Rossiya Ukraina urushiga tashlanayotgan yoshlar: Ularning qanchasi halok bo‘layapti?

    • Author, Olga Ivshina*
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Ukrainadagi urushda 25 yoshgacha bo‘lgan qariyb 20 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan. Bu raqam Bi-Bi-Sining «Mediazona» nashri va ko‘ngillilar jamoasi bilan hamkorlikda, ochiq manbalar asosida yuritayotgan nomma-nom ro‘yxat tahlili natijasida aniqlandi. Biz tasdiqlagan qurbonlar orasida eng yoshi bor-yo‘g‘i 18 yoshda bo‘lgan.

Xabarovsklik Vadim Matyushenko(maqola boshidagi suratda) avtomexanika kollejida o‘qigan. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga qaraganda, u yakkakurash san’atlariga qiziqqan.

18 yoshga to‘lganidan 10 kun o‘tib, uning profilida harbiy kiyimdagi ilk surati paydo bo‘ladi.

Unda «asra va saqla» (spasi i soxrani) yozuvi yonida «shaxsiy adovat yo‘q — bizga pul to‘lashdi» degan belgi (patch) taqilgan edi.

Vadim oxirgi suratini 9 aprelda joylashtirdi. Olti kundan keyin esa u halok bo‘ldi.

2023 yilning bahorida Davlat Dumasi maktabni tamomlab, 18 yoshga to‘lishi bilan Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga ruxsat beruvchi o‘zgartirishlarni qabul qildi. Maktablar, kollejlar va universitetlarda o‘smirlarni armiyaga jalb qilish bo‘yicha targ‘ibot kuchaygan. Biroq frontdagi o‘lim statistikasiga qarab, verbovka (yollash)ning oshishi yoki kamayishi haqida aniq xulosa chiqarib bo‘lmaydi.

Biroq, ro‘yxatimizdagi ma’lumotlar kamida shuni tasdiqlaydi: yangi qonun urushda halok bo‘layotgan yoshlar sonini darrov oshirib yubormadi

Ammo 2024 yil martidan boshlab 18–25 yoshli halok bo‘lganlar soni — hozircha kamida 19 583 kishi — barqaror oshib bormoqda. Boshqa yosh guruhlarida bunday o‘sish kuzatilmayapti.

Xuddi shu paytda yangi qonun o‘zgartirishi kuchga kirdi: endi jinoyatda gumonlanib ushlangan odam — hatto sud qarorisiz ham — harbiy xizmat shartnomasini imzolasa, jinoiy javobgarlikdan qutula oladi.

Halok bo‘lgan vaqtdagi yoshi ma’lum bo‘lgan askarlarning 11 foizi — 18–25 yoshlilar. Ro‘yxatimizda esa eng ko‘p uchraydigan guruh 36–45 yoshlilar.

Ixtiyoriymi yoki majburiymi?

Krasnodar o‘lkasidan Bogdan Pilipenko 18 yoshga to‘lishi bilan shartnoma imzoladi. O‘sha paytda u deyarli bir yildan beri qamoqda edi.

Yigitga «kladmenlik» — oddiyroq qilib aytganda, internet orqali sotilgan giyohvand moddalarni xaridorlarga maxfiy joyga qo‘yib ketuvchi kurьerlik — uchun to‘rt yilga hukm qilingan edi. Giyohvand moddalar bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha hukm qilinganlarning ko‘pchiligi aynan 18–29 yoshli yigit-qizlardir.

Bogdanning holatida Davlat Dumasi tomonidan qabul qilingan qonunlar o‘zaro uyg‘unlikda ishladi. Birinchisi unga 18 yoshga to‘lgan kunidayoq shartnoma imzolash imkonini berdi — 2023 yilgacha buning uchun kamida uch oy muddatli xizmatni o‘tash yoki texnikum/oliy o‘quv yurtini tamomlash shart edi. Ikkinchisi esa qolgan jazoni o‘tamay, urush tugagandan keyin sudlanganligini butunlay tozalash umidini berdi.

Ba’zi kechagi maktab o‘quvchilari politsiya bilan suhbatdan so‘ng darhol shartnomaga qo‘l qo‘yishmoqda. Masalan, Irkutsk viloyatidan bo‘lgan 18 yoshli Vitaliy Ivanov maishiy kimyo do‘konidagi o‘g‘rilik ishi bo‘yicha politsiyaga chaqirilgan. Yigitning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachilar uni bir necha soat davomida kaltaklashgan, shundan so‘ng u shartnoma imzolagan. Rasman u hatto ushbu ish bo‘yicha gumonlanuvchi ham bo‘lmagan.

Jinoiy javobgarlikdan qochib urushga ketganlar uchun frontda tirik qolish ayniqsa qiyin. Ularning ko‘pchiligini «V» harfi bilan belgilangan alohida hujum rotalariga, asosan sobiq mahkumlardan tuzilgan bo‘linmalarga, yuboradilar. Aynan shu rotalar frontdagi eng xatarli vazifalar uchun birinchi bo‘lib yuboriladi va talafotlari juda yuqori bo‘ladi.

Bogdan Pilipenko shartnoma imzolaganidan atigi 38 kun o‘tib Ukrainada halok bo‘ldi. Frontga yuborilishdan oldin u harbiy tayyorgarlikdan o‘tganmi yoki yo‘q — noma’lum.

Vitaliy Ivanov esa onasining aytishicha, birinchi jangovar topshiriqdayoq — 2025 yil 11 fevral kuni — halok bo‘ldi.

Muddatli harbiy xizmatchilar

Bizning ro‘yxatimizdagi kamida 502 kishi armiyaga muddatli xizmatga chaqirilib, keyin jang maydonida halok bo‘lgan. Bu raqamga biz bevosita muddatli xizmatdagi askarlarni ham, chaqiruvdan ko‘p o‘tmay shartnomaga o‘tganlarni ham kiritdik. Ko‘p hollarda Mudofaa vazirligi yaqinlarini ular shartnomani o‘z xohishi bilan imzolaganiga ishontirgan — tasodifni qarangki, o‘limdan bir necha hafta yoki hatto bir necha kun oldin. Ba’zi ota-onalar bunga ishonishni istamayapti.

18 yoshli Renat Bakirov Tataristonning Chistopol shahridan muddatli xizmatga chaqirilgan edi.

Bakirovning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida harbiy mavzuga yaqin hech narsa yo‘q. Avatarkasida anime qahramonlari, suratlarida esa Chistopol manzaralari, «Sabantuy» bayrami va baliq ovi lavhalari aks etgan.

Bakirovni shartnoma imzolashga nima majbur qilganini bilmaymiz, lekin u buni xizmat boshlanganidan bir necha oy o‘tib amalga oshirgan. 2026 yil 13 fevralda esa u halok bo‘ldi.

Vladimir Putinning muddatli xizmatdagilar urushda qatnashmasligi haqidagi va’dasiga qaramay, chaqiriluvchilar Rossiyaning chegaradosh hududlari va anneksiya qilingan Qrimda mudofaa ishlariga faol jalb etilmoqda — bu qo‘shni davlat bilan keng ko‘lamli urush avjiga chiqqan paytda xavfsiz vazifa emas.

2022 yilda «Moskva» raketa kreyseriga berilgan zarba oqibatida 20 nafar muddatli xizmatchi halok bo‘lgan edi. Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk viloyatiga bostirib kirganda, mudofaaning birinchi chizig‘ida aynan muddatli askarlar — chegarachilar bilan birga — turgan edi. Ularda og‘ir qurol-aslaha ham, texnika ham yo‘q edi.

Halok bo‘lgan muddatli xizmatchilarning real soni biz ochiq manbalar (OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi ta’ziyanomalar) orqali aniqlaganimizdan ancha yuqori bo‘lishi tayin.

Umumiy tendentsiyalar

Hozirgi vaqtda biz Ukrainaga bosqin davomida halok bo‘lgan 207 552 nafar rossiyalik harbiyning ismini aniqladik. Bu faqat ochiq manbalar orqali tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlarimizdir.

Barcha qurbonlarning yarmidan ko‘pi (57%) endilikda ko‘ngillilar, safarbar qilinganlar va qamoqxonalardan urushga ketgan mahbuslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu odamlar urush boshlanishidan oldin armiya bilan hech qanday aloqaga ega bo‘lmaganlar.

Rossiya tomonining haqiqiy yo‘qotishlari biz ochiq manbalardan topa olgan raqamlardan ancha yuqori. Harbiy tahlilchilarning fikricha, qabristonlar, memoriallar va nekrologlar orqali olib borilgan hisob-kitoblarimiz haqiqiy qurbonlar sonining 45 foizidan 65 foizigacha bo‘lgan qismini qamrab oladi.

Buning sababi shundaki, so‘nggi oylarda halok bo‘lgan harbiylar jasadlarining katta qismi hali ham jang maydonida qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Ularni olib chiqish dron zarbalari tufayli katta xavf tug‘diradi.

Rossiya tomonidan halok bo‘lganlarning real soni 319 300 dan 461 200 kishigacha bo‘lgan oraliqda bo‘lishi mumkin.

Agar 2022 yil oxirigacha Ukrainaga qarshi o‘zini-o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR bo‘linmalari tarkibida jang qilganlarni ham qo‘shsak, yakuniy raqam sezilarli darajada oshadi.

Ta’ziyanomalar va aloqasi uzilib qolgan jangchilarni qidirish e’lonlarining tahlili bosqinning birinchi yilidayoq bu bo‘linmalardan 21 000 dan 23 500 gacha odam halok bo‘lganini ko‘rsatadi.

Keyinroq halok bo‘lganlar Rossiya yo‘qotishlari tarkibida hisobga olinadi, chunki LDXR bo‘linmalari Rossiya armiyasi tarkibiga kiritilgan.

Natijada, rossiyaparast kuchlarning umumiy yo‘qotishlari 340 300 — 484 700 kishi oralig‘ida bo‘lishi mumkin.

Biz qanday hisoblaymiz?

Rossiyada har kuni halok bo‘lganlarning ismlari va dafn marosimlaridan olingan fotosuratlar e’lon qilib boriladi. Ko‘pincha familiyalarni Rossiya hududlari rahbarlari yoki tuman ma’muriyatlari vakillari, mahalliy OAV va halok bo‘lganlar ilgari ta’lim olgan o‘quv yurtlari, shuningdek, ularning yaqinlari tilga oladi.

Bi-bi-si, «Mediazona» va ko‘ngillilar jamoasi ushbu ma’lumotlarni o‘rganib, ularni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri biz yuritib kelayotgan ro‘yxatga kiritadi.

Biz Rossiyaning rasmiy manbasida yoki OAVda e’lon qilingan ma’lumotlarni, qarindoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini yoki boshqa manbalardagi postlarni, agar ularga dafn etilgan joy fotosuratlari ilova qilingan bo‘lsa, o‘limning tasdig‘i deb hisoblaymiz.

Qo‘shin turlarini biz halok bo‘lgan shaxs qaerda xizmat qilgani haqidagi xabarlarga yoki harbiy kiyimdagi farqlanuvchi belgilariga qarab aniqladik. Safarbar qilinganlar, ko‘ngillilar va mahbuslar alohida qo‘shin turlari hisoblanmaydi, biroq biz ushbu yo‘qotishlarni muntazam armiyaning professional qismlari yo‘qotishlari bilan solishtirish uchun alohida toifaga ajratamiz.

* Rossiya hukumati Olga Ivshinani «xorijiy agentlar» reestriga kiritgan. Bi-bi-si bu qarorga qat’iyan qarshi chiqadi va uni sudda inkor etmoqda.

** «Mediazona» nashri ham Rossiya hukumati tomonidan «inoagent» degan ro‘yxatga kiritilgan.