Uzoq umr ko‘rish va keksayganda tetik bo‘lish uchun sog‘lom ichak qanday rol o‘ynaydi?

Uzoq umr ko‘rish va keksayganda tetik bo‘lish uchun sog‘lom ichak qanday rol o‘ynaydi?
    • Author, Hyu Pim
    • Role, Salomatlik muharriri
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Keyingi vaqtlarda ichak sog‘ligiga odamlarda katta qiziqish paydo bo‘lgan. Bir tomondan, ijtimoiy tarmoq inflyuenserlari ichak salomatligini yaxshilaydi deb ayrim samarasi tasdiqlanmagan qo‘shimchalarni targ‘ib qilsa, boshqa tomondan, sut va kombucha brendlari "foydali bakteriyalar" bilan ichaklarni oziqlantirishni va’da qilmoqda.

Ba’zilar ichak sog‘ligiga bu qadar e’tiborni o‘tkinchi qiziqish deb hisoblasa-da, ko‘plab shifokorlar ichak mikrobiomi ruhiy salomatlikdan tortib ba’zi saraton kasalliklariga chalinish ehtimoli kabi keng ko‘lamli ta’sir qilishi mumkin deb hisoblaydi.

Lekin meni qiziqtirgan yana bir tibbiy masala bor: ichaklarimiz yaxshi (yoki yomon) qarishimizga qanchalik ta’sir qiladi?

Shu bois, bir necha oy oldin men penitsillinni kashf etgani bilan mashhur bo‘lgan Londondagi Sent-Meri shifoxonasiga ichaklarim sog‘lig‘i haqida ma’lumot olgani bordim.

Men u yerda doktor Jeyms Kinross bilan uchrashmoqchi edim. U London Imperial kollejida jarrohlik professori va amaliyotchi kolorektal jarrohdir, ammo uning ishining eng qiziq qismi odamlarning axlatini tahlil qilishdir.

Bir necha hafta oldin o‘z axlatim namunasini laboratoriyaga yuborgan edim. Bunday testlar oshqozonimizdagi trillionlab mikroblar (asosan bakteriyalar, shuningdek, viruslar va zamburug‘lar) haqida ma’lumot beradi.

"Men mikrobiom targ‘ibotchisiman, – deydi u. – [U] sog‘lig‘imizning barcha jabhalariga chuqur singib ketgan."

Uning fikricha, ichaklarimiz holati qarish jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin – bu qancha umr ko‘rishimiz va keksayganimizda qanchalik jismonan tetik bo‘lishimizga ta’sir etadi.

Ba’zi mutaxassislar ichak mikrobiomining qarish jarayoniga ta’siri bo‘rttirib ko‘rsatilayotganini aytadi. Men suhbatlashgan har bir kishi ko‘proq tadqiqotlar o‘tkazish kerak deb hisoblaydi.

Hozir 60 yoshdaman, yaqinda bobo bo‘ldim. Kelgusi o‘n yilliklarda qanday yashashim haqida ichaklarim nima deyishini bilish fursati kelgan ko‘rinadi.

Yana kattaroq savolga ham javob olishim kerak: agar ichak salomatligi haqiqatan ham qarishga ta’sir qilsa, uni yaxshilash uchun nima qila olamiz?

117 yoshli ayol va uning kundalik yogurti

Mariya Branyas Morera dunyodagi eng keksa inson edi. U 2024 yilda Ispaniya shimolida 117 yoshida vafot etganidan so‘ng, olimlar uning axlati, qoni, so‘lagi va siydigidan namunalar olib, ularni Pireney yarim orolidagi boshqa 75 nafar ayolniki bilan taqqosladi.

Aytishlaricha, u keng ma’noda sog‘lom turmush tarzini yoqtirgan: qishloqda yashagan, kuniga bir soat sayr qilgan va foydali yog‘ga boy O‘rta yer dengizi taomlarini iste’mol qilgan.

Lekin uni boshqalardan ajratib turgan narsa har kuni uch portsiya yogurt iste’mol qilishi edi.

Tadqiqotga hammualliflik qilgan Barselona universiteti genetigi doktor Manel Estellerning fikricha, Moreraning yogurt iste’mol qilishi uni yallig‘lanishni kamaytiradigan foydali bakteriyalar bilan ta’minlab turgan bo‘lishi mumkin.

"Uning hujayralari yoshiga nisbatan ancha yosh ko‘rinardi", deydi Esteller.

Yuzga yuzlashgan, uzoq umr ko‘rish dunyosi qahramonlari haqida boshqa tadqiqotlar ham bor.

Olimlar 100 yoshdan oshgan bu tabarruk aholining ichaklarini qayta-qayta tekshirib, ajoyib bakteriyalar to‘plamini topdi.

2022 yilda Nature jurnalida e’lon qilingan yana bir tadqiqotda Xitoyning janubi-sharqidagi Jiaoling okrugi tadqiqotchilari 18 nafar yuz yoshli insondan axlat namunalarini olib, yoshroqlarniki bilan solishtirganda, ularda bakteriyalar yuqori darajada xilma-xilligini aniqladi.

Ichaklarda "bog‘dagi kabi xilma-xillik" bo‘lishi kerak

Bu London Qirollik kollejining geriatrik tibbiyot bo‘yicha klinik o‘qituvchisi doktor Meri Ni Loxleynn uchun tushunarli. Uning aytishicha, ichak mikrobiomasini bog‘ga o‘xshatish kerak: biz uning iloji boricha xilma-xil bo‘lishini xohlaymiz.

"Agar hech qanday o‘simlik bo‘lmagan, bo‘m-bo‘sh ko‘rinadigan bog‘ga kirsangiz, bu xilma-xilligi past bog‘dir, – deb tushuntiradi u. – Rangorang gullar, butayu daraxtlar kerak."

Muammo shundaki, yoshimiz ulg‘aygani sari mikrobiomimiz xilma-xilligi sezilarli kamayadi. Ba’zi foydali bakteriyalar ichaklarimizdan yo‘qoladi.

Ammo bu o‘zgarishni yengib o‘tgan va sakson-to‘qson yoshlarida ham o‘zlarida foydali bakteriyalarni yaxshi saqlab qolgan keksalar uzoqroq, sog‘lomroq umr ko‘rishi isbotlangan.

Ni Loxleynn uchun bu tadqiqotlar ichaklarimiz va qarish o‘rtasidagi bog‘liqlik tasdig‘idir. "Yuz yoshlilarda mikrobiom xilma-xilroq bo‘ladi."

"Qaysidir ma’noda ustun bo‘lgan bu odamlarda nimadir bor. Ular ana shu xilma-xillikni saqlab qolishga erishgan."

Gap nafaqat insonning qancha umr ko‘rishida, balki umrining so‘nggi yillarida qanchalik yaxshi yashashida hamdir. Kinrossning aytishicha, ichak bakteriyalari va zaiflik yoki keksa odamning kasallik yoki jarohatdan tiklanish qobiliyati o‘rtasida bog‘liqlik bor.

Haqiqiy yoshim va ichaklarim yoshi

Sent-Meri shifoxonasi laboratoriyasida Kinross o‘z xulosasini aytdi: menda "mikrobiomda xilma-xillik yaxshi". Bu "umuman olganda sog‘lom", bu yaxshi yangilik. Lekin uning ohangidan ba’zi bir kamchiliklar borligini payqadim.

Nihoyat o‘sha kamchilikni aytdi. Birinchidan, u yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi mumkin bo‘lgan "ichakdagi bir nechta ishtirokchilar" borligini tushuntiradi. Biroz tashvishli tomoni shundaki, ba’zi zararli bakteriyalar ham topildi. E.coli va C-Difficile mavjud, bu g‘ayriodatiy emas. (Antibiotiklarni qabul qilish yoki oldingi gastroenterit kasalligi bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.)

Keyin esa yosh masalasiga yetamiz.

Kinrossning aytishicha, mening ichak biomim o‘zimdan besh yosh katta bo‘lgan italiyalik erkakning ichak biomiga teng ekan. U buni Shimoliy Italiyadagi 62 kishida o‘tkazilgan tadqiqot bilan taqqoslab aniqlagan.

Bu tadqiqotda olimlar 22 yoshdan 109 yoshgacha bo‘lgan turli yoshdagi odamlarning najas namunalarini tahlil qilib, hayotning turli bosqichlarida odam ichagi qanday holatda bo‘lishini tavsiflashdi.

Ichak biomim tahlili natijalari tayyor taomlar va gazaklar iste’mol qilgan yillarimni yodimga soldi.

2008-yilgi moliyaviy inqiroz va Kovid-19 pandemiyasini yoritishdagi tig‘iz ish jadvallari tufayli juda ko‘p shunday yeguliklarni yo‘l-yo‘lakay yeb yurishga to‘g‘ri kelgandi. Yigirma yoshlarim o‘rtalaridan beri Londonda yashab kelganim uchun Shimoliy Italiyaning toza havosi o‘rniga transport tutunlari ichida yashadim. Ichagimning o‘zimdan besh yosh katta deb hisoblanishi ajablanarli emas.

Kinross rangim oqarib ketganini ko‘rgan bo‘lsa kerak, darhol menga italyan erkaklarining barchasi O‘rta yer dengizi taomlarini yegan yoki shahardagi ifloslanishdan xoli qishloq joylarda yashagan bo‘lsa kerak, deb xotirjam qildi.

Bundan tashqari, o‘sha tadqiqot namunasi kichik edi.

U "sog‘lom qarish uchun barcha mexanizmlar mavjud" va faqat ularni optimallashtirish kerakligini aytib, meni tinchlantirdi. Boshqacha aytganda, agar ovqatlanishimni tartibga solsam, yaxshilanish uchun vaqt bor.

Ichak sog‘lig‘ini yaxshilash mumkinmi?

Odamlar haqiqatan ham sog‘lom ovqatlanish orqali qarish jarayonini yaxshilay oladimi, degan savolga Esteller optimistik javob beradi.

U ichak salomatligi va qarish jarayoni o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida ba’zi "noaniqliklar" saqlanib qolayotganini ta’kidlaydi, biroq hozirda biz iste’mol qiladigan oziq-ovqatlar "kasalliklarimizga ham, umr ko‘rishimizga ham" ta’sir qilishi mumkinligi dalillari aniq ekanini aytadi.

Boshqacha aytganda, biz qancha umr ko‘rishimiz va keksalikda qanchalik sog‘lom bo‘lib qolishimizga ta’siri ehtimoli bor. "Hatto bir shahardagi yuqori daromadli odamlar orasida ham yaxshiroq ovqatlanadigan odamlar uzoqroq yashaydi," deydi u.

U tarkibida bakteriyalarni ko‘paytiruvchi polifenollar bo‘lgan zaytun moyini iste’mol qilishni tavsiya qiladi. Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda eng uzun umr ko‘radigan (84,5 yosh) Yaponiyada mashhur bo‘lgan, aminokislotalarga boy o‘tkir tishli dengiz balig‘i – ko‘k baliq go‘shtini tavsiya qildi.

Biroq, Buyuk Britaniyaning aksariyat supermarketlarida ko‘k baliqni topish qiyin; uni faqat ixtisoslashgan baliqchilar do‘konlarida yoki restoranlarda topish mumkin.

Shuningdek, u imkon qadar tozalangan oq shakar va o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlardan voz kechishni tavsiya qildi, chunki bular ichaklarimizdagi bakteriyalar xilma-xilligiga zarar yetkazishi mumkin.

Ammo Estellerning ta’kidlashicha, ichak sog‘lig‘ini "yaxshilash"da ba’zi odamlarning omadi boshqalarnikiga qaraganda ko‘proq keladi va bunda genlar ham o‘z rolini o‘ynaydi.

Kinrossning ta’kidlashicha, turli aholi guruhlarida mikrobiomning qanday ishlashi bo‘yicha tadqiqotlar endi boshlanmoqda. Hozircha, deydi u, har bir bemor alohida baholanishi kerak.

Keksalar uchun "burilish nuqtasi"

Tahlil natijalarini olib, dietolog Rakel Britzk bilan uchrashdim. U tahlil natijalarini ko‘rib chiqib, mening ichak bakteriyalarim xilma-xilligini oshirish uchun mo‘ljallangan menyu rejasini tuzdi.

Haftaning dastlabki kunlarida u menga zig‘ir urug‘i, chia urug‘i, kefir, chernika, kivi yoki anordan iborat nonushta tayyorlashni taklif qildi. (Bu mening odatdagi kam shakarli granola va yogurtimdan uncha farq qilmaydi.)

Tushlikka u menga yashil salat, loviya yoki yasmiq, brokkoli, sarsabil yoki lavlagi, grillda terisiz pishirilgan tovuq go‘shti yeyishni tavsiya qildi. Bu biroz murakkabroq tuyuladi – ish bilan bo‘lib, shoshilinchda bu mahsulotlarni topish doim ham oson emas. Kechki ovqatga esa losos, sarsabil va jigarrang guruch.

Xotinim qoshlarini chimirib, mening bu rejaga amal qilishimga shubha bilan qaraydi.

Ichimliklarga kelsak, sharbatlar tavsiya qilindi. Birinchi kuni yalpiz, olma, kivi, karam, limon sharbati, pista va suvni astoydil aralashtirib, yashil sharbat tayyorladim. Ammo yalpiz ta’mi boshqalarni bosib ketdi.

Kefir va kombucha (bakteriyalarga boy, fermentlangan ichimliklar) ham tavsiya etildi va ular yaxshi ta’sir qildi.

Rakel Britzk, shuningdek, menga probiotiklar, Omega-3 va D3 vitaminini qabul qilishni tavsiya qildi. Ular arzon emas.

Kinrossning aytishicha, qarish jarayoniga ta’sir ko‘rsatish uchun ovqatlanishdagi o‘zgarishlar "sezilarli" bo‘lishi kerak.

Agar men yangi parhez rejamga qat’iy rioya qilsam, "bir necha hafta ichida" ichak biomidagi o‘zgarishlarni ko‘rishim mumkin ekan.

Ammo u parhezga "sal" o‘zgartirish kiritishdan ehtiyot bo‘lishim kerakligini aytdi – masalan, agar bir kun amal qilib, keyingi kun qilmasangiz, samara sezilarli bo‘lmaydi. Bundan tashqari, qarish istiqboli yaxshilanishi ehtimoli ham kamayadi.

Hali vaqtingiz bor, deydi u. Ammo keksalar uchun ichak biomi yomonlashganda "burilish nuqtasi" yuzaga keladi.

Ichak salomatligida tovuq yoki tuxum muammosi

Biroq, yana bir jumboq bor – Ni Loxleynn uni "tovuq va tuxum" muammosi deb ataydi. Ya’ni: xilma-xil ichak bakteriyalari bizni keksalikda kuchliroq qiladimi yoki keksalikda kuchliroq bo‘lishimiz ichak bakteriyalarimiz xilma-xilligini oshiradimi?

Tarixan qaysi biri sabab va qay biri oqibat ekanligini aniqlash qiyin bo‘lgan.

Ammo bu savolga ham qisman najas ko‘chirib o‘tkazish tadqiqotlari tufayli javob topilgan bo‘lishi mumkin – bunda najas inson yoki hayvondan olinib, kapsula yoki naycha orqali hayvonlarga (odatda sichqonlar) oshqozoniga yuboriladi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

2020 yilda chop etilgan shunday tadqiqotlardan birida AQSh olimlari 11 tadan iborat sog‘lom sichqonlarning ikkita guruhini o‘rgandi. Birinchi guruhga qari sichqonlardan, ikkinchi guruhga esa yosh sichqonlardan olingan najas o‘tkazildi.

Uch oy ichida eski najas olgan sichqonlar depressiyaga o‘xshash xulq namoyon eta boshladi. Ularning qisqa muddatli xotirasi ham, fazoviy idrok qilish qobiliyati ham yomonlashdi.

Amalda, ularning tanasi qaridi.

Ni Loxleynn aytishicha, ko‘pchilikka bu yoqimsiz tuyulishi mumkin, ammo bu tadqiqotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri sababiy bog‘liqlikni ko‘rsatishi bilan ahamiyatli.

Ichak mikrobiomining qarish jarayoniga ta’siridan hamma ham hayratlanmaydi. Qirollik umumiy amaliyot shifokorlari kolleji raisi, professor Kamila Xotorn ichak mikrobiomi bo‘yicha tadqiqotlar "qiziqarli" ekanligini va "shubhasiz, jamoatchilik e’tiborini tortganini" aytadi, ammo yana shunday qo‘shimcha qiladi: "Shuni yodda tutish kerakki, ayniqsa, bu sohadagi tadqiqotlar endi rivojlanayotgan bir paytda, ichak salomatligi ehtimol ancha katta manzaraning bir qismidir.

Yaxshi salomatlik birgina omil bilan belgilanmaydi."

Garchi oziq-ovqat yagona omil emasligini ta’kidlashsa-da, olimlar ovqatlanish orqali qarish jarayonini yaxshilash mumkinligini ta’kidlamoqda.

Estellerning hisob-kitoblariga ko‘ra, ovqatlanish tarzi qarish jarayonining taxminan uchdan bir qismini belgilaydi. Qolgan qismi esa genetika va jismoniy mashqlar, chekmaslik kabi boshqa turmush tarzi omillaridir.

O‘z ichak salomatligimga kelsak, yangi parhezim endi boshlandi.

Ishtaham qongan, tavsiya etilgan olma, uzum va yong‘oqlardan tashqari boshqa gazaklar meni qiziqtirmaydi. Ammo kutilmagan ishlar chiqib turadigan turmush tarzida bunday puxta rejaga rioya qilish qiyin, buni uddalay olishimga shubham bor.

Shunga qaramay, bu sinovlar va tajriba mening ichak salomatligim va kelajakdagi umumiy salomatligim haqida ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi.