Yosh va millatchi? Isroilda o‘ta o‘ng kuchlar yoshlar orasida o‘z tarafdorlarini topmoqda

O‘ta o‘ngchi vazir Itamar Ben-Gvir (chapda) Isroil yoshlari orasida katta qo‘llab-quvvatlovga ega.
Surat tagso‘zi, O‘ta o‘ngchi vazir Itamar Ben-Gvir (chapda) Isroil yoshlari orasida katta qo‘llab-quvvatlovga ega.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Isroilning o‘ta o‘ngchi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir voyaga yetib, armiyaga chaqirilish yoshiga yetganida, siyosiy qarashlari haddan tashqari radikal deb topilgani uchun harbiy xizmatga qabul qilinmagan.

O‘shandan beri 30 yil o‘tdi, ammo uning qarashlari deyarli o‘zgarmadi. Isroil esa o‘zgardi. Bir vaqtlar mamlakat siyosiy elitasi tomonidan chetga surilgan Ben-Gvir bugun hukumatning eng yuqori doiralaridan joy olgan vazirlardan biri.

Kelasi hafta bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan saylovchilar bilan uchrashuvlarda Ben-Gvirni ko‘pincha yosh, jo‘shqin tarafdorlar qurshab oladi. Ular uning ko‘p sonli qo‘riqchilari boshi uzra partiyaning ulkan bayroqlarini hilpiratib, xursandchilik bilan olqishlashadi.

Yahudiylar va arab isroilliklar aralash yashaydigan Ramle shahridagi yopiq bozorda Ben-Gvir yosh saylovchilarga chaqirig‘i saylovda faol qatnashib, ovoz berishga kelishga undashdan iborat ekanini aytdi.

«Biz o‘zimizga bo‘lgan qo‘llab-quvvatlovni ko‘ryapmiz, mehrni his qilyapmiz va g‘alaba qozonishni istaymiz!» — dedi u.

18 yoshli Nadavning fikricha, Ben-Gvir «Isroilning kuchli davlat ekanini ko‘rsatishga harakat qilmoqda».
Surat tagso‘zi, 18 yoshli Nadavning fikricha, Ben-Gvir «Isroilning kuchli davlat ekanini ko‘rsatishga harakat qilmoqda».

Bu saylovda yarim milliondan ortiq kishi ilk bor ovoz beradi. Ko‘plab isroilliklar ushbu saylovni mamlakatning kelajakdagi xavfsizligi va milliy o‘zligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblamoqda.

So‘rovnomalar saylovdagi raqobat keskin kechishini ko‘rsatmoqda. Ilk bor ovoz beradigan yosh saylovchilar esa natijani belgilashda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Isroilning eng ommabop gazetalaridan biri — Yedioth Ahronoth buyurtmasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ilk bor ovoz beruvchilarning 16 foizdan ortig‘i o‘ta o‘ng partiyalarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. Ulardan biri — Ben-Gvir rahbarlik qilayotgan «Yahudiy kuchi» (Otzma Yehudit) partiyasi, ikkinchisi esa uning o‘ta o‘ngchi ittifoqchisi Bezalel Smotrich boshchiligidagi «Diniy sionizm» partiyasidir.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Skip podcast promotion and continue reading
BBC News O'zbek Obuna bo'ling!
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Isroilning yetakchi Channel 12 telekanali buyurtmasi bilan o‘tkazilgan boshqa bir so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, yoshlarning qariyb to‘rtdan uch qismi o‘z siyosiy qarashlarini «o‘ng qanot» yoki «markaz-o‘ng» deb baholaydi.

«Itamar Ben-Gvir menda xavfsizlik hissini uyg‘otadi», — dedi siyosatchini Ramle shahriga kuzatib borgan yosh tarafdorlardan biri, 20 yoshli Mordexay.

«Trampdan tortib Musogacha — tarixdagi har qanday inson singari, uning ham ba’zan unchalik o‘rinli bo‘lmagan gaplari uchrab turadi. Nima qilibdi? Itamarning aytganlarining 90 foizi ajoyib», — deya qo‘shimcha qildi u.

«Itamar bizga xavfsizlikni ta’minlaydi. Biz armiyada xizmat qilayotganimizda ham ortimizda bizni qo‘llab-quvvatlaydigan, himoyamizda turadigan odam bo‘ladi», — dedi 18 yoshli Nadav.

«Menimcha, u bizning kuchli davlat ekanimizni ko‘rsatishga harakat qilyapti. Ko‘p yillar davomida o‘z e’tiqodimizda qat’iy ekanimizni namoyon eta olmadik. O‘z mafkuramizni ochiq ifoda etish imkonimiz bo‘lmadi», — dedi u.

Londonda ulg‘aygan, o‘ta ortodoksal yahudiylar jamoasiga mansub 23 yoshli Meir Shrayberning aytishicha, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS boshchiligida Isroilga qilingan va G‘azo urushi boshlanishiga turtki bo‘lgan hujumlar ham uni Ben-Gvirni to‘g‘ri tanlov deb hisoblashga ishontirgan.

«Yoshlar tinchlikka erishish biz uchun imkonsiz narsa ekanini tushunishyapti», — dedi u menga. «Chunki yoshlikda boshdan kechirgan voqealar shaxsiyatingni shakllantiradi. Biz 7 oktyabrь voqealarini ko‘rdik».

So‘rovnomalarga ko‘ra, kelasi hafta saylovlarida ilk bor ovoz beradigan saylovchilarning 16 foizdan ortig‘i o‘ta o‘ngchi partiyalarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
Surat tagso‘zi, So‘rovnomalarga ko‘ra, kelasi hafta saylovlarida ilk bor ovoz beradigan saylovchilarning 16 foizdan ortig‘i o‘ta o‘ngchi partiyalarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.

Ben-Gvir — jamiyatda keskin qarama-qarshiliklarni keltirib chiqarayotgan siyosatchi. Isroilning o‘zi ham bo‘lingan. Uning siyosiy qarashlari qatoriga bosib olingan G‘arbiy Sohilni Isroilga qo‘shib olish, G‘azo sektorida yahudiylar mahallalarni barpo etish va falastinliklarning «ixtiyoriy ravishda ko‘chib ketishi»ni ta’minlash kabi g‘oyalar kiradi. Uning bu pozitsiyalari va bayonotlari Isroildagi liberal qarashli fuqarolar tomonidan keskin qoralanadi.

G‘arbning bir qator davlatlari falastinliklarga qarshi nafrat va zo‘ravonlikni qo‘zg‘atuvchi bayonotlari uchun Ben-Gvir va Smotrichga nisbatan sanksiyalar joriy etgan yoki ularning mamlakatga kirishini taqiqlagan. Har ikkisi ham Bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukmron koalitsiyada nufuzli vazirlar hisoblanadi.

Ben-Gvir va uning hamrohlari bozor rastalari orasidan olomonni yorib o‘tib borarkan, ayrim savdogarlar ularga qandolat shirinliklarini otsa, boshqalari esa norozilik bilan qarab turdi.

«Men uni yoqtirmayman, u odamlar o‘rtasida nizo qo‘zg‘aydi», — dedi savdogarlardan biri. «Ramle — yahudiylar va arablar aralash yashaydigan shahar. Bu yerda, hatto 7 oktyabr voqealaridan keyin ham, hech qanday muammo yo‘q. Ammo uning chaqiriqlari siyosiy savodi yetarli bo‘lmagan yoshlarni o‘ziga og‘dirmoqda».

Ben-Gvirning 18–22 yoshdagilar orasida ularning ota-onalari avlodiga nisbatan ko‘proq mashhurligi ko‘pincha, hech bo‘lmaganda qisman, 7 oktyabrь hujumlarining ta’siri bilan izohlanadi.

Biroq ilgari Isroilda ko‘plab siyosiy kampaniyalarga rahbarlik qilgan siyosiy tahlilchi Daliya Sheyndlinning aytishicha, buning sabablari faqat shu bilan cheklanmaydi.

«So‘nggi qariyb 20 yil davomida yosh isroillik yahudiylarning siyosiy qarashlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan ko‘ra o‘ngroq ekanini kuzatib kelyapmiz. Ko‘plab mezonlar bo‘yicha ularning qarashlari 55 yoshdan oshganlarnikiga nisbatan ancha o‘ngchil», — dedi u menga.

«Ular bir qator urushlar sharoitida ulg‘ayishdi va tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarni shaxsan boshdan kechirishmadi. Biroq ular bahs-munozaralarda eng keskin qarashlarni ham muhokama qilish mumkin bo‘lgan qonuniy pozitsiyalar sifatida qabul qilishga o‘rganishdi. Bular — G‘arbiy Sohilni Isroilga qo‘shib olish, yahudiylar manzilgohlarini kengaytirish va 7 oktyabrdan keyin esa G‘azoni ham Isroilga qo‘shib olish g‘oyalari. Endi esa ular ilk bor saylovda ovoz berishmoqda».

20 yoshli Mordexayning fikricha, Ben-Gvirning «ba’zan o‘ylamay aytgan gaplari» ahamiyatga ega emas.
Surat tagso‘zi, 20 yoshli Mordexayning fikricha, Ben-Gvirning «ba’zan o‘ylamay aytgan gaplari» ahamiyatga ega emas.

Isroillik satirik Lior Shleyen yaqinda sinfxonalarda o‘tkazilgan bir qator bahslarni tasvirga oldi. Ushbu bahslarda ayrim yosh isroilliklarning o‘ta keskin qarashlari namoyon bo‘ldi.

Shleyen irqchilikka asoslangan yoki o‘ta radikal fikrlarga qarshi chiqib, bahs ishtirokchilarini savolga tutgan. Bu videolar Isroilda katta e’tibor qozondi. Ulardan birida o‘quvchilardan biri Isroilning barcha arab fuqarolarini o‘ldirish kerakligini ta’kidlagan. Keyinchalik bu video Shleyenning veb-saytidan olib tashlandi.

So‘rovnomalarga ko‘ra, Isroilda ilk bor ovoz beradigan yoshlar saylovda qatnashishga juda qiziqmoqda: ularning 80 foizdan ortig‘i ovoz berish ehtimoli yuqori ekanini bildirgan. Biroq shu tadqiqotlar yoshlarning demokratik institutlarga ishonchi kamroq ekanini, siyosiy namoyishlar va petitsiyalarda esa kamroq ishtirok etishini ko‘rsatmoqda.

Hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi va unga qarshi bo‘lgan ikki barqaror siyosiy blok o‘rtasidagi raqobat deyarli teng kechayotgan bir paytda, yangi saylovchilarni ovoz berish uchastkalariga jalb qilish natijani hal etishi mumkin.

Muxolifat partiyalari yosh saylovchilar e’tiborini demokratiyaga tahdidlar haqidagi ogohlantirishlar, ijtimoiy tarmoqlar uchun tayyorlangan yangi videolar va yosh nomzodlar orqali qozonishga harakat qilmoqda.

So‘rovnomalarga ko‘ra, Binyamin Netanyaxu va uning hukmron koalitsiyadagi ittifoqchilari muxolifat bloki bilan keskin raqobat olib bormoqda.
Surat tagso‘zi, So‘rovnomalarga ko‘ra, Binyamin Netanyaxu va uning hukmron koalitsiyadagi ittifoqchilari muxolifat bloki bilan keskin raqobat olib bormoqda.

«2022 yildagi saylovda Tel-Avivda yashovchi fuqarolarning atigi 59 foizi ovoz berdi. Bu esa butun Yaqin Sharqdagi eng liberal shahar! Ben-Gvirni qo‘llab-quvvatlagan hududlarda esa saylovchilarning qariyb 90 foizi ovoz berdi», — dedi sobiq bosh vazir Naftali Bennett rahbarlik qilayotgan muxolifatdagi o‘ng-markazchi «Beyaxad» («Birgalikda») partiyasidan nomzod, 24 yoshli Yonatan Shalev.

Uning aytishicha, Ben-Gvir ijtimoiy tarmoqlar kuchini boshqa siyosatchilardan ko‘ra tezroq anglab yetgan.

«Liberal siyosatchilar TikTokka ham, Instagramga ham ishonmadi. U esa aynan shu maydondan foydalandi».

Shalevning aytishicha, u o‘z partiyasini ijtimoiy tarmoqlar orqali yosh saylovchilarga yetib borishga undagan.

«Uch oy oldin ham Ben-Gvir TikTokda eng ko‘p ko‘rishlar va eng ko‘p layk to‘plagan siyosatchi edi. Instagramda ham shunday edi. Hozir esa bu borada Naftali Bennett oldinda», — dedi u.

Hozir sobiq bosh vazirning Instagram sahifasida uning rep musiqasi ostida og‘irlik ko‘tarayotgani yoki ko‘chada Shalev bilan suhbatlashayotgani aks etgan videolar bor. Hatto Netanyaxu ham shiddatli musiqa ostida tayyorlangan, harbiy ruhdagi tezkor videolar orqali ijtimoiy tarmoqlarda faollasha boshladi.

«Isroilda yoshlar yangiliklarni tomosha qilmaydi, gazetalarni ham o‘qimaydi. Yosh avlod barcha ma’lumotlarni TikTok va Instagramdan olyapti», — dedi Shalev.

«Beyaxad» partiyasidan nomzod Yonatan Shalevning aytishicha, Ben-Gvir ijtimoiy tarmoqlar kuchini boshqa siyosatchilardan oldinroq anglagan.
Surat tagso‘zi, «Beyaxad» partiyasidan nomzod Yonatan Shalevning aytishicha, Ben-Gvir ijtimoiy tarmoqlar kuchini boshqa siyosatchilardan oldinroq anglagan.

Yonatan Shalev yaqinidan o‘tib ketayotganini ko‘rgan 21 yoshli Yahli Reske va Mika Magal yaqin atrofdagi bardan shoshib chiqishdi.

«Men uni juda yaxshi ko‘raman», — dedi Mika.

«Ha», — deya qo‘shildi Yahli. «U biz bilan tengdosh, juda yosh va juda ko‘p narsani biladi. Bir xil gaplarni qayta-qayta takrorlaydigan keksa odamlarni tinglash qiyin».

Yahlining aytishicha, 7 oktyabrdagi hujumlar boshlangan paytda u milliy harbiy xizmatni o‘tayotgan edi.

«O‘shangacha siyosatga umuman e’tibor berganimni eslay olmayman», — dedi u. «Ammo, ehtimol, 7 oktyabrda hokimiyatda boshqa hukumat bo‘lganida, voqealar boshqacha kechgan bo‘lardi».

Birinchi marta ovoz beradigan saylovchilarning 16 foizi o‘ta o‘ngchi partiyani qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatgan shu so‘rovga ko‘ra, ularning qariyb 9 foizi «Beyaxad» partiyasiga ovoz berishi mumkin. Sobiq general Gadi Ayzenkot rahbarlik qilayotgan o‘ng markazchi «Yashar» partiyasi ham shuncha ovoz olishi mumkin.

O‘tgan dam olish kunlari Tel-Avivdagi talabalar tadbirida Ben-Gvir nutq so‘zlayotganida, namoyishchilar uning gapini bo‘lib, «Fashizmga yo‘l yo‘q!» deb baqirishdi. Oqibatda u sahnani tark etishga majbur bo‘ldi.

Isroilda yosh saylovchilar o‘ng qarashlarga tobora ko‘proq moyil bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. Ammo ular ham boshqa isroilliklar kabi ikkiga bo‘lingan: qaysi siyosatchi mamlakat xavfsizligi va milliy manfaatlarini himoya qiladi, va qaysisi Isroilning kelajagiga tahdid soladi, degan masalada ularning qarashlari turlicha.