Bloger sudi: Sudga bosim bo‘ldimi yoki OAVga?

Surat manbasi, Rasmiy/Vaqt.uz
Bir necha kundan beri O‘zbekistonda bloger Sirojiddin Odilovning 4 yilga ozodlikdan mahrum qilingani qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Ko‘plab jamoatchilik faollari bu borada o‘zining tanqidiy chiqishlarini e’lon qildi.
Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti esa Odilovga qarshi ishni "shubhali" deb baholab, uni apellyatsiya instantsiyasida xolis ko‘rib chiqishga chaqirdi.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa ayrim jurnalistlarni aynan shu keysni noxolis yoritishda ayblab, bu sudga bosim bo‘lishini aytdi.
Mazkur voqea atrofida o‘zi nimalar bo‘lmoqda?
Qasos yo qonun?

Surat manbasi, Rasmiy
Internetda tarqalayotgan ayrim versiyalarga ko‘ra, bloger Sirojiddin Odilovdan Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi maktab direktori Gulira’no Qosimovaning IIB xodimlari tomonidan tahqirlanganini faol yoritgani uchun "qasos olinayotgan" bo‘lishi mumkin.
Xususan, qarorgohi Nyu Yorkda joylashgan Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti hisobotida bu taxminlar tilga olinadi.
9 oktyabr kuni Ichki ishlar vazirligi rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ham shu masala ko‘tarildi.
Jurnalist Anora Sodiq bu mavzuga e’tibor qaratar ekan, mazkur taxminlarga vazirlikning munosabati qanday ekanini so‘radi.
Har qanday jinoyat sodir qilgan shaxsga nisbatan ichki ishlar idoralari xodimlarining vazifasi to‘g‘ridan to‘g‘ri qonun ustuvorligi hamda jazo muqarrarligini ta’minlashdir.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"Ichki ishlar vazirligining qiziqishi yo‘q. Biz fuqarolarning manfaatiga birinchi qiziqamiz. U yerda yig‘lagan ayol bizga murojaat qilib, yo‘lkirasiga pul topa olmay keldilar. Balki kimningdir qarichida 30 mln so‘m pul emasdir, sizning qarichingizda, lekin u ayol uchun juda katta pul. Jinoyat ishida Gulira’no haqida umuman gap yo‘q. Bu jinoyat ishida ayblangan holat bo‘yicha faqat fuqarolarimizdan kelib tushgan, blogerligi bilan emas, noqonuniy harakatlari bilan bog‘liq. Vazirimizning umuman aloqalari yo‘q, vazirligimizning ham aloqasi yo‘q. Bu odamning o‘zining noto‘g‘ri harakatidan" - dedi jurnalistga javoban O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov.
"Har qanday jinoyat sodir qilgan shaxsga nisbatan ichki ishlar idoralari va boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining vazifasi to‘g‘ridan to‘g‘ri qonun ustuvorligi hamda jazo muqarrarligini ta’minlashdir. U aynan kimdir bo‘lishi kerak emas. U aynan o‘sha qonunni buzishi yetarli" - dedi vazir o‘rinbosari.
IIV va matbuot

Surat manbasi, Rasmiy
Vazirlik matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov esa Sirojiddin Obidov ishini yoritishda "ikkuyuzlamachilik" bo‘lganini da’vo qildi.
"Hozirgi paytda shunday tendentsiya bo‘lgan-da. Buni hammamiz bilib turibmiz. Ikkiyuzlamachilik holati. Mana, hozir ochiq, chiroyli qilib gapiryapmiz sizlarga, tushuntiryapmiz hammasini, to‘g‘rimi? Lekin o‘sha gaplarni gapirgan, hozir siz aytgan gaplarni (Sirojiddin Odilovning qamalishi ortida IIV turgani, IIVning blogerda xusumati borligi haqida) gapirgan odam kelmaydi bu matbuot anjumaniga. Faqatgina o‘sha to‘rtta "podpischik"ning oldida qanaqadir bir piar maqsadida yoki, nima deydi, suiiste’molchilik qilish – aniq qonunni suiiste’mol qilish hisoblanadi. Nima uchun faqatgina blogerlar yoki jurnalistika jamoasidagi shaxs ayblansa, u aybdor emas-da, va fuqarolar, xalq jabr ko‘rsa, "yo‘q, bunga nisbatan noxolis munosabat bo‘lyapti", deyiladi? Har doim, mana sizlar jurnalistsizlar, "ikki tomonlama xolis yoritinglar", deb biz doim aytamiz" - dedi Shohruh G‘iyosov .
Janob G‘iyosov 9 oy ichida 900 dan ortiq odamga nisbatan tovlamachilik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va 800 dan oshiq firibgarlik holati bo‘lganini urg‘ulab, "lekin negadir trendda faqat bloger Odilov ishi", deya savol qo‘ydi.
U Odilovning nomini tilga olmasdan, "fuqarolar haqqini yegan va javobgar bo‘lgan shaxs" haqida gapirdi.
Shundan so‘ng ekranda jabrlanuvchilarning videosi qo‘yib berildi.
Jabrlanuvchilardan biri uy masalasi bo‘yicha quruvchi 13 ming dollar pulini olganini, bloger Sirojiddin Odilov esa quruvchidan shu pulini olib berishini aytib, 32 mln so‘m pulini olganini aytdi.
Biroq videoda u nima sababdan quruvchidan pulini olishi kerak bo‘lgani, agar qurilish firmasiga aldangan bo‘lsa, nima sababdan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga emas, blogerga murojaat qilganini aytmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Yana bir jabrlanuvchi esa "ayrim sabablarga ko‘ra Sirojiddin Odilov degan blogerni" chaqirganini, shartnoma qilmasdan 1 mln so‘m pulni uning plastik kartasiga o‘tkazib berganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bloger viloyat va respublikadagi tanishlari yordamida mahalla raisini ishdan bo‘shattirib beraman deb, mahalladan umumiy hisobda 6 million so‘m yig‘ib olib ketgan.
Ammo u ham mahalla aholisi saylanadigan raisdan norozi bo‘lsa, nima sababdan uni o‘zlari ishdan oldirishmagani haqida gapirmagan.
Videoda yana ikki jabrlanuvchi ham Sirojiddin Odilovga pul bergani haqidan gapiradi.
10 oktyabr kuni ushbu video to‘liq holda ichki ishlar vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham e’lon qilingan.
Shohruh G‘iyosov ayrim jurnalist va blogerlarni noxolislikda ayblab, bu sudga bosim ekanini ta’kidladi va axborot tarqatuvchilarga yana bir bor qonunlarni eslatdi.
"Qonunda aniq narsa belgilangan. Nima uchun axborot tarqatuvchilarga – bu jamoatchilik vakillari, qo‘shtirnoq ichidagi "faollar", bular axborot tarqatuvchi – nima uchun ularga qonun bilan aniq majburiyatlar yuklatilgan? Ya’ni noxolis tarqatish mumkin emas. O‘zining to‘rtta "podpischig"i bor-da, sudga, tergovga ta’sir o‘tkazish mumkin emas - dedi u.
"Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonun bor. Jamoatchilik nazorati – o‘zi bizning jamiyatga juda ham kerakli mexanizm, lekin uning beshinchi moddasida suiiste’mol qilish mumkin emas degan. Davlat organlariga ijtimoiy tarmoq orqali asossiz ta’sir o‘tkazish mumkin emas degan. Bir jurnalist chiqib, nima deydi, savol beryapti: "Sud qanaqa o‘tdi?" deyapti. "Sud yaxshi o‘tdi", desa, "To‘xta. Nimaga siz yaxshi gapiryapsiz?" deyapti, "negativ gapiring", deyapti. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri sudga ta’sir o‘tkazish. Jamoatchilikka noxolis, sun’iy ravishda ta’sir qilish, jamoatchilikda fikrni o‘zgartirish" - dedi vazirlik matbuot kotibi.
Ekranda Jizzah viloyatida ko‘rilgan sud majlislariga borib, ishtirok etgan jurnalist, bloger va huquq faollarining videolari ham qo‘yib berildi.
Shohruh G‘iyosov yana bir bor "sudga, tergovga ta’sir o‘tkazishga hech kimning haqqi yo‘qligini, davlat hech qachon bunga yo‘l qo‘ymasligini" ta’kidladi.
Faollar nima deydi?
Blogerga hukm o‘qilgandan so‘ng, sud majlislarida qatnashgan inson huquqlari faoli, "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook tarmog‘idagi sahifasida iyul oyida bo‘lgan hodisani eslagandi:
"Shu yilning iyulida Jizzax shahar sudida Sirojiddin Odilovga nisbatan sud raisi Sanjar Rasulov tomonidan olib borilgan sudning muzokara bosqichida "prokuror 6 yil so‘rarkan, sudya 4 yil berarkan, eshitdik…" deganimda sudya menga dakki bergandek bo‘ldi. Bunga butun sud zali, OAV vakillari guvoh. Buni qarangki, men aytganimdek bo‘ldi, men fol ochmaganman, rom ko‘rmaganman, ammo bu gaplar o‘sha paytdayoq quloqqa chalina boshlagandi".
Ma’lumot uchun, o‘tgan 24 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida davlat ayblovchisi Ma’ruf Xudoyberdiev blogerga nisbatan jazolarni uzil-kesil qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 2026 yil 5 oktyabrdagi hukmi bilan Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sud majlislarida qatnashgan faol, Ekologiya va iqlim o‘zgarishlari qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbaev esa yanada jiddiy chiqish qilgandi.
Haqiqatan ham bugun, agar buyurtma bo‘lsa, tizimlar istasa, beshikdagi chaqaloqqa ham istalgan aybni qo‘yib, tiqib yuborishi mumkin.
U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida "Beshikdagi chaqaloqdan tortib, ko‘chadagi "stolbaga"cha qamaymiz!" sarlavhasi ostida videorolik joylagan. Unda Rasul Kusherbaev bloger Odilovning sudida ko‘rganlari va chiqargan xulosasi haqida gapirdi.
"Haqiqatan ham bugun, agar buyurtma bo‘lsa, tizimlar istasa, beshikdagi chaqaloqqa ham istalgan aybni qo‘yib, tiqib yuborishi mumkin" - degan Rasul Kusherbaev.
U bloger Sirojiddin Odilovga soxta jabrlanuvchi va soxta guvohlar orqali ayblov qo‘yilgan, deya iddao qilgan.
"Men borgan sud ishida, shu sud majlisida jabrlanuvchi sifatida kelgan odam nima uchun jabrlanganini o‘zi ham hatto bilmayapti. Hatto "mendan aldab pul oldi", degan odamlar o‘sha pulning o‘zini bermagan ham ekan. Yana koridorga, tashqariga chiqib, ayrimlari: "Biz hech qanaqa narsani bilmaymiz, xodimlar majburlagan edi, aytib qo‘ya qolsakmi?" deb o‘tiribdi. Baraka topgur, nega sudda shuni aytmading? Nima sizlarni majbur qilyapti, bunchalik yo‘q narsadan tuhmat qilyapsiz-ku axir! Baraka topgur, 7-8 oydan beri bir aybi yo‘q inson kimningdir buyurtmasi asosida, tuhmat sababli qamoqda o‘tiribdi. O‘sha internetdagi faol odamni tiqish kerak bo‘lib qoldimi?" - deb yozgan Rasul Kusherbaev.
Rasul Kusherbaev ham blogerning qamalishini Gulira’no Qosimova ishi bilan bog‘lagan.
Murojaatga aylangan savol

Surat manbasi, Rasmiy
9 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rasul Kusherbaevning bu chiqishi ham muhokama qilindi. Sobiq deputat, jamoat faoli va bloger Feruza Madrasulova Rasul Kusherbaevning chiqishidan xayron bo‘lganini aytib, bloger Sirojiddin Odilov ishi bo‘yicha shu kabi qilinayotgan chiqishlar ichki ishlar organlari tomonidan qanday o‘rganilishi, buning uchun kimdir murojaat qilishi shart yoki shart emasligi haqida so‘radi.
"Mana shu "Sirojiddin Media"ning sudida ham, boshqa blogerlar ham, aynan shunaqa tergov harakatlari bo‘yicha, qolaversa, mana shunaqa da’volarni gapirayotgan blogerlar, jurnalistlar, huquqshunoslar, advokatlar, himoyachilar qaysidir ma’noda xalqni davlatga yo hukumatga qarshi chorlamayaptimi? Yo bo‘lmasa, mana shunaqa aytilayotgan da’volar qaysidir ma’noda o‘rganiladimi? Yo albatta ular ustidan ariza kiritilishi kerakmi?" - deb so‘radi Feruza Madrasulova.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov bu savolga javoban Madrasulova juda ham bir og‘riqli masalani ko‘targanini qayd etdi.
"Endi hamma haqiqatga to‘g‘ri qarashi kerak. Bir xil paytda mana shunaqa bir tomonlama masalani ko‘tarib, hech narsa xolis yoritilmaydi-da. Mana hozir, to‘g‘ri, achchiq bo‘lsa ham haqiqatni aytdilar, to‘g‘ri narsani aytdilar. Sizning murojaatingiz bizga tekshirishga asos bo‘ladi" - dedi u.
Vazir o‘rinbosari bloger Madrasulovaning savolini murojaat sifatida qabul qilishini ma’lum qildi. Madrasulova ham bunga rozi bo‘ldi va o‘z kanalida ham ichki ishlar vaziridan bu masalaga e’tibor berishini so‘rab, post qoldirganini qayd etdi.
"Aynan shu murojaatingiz bo‘yicha, albatta, qonun ustuvorligi va, agar qonunda belgilangan jazo bo‘lsa, jazoning muqarrarligi ham ta’minlanadi. Har bir gapirgan gapga e’tiborli bo‘lishimiz kerak" - dedi Ashropov.
Tarmoqlarda bahs
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlarning faoliyati keng muhokama qilingani ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Jurnalist Ilyos Safarov (IIV e’lon qilgan videoda u ham aks etgan) matbuot anjumanida bo‘lgan voqeani o‘z faoliyatiga bosim, deb hisoblashini yozdi.
"Men tadbirdagi bu chiqishingizni faoliyatimga nisbatan bosim, deya qabul qilaman. Bu haqda gapiraman. Ammo bilinglar, bu bilan baribir xalqaro hisobotlarda keltirilayotgan faktlarni berkitolmaysiz. Ichkaridagilar og‘zini yopganingiz bilan tashqaridagilar qattiqroq gapiradi. Xo‘sh, ularning og‘zini nima bilan yopasizlar?!" - yozdi Ilyos Safarov.
Jurnalist Eldorbek Madatov hozir go‘yo amaldorlar bir tomon, jurnalistlar bir tomon bo‘lib qolgan, deb qayd etdi.
"Bu davlat bir tomon, xalq bir tomon degani. Davlat xalq irodasini ifoda etishi kerak. Xalqqa xizmat qilishi kerak. Sichqonni dumini kesgan ham jurnalist yoki bloger hozir. Jurnalist bu o‘rtadagi ko‘prik. U ko‘prikni buzmoqchi bo‘lib mina qo‘ygandan nima foyda?" - degan Eldorbek Madatov - "Biz demokratik davlatda yashayapmiz. Kimningdir tomorqasida emas".
Ijtimoiy tarmoq faoli Sherzod Mirzaev esa Shoxrux G‘iyosovning xolislik bo‘lishi shart, degan fikriga qo‘shilishini bildirar ekan, u aytgan qonunning 5-moddasida jamoatchilik nazorati sub’ektlarining davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatiga asossiz aralashuviga va ularga g‘ayriqonuniy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yilmaydi, deyilganini qayd etadi.
Biroq u ijtimoiy tarmoqda biron fikr bildirish, bu hali qonunni buzishni anglatavermaydi, deb hisoblashini ta’kidlaydi.
"Tarmoq faollarining ko‘pchiligiga qonunlarimiz talablarini to‘g‘ri tushuntirish, ayrimlarini tartibga chaqirib turishga ehtiyoj borligini tan olamiz. Biroq bu ish faollarning og‘zini yopish uchun harakat qilishga aylanib ketmasligi kerak" - deydi Sherzod Mirzaev - "Chunki yaqin o‘tmishda bu ishni qilishga harakat qilgan juda ko‘pchilik bugun aynan shularning yordamiga muhtoj ekanligidan ham xabardormiz. Ochiqlik faqat taraqqiyotga xizmat qiladi".






























