O‘zbekiston: Biznes uchun yangi imtiyozlar e’lon qilindi. Byurokratiya va jarimalar soyasidagi tadbirkorlar hikoyasi (Video)

Surat manbasi, Rasmiy
18 avgust kuni Xorazmda tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi choralarni e’lon qildi. Hukumat yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan, eksportni esa 40 milliard dollardan oshirishni maqsad qilgan. Biroq ayrim kuzatuvchilar fikricha, iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyati nafaqat imtiyozlar, balki qonun ustuvorligi va sud tizimiga bo‘lgan ishonchga ham bog‘liq.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda kichik biznes uchun bir qator yengillik va imtiyozlarni e’lon qildi. Ularga ko‘ra, kichik biznes faoliyatini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etiladi, jarimalar qisqartiriladi va tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakat bu yil yalpi ichki mahsulot hajmini 180 milliard dollardan, eksportni esa 40 milliard dollardan oshirishni maqsad qilgan.
Davlat rahbari nutqida mehnat migratsiyasi masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning fikricha, iqtisodiy o‘sish va yangi ish o‘rinlari yaratilishi hisobiga o‘zbekistonliklar chet elga ish izlab ketishga majbur bo‘lmasligi kerak.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Biroq ayrim kuzatuvchilar iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun imtiyozlarning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlamoqda.
Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov prezidentning mehnat migratsiyasi haqidagi bayonotlarini muhim qadam deb baholaydi.
Uning aytishicha, avvalgi yillarda mehnat migratsiyasi muammosi rasmiy darajada deyarli tan olinmagan bo‘lsa, so‘nggi yillarda bu masala davlat siyosati darajasida muhokama qilinmoqda.
"Muammoni yechish uni tan olishdan boshlanadi. Mirziyoyev davrida migratsiya masalasining tan olinayotgani yechimning yarmi deyish mumkin", deydi Tashanov.

Surat manbasi, Abdurahmon Tashanov
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Biroq u iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish yoki biznesga qo‘shimcha imtiyozlar berishning o‘zi yetarli bo‘lmasligini ta’kidlaydi.
Abdurahmon Tashanov fikricha, iqtisodiyot va tadbirkorlikning rivojlanishi ko‘p jihatdan sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonch bilan ham bog‘liq.
"Albatta, birdaniga mo‘’jiza ro‘y berishi qiyin. Lekin shunga qaramasdan, bu yerda prezidentning gaplari va iddaolaridan tashqari, sud tizimi ham shu darajada adolatli bo‘lishi kerak. Hozir afsuski, bizda ommada, ayniqsa tadbirkorlarning ko‘pchiligida, sud tizimiga ishonch yo‘q", deydi u.
Faolning ta’kidlashicha, har qanday tadbirkor faoliyati davomida huquqiy nizolarga duch kelishi mumkin. Bunday vaziyatlarda esa sud qarorlaridan norozi bo‘layotgan tadbirkorlar kam emas.
Uning fikricha, investorlarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash masalasi ham bevosita qonun ustuvorligi va sud tizimining mustaqilligi bilan bog‘liq.
Abdurahmon Tashanov prezident tomonidan e’lon qilingan uch yillik moratoriy va boshqa yengilliklarni ijobiy baholaydi. Biroq uning fikricha, bu choralar ehtimoliy suiiste’mollardan himoyalangan bo‘lishi kerak.
"Moratoriylarning e’lon qilinishi yaxshi. Lekin moratoriylarni suiiste’mol qiladigan guruhlar ham paydo bo‘lishi mumkin. Ularni birinchi navbatda korruptsion doiralar suiiste’mol qiladi. Shuning uchun bu yerda qonun ustuvor bo‘lishi juda muhim. Prezident tashabbusi, albatta, tadbirkorlar uchun ijobiy qadam. Lekin bu sa’y-harakatlar to‘liq yetarli emas, deb o‘ylayman", deydi u.
Bu yerda prezidentning gaplari va iddaolaridan tashqari, sud tizimi ham shu darajada adolatli bo‘lishi kerak.

Surat manbasi, Shoiraxon Karimova
Farg‘ona viloyatidagi "Shoxon Shoirabegim" MChJ rahbari va "IT PARK HUB" o‘quv markazi tashkilotchisi Shoiraxon Karimovaning fikricha, so‘nggi yillarda tadbirkorlik uchun imkoniyatlar kengaygan bo‘lsa-da, biznes vakillari hali ham qator amaliy muammolarga duch kelmoqda.
Shoiraxon Karimovaning aytishicha, u ayol tadbirkor sifatida faoliyatining dastlabki yillarida turli to‘siqlarga uchragan.
"Bu to‘siqlarni yengib o‘tishim uchun besh yil vaqt kerak bo‘ldi. Shu davr mobaynida huquqiy bilimlarimni oshirdim", deydi u.
Uning fikricha, bugungi kunda tadbirkorlar uchun eng dolzarb muammolardan biri kadrlar yetishmasligi hisoblanadi.
Tadbirkorning aytishicha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tashqi raqobat bosimiga ham duch kelmoqda. Xususan, milliy naqsh va uslub elementlaridan foydalanilgan mahsulotlarning arzon nusxalari Xitoyda ishlab chiqarilishi mahalliy biznes uchun qo‘shimcha raqobat yaratmoqda.
Shoiraxon Karimovaga ko‘ra, O‘zbekiston korxonalari texnologiya jihatidan ba’zi mamlakatlardan orqada qolsa-da, mahsulot sifati, uni ishlab chiqarishda tabiiy materiallardan foydalanilishi va o‘ziga xosligi bo‘yicha ustunliklarga ega.
"Bizning mahsulotlarimiz sifat darajasi va unikalligi bilan ajralib turadi", deydi u.
Samarqand viloyatining Narpay tumanidagi "Barkamol Tanxo" korxonasi rahbari Oyxon Davlotova keyingi yillarda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlari ancha yengillashganini aytadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval tadbirkorlar korxona ochish uchun oylab hujjat yig‘ib yurishga majbur bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda bu jarayon bir necha kun ichida amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Oyxon Davlotova tadbirkorlar uchun hamon dolzarb bo‘lib qolayotgan ayrim muammolar borligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, soliq va kredit masalalari biznes vakillarini jiddiy tashvishga solmoqda.
"Hozirgi sharoitda tadbirkorlar uchun eng og‘riqli masalalardan biri soliq sohasi. Kompyuterlar ishlamay qolsa, hisobot bir kunga kechiksa ham 3 million 440 ming so‘m jarima qo‘yiladi. Shu sababli mening ham 5-6 ta qarzdorligim qolgan. Ba’zan tizimlar ishlamay qoladi, lekin buning uchun hech kim javob bermaydi", deydi u.
Tadbirkorning aytishicha, yuqori foizli kreditlar ham biznes rivojiga to‘siq bo‘lmoqda.

Surat manbasi, Mexridinov Sherbek
"Kredit foizi katta. Uning foizini to‘lash bilan firmada qiyinchilik bo‘lib qoladi, biz uni qanday to‘laymiz? Foizlari bilan yana bankrot bo‘lib ketamiz", deydi Oyxon Davlotova.
Prezident tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlarni ijobiy baholagan Oyxon Davlotova, ularning ijrosi joylarda to‘liq ta’minlanmayotganini ham qayd etadi.
"Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar uchun juda ko‘p qarorlar qabul qiladi. Lekin bularning hammasi ham amalda inobatga olinmaydi. Pastdagilar ko‘p hollarda o‘z bilganini qiladi", deydi u.
Uning fikricha, qarorlarni amalga oshirish jarayonida tadbirkorlarning o‘zi faol ishtirok etsagina kutilgan natijaga erishish mumkin.
Oyxon Davlotova shuningdek, tadbirkorlar bilan davlat rahbariyati o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish zarurligini ta’kidlaydi.
"Tadbirkorlar uyushmasi, hokimiyat emas, bular bir sepochka, ularning qilgan ishini prezidentimiz bilmaydi. Uch oyda bir marta bo‘lsayam, onlayn orqali e’lon berib, yuragida o‘ti bor tadbirkorlarni, hokimiyat tanlaganlarni emas, o‘zi sarson-sargardon bo‘lib, bor narsasini yo‘q qilib yurgan tadbirkorlarni eshitsa, O‘zbekistonimizda katta o‘zgarish bo‘ladi", deydi u.

Surat manbasi, Dima Qayum
Rishtonlik tarmoq faoli Dima Qayum o‘z tajribasidan kelib chiqib fikr bildirishicha, kichik va o‘rta tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar hali ham ko‘p.
Uning aytishicha, birinchi navbatda tadbirkorlar uchun energiya ta’minoti muhim ahamiyatga ega. U shunday dedi: "Davlatimiz rahbari bilan suhbatlashishga muyassar bo‘lsam, albatta tadbirkorlarni qiynayotgan, asosan kichik va o‘rta tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni aytgan va yanayam yengillik so‘ragan bo‘lardim".
"Eng birinchi o‘rinda kichik tadbirkor va hunarmandlar uchun tabiiy gaz va elektr energiyani uzluksiz berishlarini va nisbatan arzon narxlarda berishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim", deydi u.
Uning fikricha, soliq va kredit masalalari ham kichik biznes vakillari uchun jiddiy ahamiyatga ega.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Deylik, boshlang‘ich mablag‘i juda kichik bo‘lgan, qishloqlardagi tadbirkorlar uchun bir yil yoki ikki yil soliq to‘lamaslik va ularga jarima qo‘llamaslikni so‘rab qolardim", deydi Dima Qayum.
"Yana bir jihati, albatta, kredit. Xohlardim, chekka hududlardagi hunarmandlar, kichik tadbirkorlar va chorvadorlarga yaxshiroq imtiyozlar berilishini. Eng boshlang‘ich, kichik tadbirkorlarga foizsiz va qaytarib berish sharti bilan ssuda berishlarini so‘rab qolardim va 100 milliondan boshlab, shundan pastini boshlang‘ich tadbirkorlarga ssuda asosida berishsa, shunda tadbirkorlik rivojlanadi".






























