Futbol. Jahon chempionati - 2026. Norvegiya - Angliya: viking anglosaksga qarshi mardu maydonda

Keyn va Xoland

Surat manbasi, PA/Reuters

    • Author, Aleksey Kalmikov
    • Role, Bi-bi-si
  • Published
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Erling Xoland va Garri Keyn Norvegiya va Angliya jamoalarini muhim hal qiluvchi jangga boshlab chiqishmoqda.

Shanba kuni dunyodagi eng mashhur chempionat — Angliya Premьer ligasining zamonaviy tarixidagi eng taniqli hujumchilardan ikki nafari o‘z terma jamoalarini Jahon chempionati yarim finali yo‘llanmasi uchun hal qiluvchi to‘qnashuvga olib chiqishadi.

Jahon futbolidagi ikki gigant — norvegiyalik Erling Holand va angliyalik Garri Keyn ikki pahlavon kabi yuzma-yuz to‘qnashadi va ehtimol, nihoyat, ulardan qaysi biri kuchliroq ekani haqidagi bahsga nuqta qo‘yadi.

Keyn va Holand o‘rtasidagi raqobat Messi va Ronaldu yoki Yamal va Bellingem kabi tillarda doston bo‘lmagan. Chunki ular bir ligada atigi bir mavsum to‘p surishgan. Biroq ularning faoliyati o‘zaro chambarchas bog‘liq va Angliya — Norvegiya uchrashuvi har ikkisi uchun ham shaxsan kim kuchliroq ekanligini aniqlash imkoniyati bo‘lishi aytilmoqda.

Garri Keyn — Angliya terma jamoasining yetakchisi va timsoli. Erling Holand esa Norvegiya termasining asosiy zarba kuchi va ramzi. Ikkalasi ham milliy qahramon hisoblanadi. Ammo o‘xshashliklar shu yerda tugaydi va qiziqarli farqlar boshlanadi.

Keyn — oilaparvar, bosiq va vazmin inson. Holand esa sodda, ochiqko‘ngil yigit: tashqi ko‘rinishi biroz yovvoyiroq tuyulsa-da, doimo yuzida tabassum va hayotdan mamnundek ko‘rinadi. Iyul oxirida Keyn 33 yoshga to‘ladi, Holand esa 26 yoshga kiradi. Holandning Instagram sahifasida 60 million obunachisi bor, Keynniki esa uch barobar kam.

Holand ijtimoiy tarmoqlar uchun ideal qahramon. Maydondan tashqarida u doim hazillashadi, quvnoq videolar tayyorlaydi va ommabop kontent yaratadi. Maydonda esa unga teng keladiganlar kam. Hatto futboldan uzoq odamlar ham Holand qahramonlar haqidagi dostonlardan chiqqan bahodirga o‘xshab ko‘rinadigan videolarni ulashishadi.

Videolarda Holand jilovlab bo‘lmas kuch timsoli. Ulkan qadamlar bilan maydon bo‘ylab yugurib, jarima maydonidagi himoyachilarni osonlikcha chetga surib tashlaydi. Mana u — qimirlatib bo‘lmas to‘siq. U qoya kabi mahkam turadi va uni yiqitish yoki joyidan qo‘zg‘atishga uringanlar birin-ketin mag‘lub bo‘lishadi.

Vikinglar bosh kiyimi va oq futbolkadagi Holand kameraga qarab kulib turibdi.

Surat manbasi, FIFA via Getty Images

Surat tagso‘zi, Holandning yuzida doimo tabassum.

Keyn esa uning mutlaqo aksidir. Uning hayot tarzi ancha kamtar. U maktabdagi sevgilisiga uylangan va to‘rt farzandi bor. Ommaviy chiqishlarda asosan oila, jamoa va xayriya ishlari haqida gapiradi. U ishonchli, intizomli professional va hurmatga sazovor yetakchi hisoblanadi.

Futbol maydonidan tashqarida uning asosiy qiziqishi — golf... TikTok yoki Instagram uchun unchalik jozibali mashg‘ulot emas.

Muvaffaqiyat va mashaqqat ramzi

Angliya futbolidagi bu ikki gigantning xarakteridagi farq ularning muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘llarida ham yaqqol aks etgan.

Keyn uchun bu yo‘l uzoq va mashaqqatli bo‘lgan bo‘lsa, Holand uchun yorqin va shiddatli kechdi.

Keyn angliyalik muxlislarning yillarkm amalag oshmagan orzusi ramziga aylangan. Angliya erkaklar terma jamoasi so‘nggi bor jahon chempionligini 1966 yilda qo‘lga kiritgan. Shuning uchun muxlislar uzoq yillardan beri qo‘shiqda kuylanganidek "kubok uyga qaytishi"ni kutishmoqda. Erkaklar terma jamoasi hatto Yevropa chempionatini ham yuta olmagan, holbuki ayollar terma jamoasi bu musobaqada ketma-ket ikki marta g‘olib chiqqan va jahon chempionati finaligacha yetib borgan.

Shaxsan Keynning o‘zi ham Angliyadagi 14 yillik faoliyati davomida omadsizliklarga duch keldi. U "Tottenxem"ning yetakchisi va ramzi bo‘ldi, ammo klub shu yillar ichida hech qanday sovrin yutmadi. Faqat Germaniyaga ko‘chib, Myunxenning "Bavariya" klubida yuqori saviyali sheriklarga ega bo‘lganidan keyingina, o‘tgan yili Keyn o‘zining ilk chempionlik kubogini ko‘tardi.

O‘sha paytda uning yoshi qariyb 32 da edi.

Garri Keyn turmush o‘rtog‘i bilan sovrinni ushlab, kulib turibdi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, O‘zining uzoq muddatli sport faoliyatida Keyn 2025 yili ilk muhim sovringa erishdi.

Holandning futbol faoliyati esa, aksincha, qiyinchilik emas, yengillik va yuksalish bilan o‘tmoqda. Norvegiya 1998 yildan beri Jahon chempionati final bosqichiga chiqa olmagan edi. Ammo Holand jamoasini nafaqat turnirga olib chiqdi, balki guruh bosqichidan ham chiqardi va pley-offda Braziliyani mag‘lub etishga yordam berdi. U o‘sha uchrashuvda ikkala golni ham urdi va Norvegiya tarixida ilk bor jahon chempionati chorak finaliga chiqdi.

Shaxsiy faoliyatida ham Holand Keyinga qaraganda ancha erta muvaffaqiyat qozondi. U 18 yoshidan sovrinlar yig‘ishni boshlagan va 22 yoshigacha Keyn uchun orzu bo‘lib qolgan barcha asosiy yutuqlarni qo‘lga kiritdi: Angliya chempioni ham bo‘ldi, Chempionlar ligasida ham g‘alaba qozondi.

Holand nafaqat bo‘yi jihatidan, balki samaradorlik borasida ham Keyndan ustun. U AQShdagi joriy chempionatda to‘rt o‘yinda yettita gol urdi. Keyn besh uchrashuvda qatnashib, olti gol kiritdi. Ulardan ikkitasi jarima to‘pi natijasi.

O‘yin uslublari o‘xshash, ammo bir vaqtning o‘zida farqli ham. Ikkalasi ham himoyani yorib o‘ta oladigan markaziy hujumchilar. Biroq Holand kuchliroq va samaraliroq: gol urishi uchun bir teginishning o‘zi kifoya. Bu chempionatda u har 50 daqiqada o‘rtacha bir marta gol urgan bo‘lsa, Keyn har 75 daqiqada bitta gol kiritgan.

Holand maydondagi o‘tda o‘tirgan milliy jamoa o‘yinchilari o‘ngida tablaga urib, “eshkakchi vikinglar” marosimiga yetakchilik qilmoqda.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Xoland Norvegiya jamoasining "eshkakchi vikinglar" ramziy marosimining yetakchisi roli uchun eng maqbul siymo.

Keyn jismoniy kuch va hal qiluvchi zarba berish qobiliyatida Holanddan ortda qolishi mumkin. Ammo u kattaroq va tajribaliroq. Shuningdek, uning vazifalari kengroq: u nafaqat hujumni yakunlaydi, balki hujumni tashkil qila oladi. Zarurat tug‘ilganda pozitsiyasini o‘zgartira oladi.

Bu chempionat statistikasida ham aks etgan: Keyn olti goldan tashqari yana bir golga yetaklagan to‘pni ham uzatgan.

Holand hisobida esa golli pas yo‘q.

Shuning uchun Keyn nafaqat Angliya terma jamoasining asosiy yulduzi, balki sardori hamdir. Holand esa Norvegiya termasining bosh yulduzi bo‘lsa-da, sardorlik bog‘ichi Londonning "Arsenal" klubi yetakchisi Martin Edegorda.

Kim mohirroq: Keynmi yoki Holand?

Ularning o‘xshash jihatlari bundan-da ko‘proq.

Holand Angliyaning Lids shahrida tug‘ilgan. Uning otasi aynan shu yerda futbol o‘ynagan. Agar Holand Norvegiya emas, Angliya terma jamoasini tanlaganida, ehtimol, bugun Keyn o‘rnida angliyaliklarning asosiy hujumchisi sifatida maydonga tushardi.

Keyn esa 2021 yilda "Tottenxem"dan "Manchester Siti"ga o‘tish bo‘yicha kelishuv so‘nggi lahzada amalga oshmay qolmaganida, bugun Holand egallab turgan "Manchester Siti"ning yetakchi hujumchisi o‘rnida bo‘lishi mumkin edi.

“Manchester Siti” va “Tottenxem” jamoalarining sharfidagi Keyn va Holand suratlari.

Surat manbasi, AMA/Getty Images

"Manchester Siti" Keyn uchun 100 million funt (qariyib 135 million dollar) taklif qilgan, "Tottenxem" esa kamida 150 million funt (200 million dollardan ko‘proq) talab qilgan edi. Shunda Premьer liganing so‘nggi o‘n yildagi eng muvaffaqiyatli murabbiylaridan biri Pep Gvardiola Serhio Agueroning o‘rnini bosuvchi futbolchini yana bir yil qidirishga qaror qildi. Va 2022 yil yozida Dortmundning "Borussiya" klubidan ancha yosh, shijoatli va samarali hujumchi Erling Holandni uch baravar arzonroq narxga sotib oldi.

Natijada 2022/23 yilgi mavsumda "Tottenxem" Premьer ligada sakkizinchi o‘rinni egalladi va barcha kubok musobaqalaridan chiqib ketdi. Garri Keyn odatda eng yaxshi to‘purar bo‘lish uchun kifoya 30 ta gol urgan bo‘lsa-da, bu safar undan Erling Holand ustun keldi. Norvegiyalik hujumchi ilk mavsumida rekord darajada — 36 ta gol urdi va "Siti"ni Angliya chempionati, Angliya Kubogi hamda Chempionlar ligasidagi g‘alabalardan iborat tarixiy "uch sovrin" ga yetaklab bora oldi.

Garri Keyn esa Angliyani tark etib, Germaniyaga yo‘l oldi.

Bugungi kunda Holandning transfer qiymati Keyinnikidan qariyb uch barobar yuqori. Transfermarkt bahosiga ko‘ra, 25 yoshli norvegiyalik hujumchi 18 yoshli ispaniyalik Lamin Yamal bilan bir qatorda dunyodagi eng qimmat futbolchilardan biri hisoblanadi. Har ikkisining qiymati 200 million yevro deb baholangan. Keynning transfer bahosi esa nisbatan kamtar — 60 million yevro.