Simsiz quloqchinlar qanchalik zararsiz?

Hozir musiqa va podkastlarni internet orqali tinglash imkoniyati shu qadar kengki, quloqchinlar ommalashuvi ajablanarli emas.
Statista ma’lumotlar kompaniyasiga ko‘ra, faqat Buyuk Britaniyaning o‘zida ularga har yili bir milliard funt sterling atrofida sarflanadi, ayniqsa, simsiz quloqchinlarga talab yuqori.
Ko‘pchilik foydalanuvchilar bu quloqchinlarni yoqtirsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda ularning sog‘liqqa ehtimoliy xavflari haqida xavotirlar ham paydo bo‘ldi.
BBC Bitesize'ning "Tanganing boshqa tomoni" rukni bu xavotirlarni chuqurroq o‘rganib, faktlarni uydirmalardan ajratishga harakat qildi.
Simsiz quloqchinlar xavfsizmi?
Simsiz quloqchinlarda (xoh quloq ustiga kiyiladigan, xoh quloq ichiga kirgiziladigan bo‘lsin) telefonlarimizga ulanish uchun Bluetooth texnologiyasidan foydalaniladi.
Bu elektromagnit maydon bilan bog‘liq bo‘lib, ba’zilar bu miyamizga zarar yetkazishi mumkin deb o‘ylaydi.
Simsiz quloqchinlar va ularning ehtimoliy xavflari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazilgan.
Ular radiochastotali radiatsiya deb ataladigan nurlanish turini chiqaradi, bu insonga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan nurlanish darajasidan ancha past chastotada ishlaydi.
2019 yilda Cancer Research UK tashkiloti Bluetooth quloqchinlari zarar yetkazishi mumkinligi haqida yetarli dalillar yo‘qligini va katta guruhlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar saraton xavfi oshishiga hech qanday aloqani aniqlamaganini ta’kidladi.
Biroq, 2025 yilga kelib ham, simsiz quloqchinlarning sog‘lig‘imizga ta’siri bo‘yicha tadqiqotlar davom etmoqda.
Qimmat quloqchinlar yaxshiroqmi?
Shovqin bosuvchi quloqchinlar nisbatan yangi ixtiro hisoblanadi.
Ularda maxsus dasturiy ta’minot bo‘lib, u televizor yoki itning hurishi kabi tashqi shovqinlarni yo‘qotadi va foydalanuvchiga faqat bitta tovushga e’tibor qaratish imkonini beradi.
Ularning narxi 50 funt sterlingdan 100 funt sterling va undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
"Which?" jurnali ekspertlar jamoasi turli xil mahsulotlarning ko‘plab markalarini va modellarini sinovdan o‘tkazdi va 50 funt sterling atrofida turadigan quloqchinlar ham shovqinni yaxshi kamaytirishi mumkinligini aniqladi.
Shuning uchun qimmatga olish shart emas, lekin qancha sarflash har kimning o‘zining ixtiyorida.
Shovqinni so‘ndiruvchi quloqchinlar eshitish qobiliyatimizni himoya qiladimi?
"Tanganing boshqa tomoni" rukni Britaniya Audiologiya akademiyasi prezidenti Kler Benton bilan shovqin bosuvchi quloqchinlar haqida batafsil suhbatlashdi. Klerning tushuntirishicha, ular odamlarning eshitish qobiliyatini himoya qilishga yordam beradi, chunki bir tovushga e’tibor qaratish va boshqa barcha tovushlarni o‘chirish orqali, uni baland ovozda tinglashga hojat qolmaydi.
"Baribir yaxshi eshitish gigienasiga rioya qilishingiz kerak, – deydi Kler. – Quloqlaringizga tinglashdan dam bering, har qanday holatda ham ovoz balandligi xavfsiz darajada bo‘lsin, chunki uni balandlatish istagi hali ham bor. Ba’zi odamlar baland ovozli musiqani juda yaxshi ko‘radi, lekin uni uzoq vaqt davomida tinglash juda xavfli ekanligini bilamiz. [Rasmiy] qoidalarga ko‘ra, eshitish qobiliyatini himoya qilmasdan, sakkiz soat davomida sakson besh detsibel (db) xavfsiz hisoblanadi."

Sakson besh db – katta tirbandlik yoki oshxona blenderidan chiqadigan shovqinga teng. Klerning aytishicha, agar siz atigi uch db balandroq ovozda tinglasangiz, xavfsiz tinglash vaqti birdaniga sakkiz soatdan to‘rt soatga qisqaradi.
Kler qo‘shimcha qildi: "Agar tashqi shovqinga tez chalg‘iydigan yoki fon shovqinni yoqtirmaydigan odam bo‘lsangiz, shovqinni bosuvchi quloqchinlar shovqinli joylarda o‘zingizni xotirjam his qilishingiz uchun yordam beradi.
"Agar shovqinni kamaytiruvchi quloqchinlardan haddan tashqari ko‘p foydalansak, bu eshitish qobiliyatimizda o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkinmi, degan savollar paydo bo‘la boshladi. Ehtimol, shovqin bosuvchi quloqchinlarni juda uzoq vaqt taqib yurish, shovqin ichida odamlar gapini tushunish qobiliyatingizni buzishi mumkin, ammo bu hozircha shunchaki taxmin".
Quloqchin va quloq tiqinlarining farqi nimada?

Shovqin bosuvchi quloqchinlar tovush darajasini pasaytirish uchun qulay, lekin kontsert yoki musiqa festivali kabi jonli tadbirlar uchun qulay emas. Biroq, bu kabi tadbirlarda ham quloqlaringizni asrashingiz kerak va quloq tiqinlari (ear plugs) bunga yaxshi yechim bo‘lishi mumkin.
Qirollik Karlar milliy instituti (RNID) tadqiqotlari ko‘rsatishicha, 18 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan odamlarning 58 foizi baland musiqadan keyin eshitish qobiliyatining yo‘qolishi yoki eshitish bilan bog‘liq muammolarga duch kelgan. Ko‘p hollarda bu ta’sir uzoq davom etmaydi, ammo bunday shovqinli muhitlarga quloqlarimizni doimiy duchor qilish uzoq muddatli zarar yetkazishi mumkin. Festivallarda ommalashib borayotgan quloq tiqinlari tovushni pasaytirib o‘tkazadi. Bu esa, agar baland shovqindan bezovta bo‘lsangiz, bunday tadbirlarda qatnashishni osonlashtirishi mumkin.
Quloq tiqinlari samarali ishlaydimi?
Ha, quloq tiqinlari samarali ishlaydi. Hatto eng arzon ko‘pikli tiqinlar ham tashqi tovush va quloq yo‘li o‘rtasida to‘siq yaratadi, ammo ularni kiritish va olib tashlashda ehtiyot bo‘lish kerak.
O‘rtacha musiqa festivalida tovush 90 db dan 100 db gacha bo‘ladi, inson qulog‘i esa 80 db dan ortiq bo‘lmagan tovushni uzoq vaqt davomida xavfsiz tinglashi mumkin.
Audiolog Saira Husayn BBC Sounds Sliced Bread podkastida quloq tiqinlari haqida shunday dedi: "Sog‘liqni saqlash nuqtai nazaridan qaralsa, odamlarda eshitish qobiliyatini shovqindan himoya qilish haqida xabardorlik oshgani meni quvontiradi. Shuning uchun, albatta, festivalga borganda quloqlarni himoya qiladigan vosita bo‘lishi shart."
Sliced Bread dasturida ishtirok etgan Trevor Koks Salford Universitetining akustik muhandislik professoridir. Uning aytishicha, agar quloq tiqini sotib olayotgan bo‘lsangiz, qancha detsibel pasaytirishiga qarab tanlagan ma’qul. Biroq deydi u: "Men ularni ko‘rib tekshirmasdan turib sotib olmayman, chunki ular qo‘limga tegmaguncha qanday ishlashini bilmayman."






























