Pul, pasport yoki bosim: o‘zbekistonliklar Rossiya armiyasiga qanday qo‘shilmoqda?

Surat manbasi, EPA
Ukrainaning "Xochu jitь" - "Yashashni istayman" loyihasiga ko‘ra, 2022 yildan 2026 yil 1 oktyabrigacha Ukrainadagi urushda qatnashish uchun Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan 8 207 nafar O‘zbekiston fuqarosi aniqlangan.
Bu loyiha qayd etgan markaziy osiyolik shartnomachilarning 40 foizini tashkil etadi. Mintaqa davlatlari orasida eng katta ko‘rsatkich O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Loyiha ma’lumotlari Stop Russian Recruiters saytida e’lon qilingan. Gazeta.uz ham 20 oktyabrda mintaqa jurnalistlari uchun o‘tkazilgan brifingda taqdim etilgan raqamlarni keltirgan.
Ularga ko‘ra, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari jami 20 437 nafar. O‘zbekistondan tashqari, hisobda 5 308 nafar Tojikiston, 3 819 nafar Qozog‘iston, 2 219 nafar Qirg‘iziston va 884 nafar Turkmaniston fuqarosi bor.
Loyihaga ko‘ra, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagan qariyb 46 ming xorijlik aniqlangan. Ularning 44 foizi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolaridir.
Loyiha vakilining aytishicha, Rossiya fuqaroligiga ega, asli markaziy osiyolik shaxslar bu hisobga kiritilmagan.
Bu raqamlar shartnoma imzolaganlar sonini bildiradi. Ularning barchasi hozir frontda yoki asirlikda ekanini anglatmaydi.
"Yashashni istayman" Rossiya armiyasidagi harbiylarga Ukraina tomoniga ixtiyoriy taslim bo‘lishda yordam beradigan davlat loyihasidir. U Ukrainaning Harbiy asirlar masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabiga qarashli bo‘lib, Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida ishlaydi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Pul va pasport va’dasidan tahdidgacha
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
"Yashashni istayman" loyihasiga ko‘ra, xorijliklarni Rossiya armiyasiga pul va fuqarolik va’da qilib, aldab yoki majburlab jalb qilishadi.
Yollovchilar oyiga 2–3 ming dollar maosh va imtiyozlar va’da qiladi. Ayrimlar pul ishlash uchun ixtiyoriy rozi bo‘ladi. Boshqalarga esa oddiy ish taklif qilinib, jangga yuborilishi aytilmaydi. Shartnoma imzolangach, ular qisqa harbiy tayyorgarlikdan keyin frontga jo‘natiladi.
Loyiha markaziy osiyolik muhojirlarni tahdid bilan shartnoma imzolashga majburlash holatlari ham ko‘p uchrashini aytmoqda. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, reydlarda ushlangan muhojirlarga qamoq yoki deportatsiya bilan tahdid qilinadi. Buning o‘rniga harbiy shartnoma imzolash taklif etiladi.
Loyiha asirlar o‘rtasida so‘rov ham o‘tkazgan. Markaziy osiyoliklarning shartnoma imzolash sabablari haqidagi javoblarida Rossiya fuqaroligini olish istagi 32 foizni, qamoqdan chiqish yoki jinoiy ta’qibdan qochish 20 foizni, pul ishlash esa 10 foizni tashkil etgan.
Ishtirokchilar bir nechta javobni tanlashi mumkin bo‘lgan. Shuning uchun bu foizlar odamlar sonidan emas, javoblar sonidan hisoblangan. So‘rovda necha kishi qatnashgani ochiqlanmagan.
Toshkent avvalgi ma’lumotlarga nima degandi?
"Yashashni istayman" loyihasi 2025 yil aprelda ham Rossiya armiyasi safida jang qilgan yoki qilayotgani aytilgan 1 110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qilgandi.
O‘shanda O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan tekshirilayotganini, ular tasdiqlansa, tegishli choralar ko‘rilishini bildirgandi.
O‘sha yil mayda loyiha O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilgan asirlarning prezident Shavkat Mirziyoyevga video murojaatini tarqatgan. Ular asirlikdan ozod etilish va vatanga qaytish uchun yordam so‘rashgan.
O‘zbekiston TIV o‘shanda BBC'ga videoning haqiqiyligi va undagi shaxslar O‘zbekiston fuqarosi ekani haqida tasdiqlangan ma’lumot yo‘qligini bildirgandi.































