Tahlil: Rossiya O‘zbekiston va mintaqada o‘z nomini yaxshilashga intilmoqdami? Bu nimalarda ko‘rinadi?

Surat manbasi, KRISTINA KORMILITSYNA/GETTY IMAGES
Kreml allaqachon Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni boshqarish uchun yangi departament tashkil etgandi.
Rossiya ittifoqchilari uchun so‘nggi bir necha oy ancha og‘ir keldi.
Moskva bilan ittifoqchi bo‘lgan Eron va Venesuela rahbarlarining ketma-ket hokimiyatdan ketishi ortidan jiddiy savollar tug‘ila boshladi: Rossiya bor resurslarini Ukrainadagi urushga sarflayotgan bir paytda, o‘z sheriklarini himoya qilishga qodirmi?
Moskva nazarida Tehron va Karakas muhim, ammo uzoqdagi hamkorlar edi.
Ularning qiymati Rossiya azaldan o‘zining "strategik tomorqasi" hisoblab kelgan sobiq ittifoq respublikalari - yaqin xorij oldida xiralashib qoladi.
Kreml 2025-yilning oxirida sobiq ittifoqdosh qo‘shnilari, xususan, mintaqaning eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlariga ega bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni boshqarishga ixtisoslashgan yangi departament ochgandi.
Markaziy Osiyo poytaxtlari yangi hamkorlar, jumladan, Turkiya, Ko‘rfaz davlatlari va o‘tgan yili Rossiyani ortda qoldirib, mintaqaning eng yirik savdo sherigiga aylangan Xitoy bilan aloqalarni kuchaytirayotgani sababli, Moskvaning bu yerdagi ta’siriga putur yetmoqda.
Kremlning bosh mafkurachisi va ta’sir doirasiga ega arbobi Sergey Kirienko rahbarligida yangi departamentning tashkil etilishi Markaziy Osiyo bilan yanada "pragmatik" munosabatlar o‘rnatishni maqsad qilgan. Bu esa, uzoqroqdagi ittifoqchilar bilan bog‘liq muammolar ortib borayotgan bir paytda, Moskvaning o‘z yaqinidagi sheriklari bilan aloqalarni mustahkamlashga urinayotganidan dalolat beradi.
G‘oyib bo‘lgan teleboshlovchi

Surat manbasi, ROSSIYA 1
Yanvar oyida bir hafta davomida Rossiyaning eng ashaddiy va shov-shuvli targ‘ibotchisi Vladimir Solovyov ko‘rinish bermay qoladi.
Uning "Vladimir Solovyov bilan oqshom" ko‘rsatuvi o‘rniga Rossiya davlat telekanalida sovet zobitining qaylig‘i haqidagi hissiyotlarga boy kinokomediya takror berildi. Shuningdek, boshlovchining "Komsomolskaya pravda" radiosidagi kundalik dasturlari ham efirdan yo‘qoldi.
Mehnatkashligi bilan tanilgan Solovyovning to‘satdan g‘oyib bo‘lishi kutilmagan hol edi. Rossiyalik bloggerlar va onlayn sharhlovchilar darhol buning sababini qidira boshlashdi.
Ba’zilar Solovyovning yo‘qolib qolishini uning 10-yanvarda - g‘oyib bo‘lishidan bir kun oldin aytgan munozarali gaplari bilan bog‘lashdi. O‘shanda teleboshlovchi Rossiyani sobiq ittifoq hududlarida yangi "maxsus harbiy operatsiyalar" o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishga chaqirgan edi.
"Biz e’tiborimizni Suriya va Venesuelaga qaratmasligimiz kerak... Biz uchun eng muhimi - yaqin xorij. Armanistonni boy berish - bu ulkan muammo. Bizning Osiyomizda, Markaziy Osiyoda nimalar bo‘layotgani ham biz uchun katta muammoga aylanishi mumkin", - degan edi Solovyov.
"Agar milliy xavfsizligimiz yo‘lida Ukrainada maxsus harbiy operatsiya boshlashimiz kerak bo‘lgan bo‘lsa, unda nega xuddi shu mantiqqa asoslanib, o‘z "ta’sir doiramiz"dagi boshqa hududlarda ham bunday operatsiyalarni boshlay olmaymiz?"
Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi OAV vakillari hamda ekspertlar boshlovchining o‘z mustaqilliklariga qilgan tahdidini keskin qoralashgandi. O‘zbekistonlik senatorlardan biri esa bunday "imperiyacha" bayonotlarni rasman tanqid qilib chiqqandi.
Vaziyat shu darajaga yetdiki, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova Solovyovning so‘zlari uning "shaxsiy fikri" ekanligini va Rossiya davlatining rasmiy qarashlarini aks ettirmasligini aytib, tushuntirish berishga majbur bo‘lgan.
Kremlga yaqin anonim manbalarga tayanib, bir qator Rossiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Aleksey Gromovning aralashuvigina Solovyovni ishdan haydalishdan saqlab qolgan.
Rossiya targ‘ibotchilarining Markaziy Osiyo ustidan o‘z xo‘jayinchilik maqomini ko‘rsatib, maqtanib turishlari yangilik emas. Biroq, Solovyovning bu keskin chiqishidan keyin davlat telekanalidan vaqtincha chetlatilishi ilgari kuzatilmagan holat bo‘ldi. Bu Moskva o‘zining agressiv ritorikasini jilovlashga va uzoq vaqt davomida mensimay kelgan mintaqaga ko‘proq hurmat ko‘rsatishga harakat qilayotganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi boshqaruvchilar
Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan o‘zgarayotgan yondashuvi Rossiya prezidenti administratsiyasi tarkibidagi so‘nggi oylar davomida kechgan o‘zgarishlarda yaqqol ko‘rinadi.
2025 yil avgust oyida Kreml sobiq ittifoq davlatlari, jumladan Markaziy Osiyo bilan aloqalarni nazorat qilish uchun yangi tuzilma - Strategik sheriklik va hamkorlik boshqarmasini tashkil etgan.
Ushbu boshqarmaga Rossiya ichki siyosatining taniqli koordinatori va "Rosatom" yadro energiyasi korporatsiyasining sobiq rahbari, Vladimir Putinning apparatidagi birinchi o‘rinbosari Sergey Kirienko rahbarlik qiladi.
Boshqarmaning kundalik ishlarini esa Kirienkoning yaqin hamkori, "Rosatom"ning sobiq rahbari Vadim Titov olib boradia.
Xorijda joylashgan The Insider tahliliy nashrining yozishicha, Titov o‘zining yirik gavdasi tufayli Kreml doiralarida "Blin" (Quymoq) laqabini olgan.
Yangi departament 2025 yil sentyabr oyida Putin bilan Ukraina masalasidagi kelishmovchiliklar tufayli iste’foga chiqqani aytilgan sobiq prezident yordamchisi Dmitriy Kozak rahbarlik qilgan ikkita boshqarma o‘rnini egalladi.
"Vedomosti" biznes nashrining yozishicha, ushbu yangi bo‘lim Kremlparast nufuzli tahliliy markaz — Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jamg‘armasi bilan uzviy bog‘liq. Jamg‘armaga Kreml ichki siyosat departamentining sobiq rahbari Konstantin Kostin rahbarlik qiladi va u o‘tmishda Kirienko bilan birga ishlagan.
2025 yil dekabr oyida ushbu tahlil markazi Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan "yangi" strategiyasini ilgari suruvchi hisobotni e’lon qiladi.
"Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yangi strategik sheriklik asoslari" deb nomlangan ushbu hisobotda Markaziy Osiyo Rossiya uchun borgan sari muhim mintaqaga aylanib borayotgani, biroq ayni paytda u Moskvaning ta’sir doirasidan chiqib ketayotgani ta’kidlangan.
Ukrainadagi urush tufayli Moskva sanksiyalarni aylanib o‘tishda Markaziy Osiyoga ko‘proq qaram bo‘lib qoldi. Biroq, bu holat mintaqa poytaxtlarining G‘arb tomonidan bosimga uchrashiga olib kelmoqda, deyiladi hisobotda.
Rossiya bilan aloqalarning "toksik" (zaharli) bo‘lib qolishidan xavotirlangan Markaziy Osiyo o‘z tashqi siyosatini diversifikatsiya qildi: Xitoy, Turkiya va G‘arb kabi boshqa hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirdi.
2022 yildan buyon Xitoy Rossiyani ortda qoldirib, Markaziy Osiyoning asosiy savdo sherigiga aylandi.
Mintaqa Rossiya ishtirok etmaydigan bloklar, masalan, Turkiy davlatlar tashkiloti va "Markaziy Osiyo beshligi" formatlarida integratsiyani chuqurlashtirdi.
Donald Tramp Oq uyga qaytganidan beri Markaziy Osiyo prezidentlari Vashingtonga ham tez-tez safar qiladigan bo‘lishdi.
Mintaqa Rossiyadan butunlay yuz o‘girmagan bo‘lsa-da, Solovyov va boshqa rossiyalik targ‘ibotchilarning tajovuzkorona, imperiyacha bayonotlari munosabatlarga putur yetkazgani aniq.
Shuningdek, Markaziy Osiyoni Rossiya orbitasida ushlab turish uchun qilingan urinishlar ham aloqalarni sovitdi.
Bunga misol qilib, urush boshida Qozog‘iston neftini tashiydigan quvurning to‘xtatib qo‘yilishi (buni ko‘pchilik Qozog‘istonning Ukrainaga bostirib kirishni ochiq qo‘llab-quvvatlamagani bilan bog‘laydi) yoki Qozog‘iston prezidentining o‘g‘lini soxta pornografik videolar bilan obro‘sizlantirish va shu orqali otasini Moskvaga bo‘ysundirishga bo‘lgan bema’ni maxfiy fitna rejasini keltirish mumkin.

Surat manbasi, MIKHAIL SVETLOV/GETTY IMAGES
"Yumshoq kuch"
Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari bilan yuzaga kelgan taranglikni tushungan holda, Kremlning yangi boshqarmasi Moskvaning mintaqa bilan munosabatlarini yanada amaliy va o‘zaro manfaatli qilish orqali Rossiya ta’sirini saqlab qolishga urinmoqda.
Kreml tahlil markazining hisobotiga ko‘ra, Moskva mintaqa bilan sheriklik aloqalarini "qayta shakllantirishi", ya’ni "mafkuraviy va ramziy qarashlar"dan voz kechib, ko‘proq "amaliy manfaatlar" taklif qilishga o‘tishi kerak.
Hisobotda Rossiya atom energiyasi bo‘yicha "Rosatom" davlat korporatsiyasining Markaziy Osiyodagi faoliyatini kengaytirayotgani, xususan, Qozog‘iston va O‘zbekistonda atom elektr stantsiyalarini qurayotgani Rossiya "yumshoq kuchi"ning ijobiy namunasi sifatida ko‘rsatilgan.
Tahlil markazi rahbari Kostin 2025 yil dekabr oyida "RBK" biznes nashriga bergan intervyusida: "Moskva sovet davri g‘oyalarini kamaytirib, ko‘proq biznes loyihalarini taklif qilishi kerak", deb ta’kidladi.
Qozog‘istonlik siyosatshunos Marat Shibutovning aytishicha, Rossiya yillar davomida agressiv tahdidlar va yaqin hamkorlik takliflari o‘rtasida tebranib turgan Markaziy Osiyo bilan munosabatlariga mantiqiy bir xillik olib kirishga harakat qilmoqda.
"Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan hech qachon yagona yondashuvi bo‘lmagan. Bir tomondan, Rossiya Qozog‘istondan ko‘p milliard dollarlik AES qurish shartnomasini so‘raydi, ikkinchi tomondan esa, televizorga chiqib, barcha qozoqlarni rusofob deb baqiradi", - dedi Shibutov BBC Monitoring xizmatiga.
"Agar Kreml munosabatlardagi mana shu qarama-qarshiliklarni oz bo‘lsa-da bartaraf eta olsa, bu aloqalardagi ulkan qadam bo‘lar edi", - deya qo‘shimcha qiladi u.

Surat manbasi, ALEXANDER KAZAKOV/GETTY IMAGES
Ko‘proq hurmat
O‘tgan oylardagi bir nechta voqealar Rossiyaning mintaqa bilan munosabatlarda yanada nozikroq va ehtiyotkorona yondashuvni qo‘llashga urinayotganidan dalolat beradi.
Vadim Titovning strategik sheriklik boshqarmasi rahbari sifatidagi ilk safari Qirg‘izistonga bo‘lgandi. U yerda Titov Rossiya ko‘magida tashkil etilgan yangi "Nomad TV" telekanalining ochilishida ishtirok etdi.
Ushbu kanal qirg‘iz tilida efirga uzatiladi va mintaqadagi boshqa Rossiyaparast ommaviy axborot vositalaridan farqli o‘laroq, tomoshabinlarni Kremlparast yoki urushni targ‘ib qiluvchi kontent bilan charchatmaydi. Aksincha, u ko‘proq mahalliy muammolarga e’tibor qaratadi, shu bilan birga, Moskvani ishonchli "katta aka" sifatida ko‘rsatishni ham unutmaydi.
Noyabr oyida Qirg‘izistonga safari chog‘ida va Moskvada qozog‘istonlik san’atkorlar bilan uchrashuvda Vladimir Putin hatto qirg‘iz va qozoq tillarida bir necha og‘iz gapirgandi. U shu tariqa mahalliy madaniyatga hurmat ko‘rsatib, markaziy osiyoliklarning ko‘nglini ovlashga uringan.
Shuningdek, Rossiya rasmiy doiralari Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasida rus tilining maqomiga o‘zgartirish kiritish rejalariga nisbatan kutilmaganda juda vazminlik bilan munosabat bildirishgandi..
Yangi konstitutsiya loyihasida rus tili qozoq tili bilan "teng huquqli" emas, balki qozoq tili "yonida" qo‘llanilishiga ruxsat berilishi belgilangan. Ko‘plab sharhlovchilar ushbu nozik so‘z o‘yinini mamlakatda qozoq tilining ommalashib borayotgani fonida rus tilining maqomi pasaytirilishi deb talqin qilishadi.
Ukraina misolida ko‘ringanidek, Moskva odatda o‘z chegaralaridan tashqaridagi rus tilli aholining huquqlari masalasiga juda sezgir va agressiv munosabatda bo‘lar edi. Biroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istondagi ushbu konstitutsiyaviy o‘zgarishlarga munosabat bildirmadi.
Hatto ba’zi Kremlparast nashrlar buni olqishladi. Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan "Sputnik" xalqaro axborot agentligi bu o‘zgarishni "rus tilining maxsus maqomini saqlab qolgan holda, qozoq tilining davlat tili sifatidagi roliga daxl qilmaydigan oqilona kelishuv" deb aytdi.
Kreml, shuningdek, so‘nggi yillarda Rossiyada kuchayib borayotgan ksenofobiya va tazyiqlarga duch kelayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan migrantlarga nisbatan qo‘pol munosabatni biroz yumshatishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Rossiyada migrantlarga nisbatan yomon munosabat, jumladan, kaltaklash, ta’qib qilish va majburlab haydab chiqarish holatlari Markaziy Osiyo hukumatlarining keskin noroziligiga sabab bo‘lgan edi.
Rossiya siyosiy doiralariga yaqin deb ko‘riladigan ba’zi nufuzli Telegram kanallarining ta’kidlashicha, Kreml Markaziy Osiyo prezidentlarini hafsalasini pir qilmaslik uchun aksilmigrant kayfiyatini jilovlamoqchi.
Garchi amalda migrantlarga bo‘lgan bosim kamayganiga dalillar juda kam bo‘lsa-da, ba’zi o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda.
Ayrim holatlarda Rossiya davlat OAVlari Markaziy Osiyolik ishchilarni ijobiy qahramon sifatida ko‘rsata boshladi. Masalan, Sankt-Peterburgda derazadan tushib ketgan bolani qutqarib qolgan o‘zbekistonlik ishchi 22-fevral kuni jasorati uchun Rossiya davlat mukofoti va bir million rubl pul mukofoti bilan taqdirlandi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Kremlning "ko‘plab ustunlari"
Kremlning Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi mutasaddilari ushbu "do‘stona" yondashuvni uzoq vaqt ushlab tura oladimi yoki yo‘qmi - bu savol ochiq.
Solovyovning gaplari munosabatlarga aniq zarar yetkazdi.
Shuningdek, yanvar oyida taniqli ultra-millatchi g‘oyaviy sharhlovchi Aleksandr Duginning onlayn chiqishi ham vaziyatni taranglashtirdi. Dugin o‘z chiqishida Rossiya sobiq Ittifoq tarkibidagi boshqa davlatlarning mustaqil mavjudligini "qabul qilmasligi" kerakligini aytgan edi.
Bunday millatchilik bayonotlari va migrantlarga nisbatan qattiqqo‘llik Rossiya ichki auditoriyasiga juda yoqadi. Qolaversa, Rossiya iqtisodiyoti sekinlashmoqda, bu esa Moskvaning Markaziy Osiyodagi qimmatbaho "yumshoq kuch" loyihalarini qanchalik moliyalashtira olishi haqida savollarni tug‘diradi.
Strategik sheriklik bo‘yicha yangi boshqarma yanada yumshoqroq munosabat tarafdori bo‘lishi mumkin, biroq Kremldagi boshqa "lochinlar" qat’iyroq va qattiqqo‘l yondashuvni afzal ko‘rishadi.
"Kremlning ustunlari ko‘p, Kirienko esa ulardan faqat bittasi xolos", - deydi siyosatshunos Shibutov.





























