Islomobodda AQSh-Eron tinchlik muzokaralari

O'qilish vaqti: 3 daq

Pokiston poytaxti Islomobodga ham AQSh, ham Eron hay’ati yetib bordi.

11 aprel kuni AQSh va Eron o‘rtasidagi urushni to‘xtatish maqsadidagi muzokaralarni o‘tkazishga kelishilgan edi.

Muzokara kuni belgilanganiga qaramasdan, Pokistonga Eron hay’ati borish-bormasligi oxirgi daqiqalargacha noma’lum bo‘lib qoldi.

Islomobodga yetib borgan Eron hay’ati tarkibiga Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi, Mudofaa kengashi kotibi Ali Akbar Ahmadiyon, Eron Markaziy Banki raisi Abdulnosir Himmatiy va Eron parlamentining bir necha a’zosi kirgan.

AQSh hay’atiga Vitse-prezident Jey Di Vens rahbarlik qilmoqda, unga AQSh prezidentining maxsus elchisi Stif Uitkoff, Prezident Trampning kuyovi Javed Kushner hamroh bo‘lishgan.

Eron rasmiylari, jumladan G‘olibofning o‘zi ham, agar o‘zlari qo‘ygan ikki shart - Livanda o‘t ochishni to‘xtatish va muzlatilgan Eron aktivlari ochilmaguncha Amerika bilan muzokara boshlamasliklarini e’lon qilgan edilar.

AQSh bilan Isroil, Livan AQSh-Eron otashkesimi tarkibiga kirmaydi, dedilar.

AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vens "AQSh bilan o‘ynamaslikka chaqirdi".

Reuters agentligi xabar qilishicha, AQSh Eronning Qatar va boshqa mamlakatlar banklarida muzlatib qo‘yilgan mablag‘larini blokdan chiqarishga rozi bo‘lgan.

Ammo Amerika ommaviy axborot vositalariga gapirgan AQSh rasmiylari Eron aktivlari blokdan chiqarilganini rad etdilar.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Islomobodda Eron hay’ati vakillari bilan uchrashgani xabar qilindi.

So‘ng Bosh vazir Shahboz Sharif AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vens bilan uchrashdi.

Eron matbuotining mamlakat rasmiylariga tayanib xabar tarqatishicha, Eron va Amerika hay’ati muzokarasi bir kundan ortiq davom etmaydi.

Ya’ni, 11 aprel tunida hay’atlar o‘z vataniga qaytishi mumkin.

Bi-bi-sining Islomoboddagi muxbiri xabar berishicha, Pokiston global mojaroni hal etishda muhim o‘yinchiga aylanganidan ko‘pchilik faxrlanmoqda.

Ammo Islomobod muzokarasi urush yakuniga yetaklaydigan muhim voqea bo‘ladimi yoki yo‘qligi hamon mavhum bo‘lib turipti.

Eron Amerika oldiga qo‘ygan 10 banddan iborat sulh rejasi, Tramp, "ustida ishlash mumkin", deb ta’riflaganiga qaramasdan, hayotga tatbiq etilishi mumkin vazifa bo‘lishi mumkin.

Chunki 10 band ichiga Eron AQSh o‘ziga yetkazgan zararlarini qoplash talabini ham qo‘ygan, bunga Tramp ma’muriyati rozi bo‘lish-bo‘lmasligi noma’lum.

Eron tarafi muzokarani har lahzada bekor qilishi mumkinligini aytgan.

Ayni paytda Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan neft olib o‘tish hamon cheklanganicha qolmoqda.

Bi-bi-si 10 aprel kuni 19 neft ortilgan kema bo‘g‘ozdan o‘tganini tasdiqladi.

Isroil Livanda "Hizbulloh"ni nishonga olgan zarbalarini davom ettirayapti, Livan rasmiylari 11 aprel kuni mamlakat janubi Nabatiyadagi Zefta shahriga hujumda uch inson halok bo‘lganini xabar qildi.

Shu kunlarda Livan hukumati rasmiylari Vashingtonda Isroil bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida muzokara qilmoqchi ekanliklari xabar qilinmoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating