Britaniyadan boshpana olish uchun qanday "gey"ga aylanishmoqda? Orasida o‘zbekistonliklar ham bormi? - (Video)

    • Author, Billi Kenber
    • Role, BBC News
    • Author, Fil Kepm
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 7 daq

BBCning aniqlashicha, huquqiy firmalar va maslahatchilardan iborat yashirin tarmoq migrantlarga Buyuk Britaniyada qolish uchun o‘zini gey qilib ko‘rsatishga yordam berish evaziga minglab funt sterling talab qilmoqda. Ularning orasida o‘zbekistonliklar ham bormi?

Keng qamrovli maxfiy surishtiruvning ilk qismidan ma’lum bo‘lishicha, vizasi tugash arafasida bo‘lgan muhojirlarga soxta hikoyalar tuzib beriladi va ularga soxta dalillar, jumladan qo‘llab-quvvatlov xatlari, fotosuratlar va tibbiy hisobotlar qanday olinishi o‘rgatiladi.

Shundan so‘ng ular Pokiston yoki Bangladeshga qaytsa, hayoti xavf ostida qolishini aytib, o‘zini gey deb ko‘rsatgan holda boshpana so‘raydi.

Bizning xulosalarimizga javoban, Ichki ishlar vazirligi: "Tizimdan foydalanishga uringan har qanday shaxs qonun oldida javob beradi, jumladan Buyuk Britaniyadan chiqarib yuboriladi", dedi.

Buyuk Britaniyaning boshpana tizimi, vatanida xavf sababli qayta olmaydigan shaxslarga himoya beradi. Masalan, Pokiston, Bangladesh va O‘zbekiston kabi davlatlarda bir jinsli aloqalar noqonuniy hisoblanadi.

Biroq BBC News surishtiruvi bu jarayon huquqiy maslahatchilar tomonidan mamlakatda qolmoqchi bo‘lgan muhojirlardan haq undirish orqali tizimli ravishda suiiste’mol qilinayotganini ko‘rsatdi.

Bu odatda kichik qayiqlarda yoki boshqa noqonuniy yo‘llar bilan yangi kelganlar emas, balki talabalik, ish yoki turistik vizasi tugagan shaxslardir.

Bu guruh hozirda barcha boshpana so‘rovchi arizalarining 35 foizini tashkil etadi. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 100 mingdan oshgan.

Dastlabki dalillar, jumladan guvohlardan ma’lumotlar yig‘ilgandan so‘ng, biz yashirin muxbirlarni muhojirlik maslahatchilari soxta boshpana arizalari tayyorlashga qanchalik tayyor ekanini tekshirish uchun yubordik.

Muxbirlar o‘zini vizasi tugayotgan pokistonlik va bangladeshlik xalqaro talabalar sifatida tanishtirdi.

Surishtiruv natijalarida quyidagilar aniqlandi:

  • Bir yuridik firma soxta boshpana arizasini tayyorlash uchun 7000 funtgacha haq so‘radi va Ichki ishlar vazirligi rad etishi ehtimoli "juda past" ekanini aytdi
  • Soxta boshpana izlovchilar o‘z ishlarini kuchaytirish uchun shifokorlarga depressiyaga chalinganini aytib, tibbiy dalil olishga borgan, hatto biri o‘zini OIV musbat deb yolg‘on ishlatgan.
  • Bir immigratsiya maslahatchisi 17 yildan ortiq vaqt davomida soxta ishlar bilan shug‘ullanganini aytib maqtangan va mijoz bilan gey jinsiy munosabatda bo‘lgan odamni ham topib berishini aytgan
  • Bizning yashirin muxbirga u Britaniyada boshpana olgandan keyin Pokistondan xotinini olib kelishi va keyin u ham o‘zini lesbiyan qilib ko‘rsatib soxta ariza topshirishi mumkinligini aytgan.
  • Boshqa firma bilan bog‘liq yurist yashirin muxbirga odamlarga o‘zini gey yoki ateist qilib ko‘rsatish orqali boshpana olishga yordam berganini aytgan. U 1500 funt evaziga soxta ariza tayyorlashni, yana 2000–3000 funtga dalillar yasashni taklif qilgan.

"Bu yerda hech kim gey emas"

Seshanba kechasi London sharqidagi Bektonning sokin hududida joylashgan jamoat markazida 175 dan ortiq kishi bir tadbirga yig‘ildi.

Ayrimlar Janubiy Uels, Birmingem va Oksforddan kelgan. Tadbirni Worcester LGBT tashkiloti tashkil etgan bo‘lib, u o‘zini gey va lesbiyan boshpana izlovchilarni qo‘llab-quvvatlash guruhi deb ta’riflaydi.

Guruh saytida faqat haqiqiy gey boshpana izlovchilar qabul qilinishi aytilgan.

Biroq markazdan ko‘chaga chiqqan erkaklar bizning yashirin muxbirga bu yerdagi holat aslida boshqacha ekanini ochiq tan oldi.

"Bu yerdagilarning ko‘pchiligi gey emas," dedi Fahar ismli erkak.

Zishan deb tanishtirgan yana bir kishi esa bundan ham o‘tadigan gap aytadi:

"Bu yerda hech kim gey emas. Hatto 1 foiz ham emas. Hatto 0,01 foiz ham emas".

Yashirin muxbirimizning bu guruh yig‘ilishiga borishi fevral oxirida boshlangan. U Birmingem va Londonda joylashgan Law & Justice Solicitors firmasida ishlaydigan yurist yordamchisi Mazedul Hasan Shakilga murojaat qilgan.

Shakil huquqiy ishlar bilan birga Worcester LGBT asoschisi va raisi ham hisoblanadi. Yaqin vaqtgacha u guruh sayti orqali o‘z yuridik xizmatlarini reklama qilgan.

Qisqa telefon suhbati davomida Shakil yashirin muxbirga boshpana so‘rash uchun ta’qibdan qo‘rqishi kerakligini aytgan va unda bunday asos ko‘rmayotganini bildirgan.

Biroq bir necha soatdan keyin muxbirga Tanisa deb tanishtirgan ayol qo‘ng‘iroq qildi.

Suhbat urdu tilida davom etar ekan, u muxbirga mamlakatda qolishga yordam berishga ancha qiziqish bildirdi va uni gey sifatida boshpana so‘rashga undadi.

Muxbir gey emasligini aytganda, u: "Menga qara. Bu yerda hech kim haqiqiy emas. Bu yerda hozir yashab qolishning yagona yo‘li — hamma qilayotgan usulni qo‘llash", dedi.

U muxbirimizning raqamni unga kim berganini aytmadi, ammo uning WhatsApp rasmi va ismi Tanisa Xon ekanini aniqladik. U Worcester LGBT maslahatchisi ekan.

"To‘liq paket"

O‘sha kuni kechqurun muxbir London sharqidagi Forest Geytga borib, Tanisa bilan uchrashdi.

Birinchi uchrashuv yuridik ofisda emas, balki uning uyida, yotoqxonasida bo‘lib o‘tdi.

"Hozir vizani olish uchun faqat bitta yo‘l bor," dedi u.

"Bu — boshpana vizasi. U inson huquqlariga asoslanadi va gey ishi yoki bir jinsli aloqa, deb ataladi. Boshqa vizalardan umid yo‘q".

Tanisa bu jarayon mehnat talab qilishini ta’kidladi — muxbir Ichki ishlarda intervyu uchun soxta hikoyani yodlab olishi kerak edi.

"Imtihondan siz o‘tasiz. Men sizga hammasini tayyorlab beraman," dedi u.

Tanisaning yotoqxonasida 45 daqiqa davomida bo‘lib o‘tgan suhbat ayrim soxta boshpana arizalaridagi aldov qanchalik murakkab bo‘lishi mumkinligini — va shu sababli uni mansabdorlar uchun aniqlash qanchalik qiyin ekanini ko‘rsatdi.

Boshpana izlovchilar avval Ichki ishlar vazirligida dastlabki tekshiruv intervyusidan o‘tadi, so‘ngra bir necha soat davom etadigan batafsil "asosiy intervyu" bo‘lib o‘tadi va unda ularning da’volari chuqur tekshiriladi.

Ichki ishlar vazirligining boshpana arizasini rad etish qarorlari sudda bahs qilinishi va hatto bekor qilinishi mumkin.

"Inson gey ekanini tekshirib aniqlashning iloji yo‘q," dedi Tanisa bizning yashirin muxbirga.

"Eng muhimi — siz nima deysiz. Siz shunchaki 'men geyman va bu mening haqiqatim' deb aytishingiz kerak.

Bu yerda sizga o‘xshagan, aslida gey bo‘lmagan, lekin viza olish uchun ariza topshirayotgan odamlari bor ko‘plab tashkilotlar mavjud. Siz yolg‘iz emassiz," deb uni tinchlantirdi u.

So‘ng u aldov qanday amalga oshirilishini tushuntirdi.

"Biz qo‘llaydigan usul shunday: men sizni suhbatga to‘liq tayyorlayman — siz uchun keng qamrovli paket tayyorlayman, unga klublarda tushgan fotolaringiz, turli qo‘shimcha dalillar, tashkilot xati va qo‘shimcha tavsiya xatlari kiradi. Shunday qilib, siz intervyuga kirganingizda to‘liq tayyor bo‘lasiz".

Tanisa, 17 yildan ortiq vaqt davomida soxta arizalar bilan shug‘ullanganini aytib, LGBT tadbirlarda olingan fotolar va ular uchun sotib olinadigan chiptalar ariza uchun dalil sifatida xizmat qilishini tushuntirdi.

"Men sizga bir odamdan xat beraman, u bilan birga bir nechta fotolar ham olamiz va o‘sha odam siz bilan jinsiy aloqa qilganini yozib beradi," deb qo‘shimcha qildi u.

Tanisaning xizmati bepul emas edi — uning narxi 2500 funt bo‘lib, agar bizning muxbirning arizasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan rad etilsa va ish sudgacha yetib borsa, xarajat yana oshishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Uning aytishicha, muvaffaqiyatli ariza qilingan mehnatga arziydi.

"Siz bu yerda yashaysiz, ishlaysiz va nafaqa olish huquqiga ham ega bo‘lasiz".

Ammo agar u Ichki ishlar vazirligiga o‘zini gey deb aytgan bo‘lsa va arizasi qondirilsa, Pokistondagi xotini uchun bu nimani anglatadi, deb so‘radi muxbir.

"Agar uni bu yerga chaqirsangiz, unga ham boshpana so‘raymiz. U (xotiningiz) kelgach, uni lesbiyan qilamiz."" deb javob berdi Tanisa.

Dalil taqdim etish

Tanisa rasman ro‘yxatdan o‘tgan muhojirlik maslahatchisi emas va shu sababli uning muhojirlik bo‘yicha maslahat berishi noqonuniy hisoblanadi.

U o‘sha kuni ertalab qo‘ng‘iroq qilingan advokat yordamchisi bilan aloqasi haqida aniq gapirishdan tiyildi va faqat u bilan ishlashini aytdi.

"Yuristlar va shunga o‘xshashlar sizga yo‘l ko‘rsatishi kerak. Ammo amaliy ishlarni ular qilmaydi," dedi u, bu bilan ehtimol dalillarni soxtalashtirishni nazarda tutgan.

"Bu ishlarni biz qilamiz."

Biroq uning Shakil bilan aloqalari keyingi ikki uchrashuvda yanada oydinlashdi. Bu uchrashuvlar Shakil ishlaydigan Law & Justice yuridik firmasining Ilforddagi ofisida bo‘lib o‘tdi.

"Men bir yurist bilan ishlayman, shuning uchun uning ofisidan foydalanaman," deb tushuntirdi u.

Uchrashuvlardan birida yashirin muxbir Tanisa bilan tanishtirgani uchun Shakilga rahmat aytish maqsadida u bilan uchrashishni so‘radi. Uni qo‘shni xonaga olib kirildi va Shakil bilan qo‘l berib ko‘rishdi.

Tanisa shuningdek Worcester LGBT tashkilotining rolini tushuntirdi. U uni "bizning tashkilot" deb atadi va uning saytida "Ichki ishlar vazirligi tomonidan rasman tan olingan… Buyuk Britaniya bo‘ylab LGBT+ boshpana izlovchilarni qo‘llab-quvvatlashdagi hissamiz e’tirof etilgan" deb yozilganini aytdi.

U muxbirga aprel boshida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishda qatnashishi shartligini aytdi va u yerda o‘ziga o‘xshagan soxta ariza qiluvchilar hamda "haqiqiylari ham" bo‘lishini bildirdi.

"Bu yig‘ilish juda muhim, chunki siz Ichki ishlar vazirligiga, agar gey bo‘lsangiz, haqiqatan ham gey tashkilotiga a’zo ekaningizni isbotlaydigan dalil taqdim etishingiz kerak," dedi u.

U, Worcester LGBT ariza uchun dalil sifatida ishlatish mumkin bo‘lgan xat berishi mumkinligini aytdi.

"Siz bizning a’zomiz, haqiqiy a’zo, biz bilan bog‘liq va shaxsan taniydigan inson ekaningizni tasdiqlovchi xat beramiz. Bunday dalil juda kuchli hisoblanadi".

Biz o‘z videomateriallarimizni 30 yillik tajribaga ega muhojirlik huquqi bo‘yicha mutaxassis yurist Ana Gonsalesga ko‘rsatdik. U Tanisa ochiqcha qonunbuzarlik qilayotganini, "bu odamga berish uchun da’vo to‘qib chiqarish orqali firibgarlik sodir etayotganini" aytdi.

"Bunday odamlar haqiqiy boshpana izlovchilar va qochqinlar uchun vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda," dedi Gonsales.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

BBC News Tanisaga yashirin muxbirga aytgan gaplari yuzasidan murojaat qilganidan so‘ng, u bu holatni "tushunmovchilik" deb baholadi va urdu tilini yaxshi bilmasligini aytdi. U muxbirga soxta ariza berishni maslahat berganini yoki soxta dalillar tayyorlashni taklif qilganini rad etdi.

Shakil esa yashirin muxbirning ma’lumotlarini Tanisaga berganini, ammo u soxta boshpana arizasi tayyorlashni taklif qilishini bilmaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Worcester LGBT boshpana arizalari uchun soxta dalillar tayyorlamaydi va qo‘llab-quvvatlamaydi, shuningdek kimning gey ekanini aniqlash tashkilotning vazifasi emas.

Shakilning qo‘shimcha qilishicha, Worcester LGBT Tanisaning harakatlari bo‘yicha ichki tekshiruv o‘tkazmoqda va u tashkilotda qaror qabul qilish vakolatiga ega emas.

Law & Justice Solicitors esa Tanisaning firma bilan hech qanday professional aloqasi yo‘qligini va Londondagi ofisiga "ruxsatsiz kirish ehtimoli" bo‘yicha tekshiruv o‘tkazayotganini bildirdi.

Kompaniya shuningdek, bizning yashirin muxbir hech qachon firmaning mijozi sifatida ro‘yxatga olinmaganini aytdi.

Arizalarning qanchasi soxta?

Boshpana arizalarining qanchasi soxta ekanini aniqlash qiyin.

Biroq Ichki ishlar vazirligi statistikasi jinsiy orientatsiya asosidagi arizalarda pokistonliklar ulushi nomutanosib darajada yuqori ekanini ko‘rsatadi.

2023 yilda, eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 3430 ta LGBT boshpana ishi bo‘yicha dastlabki qarorlar qabul qilingan va qariyb 1400 ta yangi ariza jinsiy orientatsiya asosida berilgan.

Ularning taxminan 42 foizi pokistonliklar hissasiga to‘g‘ri kelgan va so‘nggi besh yil davomida ham aynan ular eng ko‘p bunday arizalarni bergan.

Ayni yilda pokistonliklar barcha boshpana arizalari orasida faqat to‘rtinchi o‘rinda bo‘lgan va umumiy arizalarning 6 foizini tashkil etgan.

Jinsiy orientatsiya asosidagi boshpana arizalari bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlar mavjud emas.

Biroq Ichki ishlar vazirligi statistikachilari so‘nggi yillarda Pokiston, shuningdek Bangladesh va Hindistondan talabalik yoki ish vizalari bilan kelgan muhojirlar orasida boshpana so‘rovlari keskin oshganini qayd etgan.

2023 yilda jinsiy orientatsiya asosida ta’qibdan qochayotganini aytgan boshpana izlovchilarning qariyb uchdan ikki qismiga dastlabki bosqichdayoq ijobiy qaror berilgan.

O‘zbekistonliklar ham bormi?

BBC O‘zbek xizmatining manbalari O‘zbekistondan kelib boshpana so‘rovchilar orasida ham jinsiy orientatsiyasini sabab qilib ko‘rsatuvchilar oldindan bo‘lib kelganini aytishadi.

Ismi sir qolishini istagan shu sohaga yaqin mutaxassisning aytishicha, so‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar orasida o‘zini gey deb ko‘rsatuvchi boshpana so‘rovchilar soni ortgan.

BBC O‘zbek o‘zbekistonliklar haqidagi bu iddoalarni rasmiy va mustaqil manbalardan tekshirmadi.