Rossiya: Putin MDH chegaralari xavfsizligidan xavotirda – nima gap?

Putin va Markaziy Osiyo davlatlari liderlari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Putinning bu gaplari Rossiya tomonining Markaziy Osiyo mintaqasiga ham Yaqin Sharq va Afg‘oniston tahdidi bilan bog‘liq ogohlantirishlari yana kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Published
O'qilish vaqti: 6 daq

Putin aytishicha, MDH chegaralari yaqinida beqarorlikning yangi o‘choqlari paydo bo‘lgan. Shoygu ham o‘zining xavotirlari bilan o‘rtoqlashgan. Tolibon Mudofaa vaziri esa Moskvada. Yangi tafsilotlar.

Endi Putin ogohlantirdimi?

Rossiya prezidentining bayon qilishicha, bugungi kunda dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyat o‘ta murakkablashgan.

Putinga ko‘ra, MDH chegaralari yaqinida ham beqarorlikning yangi o‘choqlari bo‘y ko‘rsatgan.

"Yaqin Sharqni jiddiy inqiroz qamradi. Beqarorlikning yangi o‘choqlari, jumladan, chegaralarimiz yaqinida ham paydo bo‘ldi", - deya bayon qilgan Rossiya prezidenti.

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti shunday so‘zlar bilan MDH davlatlari xavfsizlik idoralari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining 58-yig‘ilishi ishtirokchilariga tabrik yo‘llagan.

Aytilishicha, Putinning bu tabrigini yig‘ilish ishtirokchilariga uning Sibir federal okrugidagi vakolatli vakili o‘qib eshittirgan.

Bayonoti mazmunidan anglashilishicha, shunday derkan, Putin bundan ortiq tafsilotlarga to‘xtalmagan, aynan nimalardan xavotirda ekanini ochiqlamagan.

Uning bayonotiga Markaziy Osiyo davlatlari vakillari va mintaqa davlatlari poytaxtlarining munosabati esa halicha ko‘zga tashlanmaydi.

Ammo uning bu gaplari Rossiya tomonining Markaziy Osiyo mintaqasiga ham Yaqin Sharq va Afg‘oniston tahdidi bilan bog‘liq ogohlantirishlari yana kuchayib borayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Rossiya hozir ham o‘zining ta’sir doirasi ostida, deb biluvchi mintaqa esa Afg‘oniston barobarida Eronga ham chegaradosh.

AQSh va Isroilning Eronga ochgan urushi manzarasida Rossiyaning Yaqin Sharqda qolayotgan eng yaqin so‘nggi ittifoqchisini ham yo‘qotish xavfi yuzaga kelgan.

Putinning Yaqin Sharq masalasida yordamchi bo‘lish taklifi hozircha Tramp tomonidan qabul qilinmagan.

Uzoq yillik Asad tuzumi 2024 yilda "Hay’at Tahrir ash-Shom" boshchiligidagi isyonchilar tomonidan ag‘darilarkan, Rossiya bundan avval Suriya misolida ham Yaqin Sharqda xuddi shunday yo‘qotishga uchragandi.

Rossiya tomoni o‘tgan oy ham Afg‘oniston, Suriya va Livandagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirgan.

Jangarilarning inqiroz ichida qolayotgan hududlardan qo‘shni davlatlarga o‘tishi xavfi borligi bilan ogohlantirgan.

Ammo tashqi kuchlarning Markaziy Osiyodagi harbiy hozirligiga toqat qilmasligini aytgan.

Ularning bu yo‘ldagi urinishlarini qoralashlarini bayon qilgan.

Rossiya tomonining ayni mazmundagi bayonoti o‘shanda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mudofaa vazirlarining Bishkekdagi so‘nggi sammiti chog‘ida yangragan.

Ammo Qirg‘iziston poytaxtida yangragan bu ogohlantirishlariga mintaqa davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati noayon qolgandi.

Aynan Yaqin Sharq va Afg‘oniston O‘zbek va saflarida Markaziy osiyoliklar ham jang qilgan turli jangari guruhlar boshpana topgan mintaqa va davlat ekani ham bor gap.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Bu nima degani yoki qisqacha tahlil o‘rnida...

Alisher Ilhomovdan iqtibos

Londondagi "Markaziy Osiyo Due Deligence" tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov fikricha, Kremlning oxirgi vaqtlardagi bayonotlarini Yevroosiyo hududida o‘z ta’sirini yo‘qotayotganiga munosabat, deb qarash lozim.

"(Rossiyaning) kuchsizlanayotgani ham mintaqaviy, ham xalqaro miqyosda yaqqol sezilayapti. Geosiyosiy ma’noda Ukrainaga qarshi urushda duch kelayotgan qator talofatlarida - mag‘lubiyatga uchrayotganida ko‘rinadi. Bu narsa esa Rossiya Federatsiyasining ta’sir doirasida deb ko‘rib kelingan mamlakatlarga jasorat berayapti. Buning birinchi alomatlaridan biri Yerevandagi sammit bo‘ldi. Rossiya bilan Ukraina o‘rtasidagi harbiy-siyosiy vaziyatda yuz bergan o‘zgarish Yerevan sammitiga zamin yaratdi. Boshqa mamlakatlar ham Markaziy Osiyo, Yevroosiyo mintaqasidagi tashqi o‘yinchilar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishda ko‘proq jasurlik namoyish eta boshladilar. Bu narsa, albatta, Moskvani qattiq xavotirlantiradi. Chunki u nafaqat xalqaro sahnada, global miqyosda, balki shu yaqin vaqtgacha ham o‘z gapini o‘tkazib kelgan Yevroosiyo mintaqasida ham mavqe’sini yo‘qotib borayapti", deb aytgandi u Rossiya Mudofaa vazirining mintaqa bilan bog‘liq Bishkekdagi bayonotini BBC bilan suhbatida sharhlarkan.

Shoygu ham xavotirda

Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Sergey Shoygu Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining g‘arbiy chegaralarida keskinlik kuchayayotganligini aytgan.

Putinning so‘nggi bayonoti manzarasida Rossiya Xavfsizlik Kengashining kotibi ham ogohlantirib chiqqan.

Sergey Shoygu Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining g‘arbiy chegaralarida keskinlik kuchayayotganligini aytgan.

Unga ko‘ra, tashkilot mas’uliyati ostidagi hududlarda mavjudlaridan tashqari yangi muammo va tahdidlar ham paydo bo‘lmoqda.

"Asosiy tahdid esa NATO bloki va unga a’zo sivilizatsiyalashgan Yevropa, deb ataluvchi davlatlardan keladi".

Sergey Shoygu bu haqda KXShT Xavfsizlik Kengashlari kotiblari qo‘mitasining yig‘ilishi chog‘ida ma’lum qilgan.

Yaqin Sharqdagi vaziyatdan tashqari, so‘nggi paytlarda Ukrainaning Rossiya ichkarisiga qaratilgan hujumlari ham kuchaygan, yaqinda Moskva hududi ham Ukrainaning yirik zarbalari nishoniga aylangan.

Rossiya esa aynan Yevropani Ukrainaga uzoq masofaga mo‘ljallangan dronlarni ishlab chiqarishda ko‘mak berayotganlikda ham ayblaydi.

Rossiyada bugun yana uch kunlik Xalqaro xavfsizlik anjumani ham ish boshlaydi.

Mazkur anjumanga ham aynan Sergey Shoyguning raislik qilishi, unda 100 dan ortiq davlatdan 100 dan oshiq hay’atning ishtirok etishi aytilmoqda.

Rossiya tomoni xabarlariga ko‘ra, Shoygu ushbu anjuman tegrasida Afg‘oniston va Eron tomoni vakillari bilan ham muzokaralar olib boradi.

Shu soatlarda Tolibon Mudofaa vaziri, harakat hamasoschilaridan biri va hozirda marhum ilk yetakchisi Mulla Muhammad Umarning o‘g‘li – Mavlaviy Muhammad Yoqub Mujohidning Moskvaga yetib borganiga oid xabarlar olingan.

Aytilishicha, bu uning Rossiyaga ilk safari bo‘ladi.

Rossiya hozircha Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olgan yagona davlat bo‘lib turibdi.

Tolibon esa o‘zi 2020 yilda Vashington bilan erishgan Doha bitimiga sodiq qolishi, hech bir jangari guruhga afg‘on tuprog‘idan foydalanishiga izn bermasligini ta’kidlaydi.

Lekin, Rossiya tomoniga ko‘ra, "Afg‘oniston terrorchilik tahdidlarining asosiy manbasiligicha qolmoqda".

Afg‘oniston nashrlarining xabar berishicha, xuddi shunday mazmundagi bayonot Putinning o‘tgan hafta Xitoyga qilgan davlat tashrifi chog‘ida ham yangragan.

Agar, ushbu xabarlarga tayanilsa, Rossiya va Xitoy terrorizm Afg‘oniston, mintaqa va global xavfsizlik uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolayotganini ta’kidlashgan.

Afg‘onistonning o‘zi ishtirokida xalqaro terrorchilikka qarshi hamkorlikni kuchaytirishga ham chaqirishgan.

Rossiya bosimi yanada kuchaydimi?

Rossiya davlat bayrog‘i

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Aksariyat mintaqaviy tahlilchilar esa, aynan Markaziy Osiyo davlatlariga o‘zining turli bosimlarini o‘tkazishida Afg‘oniston tahdidini Kreml qo‘lidagi eng samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ko‘rib kelishadi.

Putin shu kunlarda xorij sudlari qarorlari asosida hibsga olingan yoki jinoiy javobgarlikka tortilgan Rossiya fuqarolarini himoya qilish uchun Qurolli Kuchlardan foydalanish huquqini beruvchi qonunni ham imzolagan.

Bu qonunga oid xabarlarning o‘ziyoq postsovet makonida ham e’tibordan chetda qolmagan, jiddiy xavotirlar bilan qabul qilingan, buning oqibatlari tahlil qilinarkan, Ukraina misolining ham tilga olingani ko‘rilgan.

Yangilik Ukraina urushi fonida Rossiyaning imperialstik ambitsiyalari bilan bog‘liq xavotirlar hanuz arimagan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Postsovet makonidagi etnik ruslarning ahvoli va rus tilining mavqei shu kunlarda ham rasmiy Moskva diqqat-e’tiboridagi eng asos va hassos masalalardan biri ekani ko‘riladi.

O‘zaro muzokaralar chog‘ida kun tartibidagi asosiy masalalardan biri ekani hatto Rossiya tomonining rasmiy xabarlaridan alohida joy oluvchi mavzulardan biri.

Rossiya shu kunlarda yadroviy qudratini ham namoyish etib, yana dunyoning e’tiborini o‘ziga qaratgan.

Ukrainaga bir emas, bir nechta yadroviy kallak tashishga qodir ballistik raketasi - "Oreshnik" bilan zarba bergan.

Halicha uning kallaklarini ishga solmagan esa-da, mazkur voqe’lik tahlilchilar e’tiborini o‘ziga tortgan.

Rossiya yaqinda raketalarini uchirib, Belarus bilan birga yirik qo‘shma yadroviy mashqlar ham o‘tkazgan.

Mashqlar oldidan o‘zining yangi qit’alararo ballistik raketasini ham sinagan.

Putin "Sarmat"ning shu yil oxiriga qadar jangovar shay holatga keltirilishini ham e’lon qilgan.

Rossiya davlatchiligiga xavf tug‘ilgan taqdirda, o‘zining yadroviy qurolini qo‘llashga haqli ekanini aytib keladi.

Aksariyat tahlilchilarga ko‘ra, dunyodagi voqealarning Moskvaning xavotirlariga ham molik so‘nggi rivoji manzarasida Rossiya o‘zining bu qadamlari bilan yana bir bor mushaklarini ko‘rsatib qo‘ygan.

Mintaqa va xavfsizlik

O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari Markaziy Osiyo xaritasi fonida aks etgan.

Surat manbasi, GETTYIMAGES/RASMIY/BBC

Surat tagso‘zi, Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi ham tashqi tahdidlarga befarq emas, o‘tgan yili xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga keldilar.

O‘zbekiston hozirgi kunda Rossiya shamsiyasi ostidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga kirmaydi.

Ammo NATOning muqobili sifatida ham ko‘rilgan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining to‘laqonli a’zosi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zi ham tashqi tahdidlarga befarq emas, o‘tgan yili xavfsizlik masalasiga bahamjihat yondashish qaroriga keldilar.

Poytaxt Toshkentda mintaqaviy xavfsizlik kontseptsiyasini imzolandi.

O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham o‘zlarining harbiy salohiyatini kuchaytirish, harbiy hamkorlarini turfalashtirish harakatidalar.

O‘zbekistonlik siyosiy sharhlovchi Chori Ko‘charov fikricha, bugungi AQSh va Eron o‘rtasidagi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushlar manzarasida islomiy jangarilar qaysidir mamlakatga tahdid solishga jazm qilmaydilar.

"Har qanday islomiy harakatning jonlanishi ularning o‘zlarining zarariga bo‘ladi", deydi siyosiy sharhlovchi.

Mintaqa yana Ukraina masalasida neytral. Yaqin Sharqda ham tinchlikka chaqirib keladi.

Rasmiy Toshkent yaqinda hatto, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan harbiy hamkorlik niyatidan ham so‘z ochgan.

Mintaqa Tolibon bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini ham har qachongidan ko‘ra kuchaytirgan.