Isroil armiyasi o‘z harbiylari xatti-harakatlarini tekshirmoqda. Xulosa qani?

BBC Verify logotipi tushirilgan kompozitsion tasvir: unda Isroil harbiylari, devorining bir qismi vayron bo‘lgan G‘azodagi bino ichida turgan bola va tutun hamda vayronalar orasida qolgan avtomashina qoldiqlari ko‘k tuslarda aks etgan.
Published
O'qilish vaqti: 8 daq

BBC Verify surishtiruviga ko‘ra, Isroil armiyasi oxirgi uch yilda odamlar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan yuzlab voqealar bo‘yicha tekshiruv boshlaganini aytgan. Ammo bu ishlardan kamida 254 tasi bo‘yicha hozirgacha jamoatchilikka ochiq xulosa e’lon qilinmagan.

BBC Verify sun’iy intellekt yordamida 2023 yil oktyabridan buyon chop etilgan 60 mingdan ortiq xabarni tahlil qildi. Keyin jurnalistlar har bir holatni alohida tekshirib chiqdi.

Natijada IDF tekshirayotganini bildirgan 300 ta voqea aniqlandi. Ularning faqat 28 tasi bo‘yicha tekshiruv natijalari ochiqlangan. Yana 18 ta holatning taqdiri noaniqligicha qolmoqda.

BBC Verify bu ishlar yuzasidan bir necha bor Isroil armiyasiga murojaat qildi. Biroq armiya faqat ikki holat bo‘yicha ma’lumot berib, ular hali ham ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

IDF bayonotida armiya qonun yoki harbiy qoidalar buzilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday da’voni jiddiy qabul qilishi aytilgan.

Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi esa bunday holatlar bo‘yicha tekshiruvlar imkoni boricha ochiq va shaffof o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlaydi.

BBC Verify aniqlagan 254 holatning 158 tasi G‘azoda, 48 tasi G‘arbiy sohilda, 32 tasi Livanda sodir bo‘lgan. Qolganlari Isroil hududida yoki IDF nazoratidagi saqlash joylariga to‘g‘ri keladi.

Bu voqealar 2023 yil 7 oktyabrdan 2026 yil avgustigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Ularning 200 dan ortig‘ida kamida bir kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.

Tekshiruv natijasi e’lon qilinmagan ayrim ishlar 2023 yil oxiridagi voqealarga borib taqaladi.

Shulardan eng qonlilaridan biri 2024 yil avgustda G‘azodagi maktabga berilgan zarba hisoblanadi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, unda kamida 93 kishi, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lgan.

So‘nggi uch yilda IDF ko‘p holatlarda muayyan voqea "tekshirilayotgani" yoki "ko‘rib chiqilayotgani"ni bildirib kelgan. Ammo keyinchalik bu ishlar qanday yakunlangani haqida aksar hollarda ma’lumot berilmagan.

Ayrim ishlar jinoiy tergov bosqichiga ham o‘tkazilgan. Ular orasida besh yoshli Hind Rajabning o‘limi va Falastin Qizil Yarim Oy jamiyatining 15 nafar tez yordam xodimi o‘ldirilgan voqealar ham bor.

IDF voqealarni qanday tekshiradi?

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

IDF odatda o‘z tekshiruvlarining natijalarini, hatto jinoiy tergov ochilgan holatlarda ham, jamoatchilikka ma’lum qilmaydi.

Ochiqlangan holatlarning bir qismi G‘azodagi garovdagilarning Isroil operatsiyalari vaqtida halok bo‘lishi bilan bog‘liq.

Ayrim voqealar bo‘yicha esa armiya tekshiruv boshlanganini faqat BBC Verify yoki boshqa OAV savol berganidan keyingina bildirgan.

2026 yil avgustda IDF G‘azodagi beshta shov-shuvli voqea bo‘yicha hisobot e’lon qildi.

Unda besh yoshli Hind Rajabning o‘limi va 15 nafar falastinlik tez yordam xodimining o‘ldirilishi bo‘yicha ishlar jinoiy tergovga o‘tkazilgani aytildi.

Boshqa uch holatda esa armiya jinoiy ish ochish uchun yetarli asos topmagan. Bu voqealarda World Central Kitchen tashkilotining yetti nafar va Médecins Sans Frontières (Chegara bilmas shifokorlar) tashkilotining to‘rt nafar xodimi halok bo‘lgan edi.

Hisobotga ko‘ra, IDF tarkibidagi maxsus mexanizm urush boshlanganidan beri 150 ga yaqin ishni ko‘rib chiqqan.

Bu materiallar keyingi huquqiy baholash uchun harbiy prokuraturaga yuborilgan.

Biroq armiya aynan qaysi 150 ta voqea haqida so‘z borayotganini ochiqlamagan. Shuningdek, ular BBC Verify aniqlagan holatlar bilan bir xil ishmi yoki boshqami, bu haqda ham izoh berilmagan.

BBC Verify bir necha bor murojaat qilganiga qaramay, armiya tahlilda qayd etilgan 300 ta tekshiruvning hozirgi holati haqida batafsil ma’lumot taqdim etmadi.

IDFning aytishicha, tekshiruv natijalari huquqiy, xavfsizlik va operatsiyalar bilan bog‘liq cheklovlar ruxsat bergan taqdirdagina e’lon qilinadi.

Armiya ma’lum qilishicha, ayrim holatlar jinoiy tergov emas, balki xizmat tekshiruvi tartibida ko‘rib chiqiladi.

Bunday tahlillardan maqsad nima bo‘lganini aniqlash, xatolarni topish va kelgusida shunday holatlar takrorlanmasligi uchun zarur choralarni belgilashdan iborat.

Tekshiruvlar nega shuncha vaqt olyapti?

IDF ma’lum qilishicha, urush davomida armiya qoidalarini buzgan o‘nlab harbiylarga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgan. Ayrimlari jangovar vazifalardan chetlatilgan, ayrimlari esa zaxira xizmatidan chiqarilgan.

Biroq inson huquqlari tashkiloti Yesh Din keltirgan ma’lumotlar tekshiruvlar ko‘lami ancha katta ekanini ko‘rsatadi.

Tashkilotga taqdim etilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan 2024 yil avgustigacha G‘azo bilan bog‘liq 1456 ta holat Isroil armiyasining maxsus tekshiruv mexanizmiga yuborilgan.

Ulardan faqat 12 tasi bo‘yicha tekshiruv yakunlanib, harbiy prokuraturaga o‘tkazilgan. Shu ishlardan ikkitasida jinoiy tergov boshlangan.

2006 yildan beri harbiy tergovlarni kuzatib kelayotgan Yesh Din tadqiqotchisi Den Ouenning fikricha, ayrim tekshiruvlar ataylab cho‘zib yuboriladi.

"Jarayonlar odamlar bu voqealarni unutib qo‘yguniga qadar uzaytiriladi", deydi u.

Oksford universiteti professori Yanina Dill esa Jeneva konventsiyalariga ko‘ra, har qanday davlat o‘z harbiylari tomonidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklarni tergov qilishi shartligini aytadi.

"Bu xalqaro huquqning eng asosiy talablaridan biri", deydi u.

Dillning ta’kidlashicha, bunday tergovlar tezkor, chuqur va xolis o‘tkazilishi kerak.

Biroq Isroil Demokratiya instituti vakili, IDFning sobiq huquqshunosi Eran Shamir-Borer bu ishlar amalda ancha murakkab kechishini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush ketayotgan hududlarda dalil to‘plash qiyin. Ayniqsa, to‘liq nazorat qilinmaydigan va jangovar harakatlar davom etayotgan joylarda voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash oson emas.

Shamir-Borer yana bir jihatga e’tibor qaratadi: "Urush vaqtida o‘z harbiylaringizni tergov qilish hech qaerda ommabop qaror hisoblanmaydi".

Shu bilan birga, u Isroil armiyasi tekshiruvlar haqida jamoatchilikka ko‘proq ma’lumot berishi kerak deb hisoblaydi.

"Turli ayblovlar bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ko‘proq axborot berish faqat foyda keltiradi", deydi u.

G‘azo

2023 yil 7 oktyabrda Hamas boshchiligidagi qurolli guruhlarning Isroilga hujumida taxminan 1200 kishi halok bo‘ldi, 251 kishi esa garovga olindi.

Shundan keyin Isroil armiyasi G‘azoda keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshladi. Isroil bu operatsiyalardan maqsad garovdagilarni ozod qilish va Hamasni yo‘q qilish ekanini aytib kelmoqda.

Hamas nazoratidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri G‘azoda 74 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

Bu yillar davomida BBC Verify G‘azodagi bir qator bahsli voqealar bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazdi. Ular orasida tez yordam xodimlarining o‘ldirilishi, gumanitar yordam kutayotgan odamlarning halok bo‘lishi, minglab binolarning vayron qilinishi va Isroil harbiylarining ehtimoliy qonunbuzarliklari haqidagi da’volar bor.

Urush boshlanganidan ikki oy o‘tib, 2023 yil dekabrida G‘azodagi yagona katolik cherkovida ikki ayol otib o‘ldirildi.

Quddus Lotin patriarxati ma’lumotiga ko‘ra, Muqaddas Oila cherkovi hududidagi snayper o‘qi oqibatida Nahida Anton va uning qizi Samar Anton halok bo‘lgan.

Keyinchalik IDF bu voqea tekshirilayotganini ma’lum qildi.

Nahida va Samar Anton panjara oldida yonma-yon turib, kameraga tabassum bilan qarab o‘tirishgan. Ikkalasi ham mayda oq nuqtali qora kofta kiygan. Samarning bo‘ynida esa oltin zanjir va oltin taqinchoq bor.
Surat tagso‘zi, Nahida va Samar Anton 2023 yil dekabr oyida G‘azoda Isroil harbiylari o‘qi oqibatida halok bo‘lgan.

BBC Verify bu voqea haqida so‘raganida, Isroil armiyasi dastlabki tekshiruv harbiylar cherkov atrofida aniqlangan tahdidga qarshi operatsiya olib borganini ko‘rsatganini aytgan.

O‘sha paytda IDF voqea yuzasidan to‘liq tekshiruv davom etayotganini ham bildirgan edi.

2025 yil sentyabrida BBC Verify ishning qay darajaga yetganini yana so‘raganida, armiya tekshiruv hali yakunlanmaganini ma’lum qildi.

Oradan qariyb uch yil o‘tganiga qaramay, Nahida va Samar Antonning o‘limi bilan bog‘liq ish hozir ham yopilmagan.

So‘nggi so‘rovga javoban IDF murakkab voqealar bo‘yicha dalillarni yig‘ish va tekshirish ko‘p vaqt talab qilishini bildirdi.

Armiyaning ta’kidlashicha, tekshiruv jarayoni belgilangan muddatlarga ulgurish uchun tezlashtirilmaydi va qisqartirilmaydi.

Maktabga qilingan qonli hujum

Qizil futbolka kiygan bola maktab binosi ichidagi vayronalar va har tarafga sochilib yotgan simlar orasidan o‘tib bormoqda. U ko‘k rangli devoriy rasm chizilgan devor oldidan yurib ketyapti.
Surat tagso‘zi, Falastinliklar 2024 yil avgust oyida "At-Tabaiyn" maktab binosiga qilingan Isroil hujumidan keyingi vayrongarchilik oqibatlarini ko‘zdan kechirmoqda.

Haligacha yakunlanmagan tekshiruvlardan eng shov-shuvlilaridan biri 2024 yil avgustda G‘azo shahridagi Tabaiyn maktabiga berilgan havo zarbasidir.

Hamas nazoratidagi fuqarolik mudofaasi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, maktab majmuasi va uning yonidagi masjidga qilingan hujumda kamida 93 kishi halok bo‘lgan. Ular orasida ayollar va bolalar ham bo‘lgan.

Hujum vaqtida bu yerda uy-joyini tark etgan yuzlab falastinliklar yashab turgan edi. Zarba tong namozi paytida berilgan.

BBC tasdiqlagan videolarda qutqaruvchilarning vayronalar orasida tirik qolganlarni qidirayotgani aks etgan. Suratlarda esa qon izlari, qurilish qoldiqlari va sochilib yotgan kiyim-kechaklar ko‘rinadi.

BBC Verify bilan suhbatlashgan mutaxassislar hodisa joyida topilgan parchalar AQSh tomonidan Isroilga yetkazib berilgan GBU-39 rusumli boshqariladigan bombaga tegishli bo‘lishi mumkinligini aytgan.

O‘sha paytda Isroil armiyasi maktab hududida Hamasning qo‘mondonlik markazi joylashganini bildirgan.

IDF ma’lumotiga ko‘ra, hujumda 31 nafar Hamas jangarchisi o‘ldirilgan.

Armiya shuningdek qurbonlar soni haqidagi xabarlar o‘z ixtiyoridagi ma’lumotlarga mos kelmasligini bildirgan.

Oradan ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, IDF ma’lum qilishicha, bu voqea bo‘yicha tekshiruv hali ham davom etmoqda.

G‘arbiy sohil

Qora ko‘ylak va binafsha rangli ro‘mol kiygan ayol qora kiyimdagi qizchaning qo‘lidan ushlab turibdi. Atrofda yana uch nafar qora libosli qiz ko‘rinadi. Ulardan biri binafsha, yana biri qora ro‘mol o‘ragan. Hammasi yig‘lab turibdi.
Surat tagso‘zi, 2024 yil sentyabrida bosib olingan G‘arbiy sohilda 16 yoshli falastinlik Lujayn Muslehning janozasi paytida ayollar va qizlar motam tutmoqda.

BBC Verify Isroil armiyasi tekshiruv olib borayotgan G‘arbiy sohildagi o‘nlab holatlarni ham o‘rgandi.

Isroil 1967 yildan beri G‘arbiy sohilni nazorat qilib keladi. Bu yerda qurilgan yahudiy manzilgohlari xalqaro huquq bo‘yicha noqonuniy deb hisoblanadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan beri G‘arbiy sohilda Isroil kuchlari amaliyotlari oqibatida 1000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan.

BBC Verify tahlil qilgan 50 dan ortiq tekshiruvning yarmidan ko‘pida ayollar yoki bolalar jabrlangan.

Shunday holatlardan biri 2024 yil sentyabrida Jenin yaqinida sodir bo‘lgan.

O‘sha paytda 16 yoshli Lujayn Musleh ismli qiz Isroil harbiy operatsiyasi vaqtida o‘qqa uchib halok bo‘lgan.

Qizning otasi aytishicha, askarlar qo‘shni uyni o‘rab turgan vaqtda Lujayn derazadan tashqariga qaragan va boshidan o‘q yegan.

Isroil armiyasi esa operatsiya vaqtida qurollangan shaxslar harbiylarga o‘q uzganini bildirgan.

IDF ma’lumotiga ko‘ra, askarlar o‘qqa javob qaytargan hamda o‘zlarini kuzatayotgan gumonlangan shaxsga ham o‘t ochgan.

Armiya voqea yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan, ammo BBC Verify surishtiruviga ko‘ra, bu ish bo‘yicha ham hozirgacha ochiq xulosa e’lon qilinmagan.

Livan

Kompozitsion tasvir. Chapdagi suratda Livanning Almat shaharchasiga qilingan Isroil zarbasidan keyin vayron qilingan bino oldidagi xarobalar ko‘ringan. Orqa fonda daraxtlar tasvirlangan. O‘ngdagi suratda esa tog‘ tizmasi fonida sariq ekskavator ulkan vayronalar uyumini kovlab, qidiruv ishlarini olib bormoqda.
Surat tagso‘zi, 2024 yil noyabrida Almat shaharchasiga berilgan Isroil zarbasidan keyingi manzara.

BBC Verify Livanda odamlar halok bo‘lgan yoki jabrlangan holatlarga oid qariyb 40 ta IDF tekshiruvini ham aniqladi.

2023 yil 7 oktyabrdan keyin Hizbulloh Hamasni qo‘llab-quvvatlab, Isroil hududiga raketalar uchira boshladi. Bundan so‘ng Isroil Livanda bir necha bor keng ko‘lamli harbiy operatsiyalar o‘tkazdi.

Livan rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, bu to‘qnashuvlar davomida mamlakatda 4000 dan ortiq odam halok bo‘lgan.

BBC Verify o‘rgangan holatlardan biri 2024 yil noyabrida Biblos shahri yaqinida sodir bo‘lgan.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil zarbasi oqibatida 23 kishi, jumladan yetti nafar bola halok bo‘lgan.

BBC tasdiqlagan videolarda vayron bo‘lgan binolar va xarobalar orasidan tutun ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin.

O‘sha paytda Isroil armiyasi zarba Hizbulloh foydalanayotgan va qurol saqlanayotgan ob’ektga qaratilganini bildirgan.

IDF bu voqea bo‘yicha ham tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan. Ammo BBC Verify surishtiruviga ko‘ra, uning natijalari hozirgacha jamoatchilikka e’lon qilinmagan.

Tekshiruvlar nega uzoq davom etmoqda?

Bu masala bo‘yicha mutaxassislar fikri bir xil emas.

Isroil armiyasi bilan yaqin hamkorlik qilgan Reding universiteti professori Maykl Shmittning aytishicha, qonunbuzarlik haqidagi har bir da’vo albatta jinoiy tergov ochilishini anglatmaydi.

Uning fikricha, tekshiruv tafsilotlari har doim ham oshkor qilinmaydi. Chunki bu ma’lumotlar armiyaning taktikasi yoki harakat usullari haqida tasavvur berishi mumkin.

Shmittning ta’kidlashicha, hatto tergov o‘tkazilgan taqdirda ham uning ayrim qismlari maxfiy qolishi tabiiy hol.

Ammo boshqa ekspertlar bu izohlarni yetarli deb hisoblamaydi.

Oksford universiteti professori Yanina Dillning aytishicha, operatsiya boshlanganiga uch yil bo‘lgan ekan, kamida ayrim tekshiruvlar allaqachon yakunlanishi kerak edi.

Uning fikricha, Isroil xalqaro hamjamiyat tanqidlariga javoban ko‘pincha mamlakatda qonun ustuvorligi amal qilishi va ayblovlar mustaqil tarzda tekshirilishini ta’kidlab keladi.

Biroq Dill ogohlantirishicha, agar hujjatlashtirilgan hodisalar bo‘yicha tergovlar uzoq vaqt davomida natijasiz qolsa yoki umuman yakunlanmasa, bu Isroilning o‘z tizimi orqali hisobdorlikni ta’minlash qobiliyati haqidagi savollarni kuchaytiradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tekshiruvlarning cho‘zilishi Isroil o‘z harakatlarini mustaqil ravishda tergov qila oladi, degan da’volarga shubha uyg‘otishi mumkin.

BBC Verify bu xulosaga qanday keldi?

BBC Verify 2023 yil oktyabridan 2026 yil avgustigacha G‘azo, G‘arbiy sohil va Livan haqida chop etilgan 61 mingdan ortiq BBC News va Reuters xabarlarini tahlil qildi.

Sun’iy intellekt yordamida Isroil armiyasi odamlar halok bo‘lgan yoki jarohatlangan voqealar bo‘yicha tekshiruv boshlanganini bildirgan holatlar ajratib olindi.

Dastlab qariyb 5 mingta material aniqlangan. Keyin jurnalistlar ularning har birini qo‘lbola tarzda tekshirib chiqdi.

Bu jarayondan so‘ng IDF tekshirayotganini aytgan 1343 ta xabar qoldi. Ular orasida bir xil voqea haqidagi takroriy materiallar ham bo‘lgani uchun BBC Verify ularni qayta saraladi.

Natijada tahlil uchun 300 ta alohida voqea tanlab olindi.

Jurnalistlar har bir holat bo‘yicha sana, joy va qurbonlar haqidagi ma’lumotlarni qayta tekshirib, so‘ng ularni Isroil armiyasiga yubordi.

BBC Verify IDFdan har bir tekshiruvning hozirgi holati haqida ma’lumot so‘radi. Biroq armiya qaysi ishlar yakunlangani haqida aniq javob bermadi.

Shundan keyin BBC Verify IDF rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotlarni ham o‘rgandi.

Tahlil davomida 28 ta holat bo‘yicha tekshiruv yakunlanganini ko‘rsatuvchi ma’lumotlar topildi. Yana 18 ta ish bo‘yicha tekshiruv tugagan yoki tugamagani noaniqligicha qoldi.

Qolgan kamida 254 ta holatda esa Isroil armiyasi tekshiruv boshlanganini aytgan bo‘lsa-da, uning natijalari haqida jamoatchilikka ochiq ma’lumot topilmagan.

BBC Verify ta’kidlashicha, bu to‘liq ro‘yxat emas. Shuning uchun tahlilga kirmagan boshqa tekshiruvlar ham bo‘lishi mumkin.

Materialni tayyorlashda Barbara Mettsler ham ishtirok etgan.