Zelenskiy: Rossiya ballistik raketalari uchib kelayotgani haqida yana bizga xabar berishmadi

Surat manbasi, Telegram/Zelensky Official
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, 18 oktyabrdan 19 oktyabrga o‘tar kechasi AQSh yana Ukrainani Rossiya ballistik raketalar otgani haqida xabardor qilmagan.
Shu kecha Ukraina rasmiylari xabar qilishlaricha, poytaxti Kiev shahri, Kiev viloyati va boshqa viloyatlarga ko‘p sondagi ballistik va qanotli raketalar va dronlar hujumlariga tutilgan.
Oqibatda Kiev shahrining uch tumanidagi portlashlar bir inson umriga zomin bo‘lgan, sakkiz kishi jarohatlangan.
Kiev metrosining bir stantsiyasi, muz arenasi, savdo markazi shikastlangan.
Kiev viloyatining Irpen shahrida 17 inson yaralangan, 84 inshoot, shu jumladan, 70 ta ko‘p qavatli uyga zarar yetgan.
Dnepropetrovsk viloyati Krivoy Rog shahrida ikki inson halok bo‘lgan, sakkiz kishi jarohatlangan.
Prezident Zelenskiy o‘zining Telegram kanalida xabar qilishicha, 16 ballistik raketa Kiev shahri va viloyatini nishonga olgan.
Asosan energetika infratuzilmalariga zarba berilgan, kamida yarim million odam elektr quvvatisiz qolgan.

Surat manbasi, Telegram/Zelensky Official
"Yana tun davomida Rossiya ballistika hujumlari va yana sheriklarimizdan ogohlantirish bo‘lmadi", deb yozdi Prezident Zelenskiy.
Ukraina harbiylariga ko‘ra, Rossiya yakshanba tunida kechki soat 23 larda va tungi soat 3 larda yalpi zarbalar bergan.
Shu vaqtgacha AQSh harbiylari Rossiya hududidan Ukrainaga qarata raketa otilganini Ukraina harbiylariga berar, butun mamlakat bo‘ylab havo hujumidan ogohlantirish tizimi ishlab ketib, odamlar ogohlantiriladi.

13 oktyabrdan Ukraina harbiylari Starlink sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i tezligi cheklanishi bilan bir vaqtda Rossiyadan bo‘lgan raketa hujumlari haqida Amerika tomonidan ogohlantirish bo‘lmaganini xabar qildilar.
AQSh rasmiylari Starlink tezligini cheklaganlari, Ukrainaga josuslik ma’lumotlarini bo‘lashishni to‘xtatganlarini rad etib kelmoqdalar.
Yakshanba kuni Prezident Zelenskiyning bir necha ommaviy axborot vositalariga intervyulari e’lon qilindi.
Bloomberg agentligiga Zelenskiy aytishicha, AQSh Ukrainani Rossiyaga taslim bo‘lishga ko‘ndirishni istayapti.
Tramp: men Rossiya bilan tinchlik muzokaralari izdan chiqishini xohlamayman

Surat manbasi, Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Prezident Zelenskiyning NBC telekanaliga intervyusiga javoban AQSh Prezidenti Donald Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘ida katta post qo‘ydi.
Prezident Zelenskiy Vashingtonning Rossiya dizel yoqilg‘isiga nisbatan sanksiyalarni yengillatish va yangi cheklovlarni to‘xtatish qarorini xato dedi.
Zelenskiy Prezident Tramp bu qarorini qayta ko‘rib chiqishiga umid bildirdi.
"O‘ylaymanki, bu xatolarning hammasi bizga ham, AQShga ham yordam bermaydi", dedi Prezident Zelenskiy.
«Rossiya bo‘yicha mening qarorim juda oddiy. Hozir men Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yuzasidan muzokaralar olib bormoqdaman va Rossiyani muzokaralar stolidan ahmoqona tarzda uzoqlashtirishi mumkin bo‘lgan hech qanday ishni qilishni istamayman», deb yozdi Prezident Tramp.
Tramp yozishicha, muzokaralarda «sezilarli taraqqiyot»ga erishilgan, jumladan, «asirlarni ozod qilish» masalasida ham.
Tramp yozishicha, Rossiya Eronga yordam berish uchun «deyarli hech narsa qilmayapti, balki umuman hech narsa qilmayotgandir».
Amerika prezidenti yana bir bor Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga bergan zarbalarini tanqid qildi va Zelenskiyni aynan shu ob’ektlarni nishon sifatida tanlayotganlikda aybladi.
Trampning fikricha, Zelenskiy bu hujumlar «jahon dizel yoqilg‘isi bozorlariga, jumladan AQSh bozoriga ham jiddiy zarar yetkazayotganini biladi».
«Zelenskiyni bu qiziqtirmaydi. U bu urushni tugatishni istamaydi va ehtimol hech qachon istamagan ham. Ikki yil oldin u hozirgiga qaraganda ancha qulayroq kelishuvga erishishi mumkin edi», deb yozdi Tramp.
Ukraina esa Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari o‘zining qonuniy harbiy nishonlari ekanini ta’kidlab keladi.
Kievga ko‘ra, bu korxonalar Rossiya armiyasini yoqilg‘i bilan ta’minlashga xizmat qiladi, shuningdek neft savdosidan keladigan daromadlar Rossiyaning urushini moliyalashtirishayapti.
Biroq tahlilchilarga ko‘ra, jahon energetika ta’minotini beqarorlashtirayotgan asosiy omil Ukrainaning Rossiya neft zavodlariga zarbalari emas, balki AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushidir.




























