Eron urushi ortidan kimlar boyimoqda va katta foyda ko‘rmoqda?

Surat manbasi, BBC/AFP/GettyImages
Eron urushidan kimlar va qaysi shirkatlar foyda ko‘rishmoqda?
AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi dunyo bo‘ylab ko‘plab iqtisodlarga zarba berib, milliardlab odamlarni qiyin ahvolga solib qo‘ydi.
Neft-gaz va oziq-ovqat mahsulotlari narxi osmonga sakradi.
Lekin ayrim shirkatlar bu urush ortidan katta foyda ham ko‘rishmoqda.
Ular kim va qanday qilib, Yaqin Sharqdagi urush ortidan aksar dunyo zarar ko‘rib turgan bir paytda ular foyda olishga muvaffaq bo‘lishyapti?
Archi Mitchell bu o‘rinda yirik daromad ko‘rayotgan sohalar hamda shirkatlarni o‘rganadi.
Neft-gaz

Surat manbasi, Getty Images
Urushning eng katta ta’siri energiya sohasida ko‘zga tashlanadi.
Dunyo neft va gazining qariyb beshdan bir qismi aynan Eron janubidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadi.
Ammo fevraldan beri bu suv yo‘lagi deyarli yopiq qolmoqda.
Shu sababli yoqilg‘i narxlari juda keskin oshib ketdi va qo‘shimcha yirik daromadni ham energiya shirkatlari olishmoqda.
Xususan, yirik Yevropa shirkatlari katta foyda ko‘rishyapti.
Masalan BP (British Petroleum) kompaniyasining joriy yilning ilk uch oyidagi foydasi ikki baravarga ortgan va $3.2 milliard dollarga yetgan.
Shell ham ilk chorakda $6.92 milliard dollar foyda ko‘rganini aytib, ko‘pchilikni hayratga soldi.
TotalEnergies xalqaro yirik shirkati sof daromadi ham birinchi chorakdayoq $5.4 milliard dollar bo‘lgan.
Ammo AQShning ExxonMobil va Chevron shirkatlari – Yaqin Sharqda ular foydalangan ta’minot yo‘lining yopilib qolgani bois - o‘tgan yil ayni davriga qaraganda zarar ko‘rishdi.
Shunga qaramay, energiya narxlari hamon baland qolayotgani bois ular ham endi foyda ko‘rishlari kutilmoqda.
Yirik banklar
Eron urushi ortidan ba’zi yirik banklar ham foyda ko‘rishmoqda.
JP Morgan banki savdo bo‘limi, masalan, 2026 yilning ilk uch oyida $11.6 milliard dollar foyda ko‘rdi. Bu rekord daraja hisoblanadi.
Yirik olti bank – Amerika Banki, Morgan Stanley, Citigroup, Goldman Sachs, Wells Fargo va JP Morgan ko‘radigan foyda yilning ilk choragida sezilarli darajada oshdi.
Umumiy hisobda, yilning ilk uch oyida ular $47.7 milliard dollar daromad ko‘rishgan.
Harbiy sanoat
Har qanday nizodan tezda eng ko‘p foyda ko‘radigan soha bu - mudofaa sohasi
"Har qanday nizodan tezda eng ko‘p foyda ko‘radigan soha bu - mudofaa sohasi" – deydi Britaniyadan RSM tahlilchisi Emili Savich.
"Nizo havo mudofaasidagi zaif jihatlarni yanada kuchaytirdi va Yevropa hamda AQSh bo‘ylab raketadan himoyalanish, dronlarga qarshi turuvchi tizimlar va harbiy texnika sohalariga sarmoya kiritishni tezlashtirib yubordi" – deydi u.
Hukumatlar urush sharoitida qurol-aslaha omborlarini to‘ldirish va yangilashga tushadilar.
Masalan, F35 qiruvchi uchoqlari ehtiyot qismlarini ham ishlab chiqaruvchi BAE Systems bu yil savdo-sotiq hamda daromadi oshishini aytgan.
Shirkatga ko‘ra, xavfsizlik tahdidlari bois dunyo bo‘ylab hukumatlar harbiy sohaga ko‘proq mablag‘ sarflashadi.
Lockheed Martin, Boeing va Northrop Grumman kabi uchta yirik mudofaa pudratchisi joriy yil ilk choragi oxirida rekord darajada buyurtmalar olishganini aytishgan.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Qayta tiklanuvchi energiya
Eron urushi neft-gaz kabi qazilma energiya manbalariga qaram bo‘lib qolish oqibatlari qanday bo‘lishini ham ko‘rsatib qo‘ydi.
Shu sababli hatto AQShda ham qayta tiklanadigan energiya manbalariga ahamiyat kuchaymoqda.
Zotan Tramp ma’muriyati qazilma energiya manbalarini ishlatishni targ‘ib qiluvchi "Burg‘ula, jonim, burg‘ula" iborasini ancha ommalashtirgandi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari kutilmagan zarbalarga dosh berish va barqarorlikni saqlash uchun muhim, deb ko‘rila boshlandi.
Masadan, Floridadagi NextEra Energy shirkati hissalari bu yil 17% oshib ketgan.
Daniyaning Vestas va Orsted shirkatlari ham daromadlari ko‘payganini bildirishgan.
Buyuk Britaniyadagi Octopus Energy shirkati esa Eron urushi ortidan quyosh batareyalari hamda issiqlik nasoslari savdosi oshganini, xususan, quyosh batareyalari savdosi fevraldan beri 50% ortganini aytgan.
Benzin narxlari oshishi ortidan elektr avtomobillarga ham talab oshgan.
Xususan, Xitoydagi elektr avtoulov ishlab chiqaruvchi shirkatlar bu o‘rinda katta daromad ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
































