Falastinliklarning uylari buzilmoqda: Isroil amaliyoti yuzlab falastinlik oilalarni ko‘chirishga majbur qildi

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Isroil armiyasi bosib olingan G‘arbiy sohildagi Xevron shahrida keng ko‘lamli operatsiya boshlab, uylar va tijorat ob’ektlarini buzmoqda. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, bu amaliyot oqibatida yuzlab falastinlik oilalar o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Isroil buldozerlari keltirib chiqargan vayronagarchilik aks etgan. Ayrim kadrlarda butun boshli ko‘cha tekislanib tashlanganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, harbiylar shaharni amalda qamal holatiga o‘tkazib, qariyb 200 ming aholining harakatlanishini keskin cheklagan.
Amaliyot Isroil nazorat-o‘tkazish punktiga qilingan hujumdan keyin boshlandi. Hujumda ikki isroillik askar halok bo‘lgan, yana uch nafari jarohatlangan. Isroil ma’lumotiga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan ikki falastinlik qurolli shaxs ham o‘ldirilgan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hujum sodir etilgan hudud atrofidagi binolar va hujumchilar kelib chiqqan mahallalar "yo‘q qilinishi"ni aytgan. Mudofaa vaziri Isroil Kattsga ko‘ra, asosiy operatsiya Ayn Deyr Baxa va Farsh al-Hava mahallalarida olib borilmoqda. Uy-joylar, tijorat ob’ektlari, sanoat inshootlari hamda infratuzilma nishonga olingan.
"Odamlar kechani ko‘chada o‘tkazishga majbur bo‘ldi"
Xevron shahar hokimi Yusuf al-Jaabariyning so‘zlariga ko‘ra, o‘nlab oilalar tunni boshpana topolmay ko‘chada o‘tkazgan.
Uning aytishicha, ba’zi aholidan avtomobillarini ham olib chiqmasdan uylarini tark etish talab qilingan. Buzilishi rejalashtirilgan binolarning devorlariga maxsus bo‘yoq bilan belgilar qo‘yilgan.
Shahar hokimi armiya taxminan 0,35 kvadrat kilometr hududdagi 2500 nafar aholini ko‘chirishni rejalashtirayotganiga ishonishini aytdi. Boshqa mahalliy rasmiylar esa kamida 200 ta oila allaqachon ko‘chirilganini bildirgan.
BBC murojaatiga Isroil mudofaa kuchlari hozircha rasmiy izoh bermagan. Biroq armiya ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan bayonotida G‘arbiy sohil bo‘ylab o‘nlab nishonlarga qarshi operatsiya olib borilayotgani va bu amaliyot bir necha kun davom etishi aytilgan.
Isroil xavfsizlik kuchlari G‘arbiy sohilda isroilliklarga qarshi hujumlarda gumon qilingan falastinliklarning uylarini buzib tashlash amaliyotini tez-tez qo‘llaydi. Isroildagi inson huquqlari tashkilotlari bu siyosatni "jamoaviy jazolash" deb tanqid qilib keladi.
Saylov arafasidagi operatsiya
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Juma kunigi hujum mintaqadagi siyosiy taranglik kuchaygan pallada, Isroilda umumiy saylovlarga to‘rt kun qolgan vaqtda sodir bo‘ldi.
Saylovoldi kampaniyasini xavfsizlik mavzusi atrofida qurgan Netanyahu juma kuni ertalab rejalashtirilgan tadbirlarni bekor qilib, Xevronga bordi.
U ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan murojaatida: "Biz aholini evakuatsiya qilamiz, uyma-uy kirib chiqamiz, topilgan qurollarni musodara qilamiz va barcha terrorchilik infratuzilmasini yo‘q qilamiz", dedi.
Bosh vazir, shuningdek, 1967 yildan beri G‘arbiy sohilda o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan eng yirik harbiy operatsiya rejalarini ko‘rib chiqqanini ma’lum qildi. Biroq u bunday amaliyot qachon boshlanishi mumkinligiga oydinlik kiritmadi.
Shanba kuni Isroilning i24 telekanaliga bergan intervyusida Netanyahu Falastin ma’muriyatiga nisbatan "juda katta syurpriz" tayyorlanayotganini ham aytdi.
Falastin ma’muriyati esa xalqaro hamjamiyatni aholining majburan ko‘chirilishini to‘xtatish uchun faqat qoralash bilan cheklanmasdan, amaliy choralar ko‘rishga chaqirdi.
Shu orada Isroilning o‘ta o‘ngchi moliya vaziri Bezalel Smotrich G‘arbiy sohilda "G‘azo yoki Livanda bo‘lgani kabi" kampaniya o‘tkazish zarurligini aytdi. Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa Falastin ma’muriyatini tarqatib yuborishga chaqirdi.
Xevron shahar hokimi Yusuf al-Jaabariy esa operatsiya siyosiy maqsadlarga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
"Bu amaliyot saylovlar ta’sirida amalga oshirilmoqda. Netanyahu va uning vazirlari o‘ta o‘ngchi saylovchilar hamda ko‘chmanchilarning ovozini qo‘lga kiritishga urinmoqda", dedi u.
































