Trumenning pensiyasidan Trampning milliardlarigacha - Oq uyda hech bir prezidentnikiga o‘xshamagan moliyaviy daromad

Garri Trumen Oq uyni oyiga 113 dollar miqdoridagi harbiy pensiyasidan boshqa hech qanday daromadsiz tark etgan edi. AQShning 33-prezidenti keyinchalik prezidentlik lavozimining "nufuzi va qadr-qimmatini tijorat maqsadlarida ishlatish" noto‘g‘ri ekanini yozgan.
Jorj Bush kichik prezidentlikka nomzodini qo‘yishdan oldin investitsiyalarini "ko‘r-ko‘rona ishonch jamg‘armasi"ga (blind trust) o‘tkazgan va lavozimdagi so‘nggi haftasida 2008 yilgi iqtisodiy inqiroz uning shaxsiy boyligiga qanday ta’sir qilganidan bexabar ekanini aytgan edi.
Ayni maqolada Facebook tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Facebook havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri Facebook post
Donald Tramp esa, aksincha, yangi moliyaviy deklaratsiyaga ko‘ra, lavozimga qaytganidan keyingi ilk yilidayoq kamida 2,2 milliard dollar ishlab topgan. Tarixchilar bu ko‘rsatkich misli ko‘rilmagan darajada ekanini va AQSh prezidentlarining Oq uyda moliyaviy manfaatlar to‘qnashuvidan qochishga oid uzoq yillik an’anasini butkul buzib tashlaganini aytmoqda.
"Bu misli ko‘rilmagan holat", deydi Virjiniya universitetining Miller markazi prezidentchilik tarixi bo‘yicha mutaxassisi Barbara Perri. "Bu prezidentlik tarixida ilgari ko‘rganlarimizdan ancha oshib ketadi".
Trampning 2025 yildagi ulkan daromadlari uning hokimiyatga qaytganidan qanchalik katta foyda ko‘rganini ochiq ko‘rsatdi. Bu mablag‘lar davlat qarorlari bilan prezident va uning atrofidagi kishilarning biznes manfaatlari o‘rtasidagi chegara ko‘pincha noaniq bo‘lgan loyihalardan kelib tushgan.
Seshanba kuni e’lon qilingan majburiy moliyaviy deklaratsiyaga ko‘ra, Trampning o‘zi faqat kriptovalyuta sohasidan 1,4 milliard dollar daromad qilgan.
U, shuningdek, ikkinchi prezidentlik muddatini boshlashidan sal avval ishga tushirilgan $TRUMP mem-tangasi ortida turgani taxmin qilinadigan Celebration Coins kompaniyasidan 635 million dollar miqdorida royalti olganini bildirgan.
Prezident bundan tashqari World Liberty Financial kripto-kompaniyasidan 500 million dollardan ortiq daromad olganini ham ma’lum qilgan. Ushbu firma Trampning o‘g‘illari Donald Tramp kichik va Erik Tramp hamda Trampning Yaqin Sharq va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning o‘g‘illari tomonidan tashkil etilgan.
Trampning 2025 yildagi daromadi uning lavozimga qaytishidan oldingi yil - 2024 yilda ma’lum qilgan 622 million dollarlik daromadidan deyarli to‘rt barobar ko‘p.
Oq uy esa Tramp va uning oilasi prezidentlik lavozimidan daromad olayotgani haqidagi da’volarni rad etdi.
Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli bayonotida: "Prezident ham, uning oilasi ham shaxsiy manfaatlar davlat manfaatlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlarga hech qachon aralashmagan va bunday qilmaydi", dedi.

U yana qo‘shimcha qildi: "Prezident Tramp va uning ma’muriyati tomonidan amalga oshirilayotgan barcha harakatlar Amerika xalqining manfaatlari uchun qilinadi. Aksini da’vo qilayotgan ayrim "muxbirlar" esa demokratlar va an’anaviy OAV o‘n yildan buyon ilgari surib kelayotgan eski va yolg‘onini takrorlamoqda".
O‘tgan davrlarda ham ayrim prezidentlar moliyaviy mojarolar markazida qolgan, bu esa korruptsiya haqidagi savollarni yuzaga keltirgan.
Tarixchilar AQSh fuqarolar urushi tugaganidan keyingi davrni misol keltiradi. Prezident Uliss Grant davrida Moliya vazirligining ayrim amaldorlari oltin savdosi va bojxona yig‘imlariga oid mojarolarga aralashgan edi.
1920 yillarda Uorren Xarding prezidentligi davrida Ichki ishlar vaziri neft konlari ijaralarini berish evaziga pora olgani fosh bo‘lgan. Bu voqea tarixga "Teapot Dome" mojarosi nomi bilan kirgan.
Ammo bu holatlarning hech birida prezidentning o‘zi bevosita ishtirok etmagan yoki lavozimda turgan paytida shaxsiy boyligini oshirishda ayblanmagan.

Surat manbasi, Getty Images
1933 yilda Franklin Ruzvelt prezidentligi bilan boshlangan zamonaviy davrda esa ayrim prezidentlarning qarindoshlari Oq uy bilan aloqalaridan foyda olishga uringan.
Masalan, Jimmi Karterning ukasi pivo brendini targ‘ib qilgan.
Jo Bayden vitse-prezident bo‘lib ishlagan vaqtda esa uning o‘g‘li Hanter Bayden Ukraina energetika kompaniyasidan daromad topgan.
Biroq tarixchilarning aytishicha, bu holatlarni Tramp va uning oilaviy biznesi prezidentlikka qaytgach orttirgan daromadlar bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
"Tramp va uning oilasi bilan boshqa prezidentlar o‘rtasidagi asosiy farq mana shunda", deydi Barbara Perri.
"Lavozimda turib juda katta pul ishlash noqonuniy bo‘lmasligi mumkin, ammo axloqiy jihatdan savollar tug‘diradi. Avvalgi prezidentlarning aksariyati bunday qilishni istamagan".

Surat manbasi, AFP via Getty Images
2017 yilda birinchi prezidentlik muddatini boshlashidan avval Tramp oilaviy biznesi - "Trump Organization" boshqaruvini voyaga yetgan o‘g‘illariga topshirgan edi.
Biroq bu qadam avvalgi prezidentlar amaliyotidan farq qilgan. Chunki Tramp o‘z biznes manfaatlarini an’anaviy "ko‘r-ko‘rona ishonch jamg‘armasi" (blind trust)ga o‘tkazmagan va ko‘chmas mulk hamda boshqa aktivlaridan voz kechmagan edi.
Ikkinchi muddatidan oldin ham u shunga o‘xshash choralar ko‘rdi.
Ikkinchi inauguratsiyasidan oldin "Trump Organization" Tramp prezidentlik davrida kompaniyaning kundalik faoliyatida ishtirok etmasligini ma’lum qilgan.
O‘sha paytda Erik Tramp kompaniya prezidentning ikkinchi muddatida "qat’iy axloqiy standartlar"ga amal qilishini aytgan edi.
2,2 milliard dollarlik daromadi AQSH prezidentlik tarixi uchun misli ko‘rilmagan holatdir.
Kripto-milliarderga afv
Shunga qaramay, Tramp Oq uyga qaytgach, o‘z biznesiga hamda ma’muriyatdagi boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan bog‘liq bizneslarga foyda keltirgan qator qarorlarni qabul qildi.
O‘tgan iyul oyida u "Stablecoin" deb ataladigan kriptovalyuta turini qo‘llab-quvvatlovchi qonunni imzoladi. Bu esa "World Liberty Financial" o‘z raqamli valyuta loyihasini ishga tushirganidan atigi to‘rt oy o‘tib yuz berdi.
Moliyaviy deklaratsiyaga ko‘ra, ushbu kompaniya 2025 yilda Trampga kamida 500 million dollar daromad keltirgan.
O‘tgan oktyabr oyida esa Tramp "Binance" kriptoplatformasi asoschisi, milliarder Chjanpen Chjaoni afv etdi.
Bu Trampning lavozimga qaytgan dastlabki oylarida kriptovalyuta sanoatini maqtashi fonida yuz berdi. Holbuki, u avvalroq bu sohani "falokatga olib boruvchi yo‘l" deb atagan edi.
Oq uyga qaytganidan beri Trampning oilaviy biznesi va uning ayrim yaqin hamkorlari kriptovalyutadan tashqari boshqa sohalarda ham foyda ko‘rdi.
The New York Times nashri xabar qilishicha, o‘tgan yili Tramp Qozog‘iston prezidenti bilan amerikalik kompaniyaga mamlakatdagi yirik muhim foydali qazilmalar loyihasiga kirish imkonini beruvchi kelishuvga erishgan.
Keyinchalik Erik Tramp va Donald Tramp kichik ushbu konchilik loyihasida ishtirok etayotgan kompaniyada ozchilik ulushini sotib olgan.
AQSh Savdo vaziri Hovard Lutnikning o‘g‘illari boshqaradigan "Cantor Fitzgerald" investitsiya kompaniyasi ham mazkur bitimda ishtirok etgan.
Chorshanba kuni Tramp lavozimdagi daromadlarini fond bozori o‘sishi bilan izohladi va oilasining biznes faoliyatida qatnashmasligini ta’kidladi.
"Men shaxsiy moliyaviy ishlarimga aralashmayman, mablag‘larimni boshqaradigan fondlar bor", dedi u jurnalistlarga.
"Prezident bo‘lishimdan oldin ham juda ko‘p pul ishlab topganman. Ular mening pullarimni investitsiya qiladi, men esa ular bilan bu masalalarni muhokama qilmayman".
Ayrim etika bo‘yicha mutaxassislar, ayniqsa, Trampning kriptovalyutadan olgan daromadlarini tashvishli holat deb baholamoqda.
Jorj Bush kichik davrida Oq uyning bosh etika huquqshunosi bo‘lib ishlagan Richard Peynter Bi-bi-siga: "Albatta, bu manfaatlar to‘qnashuvidir. Mamlakat prezidentining shunchalik katta mablag‘ ishlab topayotganini ko‘rish amerikaliklar uchun jiddiy xavotir uyg‘otishi mumkin", dedi.





























