You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev ham e’tirof etgan tahdiddan odamlarni endi masjidlar ogohlantiradimi?
O‘zbekiston postsovet makonidagi eng yirik musulmon davlati bo‘ladi.
Aholisining soni rasman 38 milliondan oshadi.
Butun mamlakat bo‘ylab masjidlarining soni minglab.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa e’tiborini aynan O‘zbekistondagi masjidlarga qaratgan.
BMT Taraqqiyot dasturi idorasi O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan yangicha hamkorlikka borgan.
Birgalikda mamlakatdagi yuzlab masjidlarda yangicha tajribaga qo‘l urgan.
Bundan maqsad imkon qadar insoniy va moddiy talafotlar oldini olish ekani aytilmoqda.
Masjidlar muammoga eng zo‘r yechimmi?
BMT Taraqqiyot dasturi idorasining ma’lum qilishicha, yangi tajriba O‘zbekistonning qator viloyatlarini qamrab olgan.
Ular sirasida O‘zbekistonning yetti viloyati: Farg‘ona, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent tilga olingan.
Aytilishicha, mazkur viloyatlardagi 300 ga yaqin masjidda innovatsion texnik yechim joriy qilingan.
Odamlar ko‘p yashaydigan joylar yaqinidagi masjidlarga maxsus ogohlantiruvchi moslamalar o‘rnatilgan.
Bu ish favqulodda vaziyatlarda yanada ko‘proq aholini turli xatarlar xavfidan ogoh qilish maqsadida qilingan.
Xalqaro tashkilotning bildirishicha, masjidlarning tashqi ovoz kuchaytirgichlari vazirlikning favqulodda xabarlarini tezda tarqatish imkonini beradi.
Ushbu ma’lumotlarning ko‘pchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini ta’minlaydi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi idorasiga ko‘ra, masjidlar bu ish uchun bekorga tanlanmagan:
- Masjidlar an’anaviy ravishda mahalliy jamoalarga sezilarli ta’sirga ega nufuzli ijtimoiy institutlar sifatida qabul qilinadi.
- Bundan tashqari, masjidlar aholi yashovchi deyarli barcha dahalarda joylashgan.
- 500 dan 2000 metrgacha bo‘lgan masofani qamrab oluvchi yuqori quvvatli tashqi ovoz kuchaytirgichlar bilan jihozlangan.
- Ogohlantirishlar tashqaridan uzatilishi sababli, masjid ichkarisi yoki tashqarisida bo‘lishidan qat’inazar, bu masofadagi barcha uni bevosita eshitishi mumkin bo‘ladi.
Loyiha hisob-kitoblariga ko‘ra, bu 6,5 million kishini qamrab olish imkonini beradi.
Ularning sirasiga ayollar, erkaklar, bolalar va himoyaga muhtoj odamlar ham kiradi.
Bu yo‘lning qo‘shimcha afzalligi shundaki, u hatto uyali aloqa va elektr ta’minotidagi uzilishlar paytida ham odamlarga favqulodda xabarlarni yetkazishga imkon beradi.
BMT Taraqqiyot dasturi idorasining ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi va tabiiy ofatlar xavfi ortib borayotgan hozirgidek bir sharoitda erta ogohlantirish tizimlari insoniy va moddiy talafotlar oldini olishda juda muhim.
Bu hali hammasi emas
BMT Taraqqiyot dasturi idorasining qo‘shimcha qilishicha, bu masalada birgina tashqi ovoz kuchaytirgichlarning o‘zi bilan kifoyalanishmagan.
Mazkur qurilmalardan tashqari, yana odamlar ko‘p yashovchi joylardagi yirik magistral yo‘llar bo‘ylab 28 ta keng hajmli ekranlar ham o‘rnatilgan.
Bu ish ham o‘zlarining ko‘maklarida amalga oshirilgan, Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.
BMT Taraqqiyot dasturi idorasining ma’lum qilishicha, "O‘zbekiston aholisining iqlim bilan bog‘liq xavf-xatarlarga chidamliligini oshirish uchun turli xavflardan erta ogohlantirish tizimini mustahkamlash" loyihasi qo‘shma loyihadir.
Loyihaga o‘zlaridan tashqari yana O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligi ham bosh qo‘shgan.
Uni moliyalash ishlarini esa Yashil iqlim jamg‘armasi ko‘targan.
Aytilishicha, loyiha O‘zbekistonning aholisi zich va iqtisodiy jihatdan muhim sharqiy tog‘li mintaqalarida erta ogohlantirish milliy tizimini suv toshqinlari, sel oqimlari, ko‘chkilar va gidrologik qurg‘oqchilikka e’tibor qaratgan holda modernizatsiya qilish va uni natijalarga yo‘naltirilgan favqulodda xabar berish tizimiga aylantirishga qaratilgan.
O‘zbekiston va global iqlim o‘zgarishi
O‘zbekiston prezidenti o‘tgan yili Turkiy tilli davlatlarning Vengriyada bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitida geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar barobarida aynan iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barcha uchun katta sinov bo‘layotganini aytgan.
2024 yilda esa Shavkat Mirziyoyev o‘zining Bokudagi chiqishida iqlim o‘zgarishlari bugungi kunning asosiy tahdidiga aylanib bo‘lganligini ta’kidlagan.
U bu tahdid geosiyosiy tanglikning kuchayishiga bevosita ta’sir qilayotganini aytgan.
O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini o‘tkir his qilmoqda.
Ular aholining turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida to‘siqqa aylanmoqda.
Kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, ichimlik suvi va resurslaridan foydalanish muammolari kuchaymoqda.
Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, kuzatuvchilar nazdlarida, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori mintaqa bo‘ladi.
Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi asosan qishloq xo‘jaligiga asoslangan, aholisining aksariyati chetda mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.
Markaziy Osiyo aholisining umumiy soni 80 milliondan ortadi, hududi kattaligi jihatdan Yevropa Ittifoqinikiga yaqin, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan va to‘rt yildirki, Tolibon boshqaruvi ostida bo‘lgan Afg‘onistonga chegaradosh.
Ammo hosildor yerlari va suvi kam, suv ustidan urush kelib chiqishidan xavotirlar oshkora bildirilgan, havosining ifloslanishi, qurg‘oqchilik va sahrolashish tobora kuchayishi ehtimoli allaqachon jiddiy tashvishlarni uyg‘otib bo‘lgan, millionlab aholisi ekologik migrantlarga aylanishiga oid bashoratlar yangrab bo‘lgan mintaqa.
Deyarli qurib bitishi insoniyat tarixidagi eng yirik ekologik fojega qiyos berilgan Orol dengizi ham Markaziy Osiyo - O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida joylashgan.
Aksariyat davlatlari tabiiy energiya zaxiralari - neftь va gazga boy.
O‘shanda O‘zbekiston rahbari BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konventsiyasi Tomonlari konferentsiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zlagan.
O‘zbekiston rahbari qator tashabbuslari sirasida Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etishni ham taklif qilgan.
Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2023 yili Dubayda bo‘lib o‘tgan xuddi shunday anjumanida ham barchaning e’tiborini mintaqaga tortgan.
O‘zbekiston prezidenti o‘shanda iqlim muammolari barqaror rivojlanish yo‘lida eng asosiy tahdidga aylanib ulgurganini aytgan.
U bu xavf-xatarlar hatto dunyo geosiyosiy arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatayotganligini ta’kidlagan.
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlari Orol fojeasi tufayli Markaziy Osiyoda ayniqsa sezilayotganini qayd etgan.
Shavkat Mirziyoyev shunday derkan, global xavflar keng mintaqada xatarli nuqtaga yetib kelayotgani bilan ham ogohlantirgandi.