Moskva va Pekin qanday yangicha dunyo qurishmoqchi yo Putin tuzumi yashab qolishi uchun Xitoy kerakmi?

Prezidentlar Si va Putin

Surat manbasi, Maxim Shemetov/EPA/TASS

Published
O'qilish vaqti: 8 daq

Pekinda Prezident Si bilan uchrashgan Vladimir Putin Rossiya va Xitoy munosabatlari "misli ko‘rilmagan yuqori darajalarga" chiqqanini aytdi.

Ikkovlon savdo va texnologiyaga oid yigirmatadan ko‘proq kelishuvni imzolashdi.

Bular orasida "ko‘p qutbli dunyo tartiboti" deklaratsiyasi ham bor.

Putin Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirishni istaydi. Xitoy - Rossiya neftining eng yirik xaridori.

Prezident Si va Putin Rossiya gazini Xitoyga eltadigan gaz quvuri rejasini qayta boshlashganini aytishdi. Biroq gaz quvuriga oid boshqa tafsilotlar o‘rtaga chiqmadi.

Ayni quvur borasidagi oldingi kelishuv yillar davomida to‘xtab qolgandi.

Qator boshqa kelishuvlarga qaramay, qo‘shma bayonot ham kutilmagan biron ulkan o‘zgarishlarni o‘zida mujassam etgani yo‘q.

Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy-Rossiya hamkorligi ancha vaqtlardan beri teng emas edi. Rossiya ko‘proq Xitoyga ehtiyojmand.

Xitoyning puli va texnologiyalari bo‘lmasa, Putin tuzumining yashab qolishi savol ostiga tushadi, deya yozadi BBC Monitoring bosh tahlilchisi.

Pekin esa juda ehtiyotkor. Prezident Si Rossiyaga yaqin bo‘lishni istaydi, ammo juda ham yaqin emas, deydi Xitoydagi muxbirimiz.

Moskva kelasi noyabrda Xitoy mezbonlik qiladigan iqtisodiy sammitda Putin-Si uchrashuvi bo‘lib o‘tishini e’tibordan soqit qilmaydi, deb yozadi Rossiya matbuoti.

BBC muharriri Ankur Shah tahlilini o‘qing:

O‘tgan yilning sentyabrь oyida Pekindagi Tyananmen maydonida sayr qilar ekan, Xitoy raisi Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin organ transplantatsiyasi inson umrini sezilarli uzaytirishi mumkinligi haqida gaplashayotgandek edi.

"Inson a’zolarini uzluksiz ko‘chirib o‘tkazish mumkin. Qancha uzoq yashasangiz, shuncha yosharasiz va hatto umrboqiylikka erishasiz", degani eshitildi Putin tarjimoni.

"Ba’zilar bu asrda odamlar 150 yoshgacha yashashi mumkinligini bashorat qilmoqda", deya javob qaytardi Si tarjimoni.

Prezidentlar uchrashuvi

Surat manbasi, Kremlin Press Office/Anadolu via Getty Images)

Surat tagso‘zi,

Bu bir-birini eng yaqin do‘st deb biladigan va umumiy 39 yillik hukmronlikdan so‘ng ham hokimiyatdan ketish niyatini ko‘rsatmayotgan ikki qudratli yetakchi uchun o‘rinli suhbat edi.

Bu ancha noto‘g‘ri tushunib kelinadigan hamkorlik mohiyati haqida kamyob tasavvur beradigan holat edi. Ushbu suhbat parchasi o‘ta maxfiy munosabatlarning sanoqli ko‘rinishlaridan biridir.

Putin bu hafta Pekinda. Bu tashrif Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi Yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomaning 25 yilligiga to‘g‘ri keladi.

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyga tashrif buyurganida, uni tilla idishlarda tortilgan dabdabali ziyofatlar va qadimiy ibodatxonaga tashrif bilan kutib olishgan edi. Putinning tashrifi esa ancha kamtarona bo‘layotgan ko‘rinadi, chunki oldindan tayinli ma’lumot berilmadi.

Rossiya milliy o‘yinchoqlari.

Surat manbasi, EPA-EFE/REX/Shutterstock

Surat tagso‘zi,

Kreml matbuot kotibi aytishicha, ular Tramp-Si uchrashuvi haqida birinchi manbadan ma’lumot eshitishga umid qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, o‘tgan hafta ikki rahbar odatda xorijiy mehmonlar uchun yopiq bo‘ladigan Chjunnanhay bog‘ida sayr qilayotganida, Si Trampga do‘sti Putinning nomini tilga olib, Putin Pekinning bu siyosiy maskaniga avval ham kelgani haqida gapirdi.

Vashingtondagi ayrimlar Tramp Pekinni Moskvadan uzoqlashtira oladi deb umid qilgan bo‘lsa-da, bu umidlar xomxayoldek ko‘rinadi.

So‘nggi yillarda Xitoy va Rossiya o‘zaro aloqalarini "chegarasiz do‘stlik" deya ta’riflab keladi. Xo‘sh, buning zamirida nima yotibdi va bu "muhabbat qissasi" qanchaga cho‘ziladi?

Shartni Xitoy qo‘yadimi?

"Munosabatlar o‘ta nomutanosib va ikki davlat o‘rtasida tuziladigan har qanday bitim, katta ehtimol bilan, Xitoy shartlari asosida bo‘ladi", deydi Karnegi nomidagi Rossiya va Yevroosiyo markazi direktori Aleksandr Gabuev. Uning ta’kidlashicha, "Rossiya to‘liq Xitoyning izmida va shartlarni Pekin qo‘yadi".

Bu holat ko‘plab sohalarda, xususan, iqtisodiyotda ham yaqqol kuzatiladi. Xitoy Rossiyaning eng yirik savdo sherigi bo‘lsa, Rossiya Xitoy xalqaro savdosining atigi 4 foizini tashkil etadi. Xitoy Rossiyaga boshqa har qanday mamlakatdan ko‘proq mahsulot eksport qiladi va uning iqtisodiyoti Rossiyanikidan ancha yirikroq.

G‘arbning ko‘p yillik sanksiyalari Moskvani Pekin bilan savdo aloqalarini yanada chuqurlashtirishga majbur qildi. AQSh sanksiyalariga uchragan va Britaniya hukumati tekshiruvidan so‘ng Buyuk Britaniyaning 5G tarmoqlaridan siqib chiqarilgan texnologiya giganti Huawei G‘arb kompaniyalari yo‘qligidan foydalanib, Rossiya telekommunikatsiya sohasining asosiy tayanchiga aylandi.

G‘arb bilan aloqalari tobora uzilib borayotgan bir paytda, Xitoy texnologik, ilmiy yoki sanoat sohasidagi tajriba uchun birinchi murojaat qilinadigan manzilga aylandi.

Ukraina urushi manzarasi
EPA/Shutterstock
Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, Moskva o‘z harbiy mashinasi uchun Xitoy ehtiyot qismlariga yanada qaram bo‘lib qoldi.
Ankur Shah
BBC

Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng, Moskva o‘z harbiy mashinasi uchun Xitoy butlovchi qismlariga yanada qaram bo‘lib qoldi. Bloomberg yaqinda e’lon qilgan hisobotida Rossiya sanksiyadagi texnologiyalarning 90 foizdan ortig‘ini Xitoydan import qilayotgani, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga ko‘p ekani aytiladi.

Rossiya bu nomutanosiblik xavfini juda yaxshi anglaydi. Rossiya Xalqaro munosabatlar kengashi tahlil markazi prezidenti Dmitriy Treninning yaqinda chop etilgan "Biz hech kimga bosh egmaymiz" sarlavhali sharhida Rossiyaning vassal davlat bo‘lishni istamasligi aniq bayon qilingan.

Xitoy haqida gapirar ekan, u shunday deydi: "[Biz uchun] munosabatlarda teng huquqlilikni saqlash va Rossiya kichik hamkor bo‘la olmaydigan buyuk davlat ekanini yodda tutish mutlaqo zarur".

Moskvaning Pekinga muqobil boshqa tanlovlari deyarli yo‘q, chunki bu xaridor Rossiyaning jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan talab va bozorni taklif qiladi. Agar Xitoy G‘arb bilan munosabatlar buzilganini hisobga olib, Rossiya bilan savdo hajmini kamaytirsa, bu Rossiyaning tashqi siyosiy maqsadlariga erishishini sezilarli qiyinlashtiradi.

Biroq Moskvaning eng katta ustunligi va Pekinning tazyiqlariga qarshi qalqoni – o‘z pozitsiyasida mustahkam tura olish qobiliyatidir.

Xitoy va Rossiya prezidentlari

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy va Rossiya prezidentlari o‘zlarini yaqin do‘stlar sifatida ta’riflashadi.

Glazgo universiteti xavfsizlik tadqiqotlari o‘qituvchisi Martsin Kachmarskining aytishicha, Xitoy bu asimmetriya qanchalik kattaligini biladi va Rossiya ichida yoki uning elitasi orasida biror norozilik keltirib chiqarishni istamaydi.

"Menimcha, Xitoyning Rossiyaga nisbatan siyosatini bir so‘z bilan «o‘zini tiyish» deb ifodalash mumkin, – deydi u. – Xitoy Rossiyaga tazyiq o‘tkazmayapti".

Buning sabablaridan biri shuki, bunday qilish aqlsizlik bo‘lardi – Rossiya kichik hamkor bo‘lishi mumkin, lekin ayni paytda u mag‘rur ham.

Karnegi markazidan Gabuevning aytishicha, agar Xitoy Rossiyani nimagadir majburlamoqchi bo‘lgan taqdirda ham, Rossiya "bunga darhol ko‘nadigan davlatlardan emas".

U Si Szinpinning 2023 yilda Moskvaga safarini misol keltiradi. O‘shanda Xitoy prezidenti Putinni Ukrainada yadro qurolidan foydalanmaslikka undagani xabar qilingan edi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Rossiya tomoni Belarusda yadro qurolini joylashtirishini e’lon qildi. Ba’zilar bu qadamni Moskva tashqi bosimga atay qarshilik ko‘rsatayotgani va dunyoga o‘z mustaqilligini eslatib qo‘yayotgani sifatida baholadi.

Rossiyaning Ukrainadagi urushi uni ko‘p jihatdan zaiflashtirishi mumkin, ammo Tayvanga ehtimoliy bosqin variantlarini ko‘rib chiqayotgan Pekin uchun bu ayni paytda bir ustunlik hamdir. "Rossiyada hamon sotishi mumkin bo‘lgan ba’zi harbiy texnologiyalar bor va ayrim Xitoy uskunalari yoki komponentlarini sinovdan o‘tkazishda ko‘p narsa taklif qila oladi", deydi Gabuev.

Neft saqlovchi inshootlar

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya katta miqdorda neft-gaz sotadi.

Shuningdek, Rossiya Xitoy uchun strategik ahamiyatli ulkan energiya zaxiralariga ega. May oyidagi matbuot anjumanida Putin ikki tomon "neftь-gaz sohasidagi hamkorlikda oldinga juda muhim qadam tashlash" arafasida turganini aytgan edi.

U ko‘p yillik to‘xtab qolgan muzokaralardan so‘ng Rossiyaning gaz giganti "Gazprom" va Xitoy Milliy neftь korporatsiyasi dastlabki kelishuvni imzolagani aytilayotgan "Sibir qudrati – 2" quvurini nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Agar qurilsa, bu quvur Mo‘g‘uliston orqali Xitoyga yiliga 50 milliard kub metr Rossiya gazini yetkazib berib, vaziyatni butunlay o‘zgartirib yuboradi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz davom etar ekan, Xitoyning Rossiya energiyasiga tikkan garovi o‘z samarasini berayotgan ko‘rinadi. Bu yerda gap faqat narxlarda emas, balki tobora beqarorlashib borayotgan dunyoda Xitoyning ichki energetika xavfsizligi kelajagini kafolatlash haqida ketmoqda.

Ittifoqchi emas, hamkor

Xitoy va Rossiya yo‘llari ayrilayotgandek tuyulgan har bir holatda ularning munosabatlari zamiridagi oddiy haqiqat namoyon bo‘ladi: hech bir davlat ikkinchisiga ergashishga majbur emas, chunki bu rasmiy ittifoq emas.

Avstraliyaning Moskvadagi elchixonasi missiyasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Bobo Loning aytishicha, hamkorlikni harbiy ittifoqning qat’iyligi emas, balki aynan mana shu strategik egiluvchanlik bardoshli qiladi.

"Bu ittifoq emas, balki egiluvchan strategik hamkorlikdir", deydi u. Bu hamkorlik parchalanishi haqida qayta-qayta bashorat qilinganiga qaramay, saqlanib qoldi.

G‘arb tahlilchilari Xitoy-Rossiya hamkorligini ikki xil tasvirlab kelgan: yo asosan G‘arbni yengish istagi bilan birlashgan "avtoritarizm o‘qi", yo doimiy parchalanish xavfi ostida turgan mo‘rt birodarlik.

Bu ikki ta’rifning hech biri nomutanosiblik va tafovutlarga qaramay, hayotiy muhim manfaatlarga ega bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar qanday qilib ajralmas va o‘rnini bosish tobora qiyinlashib borayotgan aloqaga aylanganini to‘liq ochib bera olmaydi.

Lo G‘arb bilan munosabatlari yaxshilangan taqdirda ham, ikki davlatning kelishib yashashi uchun sabablar yetarli, deydi.

Chegaradagi Amur daryosi

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images

Surat tagso‘zi, Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi chegara juda uzun.

Eng asosiy sabab – ilgari beqarorlik chegarasi bo‘lgan 4300 kilometrlik umumiy chegaradir. Shuningdek, ularning bir-birini to‘ldiruvchi iqtisodiyotlari ham bor: Rossiya neftь, gaz va boshqa xomashyolarning yirik eksportchisi, Xitoyning sanoat iqtisodiyoti esa ular uchun ulkan bozor. Ularning AQSh boshchiligidagi dunyo tartibotiga birgalikda qarshi ekanini ham e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Inson huquqlari kabi turli qadriyatlar buzilgani sababli sanksiya qo‘llaydigan va jazolaydigan G‘arb davlatlaridan farqli o‘laroq, Rossiya va Xitoy bir-birining harakatlarini muhokama qilmaydi. Xitoyning Shinjon hududida inson huquqlari keng miqyosda poymol etilayotgani haqidagi takroriy ayblovlar (Xitoy buni rad etadi) va Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning o‘limi ba’zi G‘arb davlatlarini bu mamlakatlar bilan hamkorlik qilish borasida yanada ehtiyotkor bo‘lishga undadi, biroq Moskva va Pekin bu kabi masalalarga ko‘z yumadi.

"Ular Shinjon, Navalniyning zaharlanishi va shu kabi masalalarda bir-birini tanqid qilmaydi, – deydi Gabuev. – Ular BMTda ham ko‘plab masalalarda yakdil... bu esa o‘zaro manfaatli tabiiy munosabatni vujudga keltiradi".

Rossiya mahsulotlari reklamasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, G‘arb jazo choralari ortidan Moskvaning Pekin bilan savdo aloqalari kuchaydi.

Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashning uzoq an’anasi bor, deya qo‘shimcha qiladi u. "Pragmatikroq munosabatlarga bo‘lgan bu moyillik... Andropov, Chernenko, Gorbachyov, Yeltsin davridagi sovet tizimiga borib taqaladi, – deydi u. – Menimcha, xitoyliklar ham shu yo‘ldan borgan".

Bu romantik munosabatlar davom etadimi, degan savolga ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan xitoylik tahlilchi har ikki davlat Xitoy-Rossiya munosabatlarini ajralmas juftlik sifatida ommaga taqdim etishi qisman namoyishkorona ekanini, birlik va barqarorlikni ko‘rsatishga qaratilganini tan oldi.

Aslida, bu manfaatlardagi vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan tafovutlarni bartaraf etish uchun qulay siyosiy vositadir. Garchi har ikki hukumat o‘zlari "G‘arb gegemonligi" deb bilgan narsaga qarshi bo‘lsa-da, ularning bu boradagi yondashuvlari farqlanishi mumkin. Tahlilchi fikricha, Rossiya AQShni butunlay chetlab o‘tadigan dunyo tartibini qurishni istaydi, biroq Xitoy ancha ehtiyotkor va pragmatikligicha qolmoqda. Pekin ko‘pincha shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishdan qochadi va uzoq muddatli natijalarni ta’minlash uchun sabr-toqat hamda bosqichma-bosqich yutuqlarga erishishni afzal ko‘radi, deb hisoblanadi.

Ular AQShning Erondagi harakatlariga Xitoyning munosabatiga ishora qilib, Pekin o‘zini vazmin tutganini va Trampning tashrifiga tayyorgarlikni bekor qilmaganini aytdi. "Bu Pekinning provokatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik va eshiklarni yopmaslikka tayyorligini yaqqol ko‘rsatadi", deya qo‘shimcha qiladi ular. Ularning ta’kidlashicha, Xitoy hamon Vashington bilan aloqa kanallarini ochiq saqlashni va keraksiz ig‘volardan qochishni istaydi – bu Rossiyaning yondashuvidan tubdan farq qiladi.

Insoniy omil

Bu hamkorlikka ko‘pincha geosiyosat va xavfsizlik nuqtai nazaridan qaraladi, biroq yana bir muhim omil – ikki jamiyat xalqlari o‘rtasidagi aloqalarning ne chog‘li chuqurligidir.

Eng yuqoridan boshlab, Putin va Si o‘zaro bemisl do‘stlikni ko‘rsatishga harakat qilib keladi. Bu Putinning Xitoyga 25-safaridir va rossiyalik byurokratlar boshqa mamlakatlar rasmiylariga qaraganda xitoylik hamkasblari bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Eng yuqori siyosiy darajadagi bu qalin do‘stlikka qaramay, Britaniyaning Xitoydagi sobiq diplomati Charlz Parton oddiy xitoyliklar va ruslar o‘rtasidagi tabiiy madaniy yaqinlikka ishonchsizlik bilan qaraydi.

"Xitoyliklar Moskvada o‘qishni, shu yerda yashab qolishni va kvartira sotib olishni xohlaydimi? Yo‘q." Uning fikricha, agar tanlov imkoni berilsa, rossiyaliklar G‘arbga sarmoya kiritishni va, aytaylik, Pekindan ko‘ra Parij, London yoki Kiprda kvartira sotib olishni afzal ko‘radi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Bunga hamma ham qo‘shilavermaydi. Gabuevning ta’kidlashicha, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar jadal rivojlanmoqda va bunga qisman G‘arb sanksiyalari hamda Yevropaning viza siyosati qat’iylashgani sabab bo‘lmoqda.

Rossiyaliklar uchun Xitoyga borish ancha osonlashdi. O‘zaro vizasiz rejim bir necha soat ichida Moskvadan Xitoyning yirik shaharlariga har kuni qatnaydigan bir necha reysdan biri bilan uchib borish imkonini beradi.

Ayniqsa, G‘arbning Moskvaga qarshi sanksiyalaridan so‘ng, rossiyaliklar Xitoy telefonlaridan tobora ko‘proq foydalanib, Xitoy avtomobillarini minmoqda.

"Shunday qilib, o‘zaro bog‘liqlik, vizasiz sayohat hamda to‘lov va navigatsiyaning qulayligi Xitoyni avvalgiga qaraganda ancha yaqinlashtirmoqda, – deydi Gabuev. – Qolaversa, almashinuv dasturlari, stipendiyalar, qo‘shma tadqiqot loyihalari ikki jamiyatni yanada yaqinlashtiradi."

Madaniy tadbir

Surat manbasi, China News Service/VCG via Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy va Rossiya oxirgi yillari o‘zaro "yaqin do‘stliklarini" namoyish etishadi.

Moskva va Pekin munosabatlaridagi nomutanosiblik kuchayib borayotgani uzoq muddatda zaiflikni anglatsa-da, bu aloqalar barbod bo‘lishi haqidagi har qanday bashorat, hech bo‘lmaganda, qisqa muddatda amalga oshmaydigan ko‘rinadi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi farqlarga qaramay, Lo shunday deydi: "Xitoy-Rossiya hamkorligi mustahkamligicha qolmoqda. Har ikki tomon bu aloqalarning barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini tan oladi, ayniqsa, hamkorlikni davom ettirishdan boshqa munosib muqobil yo‘qligini hisobga olganda."