Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi: Hozir Toqaevning birinchi muddati

Qozog‘iston Prezidenti Toqaev

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudiga ko‘ra, mamlakatda qabul qilingan yangi konstitutsiyaga binoan Prezident Toqaev muddati ham nollashadi.

Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudining qarori 7 iyul kuni e’lon qilindi.

Bu qarorga ko‘ra, Prezident Qosim-Jomart Toqaevga o‘tgan hafta kuchga kirgan yangi Konstitutsiyaga muvofiq mamlakat rahbari sifatida yana bir muddatga nomzodini qo‘yish huquqi berildi.

Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi qarori amalda Toqaev uchun hisobni yana boshidan boshlaydi.

Avvalroq, Prezident Toqaevning muddati 2022 yilda Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritilganidan keyin hisoblanadigan yagona yetti yillik prezidentlik muddati bilan cheklangan edi.

2019 yilda Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboevning vorisi sifatida prezidentlik lavozimini egallagan Toqaev Konstitutsion suddan xulosa berishni shaxsan o‘zi so‘ragan edi.

Qozog‘iston joriy yil boshida yangi Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqdi va tasdiqladi.

2026 yil 15 martida yangi konstitutsiyaga bag‘ishlangan referendum o‘tkazildi.

Referendumda ko‘pchilik yangi konstitutsiyani ma’qullab ovoz bergani xabar qilindi.

Sobiq rahbar Nazarbaev (chapda) 2022 yilda uning vorisi Toqaev (o‘ngda) tomonidan siyosatdan chetlashtirilgan edi

Surat manbasi, AKORDA

Surat tagso‘zi, Prezident Toqaev 2019 yili sobiq prezident Nazarboevning vorisi sifatida hokimiyatga kelgan

Konstitutsiyani o‘zgartirish masalasi kun tartibiga qo‘yilishi bilan Toqaevning siyosiy kelajagi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasiga ko‘ra, prezidentlar uchun yagona yetti yillik muddat cheklovi saqlab qolinadi.

Biroq sud qaroriga ko‘ra, avvalgi konstitutsiya davrida o‘talgan muddatlar mazkur cheklov hisobidan o‘rin olmaydi.

Prezident Toqaev yangi muddat uchun navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida qatnashishi kerakmi yoki eski konstitutsiya asosida 2029 yilgacha o‘z vakolat muddatini davom ettiradimi, bu savolga hozircha Qozoq rasmiylari aniq javob berganlari yo‘q.

Prezident Toqaev yetti yillik prezidentlik muddati nihoyasiga yetganidan keyin ortiq nomzodini ilgari surish niyati yo‘qligi haqida aytgan edi.

Iqtibos

Yangi Konstitutsiya vitse-prezident lavozimini joriy etadi va parlamentni kichikroq, bir palatali qonunchilik organiga aylantiradi.

Qozog‘istonda navbatdan tashqari parlament saylovi shu yil 23 avgustga belgilangan.

Sobiq sovet diplomati va BMTning yuqori lavozimli amaldori bo‘lgan Toqaev 2019 yilda Nazarboevning o‘rniga prezident bo‘lishidan oldin Qozog‘iston bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri lavozimlarida ishlagan.

U 2022 yil yanvar oyida Qozog‘istonda ro‘y bergan va yuzlab odamlar halok bo‘lgan tartibsizliklardan keyin sobiq prezident Nazarboev bilan yo‘llarini ajratdi.

Prezident Toqaev bu voqealarni Nazarboevga sodiq kuchlar tomonidan tashkillashtirilgan davlat to‘ntarishiga urinish deb ta’riflagan.