Xavfsizlik, taqiqlar va qashshoqlik: Tolibonning besh yili nimasi bilan esda qoladi?

Tolibon askarlari

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Tolibon Kobulni juda tez sur’atda egalladi.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Tolibonning Afg‘onistonda hokimiyatga qaytganiga besh yil to‘ldi.

Bu davrda keng ko‘lamli urush to‘xtadi, ammo ayollar va qizlarning huquqlari keskin cheklandi. Iqtisod dastlab tanazzulga uchradi, keyingi yillarda esa yana o‘sish kuzatildi. Shunga qaramay, millionlab odamlarning turmushi hamon og‘ir.

Ayni paytda, dunyoning aksar davlatlari tomonidan tan olinmagan Tolibon hukumati qo‘shni mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston bilan savdo va transport aloqalarini kengaytirdi.

Xo‘sh, besh yil Afg‘onistonni qanday o‘zgartirdi va bu o‘zgarishlar O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Kobul qulagan kun mahsharga o‘xshardi"

Rohila Do‘stum

2021 yil 15 avgustda Tolibon Kobulni egalladi. G‘arb mamlakatlari qo‘llab-quvvatlagan respublika tuzumi qisqa fursatda quladi, prezident Ashraf G‘ani esa mamlakatdan chiqib ketdi.

O‘n minglab afg‘onlar Kobul aeroporti orqali Afg‘onistonni tark etishga urindi. O‘sha paytda marshal Abdulrashid Do‘stumning qizi Rohila Do‘stum ham Kobulda edi.

"Kobul qulagan kun mahsharga o‘xshardi", deya eslaydi u.

"Men hoji sohib Botir ukamga telefon qildim. 'Bu yerda mojaro bor. Bu yerdagi hamma vakillarimiz tayyorgarlik ko‘rib, qochishyapti', dedim. U esa: 'Yo‘q, opa, biz ertaga Qatarga ketamiz, muzokara qilamiz. Men hozir sobiq prezident Karzay bilan telefonda gaplashib turibman', dedi.

Men unga: 'Bir noodatiy holat bor, ukam. Sen Sherpurdan (Sherpur - Kobul markazidagi mahalla) chiq. Bu yerda hamma qochyapti, odamlar jon va mol dardiga tushgan', dedim. Keyin ukam va boshqa vazir akalarimiz yetib kelishdi. Biz birga Kobul aeroporti tomon yo‘l oldik", deydi Rohila Do‘stum.

U Turkiya rasmiylari yordamida Afg‘onistondan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan.

Fazel Ahmad Yolg‘uz
Surat tagso‘zi, Fazel Ahmad Yolg‘uz: "O‘shanda hamma Tolibon bizdan o‘ch oladi, deya qo‘rqardi"
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘sha kunlarda BBC O‘zbek xizmatining Afg‘onistondagi muxbiri Fazel Ahmad Yolg‘uz ham Kobulda edi. U respublika tuzumining qulashi va Tolibonning poytaxtga kirishini bevosita kuzatib, xabarlar uzatib turgan. Keyinchalik uning o‘zi ham Afg‘onistonni tark etishga majbur bo‘ldi. Bugun u mamlakatdagi voqealarni Londondan yoritadi.

"Tolibon Kobulga yetib kelmasidan oldin uning poytaxtga kirishi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Odamlar banklardan pullarini olish uchun navbatda turardi. Men ham pul olish uchun bankka bordim. Keyin uyga qaytib, tashqariga chiqmadim. Ertalab derazadan qaraganimda politsiya mashinalarida boshqacha kiyimdagi odamlar yurganini ko‘rdim. Ular Tolibon askarlari edi", deya eslaydi Fazel Ahmad Yolg‘uz.

U Afg‘onistondan chiqib ketgan minglab jurnalistlar, shifokorlar, o‘qituvchilar va boshqa malakali mutaxassislardan biri. Ularning ketishi mamlakatda tajribali kadrlar tanqisligini kuchaytirdi.

"Malakali mutaxassislarning Afg‘onistondan chiqib ketishi, albatta, mamlakat uchun salbiy oqibatlarga olib keladi. Buning ta’sirini allaqachon ko‘rish mumkin. Odamlarning aytishicha, ayrim davlat idoralarida malakali mutaxassislar o‘rnini madrasa bitiruvchilari egallagan", deydi Fazel Ahmad Yolg‘uz.

Qizlar uchun yopiq maktablar

Ro'mol o'ragan ayolning orqa tarafdan surati

Surat manbasi, Videodan olingan kadr/EVN

Tolibon boshqaruvidagi eng katta o‘zgarishlardan biri ayollar va qizlarning jamiyatdagi o‘rni bilan bog‘liq.

Afg‘oniston bugun qizlar oltinchi sinfdan keyin maktabda o‘qiy olmaydigan dunyodagi yagona mamlakat bo‘lib qolmoqda. UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilga kelib 2,2 million qiz o‘rta ta’limdan chetda qolgan.

2022 yil dekabridan beri ayollarning universitetlarda tahsil olishi ham taqiqlangan.

Ayollar ko‘plab kasblardan chetlashtirildi, ularning jamoat hayotidagi ishtiroki cheklandi. Ularga ayrim bog‘lar, sport zallari va dam olish maskanlariga kirish taqiqlangan. Uzoq safarga chiqishda esa mahram - yaqin erkak qarindosh hamroh bo‘lishi talab etiladi.

Afg‘on ayollari mamlakat ichida va xorijda bu cheklovlarga qarshi namoyishlar o‘tkazdi. Ammo taqiqlar yumshamadi.

Tolibon bu siyosatni shariat talablari va afg‘on jamiyatining milliy-madaniy qadriyatlari bilan izohlaydi. BMT va inson huquqlari tashkilotlari esa cheklovlar Afg‘onistonning ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyotiga uzoq muddatli zarar yetkazishidan ogohlantirmoqda.

Millionlab odamlarning qaytishi

Yuk mashinasidan tushayotgan qochqinlar

Surat manbasi, Arxiv videodan olingan kadr

Surat tagso‘zi, Afg‘onlar mamlakatni tark etishda davom etar ekan, millionlab muhojir qo‘shni davlatlardan ixtiyoriy yoki majburan qaytmoqda.

So‘nggi yillarda Afg‘onistonda migratsiya ikki yo‘nalishda kechmoqda: bir tomondan, odamlar mamlakatni tark etishda davom etyapti, ikkinchi tomondan esa millionlab afg‘on qo‘shni davlatlardan ixtiyoriy yoki majburiy ravishda qaytmoqda.

BMT Qochqinlar agentligi hisobicha, 2025 yilning o‘zida taxminan 2,9 million afg‘on Eron va Pokistondan qaytgan yoki qaytarilgan.

Bu jarayon maktablar, shifoxonalar, mehnat bozori va uy-joy ta’minotiga qo‘shimcha bosim qo‘ydi. Qaytganlarning ko‘plari ishsizlik, qashshoqlik va boshpana yetishmasligiga duch kelmoqda.

Tolibon hukumati qaytganlarni mamlakatni tiklash jarayonining bir qismi sifatida ko‘radi. Rasmiylar ularni joylashtirish va ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotganini aytadi.

Biroq Afg‘onistonni tark etayotganlar ham ko‘p. Ayrimlar oilasini boqish uchun norasmiy va xavfli yo‘llar orqali xorijga chiqishga urinmoqda. Xorijdagi qarindoshlar yuboradigan pul esa ko‘plab oilalarning asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Iqtisod o‘sdi, ammo aholi jon boshiga daromad kamaydi

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Respublika tuzumining qulashi Afg‘oniston iqtisodiyotiga kuchli zarba berdi. Xalqaro yordam keskin qisqardi, bank tizimi jiddiy cheklovlarga duch keldi, ish o‘rinlari yo‘qoldi va oilalar daromadi kamaydi.

Keyingi yillarda iqtisod yana o‘sishga qaytdi. Jahon bankining 2026 yil mayida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, Afg‘oniston yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 4,8 foiz o‘sgan.

Biroq mamlakat aholisi bir yilda qariyb 11 foiz ko‘paygan. Bunga 3,7 millionga yaqin afg‘onning xorijdan qaytishi ham ta’sir qilgan. Iqtisodiy o‘sish aholi sonidagi bu o‘sishdan ortda qolgani uchun aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot 5,6 foiz kamaygan.

Jahon banki ichki daromadlar, jumladan, soliq tushumlari sezilarli oshganini ham qayd etadi. Ammo xorijiy yordamning kamayishi infratuzilmaga sarmoya kiritish va iqtisodiy zarbalarga javob berish imkoniyatlarini cheklamoqda.

2026 yilda qariyb 21,9 million afg‘onistonlik gumanitar yordamga muhtoj. Ishsizlik, qashshoqlik, oziq-ovqat tanqisligi va aholi daromadining pastligi mamlakatning asosiy muammolaridan bo‘lib qolmoqda.

Xavfsizlik ta’minlandi, ammo turmush yengillashmadi

BBC jurnalisti Firuz Rahimiy O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasidagi Do‘stlik ko‘prigida
Surat tagso‘zi, BBC jurnalisti Firuz Rahimiy O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasidagi Do‘stlik ko‘prigida

Tolibon hokimiyatga qaytgach, Afg‘onistondagi keng ko‘lamli qurolli to‘qnashuvlar keskin kamaydi. Ilgari xavfli hisoblangan ayrim yo‘llarda harakatlanish osonlashdi.

Tolibon xavfsizlikni o‘zining eng katta yutuqlaridan biri sifatida ko‘rsatadi. Yaqinda shimoliy Afg‘onistonga safar qilgan BBC muxbiri Firuz Rahimiyning aytishicha, u suhbatlashgan ko‘plab odamlar ham yo‘llar va shaharlarni avvalgidan xavfsizroq deb baholaydi. Ammo xavfsizlikning o‘zi ularning iqtisodiy muammolarini hal qilmagan.

"Xavfsizlik ta’minlangan. Ertalab bo‘ladimi, kechasi bo‘ladimi, Afg‘onistonning istalgan joyiga bora olasiz. Hech kim sizdan: 'Kimsan, qayerga ketyapsan?' deb so‘ramaydi. Ammo odamlar: 'Pulsiz xavfsizlikni nima qilamiz?' deydi. Xalq qashshoqlikda yashamoqda", deydi Firuz Rahimiy.

Pokiston bilan taranglik, Markaziy Osiyo bilan savdo o‘sishi

Hayraton
Surat tagso‘zi, O‘zbekiston bilan savdo ham o‘sdi

Afg‘onistonning asosiy savdo va tranzit yo‘llari uzoq yillar davomida Pokiston orqali o‘tgan. Ammo so‘nggi yillarda Kobul va Islomobod munosabatlari keskinlashdi.

Chegara o‘tish joylarining vaqti-vaqti bilan yopilishi, qurolli to‘qnashuvlar va Pokistondan afg‘on muhojirlarining ommaviy qaytarilishi savdoga ham ta’sir qildi. Natijada Afg‘oniston Eron va Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan muqobil yo‘llardan ko‘proq foydalana boshladi.

Afg‘oniston Sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdosi 2024 yildagi qariyb 1,8 milliard dollardan 2025 yilda 2,4 milliard dollarga ko‘tarilgan.

O‘zbekiston bilan savdo ham o‘sdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2025 yilda qariyb 1,6 milliard dollarga yetgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib beradi. Ikki mamlakatni Hayraton orqali o‘tadigan temiryo‘l ham bog‘lab turadi. Toshkent Afg‘onistonni yangi bozor, shuningdek, janubiy portlarga chiqish imkonini beruvchi transport yo‘li sifatida ham ko‘rmoqda.

"O‘zbekiston hukumati ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish uchun ancha qulaylik yaratgan. Masalan, afg‘on haydovchilariga vizasiz kirishga ruxsat berilgan. Eng katta loyihalardan biri - Termizda, Afg‘oniston chegarasi yaqinida ochilgan «Ayritom» erkin savdo zonasi", deydi Firuz Rahimiy.

Afg‘onistonning boshqa mintaqaviy davlatlar bilan munosabatlari ham kengaydi. Rossiya 2025 yil iyulida Tolibon hukumatini rasman tan olgan birinchi davlat bo‘ldi.

Xitoy, Eron, Pokiston, Birlashgan Arab Amirliklari va Markaziy Osiyo davlatlari ham Tolibon bilan amaliy aloqalar o‘rnatgan. Ammo Rossiyadan boshqa hech bir davlat Tolibon hukumatini rasman tan olgani yo‘q.

BBC
O‘zbekiston hukumati ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish uchun ancha qulaylik yaratgan. Eng katta loyihalardan biri - Termizda, Afg‘oniston chegarasi yaqinida ochilgan
Firuz Rahimiy
BBC.COM/UZBEK

Bu O‘zbekiston uchun nimani anglatadi?

Afg‘onistondagi o‘zgarishlarning O‘zbekiston uchun ahamiyati, avvalo, iqtisod va xavfsizlik masalalarida ko‘rinadi.

Yo‘llarda xavfsizlikning yaxshilanishi savdo, temiryo‘l va janubiy transport yo‘laklarini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi. Afg‘oniston O‘zbekiston mahsulotlari uchun bozor, shuningdek, Pokiston portlariga chiqish yo‘li bo‘lishi mumkin.

Biroq imkoniyatlar bilan birga hal etilmagan masalalar ham saqlanib qolmoqda. Chegara xavfsizligi va Amudaryo suvidan foydalanish ikki mamlakat munosabatlariga bevosita daxl qiladi.

Tolibonning besh yillik boshqaruvini bitta xulosa bilan ifodalash oson emas. Keng ko‘lamli urush to‘xtadi, ammo siyosiy va ijtimoiy cheklovlar kuchaydi. Iqtisod o‘sishga qaytdi, ammo aholi jon boshiga daromad kamaydi. Mintaqaviy savdo kengaydi, lekin Tolibon hukumati hali ham keng xalqaro tan olinishga erishgani yo‘q.

Oddiy afg‘onlar uchun esa asosiy savollar hamon javobsiz: yangi ish o‘rinlari qachon paydo bo‘ladi, qizlar qachon maktabga qaytadi va kundalik hayot qachon yengillashadi?