Oson ish O‘zbekiston uchun qanchalar muhim? - Video

Surat manbasi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi
O‘zbekiston hukumati yil boshida Oson ish platformasini ishga tushirdi. Ammo bugunga kelib Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘tkazgan so‘rov ham hali ko‘plab o‘zbekistonliklar ushbu onlayn makon orqali ish topishi mumkinligidan bexabarlar.
O‘zbekistondek har ikki yilda mustaqil hayotga bir million yosh o‘g‘il-qiz qadam qo‘yayotgan mamlakatda aholi bandligini ta’minlash o‘ta muhim vazifa hisoblanadi.
2026 yil 1 iyul holatida mamlakat aholisining jami soni 39 milliondan ko‘p ekani rasman e’lon qilindi.
Shundan taxminan 15 million o‘zbekistonlik iqtisodiy faol, ya’ni mehnat qilishga layoqatli hisoblanadi.
2026 yil birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,5 foizni tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich yil boshidagi 4,8 foizdan pasaygan.
Bu degani, rasman mamlakatda ishsizlar soni 675 000 atrofida degani.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lumotiga ko‘ra, yarim yil davomida 506 ming kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.
Ayni paytda Migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 1,4 million nafar O‘zbekiston fuqarosi dunyoning qariyb 40 ta mamlakatida mehnat qilmoqda.
Ishsizlar soniga qaraganda xorijdagi mehnat migrantlarining soni ikki baravar ko‘p ekani O‘zbekiston mehnat bozori uchun muhim xulosani ko‘rsatadi: muammo faqat ish o‘rinlarining yetishmasligida emas, balki xorijdagi ish haqi mahalliy bozordagidan yuqoriroq ekanidir.
Shuning uchun hatto ish topish imkoniyati bo‘lgan fuqarolar ham yaxshi daromad izlab chet elga ketishni afzal ko‘rayaptilar.
O‘z yurtida ish topish istagi

Surat manbasi, osonish.uz
Ammo juda yuqori maosh bo‘lmasa ham o‘z yurtida, oilasi yaqinida ishlashni istagan o‘zbekistonliklar o‘zining ko‘nglidagi ishni topishda qiynalardilar, bunga mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlar bir joyga yig‘ilmagani ham sabab bo‘lgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Oson ish platformasi birinchi bosqichini ishga tushirgan, uni yanada takomillashtirish 2027 yilda mo‘ljallanayotganini xabar qiladi.
Oson Ish O‘zbekiston uchun muhim raqamli mehnat infratuzilmalaridan biri.
U ish izlayotganlar, ish beruvchilar va mehnat bozori o‘rtasidagi axborot almashinuvini tezlashtiradi.
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Mehnat bozoridagi asosiy muammolardan biri - bo‘sh ish o‘rinlari mavjud bo‘lsa ham, aholining ular haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir.
Oson Ish esa vakansiyalar va rezyumelarni bir maydonga jamlab, ish beruvchi va ish izlovchini tezroq uchrashtirish imkonini beradi.
Platformada 52 mingdan ziyod vakansiya va 281 mingdan ortiq rezyume mavjudligi uning mehnat bozoridagi ahamiyatini ko‘rsatadi.
Oson Ish platformasida talabalar, bitiruvchilar va yoshlar uchun maxsus vakansiyalar ajratilgan.
Bu mehnat bozoriga endi kirib kelayotgan avlodning birinchi ishini topishiga yordam beradi.
Oson Ish da nogiron insonlar uchun alohida bo‘limlar mavjudligi mehnat bozoriga kengroq aholi qatlamini jalb qilish imkonini beradi.
Bu ijtimoiy integratsiya nuqtai nazaridan ham muhim.
Dunyoda bunday platformalar yangilik emas.
AQShda Indeed va LinkedIn, Germaniyada StepStone, Rossiya va MDH davlatlarida HeadHunter (hh.ru), Qozog‘istonda Enbek.kz kabi platformalar mehnat bozorining muhim qismiga aylangan.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, Oson Ish O‘zbekistonning milliy raqamli mehnat platformasi vazifasini bajarmoqda.
Uning afzalligi shundaki, xizmat mahalliy mehnat bozori ehtiyojlari va milliy qonunchilikka moslashtirilgan.

Platformaning haqiqiy ahamiyati faqat ro‘yxatga olingan vakansiyalar soni bilan emas, balki:
- qancha odam ishga joylashgani;
- qancha ish beruvchi faol foydalanayotgani;
- xususiy sektor vakansiyalari qay darajada qamrab olingani;
- ma’lumotlar qanchalik tez yangilanishi bilan o‘lchanadi.
Agar Oson Ish shu vazifalarni samarali bajara olsa, u kelajakda O‘zbekistonning mehnat bozori uchun LinkedIn yoki Qozog‘istonning Enbek.kz portaliga o‘xshash strategik ahamiyatga ega milliy platformaga aylanishi mumkin.
Shuningdek, Bandlik vazirligi "Mening ishim" platformasini ham ishga tushirdi, bu platforma ham ish izlayotgan inson bilan ish beruvchi bir-birlarini tez topishlarini osonlashtirish maqsadini ko‘zlagan.
Bi-bi-si Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot kotibi Gulnoza Alimovadan Oson Ish borligidan yanada ko‘p o‘zbekistonliklar xabardor bo‘lishlari uchun qanday ishlar qilinayapti deb so‘radi.
Gulnoza Alimova aytishicha, tez orada, shaharlar ko‘chalaridagi LED ekranlarda, poster va bannerlarda platformani keng targ‘ib etish boshlanadi.

































