Rossiya Buyuk Britaniyani Ukraina dastagi oqibatidan ogohlantirdi

Surat manbasi, EPA
- Author, Tebbi Uilson
- Role, Bi-bi-si
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Rossiya hududidagi nishonlarga Ukraina bergan zarbalarda Britaniyada ishlab chiqarilgan dronlar qo‘llangani tasdiqlanganidan keyin Rossiya Buyuk Britaniyani "Ukraina inqirozini ataylab keskinlashtirish yo‘lini tanlaganlikda" aybladi.
"Shu tariqa Buyuk Britaniya qonli jinoyatlar va terrorchilik hujumlarining sherigi hamda hammuallifi sifatida harakat qilayapti", deyiladi Rossiyaning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi e’lon qilgan bayonotda.
"London harakatlari muqarrar oqibatlarga olib keladi va buning uchun u javob berishga to‘g‘ri keladi", deyiladi bayonotda.
Buyuk Britaniyaning mojaroga aralashuvi qanchalik chuqurlashsa, "to‘laydigan haqi shunchalar yuqori bo‘ladi".
Londongagi Rossiya elchiligi bayonotiga javoban Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi so‘zchisi BBC News'ga mamlakat Ukraina bilan "elkama-elka" turishini bildirdi.
"Rossiya Ukrainadagi, shuningdek, Buyuk Britaniya va ittifoqchilarimizga qarshi qaratilgan Rossiya tajovuziga qarshi hukumatimiz qanchalar qat’iy turishiga shubha qilmasligi kerak", deyiladi vazirlik vakili bayonotida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Buyuk Britaniya "Ukrainani [Rossiya prezidenti Vladimir] Putinning noqonuniy bosqinidan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta’minlash ahdida qat’iydir".
Bu ogohlantirish Rossiya va Ukraina 17 avgustdan 18 avgustga o‘tar kechasi yana bir bor bir-biriga qarshi keng ko‘lamli hujumlar uyushtirgani haqidagi xabarlar manzarasida yangradi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Gap ketayotgan dronlar Buyuk Britaniyaning ikki alohida kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, ular Rossiya ichida harbiy va sanoat ob’ektlariga, jumladan neftni qayta ishlash zavodlari hamda Wildberries internet-riteyleri omborlariga qarshi keng ko‘lamli va samarali hujumlarda ishlatilayapti.
Ukraina Rossiyaning Amazon'i sifatida tanilgan mazkur kompaniyaga bir necha bor zarba berdi va Ukrainaga ko‘ra, Wildberries'ning eng yirik logistika markazlaridan o‘ntasining yettitasini "ishdan chiqardi".
Harbiy manba BBC'ga Buyuk Britaniya dronlari bu hujumlarda qo‘llanganini tasdiqladi.
Iqtisodiy zarar 35 milliard funt sterlingni (taxminan 47,3 milliard AQSh dollarini) tashkil qildi.
Rossiya Ukrainaga qarshi to‘liq ko‘lamli bosqinini 2022 yil fevralida boshlagan va hozirda Ukraina hududining taxminan beshdan bir qismini nazorat qilayapti.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Britaniya qismlari va texnologiyalaridan foydalanilgan dronlar Rossiya hududiga, jumladan Rostov viloyatining Kamenskiy tumanidagi yoqilg‘i omboriga hujum qilishda ishlatilgan.

Moskvaning Buyuk Britaniyaga yo‘llagan ogohlantirishi Ukraina tomonidan Rossiyaga qarshi amalga oshirilgan bir qator hujumlar ortidan yangradi.
So‘nggi tungi hujumlarda Rossiya rasmiylari Moskva atrofidagi hudud tomon 620 ga yaqin dron uchirilganini xabar qildilar. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari ularning 180 dan ortig‘ini yo‘q qilgan, ammo bir necha kishi jarohatlangan.
Moskva yaqinidagi Wildberries omborlaridan biriga zarba berilgan va ob’ektda chiqqan yong‘in o‘chirilganini viloyati gubernatori Andrey Vorobyov Telegram orqali ma’lum qildi.
Wildberries kompaniyasi hujum natijasida logistika majmuasi "uncha katta bo‘lmagan zarar" ko‘rgani haqida bayonot berdi.
Ukrainada esa Zaporijiyaga qilingan Rossiya hujumlari oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohatlanganini viloyat gubernatori Ivan Fedorov Telegram'da ma’lum qildi. Uning aytishicha, so‘nggi 24 soat ichida Rossiya mintaqadagi 59 ta aholi punktiga 1158 ta zarba bergan.
Shanbaga o‘tar kechasi Ukraina Rossiya tomon 822 ga yaqin dron uchirgan, shulardan 600 tasi Moskvaga yo‘naltirilgan bo‘lgan. Moskva hokimi Sobyanin buni Rossiya poytaxti so‘nggi yillarda duch kelgan "eng yirik dron hujumlaridan biri" deb atadi.
Rossiya bo‘ylab yetti kishi halok bo‘lgani xabar qilindi.
O‘sha kecha Rossiyaning Ukrainaga qilgan hujumlari oqibatida kamida yetti kishi halok bo‘lgan va 39 nafardan ortiq odam yaralandi.
Aprel oyida Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga o‘z tarixidagi eng yirik yordam paketlaridan biri doirasida o‘n minglab dronlar, jumladan uzoq masofaga zarba bera oladigan qurilmalarni yetkazib berishini ma’lum qilgan edi.



























