O‘zbekiston Xitoydan qiruvchi oldimi?

Surat manbasi, EPA
Bu savolga javob O‘zbekistonni hali Sovet zamonidan qurol-yarog‘ bilan ta’minlab kelgan Rossiyani "xafa qilmasligi kerakligi"ni rasmiy Toshkent ham, Pekin ham yaxshi anglaydi.
Shu kunlarda harbiy mavzuga ixtisoslashgan qator xalqaro nashrlar bir savol bilan tahliliy maqolalar e’lon qildilar: O‘zbekiston Xitoydan qiruvchi samolyot oldimi?
Ayrim nashrlarda O‘zbekiston Xitoyning Chengdu J-10CE qiruvchi uchoqlarini olgani haqida xabarlar, ijtimoiy tarmoqlarda postlar tarqalgan, ammo hozircha buni tasdiqlaydigan keng ommaga imkonli dalillar mavjud emas.
Na O‘zbekiston, na Xitoy rasmiylari bu xabarni tasdiqladilar.
Bir oycha oldin Defence Security Asia nashriga tayanib O‘zbekistondagi Daryo.uz O‘zbekiston to‘rtta J-10CE qiruvchi samolyotini olgani xabari yuzasidan O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga so‘rov yuborgan, lekin hozircha vazirlik javobi e’lon qilinganicha yo‘q.
Air Data News nashriga ko‘ra, so‘nggi paytlarda ayrim mudofaa nashrlari birinchi J-10CE samolyotlari O‘zbekistonga yetib borgani haqida yozganlar.
Biroq O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari nishonlari tushirilgan samolyotlar suratlari yoki ularning O‘zbekiston aerodromlarida turganini ko‘rsatadigan tasvirlar e’lon qilingani yo‘q.
Xitoydagi harbiy zavodda 204, 205 va 206 bilan raqamlangan eksport uchun ishlab chiqarilgan J-10CE samolyotlarining suratlri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ulgurgan.
Ammo bu qiruvchilar qaysi davlat uchun mo‘ljallangani aniqlanmagan.
Ehtimoliy xaridorlar sifatida O‘zbekiston, Misr va Indoneziya tilga olingan.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayrim kuzatuvchilar 101X va 102X seriyali J-10 samolyotlari O‘zbekistonga topshirilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.
O‘zbekiston bir necha yildan beri eski Sovet davridagi "MiG-29" va "Su-27" qiruvchi uchoqlarini almashtirish variantlarini ko‘rib chiqayotgani haqiqat.
Harbiy ekspertlarga ko‘ra, avval boshida O‘zbekiston Xitoy va Pokiston hamkorligida ishlab chiqarilgan JF-17 Block III samolyotlariga qiziqish bildirgan, keyinroq esa e’tibor Xitoyning J-10CE qiruvchi uchog‘i tomon ko‘chgan.
J-10CE Xitoy armiyasi foydalanayotgan J-10Cning eksport talqini hisoblanadi.
U AESA radiolokatori va uzoq masofali PL-15E havo-havo raketalari bilan jihozlanishi mumkin.
Ko‘pchilik Hindistonning hali SSSR zamonidan Rossiyaning harbiy xaridori ekanini yaxshi biladi, eng oxirgi marta 2024 yil oxirida Hindiston Rossiyadan 12 ta "Suxoy" qiruvchi samolyotini sotib olish haqida shartnoma imzolagan.
Ammo o‘tgan yil may oyida Pokiston bilan Hindiston o‘rtasida kelib chiqqan qisqa muddatli harbiy mojaroda Pokistonning J-10 qiruvchi uchog‘i uchuvchilari Hindistonning "Rafale" va "Su" samolyotlarini urib tushirgani J-10 qiruvchilariga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirgan.
Natijada G‘arb yoki Rossiya samolyotlarini xarid qilishni rejalashtirgan boshqa mamlakatlar ham Xitoyning J-10CYe qiruvchi uchog‘iga jiddiy muqobil sifatida qaray boshlaganlar.
Bitta J-10CYe samolyotining bahosi shu kecha-kunduzda 40–50 million dollari atrofida deb ko‘riladi.
Bu narx G‘arbning 4+ avlod qiruvchilaridan ancha arzon hisoblanadi, misol uchun, bir "Rafale"ning (100-130 million dollar atrofida) puliga Xitoy qiruvchisidan bir nechtasini sotib olish mumkin.
Ukraina urushi Rossiya harbiy texnikasining ilg‘or va qoloq jihatlarini "kashf qildi".
Ayni paytda oddiy tugmadan tortib to fazo raketalarigacha o‘zida ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirgan Xitoy jahonga muqobil "brend"larini taklif eta boshladi.
So‘nggi tadqiqotlar Xitoy harbiy dengiz floti AQShnikidan ham o‘zib ketganini ko‘rsatadi.






























