Turkiylar Rossiya tomonga og‘adimi, Ukraina nega Markaziy Osiyoga yaqinlashmoqchi, O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida nima gap?

Turkiy davlatlar rahbarlari Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasida.

Surat manbasi, Rasmiy: akorda.kz

Surat tagso‘zi, Aksar Turkiy xalqlarni nafaqat til, balki din, madaniyat hamda tarixiy yaqinlik ham birlashtiradi.
Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiyaparast ovozlar Qozog‘iston Turkiy blokni Rossiya tarafga og‘dirmoqda, deyishmoqda. Bunga sabab nima?

Qozog‘iston prezidenti Turkistondagi nutqida Turkiy Davlatlar Tashkiloti harbiy blok emasligini aytgan.

Kremlparast tahlilchilar esa buni Qozog‘istonning Turkiya hamda Ozarbayjonga qarshi qadami va Rossiya tarafga og‘ish sifatida izohlashmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Prezident Toqaev Oltoyni Turkiy xalqlar beshigi sifatida ta’riflagan va go‘yo Turkiy Davlatlar Tashkiloti hamda Rossiya o‘rtasida yaqinroq munoabatlarni yo‘lga qo‘yishni taklif etgan.

Qator kanallarning izohlashicha, bu "bo‘zkurtlar" (ko‘k bo‘rilar) ustidan sovuq suv quyib yuborilgandek gap va Turkiylar orasida harbiy hamkorlikni kuchaytirish istagidagi Ozarbayjonga qarshi ishora hamdir.

Ayrim kanallar esa Turkiyaning iqtisodiy hamda madaniy kuchini eslatishgan.

Shuningdek, Turkmaniston va Vengriyaning so‘nggi tadbirda ishtirok etmaganini Turkiylar orasida o‘zaro ichki tarqoqlik borligini ko‘rsatadi, deya izohlashgan.

Ukraina + Markaziy Osiyo?

Andriy Sibiha
Rasmiy
Ukraina va Qozog‘iston tariximizdagi fojiali sahifalarni eslaymiz: til va madaniyat taqiqlanishi, ziyolilarning yo‘q qilinishi... ...qatag‘onlar va ochliklar.
Andriy Sibiha
Ukraina Tashqi ishlar vaziri

Ukraina biron vositachisiz Markaziy Osiyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishni istaydi.

Xususan, Kiev "Ukraina+Markaziy Osiyo" nomli yangi mintaqaviy format barpo etishga qiziqadi.

The Times of Central Asia nashriga bu borada gapirgan Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiha bunday format hech kimga qarshi qaratilmasligini, balki bevosita muloqotni faollashtirish hamda o‘zaro amaliy manfaatlarni maqsad qilishini urg‘ulagan.

Ukrain mulozimi bu borada o‘z mamlakati tranzit-logistika sohalariga e’tibor qaratishini va Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi ishtirokchisi bo‘lishni istashini qayd etgan.

Unga ko‘ra, Ukraina o‘z Qora Dengiz portlarini "Xitoy-Markaziy Osiyo-Kaspiy - Janubiy Kavkaz - Qora Dengiz - Yevropa Ittifoqi" transport yo‘lagining g‘arbiy shoxobchasi sifatida ko‘radi.

Bu borada Ukraina Qozog‘istonni muhim hamkor o‘laroq biladi.

Ukraina vaziri Markaziy Osiyo bilan rishtalari oilaviy ham ekanligini, otasi Qozog‘istonda ishlaganini, o‘zi esa qazini juda yaxshi ko‘rishini aytgan.

Ayni paytda, ham Ukraina va ham Qozog‘iston tariixdagi fojiali sahifalarni eslashlarini urg‘ulagan.

Bu o‘rinda u o‘tgan davrlarda ikki xalqning ham milliy til va madaniyatlari taqiqlanganini, ziyolilari yo‘q qilinganini, surgunlar, qatag‘onlar hamda ocharchiliklarni yodga olgan.

Biz bu yana qaytarilishini istamaymiz, degan u.

O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida

Xarita
Surat tagso‘zi, O‘zbekistonning So‘x va Shohimardon kabi hududlari har tarafdan Qirg‘iziston bilan o‘ralgan.

O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida 16-May kuni sodir bo‘lgani bildirilgan hodisa qator OAV e’tiborini tortgan.

O‘zbekistonning So‘x eksklaviga eltadigan "Rishton-Qaytpas" chegara o‘tish maskanidagi voqea ikki davlat chegaralarida odamlar hali hamon muammolarga duch kelishiga oid savollarni yana o‘rtaga chiqargan.

Xabarlarga ko‘ra, chegara o‘tish joyidagi tortishuv ortidan Qirg‘iziston chegarachilari O‘zbekiston fuqarosini do‘pposlashgan.

Keyin fuqaro O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgani va kasalxonaga joylashtirilgani bildirilgan.

Voqea yuzasidan taraflar turlicha fikrlar aytishgan, biroq rasmiylar tezda muammoni hal etishga kirishganlar.

Ayni paytda, bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlarining do‘stlikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari va iliq munosabatlariga qaramay, chegara nuqtalaridagi vaziyat har doim ham silliq emasligini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning So‘x tumani, Shohimardon bo‘lgasi va Cho‘ngara qishlog‘i har tarafdan Qirg‘iziston bilan o‘ralgan.

Bu degani, ayni hududlarda yashovchilar asosiy O‘zbekistonga kirib-chiqish uchun Qirg‘izistondan o‘tishlari kerak bo‘ladi.

Uzoq yillar insonlar chegaradan o‘tish qiyinligi va turli maummolarga duch kelishlaridan shikoyat qilishgan.

Hali 2020-yili So‘x chegarasidagi "Chashma" bulog‘i ustida ham O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari orasida janjal chiqqan va hatto mamlakat Bosh vaziri So‘xga safar qilgandi.

Keyinchalik, So‘xni havo orqali asosiy O‘zbekiston bilan bog‘lovchi aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

Prezident Mirziyoyev davrida Toshkent o‘z qo‘shnilari bilan aloqalarni yaxshilashga intilarkan, Qirg‘iziston bilan o‘rtadagi viza tizimini bekor qilishga, chegaradan o‘tishda pasport emas, shaxsni tasdiqlovchi guvohnomalarni ishlatishga erishildi.

Shuningdek, uzoq yillar hal etilmagan chegaralarni aniqlash va belgilash jarayonlari ham yakunlandi.

Ammo Shohimardonga boradigan sayyohlar va yo So‘xga o‘tib-qaytadigan o‘zbekistonliklar hamon chegaralarda ba’zan uzun navbatlar paydo bo‘lishini va ularga qo‘pol munosabat qilinishini e’tirof etishadi.