning aniq maqsadiga zid keladi", deb yozdi Beyer X tarmog‘ida.
Bu qaror Ukrainada yanada kattaroq norozilikka sabab bo‘lishi mumkin. Zelenskiy uzoq vaqtdan beri Rossiya urushni moliyalashtirish uchun foydalanishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni cheklash maqsadida qat’iy sanksiyalar zarurligini ta’kidlab keladi.
Tramp avvalroq AQShda energiya narxlarini pasaytirish maqsadida Rossiya dizelini import qilish uchun ayrim AQSh tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni vaqtincha to‘xtatgani sababli Zelenskiy va Ukrainaning yevropalik ittifoqchilari tomonidan tanqid qilingan edi. Eron urushi davomida energiya narxlari keskin oshib ketgan.
Tramp Yaqin Sharqdagi mojaro siyosiy oqibatlari bilan bir necha oydan beri kurashib kelmoqda. Mazkur mojaro AQSh oraliq saylovlari arafasida yoqilg‘i narxlarining keskin oshishiga olib kelgan. Inflyatsiyaning o‘sishi Trampning amerikaliklar orasidagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Zelenskiy bu kelishuvni AQSh amalda Rossiyaning urush harakatlariga sarmoya kiritayotganiga tenglashtirdi.

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
Bir necha kundan so‘ng Tramp Rossiya dizelini eksport qilishni osonlashtirish maqsadida Rossiya va Ukraina "energetika sohasida otashkesim" bo‘yicha kelishuvga erishganini aytdi.
Har ikki davlat bir-birining energetika infratuzilmasiga muntazam zarbalar berib kelmoqda. Kiev bu orqali Rossiyaning urush mashinasi uchun tushadigan daromadni cheklashni maqsad qilganini aytadi. Moskva esa faqat Ukraina harbiylari tomonidan foydalaniladigan ob’ektlarni nishonga olayotganini ta’kidlaydi.
Zelenskiy dastlab Trampning bayonotidan hayratlanganini bildirdi va Rossiya ham shunday qilsa, Kiev ham zarbalarni to‘xtatishini aytdi. Biroq Rossiya tomonidan bir necha yangi hujumlar amalga oshirilganidan uch kun o‘tib, Kiev Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarini qayta tikladi.
Bu Trampning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. U mazkur zarbalarni "sharmandalik" deb atadi.
Zelenskiy esa o‘z navbatida "men faqat Ukraina manfaatlarini himoya qilyapman", deb javob berdi.
Tramp Rossiya tomonida turibdi, degan xavotirlar yanada kuchaydi. Bunga Ukraina qo‘llayotgan AQShning sun’iy yo‘ldosh tizimida kuzatilgan uzilishlar turtki bo‘ldi.
O‘tgan hafta Starlink kutilmaganda va hech qanday ogohlantirishsiz internet aloqasini saqlab qolgan holda dronlarning uchish tezligini chekladi.
Ukraina ma’lumotiga ko‘ra, bu ayrim jang maydonidagi missiyalarga xalal bergan va Kievning o‘zini Rossiya hujumlaridan himoya qilish imkoniyatlarini cheklagan.
Tezlik pasaygan davrda Rossiya Ukrainaga bir necha halokatli zarbalar berdi. Mahalliy aholi va hukumat vakillari bu hujumlar hech qanday oldindan ogohlantirishsiz amalga oshirilganini aytdi.
Juma kuni Zelenskiy Starlink tezligi hali ham to‘liq tiklanmaganini bildirdi.
Tramp razvedka ma’lumotlari almashinuvini to‘xtatganini va Ukrainadagi Starlink tarmog‘i tezligini ataylab pasaytirganini rad etdi.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni Helen Sallivan tayyorlagan.































