You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston va dunyo: Eron urushi 2026 yilni og‘ir yilga aylantiradimi?
Oxirgi yillarda yon-atrofdagi mintaqalarga solishtirganda yaxshi iqtisodiy o‘sish kuzatilgan Markaziy Osiyoga 2026 yilda qiyin bo‘lishi mumkin degan bashorat bermoqda Jahon Banki.
Uch mamlakat, uch xil muammo — ammo sabab bitta: Turkmanistonda kartoshka narxi uch barobar qimmatladi, Qirg‘izistonda dehqon o‘g‘it topolmayapti, O‘zbekistonda tadbirkor yukini Yevropaga yuborishning yangi yo‘lini qidirmoqda. Bularning barchasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqirozning mintaqaga yetib kelgan ta’siri.
Jahon bankining aprel oyi boshida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojaro, geosiyosiy keskinlik va savdo aloqalarining buzilishi sababli Yevropa va Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sezilarli darajada sekinlashishi mumkin.
Jahon Banki tahlillariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish 2024 yili 5, 8 foiz, 2025 yilda esa 7 foizni tashkil etdi, bu so‘nggi 14 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Iqtisodiy o‘sish real daromadlarning o‘sishi, pul o‘tkazmalarining ko‘payishi va iste’mol kreditlarining kengayishi tufayli uy xo‘jaliklarining barqaror iste’moli bilan ta’minlandi.
"Oltin narxining yuqoriligi, investitsion faollik, aholi daromadlarining o‘sishi, kreditlash kengayishi va davom etayotgan tuzilmaviy islohotlar tufayli O‘zbekistonda o‘sish 2025 yilda 7,7 foizgacha tezlashdi (2024-yildagi 6, 7 foizdan). Pul o‘tkazmalari hajmi taxminan 37 foizga oshib, 18, 9 milliard dollarga yetdi (YaIMning qariyb 13 foizi), bunda o‘tkazmalarning 78 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi", deydi Jahon Banki.
Jahon Banki 2026 yili iqtisodiy o‘sish sekinlashadi deb kutmoqda.
Bank joriy yilda O‘zbekiston 6, 4 foiz, Tojikiston 6, 5 foiz, Qirg‘iziston 6, 1% o‘sishi mumkin, deb hisoblaydi.
"Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiyadagi iqtisodiy o‘sishning sekinlashuvining salbiy ta’sirini his qilishlari mumkin, biroq oltin narxining yuqoriligi bu ta’sirni qisman yumshatishi mumkin. Shu bilan birga, infratuzilmaga, ayniqsa transport va energetikaga katta investitsiyalar, ehtimol, submintaqada iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi", deya prognoz beradi Jahon Banki.
Bankning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassanining ifodasiga ko‘ra, "bir qancha mamlakatlar tabiiy gaz, neft va o‘g‘itlar importiga bog‘liq bo‘lgani sababli, mintaqaning barqarorligi sinovdan o‘tishda davom etmoqda. Ko‘pgina mamlakatlarda inqiroz oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha sa’y-harakatlar talab etiladi, bunda asosiy e’tibor aholining eng zaif qatlamlarini himoya qilishga qaratilishi lozim".
O‘zbekiston: qimmatlashgan yo‘l va uning oqibatlari
O‘zbekistonda mamlakatning dengiz yo‘llariga chiqish imkoniyatlari cheklangani mamlakat mustaqilligi dastlabki yillaridan muhokama qilinadi va eng oson yo‘l Pokiston va Eron bandargohlariga chiqish ekani aytilib, oxirgi yillarda ana shu yo‘nalishdagi loyihalarga qo‘l urilgan.
Eron urushining ta’siri O‘zbekistonga logistika va savdo xarajatlari orqali sezilayotgani xabar qilinayapti.
Ushbu masala O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan berilgan axborotda ham ko‘tarildi.
Xabar qilinishicha, geosiyosiy vaziyat tufayli o‘zbek tovarlarini Yevropaga jo‘natish ikki barobar qimmatlashib, mamlakat ishlab chiqaruvchilarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, yilning birinchi ikki oyida iqtisodiyot yaxshi ko‘rsatkichlar namoyish etib, sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga o‘sgan. Eksport 3,5 milliard dollarga, jalb qilingan xorijiy investitsiya esa 8,3 milliard dollarga yetgan.
Ammo prezident aynan ushbu ijobiy raqamlar fonida o‘z xavotorini bildirib, bu raqamlar sabab hech kim xotirjam bo‘lib qolmasligi kerakligini aytgan.
Turkmaniston: qo‘shni davlatdagi urush bozor narxlarini qanday o‘zgartirdi?
Turkmaniston — Markaziy Osiyoda Eron bilan bevosita quruqlik chegarasiga ega yagona davlat. Shu sababli Yaqin Sharqdagi keskinlik iqtisodiy jihatdan eng avvalo Ashxobod bozorlarida aks etmoqda. Biroq Turkmanistonning dunyo uchun yopiqligi va axborot olish cheklangani bois, hududdan kelayotgan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali to‘liq tekshirish imkoni yo‘q.
Turkmen.news nashrining Turkmanistondagi qurilish sohasidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, sement, yog‘och, metall va boshqa materiallar narxi o‘rtacha 40 foizga oshgan. Qurilish materiallarining bir qismi Birlashgan Arab Amirliklaridan Eron hududi orqali tranzit sifatida import qilinardi, shuning uchun narxlar o‘sishi tadbirkorlar Gruziya va Ozarbayjon orqali muqobil yetkazib berish yo‘llarini izlashga majbur bo‘layotgani bilan bog‘liq.
"Mamlakatning ichki ishlab chiqarish quvvatlari bo‘lsa-da, Turkmaniston iste’mol bozori Eron importiga qattiq bog‘langan. Mahalliy aholi Eron mahsulotlarini sifat jihatidan afzal ko‘radi. Bundan tashqari, BAAdan keladigan yuklarning asosiy qismi Eron orqali tranzit qilingan. Ushbu yo‘lning cheklanishi tadbirkorlarni Ozarbayjon va Gruziya orqali qimmatroq marshrutlarni tanlashga majbur qilmoqda", - deb yozadi Turkmen.news nashri.
Shuningdek, maqolada narxlar oshishi va ta’minotdagi uzilishlar fonida Turkmaniston hukumati vaziyatni rasman izohlamayotgani, masalan 4 mart kuni o‘tgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida bojxona tizimining "rejali rivojlanishi" muhokama qilinganiga qaramay, chegaradagi inqiroz va bozorlardagi holat tilga olinmagani haqida aytilgan.
Jahon bankining tahliliga ko‘ra, okean orqali dunyoga chiqish imkoni bo‘lmagan va tashqi transport aloqalariga to‘liq bog‘liq Turkmaniston bunday tashqi o‘zgarishlarga mintaqadagi boshqa davlatlarga nisbatan ko‘proq ta’sirlanadi.
Qirg‘iziston: yonilg‘i va o‘g‘it tanqisligi
Qirg‘iziston Neft treyderlari assotsiatsiyasining prezidenti, Qanat Eshatov "Birinchi radio"ga bergan intervyusida mamlakatda neft narxining ko‘tarilishi Yaqin Sharkdagi vaziyatga bog‘liq ekanini, agar vaziyat keskinlashsa, mamlakatda yonilg‘i narxida keskin oshish kuzatilishi mumkinligini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston yonilg‘i sotib oladigan Rossiyaning o‘zida neftь narxi oxirgi o‘n uch yildagi eng yuqori darajaga yetgan.
Uning aytishicha, hozircha Qirg‘izistonda keskin sakrash yo‘q. Ammo zaxira tugagandan keyin vaziyat o‘zgarishi mumkin: hozirda bir dollarga yetmaydigan dizel narxi bir dollar o‘n sakkiz sentga chiqishi ehtimoli bor.
"Bizning kompaniyalar narxni imkon qadar barqaror ushlab turishga harakat qilishadi, chunki bizda bir yarim oylik zaxira mavjud. Ular yoqilg‘ilarni aralashtirib, o‘rtacha narx chiqarishadi. Shu sababli bizda keskin sakrash yo‘q. Masalan, qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistonda narxlar tez sur’atlar bilan ko‘tarilyapti. Hozir Tojikistonda narx bizdagidan 20 somga qimmat, O‘zbekistonda esa 10–12 somga yuqori", — deydi Eshatov.
Yonilg‘i muammosi bilan bir vaqtda Qirg‘izistonda bahorgi ekin mavsumida o‘g‘it yetishmovchiligi ham yuzaga chiqdi.
"Aqchabar" nashrining qishloq xo‘jaligi vazirligidan olgan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning bir mavsumlik o‘g‘itga bo‘lgan ehtiyoji taxminan 182 ming tonna, shundan 96 ming tonnasi azotli o‘g‘itlar. Asosiy yetkazib beruvchi O‘zbekiston, undan keyin Rossiya va Qozog‘iston turadi. Bu aloqalar ko‘p yillar davomida shakllangan va mamlakat agrar sektori uchun ishonchli tayanch bo‘lib kelgan. Ammo bugun ular ham jahon bozorining bosimini his qilmoqda.
Qirg‘iziston Erondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘g‘it sotib olmaydi, biroq Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi inqiroz bilvosita mamlakat qishloq xo‘jaligiga ta’sir ko‘rsatgan. Mutaxasislarning tushuntirishicha, bu yerda gap jahon bozoridagi o‘g‘itning qayta taqsimlanishi haqida ketmoqda.
"Aqchabar" nashrining Kimyolashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Almaz Alakunovga tayanib tushuntirishicha, Hindiston va Xitoy kabi yirik iste’molchilar Eron yo‘nalishi yopilgach, boshqa muqobil yetkazib beruvchilarga yuzlanmoqda. Natijada jahon bozoridagi o‘g‘itning katta qismi "yirik o‘yinchilar" tomonidan sotib olinyapti. Buning oqibatida esa, Qirg‘iziston kabi kichik bozorlarga kelishi kerak bo‘lgan mahsulot oqimi boshqa tomonga burilib ketmoqda va bu ichki bozorda tanqislik hamda narx bosimini yuzaga keltirmoqda.
26 mart kuni Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘g‘it importchilari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Unda asosiy e’tibor bahorgi dala ishlari qizg‘in pallada dehqonlarni mahsulot bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan.
Biroq o‘g‘itni uzoq muddatga zaxira qilib bo‘lmasligi vaziyatni murakkablashtirmoqda. Ularning saqlanish muddati bor-yo‘g‘i 6 oy atrofida. Bu esa qishloq xo‘jaligini "vaqtida yetkazib berish" tizimiga to‘liq bog‘lab qo‘yadi. Bugungi logistika inqirozi sharoitida esa bu bog‘liqlik mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi uchun eng zaif nuqtaga aylandi.
Eslatib o‘tish joizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu birinchi katta sinov emas.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mintaqa iqtisodiga ham pul o‘tkazmalari, tranzit yo‘llari va energiya ta’minoti masalalarida. jiddiy ta’sir ko‘rsatgan edi. Hozirgi Yaqin Sharq inqirozi esa bu sinovni yangi bosqichga olib chiqdi.