O‘zbekiston: Qutbiev qo‘lidagi soat va paysalga solinayotgan shaxsiy mol-mulk deklaratsiyasi

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқлар/Eltuzar
Ijtimoiy tarmoqlarda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasining rahbari Sherzod Qutbievning soati qizg‘in muhokama qilinmoqda.
Qutbiev o‘tgan yil noyabrida Soliq qo‘mitasi rahbarligidan ozod etilib, ushbu yangi tashkil qilingan tashkilotga rais etib tayinlangandi.
Muhokama asosan Qutbiev qo‘lidagi soatning qiymati va uni sotib olish uchun kerak bo‘ladigan daromad manbai atrofida bo‘lmoqda. BBC bu soatning qiymatini mustaqil tarzda tasdiqlamadi, ayni damda Qutbievning o‘zi ham bahsu-munozaralarga munosabat bildirmadi.
Ammo, uning soati O‘zbekistonda uzoq yillardan beri qabul qilinishi paysalga solib kelinayotgan amaldorlarning shaxsiy mol-mulki deklaratsiyasiga oid qonunni yana bir bor omma e’tiboriga olib chiqdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi ko‘zda tutilgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va o‘sha yilning 7 iyulidan kuchga kirgan "Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida shu talab mavjud.
Davlat rahbari 2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishini buyurgan.
Quyida qator faollarning munosabati bilan tanishing.
Zarif Mirzahmedov, bloger
[Matn mazmuni saqlangan holda qisqartirilgan]
50 ming dollarlik soat: vaqtni ko‘rsatadimi yoki tizimni?
Urbanizatsiya agentligi rahbari Sherzod Qutbievning Prezident selektorida taqqan soati haligacha "tik-tak" qilib jamiyat asabini o‘ynab turibdi. Qizig‘i, bu soat vaqtni ko‘rsatayaptimi-yo‘qmi — noma’lum, lekin muammoni juda aniq ko‘rsatib qo‘ydi.
Kimdir buni "hayp" deydi, kimdir "ortiqcha kovlash". Ha, to‘g‘ri, axir bizda amaldorning soatiga qarash — deyarli jinoyatga teng. Qo‘lidagi soatni ko‘rmaslik kerak, lekin xalqning sabri qachon tugashini ko‘rish mumkin. Aslida esa masala juda sodda: davlat xizmatchisi — bu VIP emas, "Very Important Public" (Juda muhim shaxs) emas, balki "Very Investigated Person" (Juda tergov qilingan shaxs) bo‘lishi kerak. Chunki u xalq puli hisobidan yashaydi. Demak, uning soati ham, kostyumi ham, hatto qahvasi ham savollarga ochiq bo‘lishi shart.
Qutbievning soati haligacha “tik-tak” qilib jamiyat asabini o‘ynab turibdi. Bu soat vaqtni ko‘rsatayaptimi-yo‘qmi — noma’lum, lekin muammoni juda aniq ko'rsatib qo'ydi.
Endi soat masalasiga kelsak. Aytishlaricha, bu oddiy "qo‘l soati" emas, balki Breguet Marine Chronographe 5527 — ya’ni shunday soatki, uni taqqanda vaqt emas, status o‘lchanadi. Narxi ham shunga yarasha — taxminan 50 ming dollar. Qisqasi, bu soatni ko‘rib, vaqtni emas, byudjetni o‘ylab qolasiz. Albatta, aytishlar bor — bu soat meros emish. Juda yaxshi. Meros — muqaddas. Lekin bizda yana bir "milliy an’ana" bor: meros haqida gapirishdan ko‘ra, jim turish osonroq. Qutbiev ham aynan shu yo‘lni tanladi — sukut. Balki u o‘ylagandir: "Jim tursam, o‘tib ketadi". Lekin zamon o‘zgargan. Hozir jimlik — tushuntirish emas, balki aybni tasdiqlashga o‘xshab qoladi.
Xayrulla Qilichev, bloger
[Matn mazmuni saqlangan holda qisqartirilgan]
Urbanizatsiya qo‘mitasi qurilish sohasida yakuniy qaror qabul qiluvchi organ xisoblanadi. Barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, kadastr va boshqa tashkilotlar qurilish sohasida loyihalashtirishdan tortib, foydalanishgacha bo‘lgan jarayonda mazkur qo‘mita bilan hisoblashishga majbur. Demak, Sherzod Qudbievga yuklatilgan bunday mas’uliyat ortida katta xavf ham borga o‘xshayapdi.
Mening nazarimda xukumatimiz raxbarlari orasida qandaydir guruhbozlik bordek.
Kimdir jamiyat uchun muhim bo‘lgan ulkan iqtisodiy sohaga raxbar bo‘lib qolsa, imkon topildi deguncha uni obro‘sizlantirishga, Prezidentga yomon ko‘rsatishga harakat boshlanib qoladi.
Eltuzar, bloger
[Matn mazmuni saqlangan holda qisqartirilgan]
Mansabdor haqida noqulay savol chiqsa, darrov "bu hujum" deyiladi. Mol-mulk haqida so‘ralsa, "obro‘sizlantirish" deyiladi. Hisob so‘ralsa, "kimgadir xizmat qilyapti" deyiladi.
Yo‘q, janoblar. Bu axborot xuruji emas. Bu jamoatchilikning oddiy, qonuniy va mutlaqo o‘rinli savoli. Chunki gap soatda emas. Gap davlat amaldorining daromadi, halolligi va ochiqligida.
Bizga bitta savolga javob berishsin: Soat qaysi pulga kelgan?
Agar soat halol pulga olingan bo‘lsa, ayting Sherzodbek: Qaysi daromad hisobiga? Qachon? Deklaratsiyada bormi? Agar sovg‘a bo‘lsa, ayting: Kim bergan? Qachon bergan? Nima uchun bergan?
Shuning o‘zi kifoya.
Davlat amaldori qimmatbaho soat taqishi mumkin. Lekin u bu soatning kelib chiqishini jamoatchilikka tushuntirib berishga majbur.
Ilyos Safarov, jurnalist, Vaqt.uz
[Matn mazmuni saqlangan holda qisqartirilgan]
Davlat xizmatchisining kiygan kiyimi, taqqan soati yoki yegan ovqati jamoatchilik e’tiborida bo‘lishi — demokratik jamiyatning eng tabiiy qoidalaridan hisoblanadi.
Davlat xizmatchisi kim? U xalq to‘layotgan soliqlar hisobidan oylik oladigan, ro‘zg‘or tebratadigan va har bir tiyini uchun hisob berishi shart bo‘lgan shaxs.
Shu ma’noda, Qutbievning soati narxi, uning manbasi surishtirilishi "shaxsiy hayotga aralashish" emas, balki korruptsiyaga qarshi immunitetni tekshirishdir. Bu mutlaqo va mutlaqo tabiiy jarayon.
Muammo shundaki, bizda hamon mol-mulkni deklaratsiya qilish haqidagi qonun uning qabul qilinishini istamaydigan korruptsioner, ochiqlik dushmani bo‘lgan korchalonlar senzurasida qolmoqda. Prezident bir necha bor ko‘targan bo‘lsa-da, bu mexanizmning ishga tushmayotgani esa davlatchilik irodasining zaifligi va amaldorlar qatlamining shaffoflikdan qanchalik qo‘rqishini ko‘rsatadi.































