«G‘alaba nazariyasi». Rossiya hujum qilgan taqdirda NATO qanday javob qaytarmoqchi? Beshta asosiy savol

Surat manbasi, EPA
- Author, Pavel Aksenov, Svyatoslav Xomenko
- Role, BBC rus xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 11 daq
Agar Rossiya NATOga a’zo davlatlardan biriga hujum qilsa, alyans uni dastlabki bosqichdayoq to‘xtatishga va mojaroni mahalliy darajada ushlab qolishga harakat qiladi. Agar buning imkoni bo‘lmasa, Rossiyaning harbiy amaliyotlarini ta’minlab turgan kuchlar va zaxiralarga zarba beradi.
Bu qoidalar «G‘alaba nazariyasi» deb nomlangan kontseptsiyada belgilangan. U Rossiyani tiyib turish va Moskva hujum qilgan taqdirda NATO qurolli kuchlaridan qanday foydalanishni nazarda tutadi.
Ushbu kontseptsiyani hafta boshida NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni general Aleksus Grinkevich taqdim etdi.
Bi-bi-si mazkur kontseptsiyani o‘rganib chiqdi va Shimoliy Atlantika alyansi hozir qanday urushga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida hikoya qiladi.
«Men harbiy mojaro muqarrar yoki u yaqin orada boshlanadi, deb hisoblamayman. Bunday emas», — dedi general Aleksus Grinkevich Varshavadagi xavfsizlik forumida so‘zga chiqar ekan.
U o‘z nutqida biror marta ham «Rossiya» so‘zini tilga olmadi. Biroq uning gaplari mazmuni va nutq so‘zlangan vaziyat Rossiyadan kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tahdid bilan bog‘liq edi.
Grinkevichning fikriga Yevropada, hatto NATOning o‘zida ham hamma qo‘shilmaydi. 2025 yil dekabrida alyans bosh kotibi Mark Rutte shunday degan edi:
«Rossiyaning navbatdagi nishoni — biz. Biz hozirning o‘zidayoq xavf ostidamiz».
Biroq tahdid darajasiga berilgan baholar biroz farq qilsa-da, Rossiya 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlaganidan buyon NATO Moskvaga nisbatan «niyatlarga emas, imkoniyatlarga qarab ish tutish» tamoyiliga amal qilib kelmoqda.
Alyans vakillarining bayonotlaridan kelib chiqilsa, ular Rossiyani qo‘shni davlatlarga tahdid solish uchun yetarlicha harbiy qudratga ega mamlakat deb hisoblaydi.
Rossiya bostirib kirgan taqdirda, Boltiqbo‘yi davlatlari va Polsha ehtimoliy harbiy harakatlar maydoni sifatida ko‘rilmoqda.
Harbiy to‘qnashuv yuz berishi ehtimoli eng yuqori hudud esa Suvalki yo‘lagi deb ataladi.
Bu Rossiyaning Kaliningrad viloyati bilan Belarus o‘rtasida joylashgan, Polsha va Litva chegarasining kichik bir qismidir. Kaliningrad viloyati bilan Belarus o‘rtasidagi to‘g‘ri chiziq bo‘yicha masofa atigi 65 kilometrni tashkil etadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Shu bilan birga, Litva, Latviya va Estoniya chegaralarining boshqa qismlari ham ehtimoliy xavfli hududlar hisoblanadi. Shu bois NATOning Rossiya bilan chegaralarda harbiy infratuzilmani rivojlantirishi haqidagi xabarlar asosan shu mintaqadan kelmoqda.
Oktyabr oyida Financial Times gazetasi Estoniya o‘z qo‘shinlarini Rossiya chegarasiga yaqinroq joylashtirayotgani haqida yozdi.
Sentyabr oxirida esa olti oylik tanaffusdan so‘ng Amerika harbiylari Litvaga qaytayotgani ma’lum bo‘ldi. Gap tank va muhandislik batalonlari, jami ming nafardan ortiq harbiy xizmatchi haqida ketmoqda.
Germaniya ham Litvada harbiy brigada tuzishni boshladi. Rejaga ko‘ra, 2027 yil oxiriga borib uning shaxsiy tarkibi 4800 nafar harbiy xizmatchiga yetkaziladi.

Surat manbasi, Reuters
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ayni paytda Litva va Polsha Rossiya bostirib kirgan taqdirda Boltiqbo‘yi davlatlari aholisini evakuatsiya qilish rejalarini ishlab chiqmoqda. Ular favqulodda vaziyatlarda foydalaniladigan chegara o‘tish punktlari, qochqinlarni qabul qilish markazlari va boshqa zarur infratuzilma ob’ektlarini belgilamoqda.
Latviyaga Germaniya harbiy-havo kuchlarining to‘rtta Eurofighter qiruvchi samolyoti vaqtincha joylashtirildi. Bunga oktyabr boshida Seymga saylovlar paytida Rossiya tomonidan dronlar kirib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlar sabab bo‘ldi.
Biroq ayni paytda bu qiruvchilarning joylashtirilishi NATOning Boltiqbo‘yi davlatlari osmonidagi harbiy-havo kuchlarini kuchaytirish imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish vazifasini ham bajardi.
Chegaraning narigi tomonida ham qo‘shinlar harakati kuzatilmoqda. Xususan, Belarus 15 sentyabrdan boshlab Suvalki yo‘lagi yaqinida qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Shu bilan bir vaqtda Kaliningrad viloyatida Rossiya Boltiq floti aviatsiyasi ham harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Ularda uchuvchilar yerdagi nishonlarga zarba berishni mashq qildi.
NATO qanday urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda?
Aleksus Grinkevich o‘z nutqida sovuq urush davridagi Yevropada yuz berishi mumkin bo‘lgan to‘qnashuvlarga o‘xshash keng ko‘lamli harbiy mojaroni tasvirladi. O‘sha paytda Varshava shartnomasiga a’zo davlatlar va NATO katta armiyalar o‘rtasidagi urushga tayyorgarlik ko‘rar edi.
Sentyabr oyida Rossiya NATOni Kaliningrad viloyatini mamlakatning qolgan qismidan ajratib qo‘yish niyatida aybladi va bunday holatda hatto yadro qurolini qo‘llash bilan tahdid qildi.
NATO yozma javobida o‘zini mudofaa ittifoqi deb atadi va a’zo davlatlar xavfsizligiga har qanday yo‘nalishdan keladigan tahdidlarga qarshi turishga sodiq ekanini bildirdi. Shuningdek, «NATOning hech qanday harbiy mashg‘ulotlari yoki harakatlari Rossiya Federatsiyasi hududiga tahdid solmaydi», deya ta’kidladi.
«G‘alaba nazariyasi» kontseptsiyasi «hujumga yo‘l qo‘ymaslik orqali tiyib turish» tamoyiliga asoslanadi. Bunda dushmanga uning har qanday hujumi natija bermasligi, aksincha, juda katta talafot va xarajatlarga olib kelishi tushuntiriladi.
Bunga muqobil yondashuv — «javob zarbasi bilan tiyib turish» tamoyilidir. Unga ko‘ra, ehtimoliy dushman tajovuz qilgan taqdirda, unga kuchli va vayronkor javob zarbasi berish bilan tahdid qilinadi.
«Biz dastlabki hujumni to‘xtatamiz. Agar hujum davom etsa, uning kuchini zaiflashtiramiz va dushmanning oldinga siljishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Zarur bo‘lsa, dushman kuchlarini va bizga qarshi urush olib borish uchun safarbar etilgan harbiy boshqaruv hamda ta’minot tizimini tor-mor qilamiz», — dedi Grinkevich.
NATO bu tamoyilni hali 2023 yilda Vilnyus sammitida qabul qilgan edi. O‘shanda alyans «ittifoqchi davlatlar hududining har bir santimetrini» himoya qilish niyatini bildirgan. Bu esa Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshada NATO qo‘shinlari sonining oshirilishiga olib keldi.
Bungacha ushbu davlatlardagi NATO qo‘shinlari o‘ziga xos «ogohlantiruvchi signal» vazifasini bajargan. Ya’ni ularga hujum qilinsa, qo‘shimcha harbiy kuchlar yordamga kelishi kerak edi. Bu «javob zarbasi bilan tiyib turish» tamoyilining yaqqol misolidir.
Tiyib turishning bu ikki usuli harbiy kuchlar va vositalarni joylashtirishda turlicha yondashuvni talab qiladi.
«Hujumga yo‘l qo‘ymaslik orqali tiyib turish» tamoyiliga ko‘ra, imkon qadar ko‘proq harbiy kuchlar janglar boshlanishi ehtimoli yuqori bo‘lgan hududlarga yoki ulardan uncha uzoq bo‘lmagan joylarga joylashtiriladi. Qo‘shinlarning Rossiya chegaralariga yaqinlashtirilishi aynan shu yondashuvga mos keladi.
Ikkinchi holatda esa chegarada nisbatan kichik harbiy kuch qoldiriladi. Uning vazifasi dushmanni butunlay to‘xtatish emas, balki uning oldinga siljishini sekinlashtirishdir. Bu vaqtda front ortidagi asosiy kuchlar dushmanga hal qiluvchi zarba berishga tayyorgarlik ko‘radi.
Isroillik harbiy ekspert David Gendelmanning fikricha, NATO hozirgi bosqichda, hech bo‘lmaganda o‘z bayonotlari bilan vaziyatni keskinlashtirmaslik uchun, ehtiyotkorlik bilan harakat qilmoqda.
Uning aytishicha, bu mojaroni keskinlashtirmasdan va vaziyatni yanada jiddiylashtirmasdan berilishi mumkin bo‘lgan eng cheklangan harbiy javobdir.
«Aslida ular umuman urushishni istamaydi. Ammo urushishga to‘g‘ri kelsa, faqat eng zarur darajada jang qilishlarini, bundan ortig‘iga o‘tmasliklarini aytmoqda. Ularning fikricha, bosqinga javoban dushmanga halokatli zarba berish va uni tor-mor qilish haqidagi bayonotlarning o‘ziyoq mojaroni keskinlashtiradi. Shuning uchun ular bunday bayonotlardan tiyilib, faqat eng cheklangan javob choralari haqida gapirmoqda», — deydi ekspert.
NATO Rossiya bilan urushishdan qo‘rqadimi?
Bunday strategiya tanlanishining ehtimoliy sabablaridan biri — Rossiya bilan mojaro nazorat qilib bo‘lmaydigan darajada keskinlashib ketishidan xavfsirashdir. Chunki dastlabki hujumga javoban beriladigan o‘sha «qasos zarbasi», ya’ni dushmanni tor-mor qiluvchi kuchli zarba mojaroni birdaniga keskinlashtirib yuborishi va qarshi tomonning ham xuddi shunday javob qaytarishiga sabab bo‘lishi mumkin.
NATO tanlagan strategiya esa mojaro shiddatini ancha bosqichma-bosqich oshirishni nazarda tutadi.
«G‘alaba nazariyasi»da mudofaa amaliyotining uch bosqichi tasvirlangan: dastlabki zarbani to‘xtatish, dushmanning mamlakat ichkarisiga qarab hujumini davom ettirishiga yo‘l qo‘ymaslik va «urush olib borishning operativ tizimini yo‘q qilish».
Faqat uchinchi bosqichdagina, ehtimol, Rossiya hududiga zarba berish ko‘zda tutilgan. Bunda ham strategik emas, balki operativ nishonlar — aloqa va transport yo‘llari, harbiy omborlar hamda shtablarga zarba berilishi mumkin.
Grinkevichning aytishicha, NATO «mojaroni keskinlashtirish mas’uliyati»ni urushni boshlagan tomon zimmasiga yuklashga harakat qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO kuchlari faqat mudofaalanadi va dushmanning hujumni davom ettirishiga yo‘l qo‘ymaydi.
«Mojaroni keskinlashtirish qarori uchun butun ma’naviy, siyosiy va strategik mas’uliyat aynan uning [dushmanning] va faqat uning zimmasida bo‘ladi. Shu o‘rinda biz dushman ham bir narsani tushunishiga ishonch hosil qilishimiz kerak: ustunlik bizning tomonimizda va mojaroni yanada keskinlashtirish uning harbiy hamda siyosiy ahvolini faqat yomonlashtiradi», — deya ta’kidladi general.
Biroq harbiy kuch va vositalardan foydalanishni ataylab cheklash orqali mojaroning keskinlashuvini jilovlash mumkinmi?
«Agar tomonlar shuni istasa, mojaroning keskinlashuvini jilovlash mumkin. Dunyodagi aksariyat mojarolar odatda eng yuqori darajagacha keskinlashmaydi. Ayniqsa, bu holatda NATO mojaroni keskinlashtirishdan manfaatdor emas. Rossiyaning nazariy jihatdan ehtimoliy hujumi esa hozircha haqiqiy harbiy g‘alabaga erishishdan ko‘ra, "keskinlashtirish orqali keskinlikni pasaytirish" mantig‘iga ko‘proq mos keladi. Ya’ni bunda maqsad harbiy bosim orqali siyosiy yon berishlarga erishishdir», — dedi David Gendelman.
NATO o‘z ustunligini razvedka va qaror qabul qilish tizimida, shuningdek, aviatsiya, yuqori aniqlikdagi qurollar hamda beshta sohada — quruqlikda, dengizda, havoda, kosmosda va kibermakonda harakatlarni muvofiqlashtirish qobiliyatida ko‘radi.
Boshqacha aytganda, NATO urush boshlangan taqdirda Rossiya dastlab tashabbusni qo‘lga kiritsa ham, bu unga sezilarli ustunlik bermaydi, deb hisoblayotgani ko‘rinib turibdi. Chunki Rossiyaning bosqinga tayyorgarligi, hujum ko‘lami va zarba beruvchi qo‘shinlar tarkibi haqida oldindan ma’lum bo‘ladi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Yadro quroli qo‘llanishi xavfi bormi?
NATO va Rossiya o‘rtasidagi mojaroning keskinlashuvi bilan bog‘liq eng katta xavf — yadro quroli. General Grinkevich taqdim etgan «G‘alaba nazariyasi»da yadro qurolini qo‘llash haqida gapirilmagan. Biroq Yevropada yadro quroli bilan bog‘liq vaziyat o‘zgarmoqda.
Rossiya rasmiylari va targ‘ibotchilarining bayonotlarida yadro qurolini qo‘llash tahdidlari yangramoqda. Oktyabr boshida «Valday» klubining yillik yig‘ilishida so‘zga chiqqan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Yevropani Rossiya bilan munosabatlarda keskinlikni kuchaytirishda aybladi.
«Agar gap Rossiya Federatsiyasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum haqida ketadigan bo‘lsa, bu o‘rinda Kaliningrad, ehtimol, boshqa hududlar ham nazarda tutilmoqda, albatta, Rossiya Federatsiyasi ixtiyoridagi barcha qurollarni qo‘llash masalasi muqarrar ravishda va darhol kun tartibiga chiqadi», — dedi u.
«Barcha qurollar» deganda yadro quroli ham nazarda tutiladi.
Sentyabr oxirida Rossiyaning «RIA Novosti» davlat axborot agentligi Aleksandr Nosovichning «Rossiyani yana bir maxsus harbiy amaliyot kutmoqda. U juda qisqa davom etadi» nomli maqolasini e’lon qildi. Unda urush boshlangan taqdirda Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlarida yadro qurolini qo‘llashi mumkinligi aytilgan. Keyinchalik maqola o‘chirib tashlandi.
Nosovichning maqolasi Litva Seymi mamlakat hududida yadro qurolini joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqa boshlaganidan keyin e’lon qilindi. Bunga ruxsat berish uchun konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish talab etiladi. Tegishli tuzatish 6 oktyabrda birinchi o‘qishdan o‘tdi. Yakuniy o‘qish 2027 yil 12 yanvarda bo‘lib o‘tadi.
Bu tuzatish Litva o‘z yadro quroliga ega bo‘ladi, degani emas. Biroq u mamlakat hududida boshqa davlatning yadro qurolini vaqtincha joylashtirishga imkon berishi mumkin.
Masalan, Litva Frantsiyaning yadroviy tiyib turish dasturiga qo‘shilishi mumkin. Ushbu dastur doirasida Yevropa davlatlari hududiga Frantsiya harbiy-havo kuchlarining yadro raketalari bilan qurollangan uchoqlari joylashtirilishi mumkin.
Gap Yevropa haqida ketayotgani uchun bunday ko‘lamdagi mojaroda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yadro quroli strategik emas, balki nostrategik turga mansub bo‘lishi ehtimoli yuqori. Bunday qurol ba’zan taktik yadro quroli deb ham ataladi.
2023 yildan keyin Rossiya Belarus hududiga kichik quvvatli yadro zaryadlarini joylashtirdi. Bu qurollar Rossiyaga tegishli va uning nazorati ostida. Taxminlarga ko‘ra, gap yadro kallaklari bilan jihozlangan «Iskander» operativ-taktik raketalari haqida ketmoqda.
Bundan tashqari, Belarus hududida yadro zaryadini tashishga qodir Rossiyaning o‘rta masofali «Oreshnik» raketa majmualari ham bor.
Hozirda AQSh «nazorat qilinadigan keskinlashuv» kontseptsiyasini ishlab chiqmoqda. Uning doirasida Vashington nostrategik yadro qurollari zaxirasini ham kengaytirishni istamoqda. Ekspertlarning aytishicha, bu yadro zaryadlari qo‘llanishi mumkin bo‘lgan mojaroning keskinlashuvini nazorat qilish uchun zarur.
AQShning Yevropadagi bir nechta davlatda taktik yadro aviabombalari bor. Biroq ular raketalarga qaraganda kamroq samara beradi.
Shu bois Vashingtonda, aftidan, oddiy qurollardan kuchliroq, ammo strategik yadro raketalari kabi vayronkor bo‘lmagan tiyib turish vositasi yetishmayapti, deb hisoblashmoqda.
Bu tayyorgarliklarning barchasi o‘rta va qisqa masofali raketalarni taqiqlash to‘g‘risidagi shartnoma amal qilishdan to‘xtagan bir paytda kechmoqda.
Mazkur shartnoma ko‘p yillar davomida tomonlarni eng xavfli yadro qurollaridan mahrum etib, Yevropadagi keskinlikni pasaytirishga xizmat qilgan edi.
NATO gibrid tahdidlarga qanday javob qaytaradi?

Surat manbasi, THOMAS TRUTSCHEL/PHOTOTHEK VIA GETTY IMAGES
«G‘alaba nazariyasi»da gibrid tahdidlarga ham katta e’tibor qaratilgan. G‘arb siyosatchilarining bayonotlariga qaraganda, NATO davlatlari hozirning o‘zidayoq bunday tahdidlarga duch kelmoqda.
Grinkevich Varshavada nutq so‘zlaganining ertasi kuni Polsha rasmiylari Rossiyani Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘ining yer usti stantsiyasiga o‘t qo‘yishni uyushtirishda aybladi.
«Bu qo‘poruvchilik harakati ortida Rossiya maxsus xizmatlari turganiga shubhamiz yo‘q», — dedi Polsha maxsus xizmatlari faoliyati uchun mas’ul vazir Tomash Semonyak.
O‘t qo‘yish hodisasi sentyabr oyida sodir bo‘lgan.
Grinkevich o‘z nutqida boshlovchining savollariga javob berar ekan, gibrid tahdidlar masalasiga ham to‘xtaldi:
«Hujumga uchragan davlat bunga tayyor bo‘lsa va hujum uchun kim javobgar ekanini aniqlash bo‘yicha barcha zarur huquqiy talablarni bajargan bo‘lsa, biz buni jamoatchilikka ochiq e’lon qilishimiz kerak. Bu ruslarga biz ularning nima qilayotganini ko‘rib turganimizni tushunish imkonini beradi».
Biroq general javob choralari haqida, qo‘poruvchilik harakati isbotlangan taqdirda qanday munosabat bildirish kerakligi to‘g‘risida hech narsa demadi.
Bir tomondan, gibrid urushda «qizil chiziqlar»ni belgilash ehtimoliy dushmanni shu chegaralarga imkon qadar yaqinlashishga va ular qanchalik qat’iyat bilan himoya qilinishini sinab ko‘rishga undashi mumkin.
Boshqa tomondan esa, bu chegaralar ularni belgilagan tomonning o‘zi uchun ham aniq bo‘lishi va ular buzilgan taqdirda qanday javob qaytarish bo‘yicha puxta reja mavjud bo‘lishi muhim.
Gibrid urushning yana bir xavfi shundaki, mojaro asta-sekin keskinlashib borishi mumkin. Bunda har bir keyingi qadam alohida olinganda urush boshlash uchun yetarli asos bo‘la olmasligi mumkin.
General Grinkevich o‘z nutqida bu masalaga bevosita to‘xtalmadi. Biroq uning ta’kidlashicha, har qanday holatda ham dushman keng ko‘lamli urushga tayyorgarlik ko‘rayotganini yashira olmaydi.
Amerika Rossiyaga qarshi urushga kiradimi?
Grinkevich nutqidan keyin unga Rossiya bilan mojaro boshlangan taqdirda AQSh unda ishtirok etadimi, degan savol berildi. Bu masala anchadan beri muhokama qilib kelinadi. Hatto 1961 yilda Frantsiya prezidenti Sharl de Gol ham AQShning bunday urushda ishtirok etishiga ochiqchasiga shubha bildirgan edi.
Bir tomondan, Qo‘shma Shtatlar — dunyodagi eng qudratli davlat. Shimoliy Atlantika alyansi ham dastlab AQShning Yevropadagi ittifoqchilarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan.
Boshqa tomondan esa, Rossiya bilan urush butun dunyo mamlakatlariga tahdid soladigan yadroviy halokatga aylanishi mumkin.

Surat manbasi, EPA
Grinkevich o‘zining Yevropada xizmat qilayotganini AQSh NATO birligiga sodiq qolayotganining dalili sifatida keltirdi. Biroq u hech qanday aniq rejalar haqida gapirmadi.
«Qarang, Amerika qo‘shinlari allaqachon shu yerda, Polshada turibdi. Amerika qo‘shinlari butun sharqiy qanot bo‘ylab joylashtirilgan. Oxir-oqibat, qaysi davlat qayerga qancha qo‘shin ajratishi siyosiy qarorga bog‘liq. Ammo, menimcha, Qo‘shma Shtatlarning ushbu alyansga sodiqligiga hech kim shubha qilmasligi kerak», — dedi u.
Ayni paytda, hali yozdayoq Pentagon rahbari Pit Xegset NATO davlatlari mudofaa vazirlari yig‘ilishida boshqalar hisobidan kun ko‘rish davri tugaganini, Yevropa o‘z mudofaasi bilan o‘zi shug‘ullanishi kerakligini aytgan edi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh yaqin olti oy ichida Yevropadagi harbiy ishtirokini qayta ko‘rib chiqadi. Bundan tashqari, Xegset AQSh hozirning o‘zida NATOning tezkor javob kuchlaridagi ishtirokini qisqartirishini tasdiqladi.
Biroq bu amerikaliklar Yevropadagi qo‘shinlari sonini albatta qisqartirmoqchi, degani emas.
Xegsetning aytishicha, Amerika «Yevropa mudofaa sohasida yetakchi rolni o‘z zimmasiga olishi va o‘z xavfsizligi uchun asosiy mas’uliyatni o‘zi ko‘tarishi yo‘lida tezkor hamda ortga qaytmas o‘zgarishlar» tarafdori.
Aniq javoblar yo‘q
General Grinkevichning NATO strategiyasiga bag‘ishlangan nutqi aynan Polsha poytaxtida yangragani ramziy ma’noga ega edi. Grinkevichning o‘zi Varshavani «tiyib turish va mudofaa masalalariga jiddiy yondashiladigan, so‘z bilan amal bir-biriga mos keladigan joy» deb atadi.
Polsha rasmiylari aholini muntazam ogohlantirib kelmoqda: Rossiya bilan bog‘liq qo‘poruvchilik, diversiya harakatlari va infratuzilma ob’ektlaridagi turli hodisalar soni ortib boradi.
Varshava rasmiylarining tushuntirishicha, Rossiya Yevropa mamlakatlari jamiyatlarida beqarorlik keltirib chiqarish, odamlarni qo‘rqitish va shu orqali ularni Ukrainaga yordam berishdan voz kechishga majburlashga intiladi.
NATOning Yevropadagi oliy bosh qo‘mondoni nutqi Polsha bosh vaziri Donald Tusk va uning hukumati a’zolari bayonotlaridan tubdan farq qiladi. Ular mojaro yanada keskinlashishi, Polshaga raketa va dronlar bilan zarbalar berilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Bu qarama-qarshilik shu qadar yaqqol ediki, Polshaning nufuzli Rzeczpospolita gazetasi Grinkevichning nutqini «boshqa bir voqelikdan kelgan ovoz» deb atadi.
Ko‘plab ekspertlar nazarida NATOning Rossiyani kuch ishlatish tahdidi bilan emas, balki mustahkam mudofaa tizimini barpo etish orqali tiyib turish strategiyasi hozirgi vaziyatga mos kelmaydi.
«Hatto hozir ham NATO mojaroni keskinlashtirmaslik siyosatidan voz kechgani yo‘q va Rossiya alyansning sharqiy qanotiga hujum qilgan taqdirda ham bunga javoban uchinchi jahon urushini keltirib chiqarish niyatida emas.
Alyans o‘zini himoya qilmoqchi, zarur bo‘lsa, dushman hududiga ham zarbalar beradi. Biroq u Rossiyani tiz cho‘ktirish, uning rahbariyatini yo‘q qilish yoki yadroviy salohiyatini barbod etishga intilmayapti», — deb yozadi Polityka Insight nashrining harbiy eksperti Marek Sverchinskiy.
Bir tomondan, TokFM radiosi sharhlovchisi Shimon Kempkaning aytishicha, bunday yuqori lavozimni egallab turgan amerikalik generaldan murakkab savollarga aniq javob kutish o‘ta soddalik bo‘lar edi.
«Uning nutqini faqat biz tinglamayotganimizni unutmasligimiz kerak. Kremlda ham "G‘alaba nazariyasi"ni diqqat bilan tinglashmoqda», — deydi u.
Boshqa tomondan, sharhlovchilar Grinkevichning nutqini alohida emas, balki Varshava forumining boshqa bir muhokamasida so‘zga chiqqan AQSh ma’muriyati vakili, Donald Trampga yaqin bo‘lgan AQShning NATOdagi elchisi Matyu Uitakerning bayonotlari bilan birgalikda baholashga chaqirmoqda.
Uitaker prezident Trampning milliy xavfsizlik strategiyasida ustuvor yo‘nalishlar qanday tartibda belgilanganini eslatdi:
«Birinchi o‘rinda Amerikaning o‘z xavfsizligi turadi. Agar biz bu vazifani uddalay olmasak, qolgan hamma narsa o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Ikkinchi o‘rinda — G‘arbiy yarimshar. Tabiiyki, biz Qo‘shma Shtatlarga eng yaqin hududlarga e’tibor qaratishimiz kerak.
Uchinchi o‘rinda — Tinch okeani mintaqasi.
To‘rtinchi o‘rinda esa — Yevropa.
Menimcha, hozir biz Qo‘shma Shtatlar va ittifoqchilarimizning xavfsizlik sohasidagi barcha dolzarb ustuvor vazifalarini aynan shu tartibda ko‘rib chiqmoqdamiz».
Ikki kontseptsiyaning noto‘g‘ri talqini
Varshava konferentsiyasidan keyin, 14 oktyabr kuni Belarus Tashqi ishlar vazirligi bayonot berib, general Grinkevichning nutqini qoraladi. Vazirlik uning so‘zlarida Belarusga nisbatan tahdid borligini ta’kidladi.
«Ushbu kontseptsiya Belarus hududiga dronlar va yer usti robotlashtirilgan tizimlaridan foydalangan holda oldindan zarba berishni nazarda tutadi», — deyildi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy bayonotida.
Biroq general Grinkevich o‘z nutqida bunday gaplarni aytmagan.
Ehtimol, bu Wall Street Journal gazetasidagi maqolaning noto‘g‘ri talqin qilinishi natijasidir. Gazeta «G‘alaba nazariyasi» haqida hikoya qilar ekan, ushbu kontseptsiya iste’fodagi general Kris Donaxyuning ishlariga asoslangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.
Donaxyu ilgari AQShning Yevropadagi quruqlik qo‘shinlariga, shuningdek, NATOning quruqlikdagi qo‘mondonligiga rahbarlik qilgan.
Rossiyaning Kaliningrad viloyati, Sankt-Peterburg yaqini va Belarusdagi qo‘mondonlik punktlari hamda havo hujumidan mudofaa tizimlariga raketalar bilan zarba berishni ham nazarda tutuvchi qat’iy qarshi hujum g‘oyasi Grinkevichning nutqida emas, balki Wall Street Journal gazetasida bayon qilingan Donaxyu kontseptsiyasida keltirilgan.
«Bu yondashuv "Sharqiy qanotda tiyib turish tashabbusi" deb nomlangan. Amerika harbiy rasmiylarining aytishicha, uning asosiy maqsadi — Putin NATO mudofaasini baholab, hujum qilish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan bo‘lsa, "bugun emas" degan xulosaga kelishiga erishishdir», — deyilgan maqolada.
Nashrning yozishicha, «ushbu strategiya doirasida keng ko‘lamli "avtonom hudud" tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda dronlar va yer usti robotlari ittifoqchi kuchlar orasida katta talafotlarga yo‘l qo‘ymasdan Rossiya hujumini qaytarishi mumkin bo‘ladi».
Donaxyu taklif qilayotgan tiyib turish kontseptsiyasi Grinkevichning «G‘alaba nazariyasi»dan farq qiladi.
U ko‘proq «javob zarbasi bilan tiyib turish» tamoyiliga asoslangan. NATO esa, aftidan, aynan shu yondashuvni qo‘llash niyatida emas.




























