O‘zbek, Qirg‘iz, Hind... Rossiya uchun urushayotgan chet elliklar aslida kim - qurbonmi yo ko‘ngilli?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, Olga Prosvirova
- Role, BBC
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Rossiyaning xorijliklarni Ukrainaga qarshi urushga yollashi ayrim hollarda odam savdosi sifatida tasniflanishi mumkin, deyiladi xalqaro inson huquqlari himoya guruhlarining yangi hisobotida.
Gap faqat aldov yoki tahdidlar bilan shartnoma imzolashga majburlanganlar haqida emas, balki migrantlarning ojizligidan foydalanib, ularni frontga jo‘natishni ko‘zda tutuvchi tizim haqida ham bormoqda.
Ojiz odamlar
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya (FIDH), Ukrainaning Truth Hounds huquqni himoya qilish tashkiloti va Qozog‘istonning Inson huquqlari va qonuniylikka rioya etish bo‘yicha xalqaro byurosi Rossiyada xorijliklarni armiyaga jalb etish amaliyotiga yangicha baho berilgan hisobotni e’lon qildi.
Ularning fikricha, ayrim hollarda yollash jarayonida odam savdosi alomatlari – aldov, ojizlikdan foydalanib, bosim yoki tahdid, shuningdek, keyinchalik ekspluatatsiya qilish kabi holatlar kuzatilishi mumkin.
Hisobot asosan Rossiya qurolli kuchlarida xizmat qilib, Ukrainada asir tushgan 16 nafar xorijlik bilan o‘tkazilgan intervyularga asoslangan.
Shuningdek, mualliflar ochiq manbalar, Rossiya armiyasidan qochgan dezertirlar, mintaqaviy ekspertlar hamda xalqaro huquq va inson huquqlari bo‘yicha mutaxassislar bilan suhbatlarga ham murojaat qilgan.
Harbiy asirlar bilan suhbatlar axloqiy muammolarni yuzaga keltiradi.
Shaxsga bevosita bosim o‘tkazilmasa ham, asirning ahvoli uning so‘zlashga roziligiga ta’sir qilishi mumkin: u intervyuni majburiyat sifatida qabul qilishi yoki rad etish oqibatlaridan cho‘chishi ehtimoli bor.
Hisobot mualliflari bu xavfni inobatga olganlarini, shu sababli xulosalarni faqat asirlar hikoyalariga asoslanib chiqarmaganliklarini ta’kidlamoqda.
Rossiya Ukrainadagi keng ko‘lamli urushning birinchi yilida katta talafot ko‘rgach, Rossiya hukumati tanlov oldida qoldi: mamlakat ichida yangi ommaviy safarbarlik qilmasdan turib, jangovar harakatlarni qanday davom ettirish kerak?
Hisobot mualliflariga ko‘ra, choralardan biri armiyani xorijliklar bilan to‘ldirishning institutsional tizimini yaratish bo‘ldi.
Ushbu tizim, deb yozadi ular, ko‘ngillilarni yollash bilan birga "iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan ojiz bo‘lgan chet el fuqarolarini vaqtinchalik shartnomalar asosida xizmatga yirtqichlarcha yollash"ni ham qamrab olgan.
Rossiya rasmiylari chet el fuqarolari Mudofaa vazirligi bilan ixtiyoriy shartnoma imzolayotganini ta’kidlab keladi.
O‘tgan yili shartnoma imzolagan xorijliklar uchun Rossiya fuqaroligini olishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan, joriy yil fevralida esa urushayotgan xorijliklarni jinoyat uchun ekstraditsiya qilishni taqiqlovchi qonun qabul qilingan.
Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon Rossiya, Shimoliy Koreya harbiylarini hisobga olmaganda, 130 dan ortiq mamlakatdan kamida 27 ming nafar chet el fuqarosini yollagan.
Ukraina bu bahoga asos bo‘lgan manbalarni oshkor qilmadi.
BBC ochiq manbalar, halok bo‘lganlarning nomma-nom ro‘yxatlari va askar-dezertirlar taqdim etgan yaradorlar ro‘yxatini tahlil qilib, Rossiya tomonidan jalb etilgan xorijiy harbiylar sonini, KXDR fuqarolarini hisobga olmagan holda, taxminan 20 ming kishi deb baholaydi.
BBC ochiq ma’lumotlar va nekrologlarga tayanib, Rossiya armiyasi tarkibida Markaziy Osiyo davlatlari, Belarus, Moldova, Armaniston, Ozarbayjon, Nepal, Hindiston, Shri-Lanka, Vьetnam, Xitoy, Misr, Yaman, Iroq, AQSh, Kuba, Serbiya, Polsha, Italiya, Keniya va boshqa davlatlar fuqarolari jang qilganini aniqladi.
"Agar dastlab yollash harbiy tajribaga ega mafkuraviy ko‘ngillilar hisobiga bo‘lsa, keyinchalik u iqtisodiy va huquqiy jihatdan ojiz guruhlarga mo‘ljallangan xalqaro tizimga aylanib ketdi", deb hisoblaydi hisobot mualliflari.
Harakatlar va usullar
Odam savdosiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy asosi 2000 yilda BMT Palermo protokolini qabul qilishi bilan mustahkamlangan.
U odam savdosini uchta unsur orqali belgilaydi: harakat, vosita va maqsad. Protokolda aniq belgilar sanab o‘tilgan: "harakatlar"ga, xususan, odamni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish, "vositalar"ga – tahdid, kuch ishlatish, majburlash, aldov yoki ojizlikdan foydalanish kiradi. Yakuniy maqsad – ekspluatatsiyadir.
Hisobot mualliflari "harakatlar" sifatida xorijliklarni migratsiya markazlari, politsiya bo‘limlari, harbiy komissarliklar va qamoqxonalarda yollashni hamda yollanganlarni keyinchalik tashishni; "vositalar" sifatida esa – aldov, bosim, tahdid va ojiz holatdan foydalanishni keltirgan.
Rossiyada, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan migrantlar va huquqiy maqomi beqaror bo‘lgan boshqa xorijliklar ojiz ahvolda qolmoqda.
Mualliflar ta’kidlashicha, Rossiyadan tashqarida yollash bilan shug‘ullanuvchilar qashshoqlik, ishsizlik, qurolli mojarolar oqibatlari va odamlarda ishonchli daromad manbalari yo‘qligidan foydalanib qolishi mumkin. Til to‘sig‘i ham aldov unsurlaridan biriga aylanadi: shartnomalar ko‘pincha faqat rus tilida imzolash uchun berilgan va odamlar aynan nimaga rozilik berayotganini tushunmasligi mumkin edi.

Surat manbasi, ALEXANDER NEMENOV/AFP via Getty Images
Palermo bayonnomasiga ko‘ra, agar jarayonda majburlash, aldash yoki zaif holat suiiste’mol qilinsa, mazlumning roziligi ahamiyatga ega emas.
Rossiya 2004 yilda Palermo bayonnomasini ratifikatsiya qilib, odam savdosiga qarshi kurashish, qurbonlarni himoya qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan.
Britaniyaning Ochiq universiteti huquq va jamiyat professori Nataliya Shablevskaning fikricha, ma’ruzada keltirilgan bosim holatlarini nazariy jihatdan odam savdosi deb tasniflash mumkin, ammo barchasi isbot-dalillarga bog‘liq.
"Asosiy yuridik masala shundaki, dalillar ularni shafqatsizlik yoki chalg‘itish orqali harbiy xizmatga yollashdan tashqari, aynan ekspluatatsiya qilinayotganini ham ko‘rsata oladimi?" - deydi u.
Yollanuvchilarning kambag‘alligi yoki iqtisodiy beqaror ahvoli odam savdosiga yetarlicha dalolat qilmaydi.
Pasportini olib qo‘yib, urushga jo‘natishmoqda
Professor Nataliya Shablevskaning aytishicha, hujjatlarni olib qo‘yish, tahdidlar, zo‘ravonlik yoki vaziyatdan chiqish imkoniyati yo‘qligi – bularning barchasi odamning tuzoqqa tushganini ko‘rsatadi va bunday holatlarni odam savdosi sifatida malakalashga yordam beradi.
Masalan, Hindistonning bir necha o‘nlab fuqarosi shunday ahvolga tushib qolgan.
Ularning aytishicha, Rossiyada yaxshi haq to‘lanadigan ish va’da qilib, ba’zi hollarda esa armiyaga "yordam", ya’ni jangovar bo‘lmagan yordamchi lavozim taklif etib, odamlarni yollashgan.
Buning evaziga Rossiyadagi xususiy universitetlarga o‘qishga kirish va vizani "imtiyozli" uzaytirish va’da qilingan.
Hindistonning Haydarobod shahridan bo‘lgan Muhammad Asfanning oilasi Reuters agentligiga Muhammad YouTube portalidagi videoni ko‘rib, Rossiyaga yo‘l olganini, videoda unga ish va yarim yillik yashash ruxsatnomasi va’da qilinganini so‘zlab berdi.
Keyinroq u Ukraina chegarasidan aloqaga chiqib, oilasiga pasporti olib qo‘yilgani va urushishga majburlanayotganini bildirgan. Asfan urushda halok bo‘lgan.
Hindiston Markaziy tergov byurosi 2024 yilda hindistonliklarni Rossiyaga ish, o‘qish yoki armiyadagi yordamchi lavozimlarni va’da qilib jalb etgan odam savdosi tarmog‘i fosh etilganini ma’lum qildi.
Byuro ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga kelgach, yollanganlarning bir qismining pasportlari olib qo‘yilgan, so‘ng ularga jangovar ko‘nikmalar o‘rgatilib, frontga jo‘natilgan.
Hindiston hukumati bunday fuqarolar soni o‘nlab ekanini taxmin qilgan, kamida to‘rt nafar hindistonlik halok bo‘lgan.
Hindistonda bu ish bo‘yicha to‘rt kishi, jumladan, Rossiya Mudofaa vazirligining shartnama asosidagi tarjimoni va bir necha vositachi hibsga olingan.

Surat manbasi, NOAH SEELAM/AFP via Getty Images
Hujjatlarni olib qo‘yish, tahdidlar, zo‘ravonlik yoki vaziyatdan chiqish imkoniyati yo‘qligi – bularning barchasi odamning tuzoqqa tushganini ko‘rsatadi...
Nepal fuqarolari ham shunga o‘xshash vaziyatga tushib qolgan.
Guardian gazetasi aniqlashicha, ular Rossiyaga kelgach, rus tilidagi shartnomalarga imzo chekkan va shundan so‘ng ularning pasportlari olib qo‘yilgan.
Oradan vaqt o‘tibgina ular Rossiya armiyasida bir yil xizmat qilish majburiyatini olganliklarini bilib qolishgan.
Nepallik Nandaram Pun Rossiya harbiy gospitalida yotganida pasporti yo‘qligini va davolangach, uni yana urushga jo‘natishlaridan qo‘rqayotganini aytgan.
BBC Ukrainaga qarshi urushda halok bo‘lgan 72 nafar nepallikning ismini aniqlagan. Nepal o‘z fuqarolariga Rossiya va Ukrainaga ish uchun borishni taqiqlagan.
BBC, shuningdek, arab mamlakatlari fuqarolarini yollash holatlarini ham yoritgan. Unga ko‘ra, yollanganlarni jangovar bo‘lmagan xizmat va bir yildan so‘ng ishdan bo‘shash imkoniyati bor deb aldashgan.
Jabrdiyda yo yollanma askar?
Palermo bayonnomasida ekspluatatsiya misollari sanab o‘tilgan, ammo bu ro‘yxat tugal emas. Bu atay qilingan, chunki o‘shanda davlatlar vaqt o‘tishi bilan odam savdosining yangi shakllari paydo bo‘lishini bilishgan, deydi odam savdosi sohasida ekspert, Palermo bayonnomasiga doir muzokaralarda qatnashgan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari sobiq maslahatchisi Enn Gallaxer.
"Bayonnoma va Yevropa Ittifoqi konventsiyasi ishlab chiqilayotganda biz majburiy harbiy xizmat maqsadida odam savdosi haqida o‘ylamaganmiz, agar 2000 yilda bu muammo ommaviy muhokamada bo‘lganida, uni ro‘yxatga albatta kiritishgan bo‘lardi, bunga aminman", deb hisoblaydi u.
Jangovar harakatlarga majburiy jalb etish ko‘rinishidagi ekspluatatsiya Palermo bayonnomasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilanmagan, deydi Britaniyaning Xall universitetida zamonaviy qullikni tadqiq qiluvchi doktor Alisiya Xeys.
Agar shartnoma imzolashda jangovar bo‘lmagan vazifalar va’da qilingan bo‘lsa, odamlarni frontga jo‘natishni odam savdosi deb malakalash mumkinmi, degan savolga Xeys shunday javob beradi:
"Deyarli shunday. Odamlarni o‘ta xavfli jangovar vazifalarga jo‘natish va bunda jangovar bo‘lmagan ish haqida yolg‘on va’dalar berish – agar bu sxema yetarlicha muntazam bo‘lsa va yollashdan maqsad aynan shu bo‘lganini, bu tasodifiy natija emasligini ko‘rsatsa, Palermo bayonnomasiga asosan ekspluatatsiya deb xulosa qilish uchun yetarli bo‘lishi mumkin".
Agar va’da qilingan narsa bilan amalda sodir bo‘lgan voqea o‘rtasida jiddiy, muntazam va hujjatlar bilan tasdiqlangan tafovut mavjud bo‘lsa, shuning o‘zi kifoya, deya xulosa qiladi u.
Hisobot mualliflari Rossiya armiyasi safidagi xorijliklar aldov, majburlov, odam savdosi yoki majburiy mehnat qurboniga aylangan-aylanmaganini alohida tekshirishga kirishdi.
"Agar odamlarning bir qismi noqonuniy usullar bilan yollangan bo‘lsa, davlatlar nafaqat askarlarning o‘zini, balki avvalo yollaganlarni, vositachilarni ta’qib qilishi va yollash tarmoqlarini fosh etishi kerak", deydi huquq himoyachilari.
Ular fuqarolarning mamlakatlariga ularni kim yollaganini, vositachilar qanday ishlaganini, ularni olib chiqish yo‘nalishlari qanday bo‘lganini, Rossiyada odamlarga aynan qanday "ish" va’da qilinganini aniqlashni tavsiya etmoqda.
Shuningdek, keyinchalik Rossiya va Ukrainadagi o‘z fuqarolari bilan uchrashish imkoniga ega bo‘lish hamda asirga tushgan yoki uyiga qaytishni istaganlarni vataniga qaytarishga ko‘maklashish zarurligini ta’kidlamoqda.

Surat manbasi, Viktor Kovalchuk/Global Images Ukraine via Getty Images
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Rossiya xorijliklar armiyaga aldov yoki majburlov yo‘li bilan jalb etilgani haqidagi ayblovlarga izoh berishdan deyarli tiyilib keladi.
Mart oyida Moskvada tashqi ishlar vazirlari ishtirokida o‘tgan muzokaralardan so‘ng Keniya Rossiyaning o‘z fuqarolarini urushga yollashni to‘xtatishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.
O‘shanda Rossiya tashqi siyosat rahbari Sergey Lavrov keniyaliklarning yollanishi ortida "jamoatchilik rezonansi" borligini tan olgan, biroq barcha xorijliklar "maxsus harbiy operatsiyada ixtiyoriy asosda, Rossiya qonunchiligiga to‘liq muvofiq tarzda" ishtirok etayotganini bildirgan edi.
BBC Rossiya Mudofaa vazirligiga huquq himoyachilarining xulosalariga izoh berishni so‘rab murojaat qildi va javob kutmoqda.






























