O‘zbeklar 'yangi siyosiy o‘yin' nishoniga aylanishadimi? Video

Suriya muvaqqat prezidenti, Putin va Shoygu Suriya davlat bayrog‘i va Markaziy Osiyo xaritasi fonida aks etgan. Kollaj.
Surat tagso‘zi, Xalqaro matbuotda yangi savollar bo‘y ko‘rsatdi. Suriyaning bugungi hukumati yangi siyosiy o‘yin payidami?
Published
O'qilish vaqti: 14 daq

Suriyada qolayotgan O‘zbeklar endi nima qiladi?

Xalqaro matbuotda yangi savollar bo‘y ko‘rsatdi.

Suriyaning bugungi hukumati yangi siyosiy o‘yin payidami?

Ular IShIDga qo‘shiladimi, Afg‘oniston yoki o‘z Vatanlariga qaytadi?

Rossiya allaqachon bezovta, mintaqa davlatlari-chi, bu kabi ehtimolga qanchalik tayyor?

Bunday bir istiqbol O‘zbekiston va Markaziy Osiyo xavfsizligi uchun nimani anglatadi?

Suriyadagi voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida BBC O‘zbek xizmati hozir o‘sha yerda bo‘lgan qurolli isyonchi guruhlardan birining O‘zbek sobiq a’zosi bilan eksklyuziv suhbat uyushtirgan.

Ularning yangi Suriya hukumati boshqaruvi ostidagi hayotlari qanday kechayotganiga bevosita oydinlik kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Yaqin Sharq, Markaziy Osiyodagi tahlilchilarning ham bu haqdagi fikrlari bilan qiziqqan.

BBC ning afg‘onistonlik tadqiqotchi jurnalistiga ham mikrofon tutgan.

Suhbat, tafsilot va tahlil uchun DIQQAT BBC dasturimizni ham nazardan qochirmang.

Videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Yangi 'siyosiy o‘yin'mi?

Joriy paytda Suriya muvaqqat rahbari bo‘lgan "Hay’at Tahrir ash-Shom" guruhi yetakchisi Ahmad ash-Sha’ra.
Surat tagso‘zi, Hozir Suriyada qudratni "Hay’at Tahrir ash-Shom" boshchiligidagi koalitsiya egallagan.

Suriya yangi hukumati mamlakatdagi minglab xorijiy jangarini nima qilishni bilmayaptimi?

So‘nggi oylarda Suriyadan isyonlar, reydlar, hibslar va to‘qnashuvlarga oid xabarlarning soni ortdi.

Ularda O‘zbeklarning nomlari ham ko‘p tilga olindi. O‘zbekistonliklar haqida ham so‘z bordi.

Suriya yaqinda uzoq yillik fuqarolar urushidan chiqqan.

Asad rejimini qulatishda chetdan kelgan minglab odam ham ishtirok etgan.

Qudratni esa "Hay’at Tahrir ash-Shom" boshchiligidagi koalitsiya egallagan.

Hozir Suriyada besh mingga yaqin xorijiy jangarining borligi aytiladi.

Shunday ekan, Suriyada nimalar bo‘lmoqda?

Nima gap?

Мурод Батал аш-Шишаний.
screenshot
Ular Markaziy Osiyolik jihodchilarga qarshi kurashishga qaror qilgan taqdirida ham, buni o‘ta ehtiyotkorlik bilan amalga oshiradi. Muayyan siyosiy manfaatlar ko‘rishga urinadi.
Murod Batal ash-Shishaniy
"Remarks on Political Violence" platformasi asoschisi (batafsil: bbc.com/uzbek'da).
Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Murod Batal ash-Shishaniy: Bu savolga javob berishdan oldin vaziyatni tushunib olishimiz kerak. Men ayni o‘rinda aytib o‘tishim lozim bo‘lgan bir nechta jihat bor. Avvalo Markaziy osiyoliklari ilova xorijlik besh mingga yaqin jihodchi jangari haqidagi raqamlar bo‘rttirilgan emas. Chunki fuqarolar urushi davrida jihod degan narsaga qo‘shilish uchun minglab odam Suriyaga oqib kelgan. Ammo Asad rejimi qulagach, yangi hukumat uchun noqulay vaziyat — muammo yuzaga keldi. Eng avvalo Markaziy Osiyolik jihodchi jangarilarni uch guruhga bo‘lish mumkin. Birinchi guruhdagilar odatiy hayot kechirishga qaror qilishdi: ular do‘konlar ochishdi, oilalarini olib kelishdi, bolalari maktabga chiqishni boshladi va hokazo. Ikkinchi guruhga kelsak, ayrimlari yangi tuzilmalar safiga qo‘shildilar; Ularning yangi hukumatda turli lavozimlarda — xavfsizlik yoki armiya tizimida va hokazolarda ish boshlashgani shaxsan o‘zimga ham ma’lum. Mafkurasi va Markaziy Osiyo hukumatlariga qarshi jihodini davom ettirish kerak deb hisoblagan uchinchi guruh esa o‘z harbiy tuzilmalarini saqlab qoldi. Va bu yangi Suriya hukumati uchun muayyan bir muammoni yuzaga keltirdi. Xalqaro bosim ostida qoldi. Ulardan jihodchi unsurlar va yana hokazolar ekanliklari aytilib, bu odamlarni yo o‘z mamlakatlariga qaytarish va yo ulardan xalos bo‘lishi talab qilindi.

Suriya hukumati mavqei

Murod Batal ash-Shishaniy: Suriya hukumati bu masalaga ikki xil yondashmoqda. Yoki ular ikki yoqlama, ikki tomonlama muammoga to‘qnash kelishgan. Agar bu odamlarga qarshi keskin choralar ko‘rishsa, safdoshlari va boshqa jihodchilarning qo‘llab-quvvatlovini yo‘qotishadi. Aks holda esa xalqaro hamjamiyatni o‘zlariga qarshi qo‘yishadi. Shu bois, bundan bir ta’sir vositasi sifatida foydalanayotgan ko‘rinishadi. Ya’ni, deylik, biror xalqaro tomon bilan muzokaralar olib borilayotganda, "bu haqda o‘ylab ko‘ramiz, ularni bera olmaymiz yoki bera olamiz" qabilida ish tutishadi. Shu tariqa ular boshqalar bilan muzokara qilishlari mumkin bo‘ladi. Boshqacha aytganda, bu odamlardan, ma’lum ma’noda, siyosiy ta’sir vositasi sifatida foydalanilmoqda. Yaqinda amalga oshirilgan keskin choralar va hibsga olishlar qisman Suriya hukumati tomonidan ekstremistik deb hisoblanadigan unsurlarning mavjudligi sababli yuz berdi. Ammo, shuningdek, bu ish ushbu guruhlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ham qilindi. Suriya hukumati shundoq ham elektr ta’minotidagi uzilishlar, aholi noroziligi, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarini normallashtirish, Isroil tomonidan yuzaga kelayotgan tahdid hamda mintaqaviy miqyosda tan olinish kabi ko‘plab muammolar qarshisida qolgan. Shu bois, ortiqcha muammo istamaydi. Markaziy Osiyolik jihodchilarga qarshi kurashishga qaror qilgan taqdirida ham, buni o‘ta ehtiyotkorlik bilan amalga oshiradi. Bundan muayyan siyosiy manfaatlar ko‘rishga harakat qiladi. Demak, shu nuqtai nazardan qaraganda, bu mohiyatan bir pragmatik siyosiy o‘yindir.

Oxiri nima bo‘ladi?

Suriyadagi jangchilar
Surat tagso‘zi, Suriya Afg‘oniston va Iroq qatorida eng ko‘p O‘zbeklar jang qilgan, boshpana topgan davlatlardan biri.

Murod Batal ash-Shishaniy: Hozirda e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat bor: Suriya ichkarisida Islomning an’anador shakliga moyillik kuchayib bormoqda. Demak, bunday insonlar xuddi shunday mafkurada bo‘lganlar tomonidan xush qarshilanadi. Bu odamlar, ma’lum ma’noda, yana o‘z mamlakatlariga ham qayta olmaydilar. Chunki u yerda o‘z hukumatlari tomonidan ta’qibga yoki shunga o‘xshash holatlarga duch kelishlari mumkin. Shu bois, ular ikki yoqlama yondashuvni qo‘llashga qaror qilgan ko‘rinishadi: Suriya hukumati ba’zida xavfli deb hisoblagan odamlarni hibsga oladi. Biroq ayni paytda ulardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishda davom etadi. Mavjud aloqalar, Turkiyaning ta’siri va harakatlanish qulayligini hisobga olganda, ayrimlari — agar uddalashsa va turk mas’ullari e’tiboriga tushishmasa, u yerga borib, hayot kechirishga qaror qilishlari ham mumkin. Xullas, vaziyat shunday. Ularning yakuniy taqdiri siyosiy vaziyatning qanday rivojlanishiga — ya’ni Suriya hukumatining ularni boshqa hukumatlarga topshirishga qaror qilishi yoki qilmasligiga hamda buning evaziga nimalarni qo‘lga kiritishiga bog‘liq bo‘ladi. Va Markaziy Osiyodagi boshqa hukumatlar-chi, ular jihodchilarni xohlashadimi? Ularni qamoqqa tashlashadimi yoki — aytaylik — yuzlab boshqalarini qaytarib olib kelib, o‘sha mafkurani yoyishlariga yo‘l qo‘yishadimi? Bu yerdagi vaziyat, ma’lum ma’noda, pragmatik xususiyatga ega. Ehtimol, hozirgi paytda ularni Suriyada bosim va qorishiq muhitda ushlab turish har ikki tomon uchun ham yaxshiroqdir.

IShIDga qo‘shiladimi?

Murod Batal ash-Shishaniy: IShIDga kelsak, uning Suriyadagi tarmoqlari juda zaifligicha qolmoqda. 2017 yilda Iroq va Suriyadagi hududlari ustidan nazoratni yo‘qotgach, guruh o‘z faoliyatini Afrikaga ko‘chirdi. Keyin ular u yoki bu tarzda Afg‘onistonda ham faol edilar. IShID va barcha jihodchilar arab dunyosini musulmon olamining markazi deb bilib, u yerga qaytish zarur deb hisoblashadi. Ammo IShIDga qo‘shilishni istaganlar bo‘lsa ham, ularning tarmoqlari jiddiy ravishda zaiflashgan. Shunday ekan, menimcha, markaziy boshqaruvga ega jihodchilar Afg‘onistonga borishni afzal bilishlari mumkin. Bu ularning o‘z mamlakatlariga yaqinroq bo‘ladi va u yerda, asosan, IShIDga qo‘shilishni istaganlar bilan aloqalar o‘rnatishlari ham mumkin bo‘ladi. Biz ularning jangarilarga qo‘shilish uchun turli yo‘llar bilan Afg‘onistonga qaytganliklariga oid sanoqli holatlar haqida ham eshitganmiz.

Suriya va O‘zbeklar

Suriyadagi uzoq yillik Asad rejimi qulatilishining bayram qilinishi.
Surat tagso‘zi, Suriya yaqinda uzoq yillik fuqarolar urushidan chiqqan. Asad rejimini qulatishda chetdan kelgan minglab odam ham ishtirok etgan.

Suriya Afg‘oniston va Iroq qatorida eng ko‘p O‘zbeklar jang qilgan, boshpana topgan davlatlardan biri.

Ular Suriyada o‘z guruhlari, harakatlariga ham asos solishgan.

Bu guruhlardan eng yiriklari Asad tuzumini qulatishda aynan Sha’rani qo‘llashgan.

"Hay’at Tahrir ash-Shom" boshchiligidagi koalitsiyaga kirishgan.

Mavh etilmasidan avval birgina IShID saflarida jang qilgan Markaziy osiyoliklar soni minglab ekani aytilgan.

Ulardan aksariyati ham O‘zbeklarga nisbat berilgan.

Ammo fuqaroliklari ochiqlanmagan.

Bu guruhlar o‘tmishi va buguniga ham bir nazar:

Suriyadagi o‘zbek jangarilari: ular kim va bugun qaerda?

Suriyadagi jangarilar - illyustrativ.
Surat tagso‘zi, G‘arb tadqiqotchilariga ko‘ra, ikki yirik O‘zbek jangari guruhi o‘n yildan ortiq vaqt davomida Suriyadagi urushning muhim ishtirokchilaridan bo‘lib kelgan.

Asad rejimi qulagach, Damashq ko‘chalarida g‘alabani nishonlaganlar orasida suriyaliklar bilan birga Markaziy Osiyodan kelgan jangarilar ham bor edi. Ularning orasida esa o‘n yildan buyon urush maydonlarida nom chiqargan ikki O‘zbek guruhi alohida ajralib turadi. Xo‘sh, "Imom al-Buxoriy" va "Tavhid va Jihod" katibasi kimlar? Ular Suriyaga qanday kelgan va bugun qaerda?

G‘arb tadqiqotchilariga ko‘ra, bu ikki guruh o‘n yildan ortiq vaqt davomida Suriyadagi urushning muhim ishtirokchilaridan bo‘lib kelgan.

"Tavhid va Jihod" katibasi 2014 yilda tashkil etilgan. Dastlab "Jannat oshiqlari" nomi bilan tanilgan guruh asosan Markaziy Osiyodan kelgan jangchilardan iborat bo‘lgani aytiladi. Guruh rahbarlaridan biri Abu Saloh al-O‘zbekiy "al-Qoida"ga sodiqligini e’lon qilgan, keyinchalik esa rahbariyat Ilmurod Hikmatov, ya’ni Abdul Aziz al-O‘zbekiy qo‘liga o‘tgan. Bugun "Tavhid va Jihod" katibasi asosan Idlib, Hama va Latakiya hududlarida faol bo‘lgani aytiladi. AQSh va BMT uni terror tashkiloti sifatida ro‘yxatga kiritgan.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, "Tavhid va Jihod" katibasi tarkibida bir necha yuz jangari bo‘lishi mumkin. Guruh uzoq yillar davomida "Hay’at Tahrir ash-Shom" bilan birga harakat qilgan va Asad rejimiga qarshi so‘nggi hujumlarda ham ishtirok etgani haqida xabarlar mavjud.

Ikkinchi yirik tuzilma esa "Imom al-Buxoriy" katibasi hisoblanadi. Bu guruhning ildizlari Afg‘oniston va Pokiston chegaralarigacha borib taqaladi. Turli hisobotlarga ko‘ra, uning safida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Shimoliy Kavkazdan kelgan jangchilar bo‘lgan. Bir paytlar u Suriyadagi eng yirik O‘zbek jangari guruhi sifatida tilga olingan.

"Imom al-Buxoriy" katibasi ham uzoq vaqt davomida "al-Nusra" fronti va keyinchalik "Hay’at Tahrir ash-Shom" bilan hamkorlik qilgan. Guruh faqat Suriyada emas, balki Afg‘onistonda ham faoliyat yuritgani, Toliban bilan aloqalari mavjudligi haqida ko‘plab tahlillar chop etilgan. AQSh va BMT uni ham terror tashkiloti deb tan olgan.

Ekspertlarning aytishicha, Suriyadagi O‘zbek jangarilari faqat jang qilish bilan shug‘ullanmagan. Ularning ayrimlari propaganda, yollash, harbiy tayyorgarlik va maxsus taktik xizmatlar bilan ham shug‘ullangan. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo jangarilariga bog‘liq "Muhojir" va "Musofir" taktik guruhlar ham paydo bo‘lgan.

Afg‘onistonga qaytish kuchayadimi?

Али Ҳусайний.
screenshot
Hozir ular uchun aynan Afg‘oniston va Pokiston maqbul hududdek ko‘rinishi mumkin. Chunki bunga o‘xshash holatga avval ham guvoh bo‘lganmiz.
Ali Husayniy
Afg‘on xizmati, BBC (batafsil: bbc.com/uzbek'da).

Afg‘oniston endi-endi urushlardan chiqayotgan davlat.

Besh yildirki, Afg‘oniston Tolibon harakati boshqaruvi ostida.

Afg‘oniston O‘zbekiston doxil uch Markaziy Osiyo davlatiga chegaradosh.

Uzoq yillar davomida turli jangari guruhlar boshpana topib, jang qilib kelgan davlat.

Ularning orasida O‘zbeklarniki ham bor.

Ammo Yaqin Sharqdagi IShIDning Afg‘onistondagi Xuroson qanoti esa hozir eng jangovari va halokatlisi.

O‘zbekiston Islomiy harakati ham eng so‘nggida to‘lig‘icha aynan IShIDga bay’at keltirgan.

Guruhning Xuroson qanoti dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan terrorchi tashkilot, deb tan olingan.

E’tiborini Afg‘oniston, Eron, Pokiston va Markaziy Osiyoga qaratgan.

Guruh o‘ziga Xuroson nomini bergan. Bu hududlarni qamrab oluvchi Xuroson o‘z vaqtida islom xalifaligining bir qismi bo‘lgan.

U Suriya va Iroqdagi omon qolgan rahbariyati bilan birga Shariat va Islom qonunlarining o‘ta qattiq talqini orqali boshqariladigan umummilliy islomiy xalifalikka intilmoqda.

IShID global tarmog‘ining bir qismi, unga 2015 yilda, IShID Suriya va Iroqda eng qudratga to‘lgan paytda asos solingan.

Eng kuchaygan paytida IShID-Xuroson qanoti a’zolarining soni qariyb uch mingga nisbat berilgan.

Guruhning faoliyati birgina Afg‘onistonning o‘zi bilan cheklanmaydi.

U G‘arb bo‘ladimi yoki boshqa, imkoni bo‘lguncha dunyoning boshqa qismlarida ham hujum uyushtirishga harakat qiladi, ayniqsa, so‘nggi yillarda IShIDning eng halokatli tarmog‘i o‘laroq o‘rtaga chiqqan.

Eron va Rossiya misolida so‘nggi yillarda, hatto, jahon miqyosida ham eng qonlilaridan, deb ko‘rilgan qator yirik hujumlarga ham mas’ul, deb ko‘rilgan.

So‘nggi tayanch nuqtasi sifatida Afg‘onistonning sharqiy Nangarhor viloyati tilga olinadi, ammo hozir ham Afg‘onistonning istalgan qismida hujum uyushtirishga qodir ekani ko‘riladi.

Afg‘onistonda Tolibonga "ashaddiy raqib", mafkurasi ham bir-biriga zid, harakat guruhga qarshi 2015 yildan buyon kurashib keladi.

Ammo harbiy ekspertlar uning "Haqqoniy" tarmog‘i orqali Tolibonga bog‘liqligi borligini ham ta’kidlashadi.

Guruh Tolibonni Dohaning "hashamatli mehmonxonalari"da erishilgan tinchlik bitimi deb, jihod va jang maydonini tark etishda ayblaydi.

IShIDning Xuroson qanoti Tolibon jangarilarini "murtad", deb hisoblaydi va ularning o‘ldirilishini islomiy qonunlar talqiniga ko‘ra, "qonuniy", deb biladi.

Shunday ekan, Suriyadagi bu jangarilarning hozir Afg‘onistonga qaytishi ehtimoli qanchalik?

Ali Husayniy: "Hay’at Tahrir ash-Shom" hokimiyatga kelganidan so‘ng bir qator jihodchi guruhlar Suriya Mudofaa vazirligi tarkibiga qo‘shildi. Ularning orasida O‘zbekiston va Markaziy osiyoliklardan tashkil topgani aytiluvchi "Imom al-Buxoriy" va "Tavhid va Jihod" katibalari ham bor. Ayrim guruhlar esa IShIDni afzal bilishdi. Yana boshqalari mustaqil faoliyat yuritishlarini e’lon qildilar. Aynan shu kabi guruhlarning Afg‘onistonga qaytishlari ehtimoli yo‘q emas. Buning bir qancha sababi bor. Shulardan biri Suriya ichkarisidagi vaziyatdir. Suriya hukumati tomonidan bu jangarilarga nisbatan bosim mavjud. Yana Suriyadagi guruhlar o‘rtasida mafkuraviy tafovutlar ham bor. Bu cheklovlar O‘zbek bo‘ladimi yoki Tojik, Markaziy Osiyodan kelgan jangarilarning vaziyatini tobora og‘irlashtirishi va ularning Suriyani tark etishlariga sabab bo‘lishi mumkin. Ular, ayniqsa, o‘zlarining Suriyadan chiqarilib yuborilishlaridan xavotirdalar. Shunday ekan, bu guruhlar qayerga borishlari mumkin? Hozir ular uchun aynan Afg‘oniston va Pokiston maqbul hududdek ko‘rinishi mumkin. Chunki bunga o‘xshash holatga avval ham guvoh bo‘lganmiz. Masalan, 2010 va 2015 yillar oralig‘ida Suriya va Iroqda ikki mingga yaqin tojikistonlik faoliyat yuritgani ishonilgan. Bosim kuchaygach esa, ularning Afg‘onistonga qaytishayotganiga oid xabarlar olingan. Buning ortidan Afg‘onistonda tojikistonliklar ishtirokidagi hujumlarning soni ortgani kuzatilgan. Tojikiston fuqarolari tomonidan Afg‘oniston va Eron hududida qator hujumlar, jumladan, bir nechta xudkushlik hujumlari amalga oshirilgan. Suriyadagi vaziyat va ushbu guruhlarning mustaqilligini hisobga olganda esa, mavjud bosim sabab, ular ko‘plab a’zolarining mamlakatni tark etib, Afg‘oniston va Pokistonga yo‘l olishlari hamda o‘z faoliyatlarini u yerda davom ettirishlari ehtimoli yo‘q emas.

Tolibon nima qila oladi?

Tolibon va IShID bir-biriga ashaddiy raqib ikki guruh.

Ular qudratga qaytishidan avval ham, keyin ham IShID bilan kurashib keladi.

Boshqaruvga kelarkan, Afg‘onistondagi qolgan jangari guruhlarni ham o‘z nazorati ostida tutishga va’da bergan.

Ammo ularning xuddi shu va’dasi manzarasida ham IShIDning Xuroson qanoti Afg‘oniston ichkarisi qolib, tashqarisida ham qator hujumlar uyushtirishning uddasidan chiqqan.

Afg‘onistondan turib, ayrim Markaziy Osiyo davlatlariga ham hujum qilgan.

Bundan tashqari, Pokiston yaqinda Afg‘onistonga "ochiq urush" e’lon qilgan.

Tolibonni "yakson etmoqchi".

Tolibon o‘z vaqtida mintaqadagi eng yirik jangari guruh, deb ko‘rilgan. A’zolari va tarafdorlarining soni o‘n minglab ekani aytilgan.

Ammo Afg‘onistondagi hukumatini hozircha faqat Rossiyagina rasman tan olgan.

Shunday ekan, Tolibon hukumati voqealarning bu kabi rivojiga neqadar tayyor?

Tolibon yetakchilari
Surat tagso‘zi, Boshqaruvga kelarkan, Afg‘onistondagi qolgan jangari guruhlarni ham o‘z nazorati ostida tutishga va’da bergan. Aynan IShID bilan, yillarki, "ashaddiy raqib".

Ali Husayniy: Tolibon qudratga qaytgan 2021 yilda IShIDning Xuroson qanoti Afg‘oniston ichkarisida deyarli har kuni bitta amaliyot uyushtirishga qodir bo‘lgan. Bunga bizning statistik ma’lumotlarimiz va hisob-kitoblarimiz ham dalolat qiladi. Masalan, 2022 yilning aprel oyida biz Afg‘oniston hududida IShIDning Xuroson bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan 24 ta hujumga guvoh bo‘ldik. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu amaliyotlar soni kamaydi. Bunga so‘nggi bir necha oyning o‘zi ham misol. Ular oxirgi paytlarda faqat sanoqli hujumlargagina qo‘l urishga muvaffaq bo‘lishdi. Masalan, taxminan ikki oycha oldin Tolibonning Badaxshon viloyati Axborot va madaniyat bo‘limi rahbari IShIDning Xuroson qanoti tomonidan o‘ldirildi. Lekin ularning Afg‘oniston ichkarisida uyushtirgan hujumlari soni o‘tgan davrga nisbatan sezilarli darajada kamaydi. Ammo bu Tolibon IShID muammosidan butkul xalos bo‘lganini anglatmaydi. Chunki Suriyadan Afg‘oniston yoki Pokistonga qancha ko‘p Markaziy osiyolik jangari kelsa, ularning hujumlari soni ham shuncha ortishi mumkin. Avvalroq biz Afg‘oniston ichkarisidan Tojikistonning chegara hududlariga qilingan hujumlarning guvohi bo‘lganmiz. Raketalar ham otilgan va buning uchun javobgarlikni IShIDning Xuroson qanoti o‘z zimmasiga olgan. Bu Markaziy Osiyo davlatlarining Tolibon hukumatiga o‘z xavotirlarini bildirishlariga ham sabab bo‘ldi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi besh yil ichida o‘zbekistonlik diplomatlar Tolibon hukumati vakillari bilan 200 martadan ortiq uchrashishgan. Ushbu muloqotlarning asosiy qismi Suriyadan Afg‘onistonga kelgan jangarilar bilan bog‘liq xavotirlarga asoslangani aytilgan. Shu sababli, Markaziy Osiyo mamlakatlari ushbu jangarilar borasida xavotirga ega va ular buni Tolibon hukumati oldida qayta-qayta ko‘tarib kelishadi.

Mintaqa-chi, bunday ehtimolga tayyormi?

Қанатбек Мурзаҳалилов
screenshot
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar avval ularning jang harakatlarida qatnashgan yoki qatnashmaganini sinchkovlik bilan tekshirib, tasdiqlashi, keyingina qaror qabul qilishi lozim.
Qanatbek Murzahalilov
Dinshunos, diniy xavfsizlik bo‘yicha ekspert (batafsil: bbc.com/uzbek'da).

Orada Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Suriyada omon qolgan IShID jangarilarining 90 foizi Afg‘onistonga o‘tganliklarini ham da’vo qilib chiqqan.

Suriyadagi xorijiy jangarilarning ortga qaytishi ehtimolidan so‘nggi yillarda hatto Rossiya ham tashvishda.

Bu rasmiy Moskva mintaqa davlatlarini izchil ravishda ogohlantirib kelayotgan mavzulardan biri.

Orada e’lon qilingan xalqaro hisobotlarda postsovet makonidan Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhi saflarida jang qilganlar eng ko‘pining ham rossiyaliklar ekanliklari aytilgan.

Xuddi shu narsa Rossiyani Suriya urushiga aralashishga undagan eng muhim omillardan biri o‘laroq ham tilga olingan.

Asad rejimi qulatilishi ortidan esa, Tramp ma’muriyati boshchiligi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari IShIDning Suriyadagi mavqe’lariga bir emas, bir necha bor zarba berishgacha borgan.

Bunga yuzaga kelajak xavfsizlik bo‘shlig‘i Suriyada yana IShIDning kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkinligiga oid jiddiy xavotirlar sabab bo‘lgandi.

Suriyadagi qamoqxonalarda ham IShID jangarilari ekanlikda gumon qilingan minglab xorijlikning saqlanayotgani ishoniladi.

Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari bungacha Suriya va Iroqdagi jamloqlardan yuzlab fuqarolarini ortga qaytarishgan.

Ammo qaytarilganlardan aksariyatini xotin-qiz va bolalar tashkil etganlar.

Yaqinda esa Bishkekda keksayib qolgan ota-onalarning Iroq qamoqxonalarida qolayotgan farzandlarining olib kelinishini so‘rab, Qirg‘iziston hukumatiga murojaat qilishganiga oid xabarlar ham olingan.

Bunga o‘xshash holat qolgan mintaqa davlatlari misolida kuzatilmagani bilan ham alohida e’tibor topgan.

Shunday ekan, Suriyada qolayotgan va avval turli jangari, qurolli isyonchi guruhlar safida bo‘lgan, jang qilgan fuqarolariga nisbatan Markaziy Osiyo hukumatlarining bugungi siyosati, mavqei qanday bo‘lishi kerak?

Qanatbek Murzahalilov: "Agar Suriyadagi jangarilar orasida Markaziy Osiyo fuqarolari bo‘lsa va ular qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan bo‘lishsa, ichki qonunchilikka muvofiq, ular terrorchilik guruhlariga qo‘shilgani yoki jang harakatlarida qatnashgani uchun qonunda belgilangan jazoga tortilishi mumkin. Biroq xalqaro paktlarga ko‘ra, bunday shaxslar hech qachon o‘z fuqaroligidan mahrum etilmaydi. Ular o‘z Vataniga qaytishi mumkin. Ammo huquqni muhofaza qiluvchi organlar avval ularning jang harakatlarida qatnashgan yoki qatnashmaganini sinchkovlik bilan tekshirib, buni tasdiqlashi, shundan keyingina qaror qabul qilishi lozim. Agar haqiqatan ham terrorchilik tashkilotlari safida bo‘lib, qurolli harakatlarda ishtirok etgan bo‘lsa, ular qonunda ko‘rsatilgan jazoni olishi va hibsga olinishi ehtimoli yuqori".

BBC: Yangi Suriya hukumatining xorijiy jangarilarga nisbatan qorishiq munosabati IShIDni qayta kuchaytirishi mumkin, degan xavotirlarga ham sabab bo‘lgan. Bunday ehtimol mintaqa mamlakatlari uchun qanchalik xatarli?

Qanatbek Murzahalilov: "Albatta, bu yerda muayyan darajada xavf mavjud. Chunki bugun Suriya rahbariyati tepasida turgan Ash-Shara o‘z hokimiyatining qonuniyligini mustahkamlash, turli sanksiyalardan chiqish uchun o‘z faoliyatini legallashtirishi zarur. Shuning uchun u bu odamlarning jamiyatga integratsiyalashuvi yoki o‘z Vataniga qaytishi uchun sharoit yaratishi kerak. Ikkinchidan, bu yerda xalqaro bosimni ham inkor etib bo‘lmaydi. Xitoy va Rossiya ushbu jangchilarning huquqiy maqomini aniqlashni talab qilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari uchun esa ularning qaytishi ma’lum darajada xavf tug‘diradi. AQSh boshchiligidagi davlatlar uchun ham bu shaxslarning maqomini belgilash muhim hisoblanadi. Chunki Markaziy Osiyo fuqarolaridan tashkil topgan "Tavhid va Jihod", "Imom Buxoriy" kabi katibalar Birlashgan Millatlar Tashkilotining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shu sababli bu masalada ma’lum darajada huquqiy ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin".

VVS: Sizningcha, Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari ushbu ehtimolni ham hisobga olgan holda hozir qanday yo‘l tutishlari kerak?

Qanatbek Murzahalilov: "Markaziy Osiyo davlatlari rahbariyati e’tibor qaratishi kerak bo‘lgan asosiy masala shuki, agar Suriyadagi jangchilar safida mintaqa fuqarolari bo‘lsa, eng katta xavf ularning IShID guruhiga qo‘shilib ketishidir. Bu birinchi xavf. Ikkinchi xavf esa, ularning Turkiya yoki Afg‘oniston kabi uchinchi davlatlar orqali o‘tib, IShIDning Xuroson qanoti saflariga qo‘shilishi ehtimolidir. Shuning uchun davlatlarning hamkorlikdagi harakatlari juda muhim. Har bir fuqaroning shaxsi aniqlanishi, uning jang harakatlarida ishtirok etgan yoki etmagani tekshirilishi lozim. Shuningdek, antiterror tashkilotlari orqali har bir shaxs bilan individual tarzda ishlash kerak. Bu jangarilarga tegishli masala. Ayollar va bolalarga keladigan bo‘lsak, Markaziy Osiyo davlatlari Suriya va Iroq hududida bo‘lgan fuqarolarni qaytarish bo‘yicha turli repatriatsiya dasturlarini amalga oshirdi. Natijada ko‘plab Markaziy Osiyo fuqarolari o‘z yurtlariga qaytdi va ular bilan tegishli reabilitatsiya ishlari olib borildi. Ammo jangchilar safida bo‘lgan shaxslarning har biri alohida o‘rganilishi va aniqlanishi zarur".

VVS: Endi ushbu jangarilarning o‘z mamlakatlariga qaytishlari ehtimoli qanchalik? Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari voqealarning bu kabi rivojiga qanchalik tayyor?

Qanatbek Murzahalilov: "Buning ehtimoli bor, ammo ushbu guruhlarning to‘liq tarkibda qaytib kelishi ehtimoli kam. Chunki bugungi kunda Suriya hukumati mazkur shaxslarni o‘zining muntazam armiyasi saflariga yoki turli ish o‘rinlariga jalb qilishga harakat qilmoqda. Ammo Suriya hukumati qabul qilgan qarorlarga qo‘shilmagan shaxslar yuqorida aytilganidek, Afg‘oniston yoki boshqa davlatlar orqali ommaviy emas, balki yakka tartibda qaytib kelishi mumkin. Shuning uchun hozir Markaziy Osiyo davlatlarining vakolatli kuch tuzilmalari o‘zaro muvofiqlashtirish ishlarini olib borishi kerak. Bu xavfni butunlay inkor etib bo‘lmaydi. Shu bois terrorizmga qarshi kurashuvchi idoralar o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik juda muhim. Markaziy Osiyo davlatlarida terrorchilik guruhlarining "uxlab yotgan yacheykalari" mavjudligi haqida aytib kelinadi. Agar ana shu "yacheykalarda" urushda qatnashib qaytgan, terrorchilik guruhlari ta’siriga tushib qolgan shaxslar bo‘lsa, ular kelgusida zo‘ravonlikka asoslangan boshqa usullarni qo‘llashini ham istisno qilib bo‘lmaydi".

Bu mintaqa xavfsizligi uchun nimani anglatadi?

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Markaziy Osiyo xaritasi fonida aks etgan.
Surat tagso‘zi, Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi ham tashqi tahdidlarga befarq emas, o‘tgan yili xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga keldilar.

O‘zbekiston hozirgi kunda Rossiya shamsiyasi ostidagi o‘zining Tezkor Madad kuchlariga ega xavfsizlik blogi - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga kirmaydi.

Ammo NATOning muqobili sifatida ham ko‘riluvchi Shanxay Hamkorlik tashkilotining to‘laqonli a’zosi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi ham tashqi tahdidlarga befarq emas, o‘tgan yili xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga kelishgan.

Ular yetakchilari poytaxt Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini imzolashgan.

O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham aynan so‘nggi yillarda o‘zlarining harbiy salohiyatlarini kuchaytirish, harbiy hamkorlarini turfalashtirish harakatidalar.

Ikkovlon ham xalqaro reytinglarda mintaqa Qurolli kuchlari eng jangovarlari sirasiga kirishadi.

Rasmiy Toshkent ham Suriyadagi voqealarning so‘nggi rivoji manzarasida hozircha bu xususda biror bir rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Ammo "Mehr-2" operatsiyasi fonida biror bir O‘zbekiston fuqarosi taqdirning izmiga tashlab qo‘yilmasligini bayon qilgandi.

Yangi O‘zbekistonning bu kabi sa’y-harakatlariga baho berarkan, orada ayrim siyosiy tahlilchilar rasmiy Toshkentning Yaqin Sharqdagi fuqarolari bilan bog‘liq muammoni anglab yetganini aytishgan.

Davlat ularni qaytarish bilan o‘zining istiqboldagi, kelajakdagi xavfsizligini o‘ylab, jiddiy ish qilayotganini ta’kidlashgandi.

Yangi O‘zbekistonning ilk "Mehr" insonparvarlik amaliyotiga oid xabar esa, o‘sha paytda ijtimoiy muloqot tarmoqlarini tom ma’noda larzaga keltirgan O‘zbekiston bilan bog‘liq yana bir dolzarb va ziddiyatli mavzuga aylangan.

Berilgan baho, bildirilgan aks-sado va munosabatlar tamom ikkiga bo‘lingan.

Ayniqsa, qoralovchi tomonning fikrlari o‘zining o‘ta keskinligi bilan ajralib turgan.

Bu kabi qarashlar bir nuqtaga jamlanganda, ularni O‘zbekistonga qaytarishga hojat bo‘lmagani, bu ish xato ekaniga oid mazmun-mohiyat anglashilgan.

Xalqaro jamoatchilikda esa, ortga qaytarilganlarning biror bir bosimga uchrash-uchramasliklari bilan bog‘liq bezovtalik sezilgan.

Ammo O‘zbekiston Yaqin Sharqdan olib kelinganlar deyarli barchasini oddiy hayotga qaytargan.

Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra, davlat bu ishlari bilan o‘ziga bo‘lgan ishonchni ko‘rsatgan, legitimligi jiddiy bir darajada oshgan.

Dastlabki "Mehr" insonparvarlik amaliyoti ortidan, O‘zbekiston rahbarining shaxsan o‘zi bu insonlarni Suriyaga nima yetaklagani savolini kun tartibiga ham olib chiqqan.

"Uyat bo‘lsa ham aytish kerak, 156 nafar Suriyaga ketganlar nima uchun ketgan? Kimni izlab ketgan?", - deyarkan, "Tan olish kerak, biz ularga sharoit yaratib bermaganimiz uchun ketgan!", - deya bunda, ta’bir joiz, "o‘z ayblari"ni ham ishkora e’tirof etgan.

"Biz hammamiz bu holatni chuqur o‘ylashimiz kerak", - degandi o‘shanda O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev.

Bu kabi oshkora e’tirof esa, mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor kuzatilgandi.

Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning sentyabrida afv to‘g‘risida maxsus farmon ham qabul qilgan.

Bu farmon jangari guruhlarga "adashib kirib qolgan va pushaymon bo‘lgan fuqarolarni afv" etishni ko‘zda tutgan.

Uning qabul qilinishi ortidan qancha sondagi o‘zbekistonlik jangarining ortga qaytgani ma’lum emas.

Boshqa tomondan, kechayotgan yilda ham O‘zbekiston matbuotida Suriyada yashab, xalqaro terroristik tashkilotlar safida ishtirok etish va ekstremistik materiallarni tarqatishda aybdor, deb topilganlarning qamoq jazolariga hukm etilishganiga oid xabarlar olingan.