Kievga Rossiyaning keng ko‘lamli raketa va dron hujumlari: kamida 20 kishi halok bo‘ldi
Rasmiylar ma’lum qilishicha, Rossiya kuchlari tun davomida Ukraina poytaxti Kievga keng ko‘lamli dron va raketa hujumi uyushtirib, kamida 20 kishining hayotiga zomin bo‘lgan.
Shaharning turli hududlaridagi binolarga zarbalar berilgani ortidan bir nechta mahallalar evakuatsiya qilindi. Bu hujum Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya "ulkan miqyosdagi" zarbaga tayyorlanayotganini ma’lum qilganidan bir necha soat o‘tgach sodir bo‘ldi.
Kiev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko qurbonlar soni ancha ko‘p ekanini, ular orasida bolalar ham borligini bildirdi.
U payshanba tongida shunday dedi: "Dushman yana bir bor ataylab turar joy hududlarini nishonga olib, tinch aholini o‘ldirmoqda".
Rossiya Mudofaa vazirligi esa so‘nggi paytlarda Ukraina tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javob tariqasida energetika ob’ektlari nishonga olinganini ma’lum qildi.

Surat manbasi, Reuters
Rossiya Mudofaa vazirligi esa so‘nggi paytlarda Ukraina tomonidan amalga oshirilgan hujumlarga javob tariqasida energetika ob’ektlari nishonga olinganini ma’lum qildi.
Ukraina Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya bir kechada 74 ta raketa va 496 ta dron uchirgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Kievni nishonga olgan.
Mamlakatning havo mudofaa tizimlari bu hujumlarning aksariyatini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, 25 ta ballistik raketa va 12 ta dron 33 ta ob’ektga zarba bergan.
Bi-Bi-Si muxbirlari Kievda tun davomida kuchli portlash ovozlarini eshitishgan. Mahalliy vaqt bilan soat 03:30 ga kelib kamida 10 ta yirik zarba qayd etilgan. Shahar markazida katta yong‘in kuzatilgan, uzoqda esa yana bir nechta yong‘inlar sodir bo‘lgan.
Havo mudofaa tizimlarining trasser o‘qlari osmonni yoritib turgan, shundan keyin ketma-ket portlashlar eshitilgan.
Payshanba kuni tong otishi bilan portlashlar natijasida hosil bo‘lgan katta chuqurlarni ko‘rish mumkin bo‘lgan.
Shuningdek, yongan avtomobillar, binolar va infratuzilma ob’ektlari hamda vayronalar ko‘zga tashlangan.
Shaharning turli hududlarida yong‘inlar yuzaga kelgan. Tez tibbiy yordam stantsiyalaridan biri ham zarar ko‘rgani ma’lum qilindi. Bu yerda kamida bir kishi og‘ir jarohat olgan.
Yong‘in o‘chiruvchilar shahar markazidagi katta ko‘cha bo‘ylab joylashgan mehmonxonani qamrab olgan yong‘inni ham bartaraf etish bilan shug‘ullangan.
Dushman yana bir bor ataylab turar joy hududlarini nishonga olib, tinch aholini o‘ldirmoqda.
Ukrainaning Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hozirgacha 20 kishi halok bo‘lgan, qariyb 90 kishi esa jarohatlangan.
Kiev meri Vitaliy Klichko Telegram orqali e’lon qilgan videomurojaatida bu poytaxtga qarshi uyushtirilgan eng yirik hujumlardan biri bo‘lganini ta’kidladi hamda juma kunini motam kuni deb e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruv ishlari hali ham davom etmoqda. Xususan, Kievning janubi-sharqiy qismida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosining bir qismi portlash natijasida vayron bo‘lgan. Qutqaruvchilar vayronalar orasidan 15 yoshli qiz va uning oila a’zolarini qidirmoqda.
Klichkoning aytishicha, tez tibbiy yordam stantsiyalaridan biri ham hujumga uchragan. Natijada stantsiyaning olti nafar xodimi jarohatlangan va to‘qqizta tez yordam avtomobili shikastlangan.

Surat manbasi, Reuters
Zelenskiy Telegram orqali e’lon qilgan murojaatida AQShni Patriot havo mudofaa raketalarini Ukrainada ishlab chiqarish uchun litsenziya berishga chaqirdi. U bu ta’minotlarni "mutlaqo muhim va ustuvor vazifa" deb atadi.
Bundan avval tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Ukraina hamkorlarini mamlakatga qo‘shimcha havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishga chaqirgan edi.
Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga faqat qoralovchi bayonotlar emas, balki Rossiya terrorini to‘xtatish uchun aniq amaliy choralar kerak.
Sibiga "X" ijtimoiy tarmog‘ida Rossiya turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasini nishonga olganini ta’kidlab, hamkor davlatlarni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi.
Ukrainaning AQShdagi elchisi Olga Stefanishina ham "X" tarmog‘ida shunday yozdi: "Shahar aholisi uchun yana bir dahshatli tun bo‘ldi. Ular tunni boshpanalarda o‘tkazishga majbur bo‘lishdi."
U bir nechta tumanlarda fuqarolik infratuzilmasi va turar joy binolari vayron bo‘lgani hamda yong‘inlar chiqqanini qayd etdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa o‘z qo‘shinlari muhim harbiy korxonalarni, jumladan yoqilg‘i va energetika ob’ektlarini nishonga olganini bildirdi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, bu Ukraina tomonidan Rossiya hududidagi fuqarolik infratuzilmasiga qarshi uyushtirilgan "terrorchi hujumlar"ga javob sifatida amalga oshirilgan.
Sibiga esa Rossiyaning Ukrainaga bergan zarbalarini Ukraina tomonining uzoq masofali hujumlariga javob sifatida oqlashni "axloqsizlik" deb atadi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Bu Rossiyaning ikki haftadan ortiq vaqt ichida Ukrainaga qarshi amalga oshirgan birinchi yirik raketa va dron hujumi hisoblanadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi, shuningdek, mamlakatning markaziy va sharqiy qismlaridagi harbiy bazalarga ham zarbalar berilganini ma’lum qildi. Bu haqda Rossiya ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Vazirlik so‘nggi paytlarda Moskvadan tortib Qora dengizgacha bo‘lgan hududlardagi elektr stantsiyalariga qilingan hujumlarga javob tariqasida Ukraina mudofaa va energetika infratuzilmalarini nishonga olganini ta’kidladi.
Ushbu hujumlar Rossiya prezidenti Vladimir Putinni mamlakat yoqilg‘i taqchilligiga duch kelayotganini tan olishga majbur qilgani ham ta’kidlanmoqda.
Chorshanba kuni Zelenskiy Dublinga tashrifini qisqartirdi. Uning aytishicha, yangi razvedka ma’lumotlari Moskva Ukrainaga qarshi yangi zarba tayyorlayotganini ko‘rsatgan.
U shunday dedi: "Fuqarolarimizni o‘zlarini, farzandlarini va albatta oilalarini ehtiyot qilishga chaqiraman."
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga qarshi ushbu ulkan hujumni ancha vaqtdan buyon tayyorlab kelgan.
Yaqinda Rossiya qo‘shinlari sharqdagi Ukraina uchun muhim tayanch nuqtalardan biri hisoblangan Kostyantinovka shahriga kirib bordi. Agar Moskva ushbu shahar ustidan nazorat o‘rnatsa, bu butun Donbass mintaqasiga yo‘l ochishi mumkin.
Ayni paytda Ukraina qo‘mondonlari bu yil yo‘qotgan hududlaridan ko‘ra ko‘proq yerlarni qaytarib olganliklarini va Rossiya bilan ishg‘ol qilingan Qrim o‘rtasidagi muhim ta’minot yo‘llariga zarba berganliklarini ma’lum qilmoqda.
Biroq quruqlikdagi janglar bir necha oydan buyon deyarli harakatsiz holatda qolmoqda. Har ikki tomon qo‘shinlari asosan o‘z mavqelarida mustahkamlanib olgan.
Hozirda Rossiya Ukraina hududining taxminan beshdan bir qismini nazorat qilmoqda. Bu hududlarning katta qismi Rossiyaning 2022 yil fevral oyida boshlangan keng ko‘lamli bosqinining dastlabki oylarida egallab olingan.






























