Muhim minerallar nima, ulardan qanday maqsadlarda foydalaniladi va nima uchun davlatlarga zarur?

O'qilish vaqti: 4 daq

Davlatlar smartfonlardan tortib elektromobillargacha ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan muhim minerallar va nodir yer elementlarini qo‘lga kiritish uchun musobaqalashmoqda.

AQSh prezidenti Donald Tramp bu foydali qazilmalarni olishni ustuvor vazifa qilib belgiladi. Qazib olish bo‘yicha potentsial bitimlar uning Grenlandiya va Ukraina borasidagi rejalarining bir qismidir.

Biroq, Xitoy bu minerallarni qayta ishlash sohasida hukmron va dunyo foydalanishga tayyor ta’minot uchun unga qaram.

Muhim minerallar nima?

Muhim yoki kritik minerallar – muayyan davlat o‘z iqtisodiyoti yoki milliy xavfsizligi uchun hayotiy ahamiyatga ega deb hisoblaydigan, ammo qo‘lga kiritish qiyin minerallardir.

Keyingi yillarda talab eng ko‘p o‘sishi kutilayotgan keng tarqalgan muhim minerallardan ba’zilari quyidagilar:

• mis – energetika infratuzilmasi va qurilishda qo‘llanadi

• litiy – energiya saqlash

• kobalt – ko‘chma batareyalar va mustahkam qotishmalar (ko‘pincha shamol turbinalari uchun ishlatiladi)

• grafit – yoqilg‘i elementlari, batareyalar, moylash materiallari va atom energetikasi

Davlat uchun nima muhim mineral hisoblanishi undagi mavjud resurslar va faoliyat yuritayotgan sanoat tarmoqlariga qarab belgilanadi.

Masalan, mis AQSh uchun muhim minerallardan biriga aylangan, ammo u Buyuk Britaniya uchun unday emas.

Buyuk Britaniyaning muhim minerallar ro‘yxatida alyuminiy, kobalt va geliy kabi 34 ta material bor.

Nodir yer elementlari nima?

Nodir yer elementlari ko‘plab davlatlarning muhim minerallar ro‘yxatida uchraydi.

Muhim elektr va magnit xususiyatlarga ega nodir yer elementlari davriy jadvalning lantanidlar guruhidagi 17 ta element, shuningdek, skandiy va ittriydan iborat.

Ular mudofaadan tortib sog‘liqni saqlashgacha bo‘lgan deyarli barcha sohalarda muhim ahamiyatga ega mikrosxemalar uchun juda zarur.

Ularning boshqa qo‘llanilish sohalari:

• Ittriy – aloqa va tibbiyotda qo‘llanadigan lazer texnologiyasi

• Neodim – elektr transport vositalari va qayta tiklanuvchi energiya uchun doimiy magnitlar

• Lantan – qayta quvvatlanadigan batareyalar

Sun’iy intellekt va yashil energiya rivojlanishi bilan bu minerallarga bo‘lgan talab keskin oshdi. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu talab yanada ortishi kutilmoqda.

Biroq, nomiga qaramay, nodir yer elementlari unchalik ham kamyob emas. Masalan, neodim yer po‘stlog‘ida million qismdan 20 qismni tashkil etsa, mis 27 qismni tashkil etadi.

Muhim minerallar qaerda uchraydi?

Eng keng tarqalgan muhim minerallar butun dunyo bo‘ylab taqsimlangan, ammo ba’zi mamlakatlarda katta zaxiralar mavjud.

Xitoyda taxminan 44 million tonna, Braziliyada 21 million tonna va Avstraliyada 6 million tonnaga yaqin nodir yer elementlari zaxiralari borligi taxmin qilinadi.

Avstraliya, Indoneziya va Chili katta konchilik operatsiyalariga ega davlatlardan bir nechtasi, xolos.

Avstraliya temir rudasi, oltin, rux, nikel, kobalt va litiy ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi bo‘lsa, Indoneziya jahon nikel sanoatining yarmini ta’minlaydi.

S&P Global tahlilchilari ta’kidlashicha, Chili mis eksporti bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

Xalqaro energetika agentligi hozirgi konchilik loyihalari ko‘p hollarda talabni qondirishini, ammo 2030 yillardan mis va litiy taqchilligi boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Nima uchun Xitoy ishlab chiqarishda hukmron?

Yer ostida minerallar mavjudligi ta’minotga ta’sir qiluvchi yagona omil emas, ularni qazib olish va qayta ishlash qanchalik osonligi ham muhim.

Ko‘plab davlatlar muhim minerallarni qayta ishlash imkoniyatiga ega emas.

Masalan, Buyuk Britaniyaning muhim minerallarni baholash hisobotiga ko‘ra, kremniy metalli 30 dan ortiq mamlakatda qazib olinsa-da, faqat uchta davlat uni mikrosxemalarda ishlatiladigan polikremniyga aylantira oladi.

Aynan Xitoy nodir yer elementlari, litiy va kobalt kabi ko‘plab muhim minerallarni qayta ishlashda yetakchi.

Faradey instituti tadqiqot organi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda Kongo Demokratik Respublikasi dunyodagi kobaltning 70 foizini ishlab chiqargan, ammo uning 90 foizi qayta ishlash uchun Xitoyga yuborilgan.

Jahon iqtisodiy forumi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda dunyodagi litiy yetkazib berishning 75 foizdan ortig‘i Avstraliya va Chili hissasiga to‘g‘ri kelgan, ammo qayta ishlashning 72 foizi Xitoyda amalga oshirilgan.

Xitoy ba’zi nodir yer elementlari uchun qayta ishlashning 95 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi.

London Iqtisodiyot maktabi (LSE) Grantem iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit tadqiqot instituti xodimi Bob Uord BBC News'ga bergan intervyusida ta’kidlashicha, Xitoy 10 yil oldin yashil energiya rivojlanishini anglagan va qayta ishlash sohasiga "strategik yondashgan".

Oqibatda AQSh va boshqa davlatlar Xitoyga juda qaram bo‘lib qoldi.

AQSh hukumati Tanlov qo‘mitasi 2023-yilgi hisobotida ogohlantirishicha, AQShning muhim minerallar ta’minoti zanjirini mustahkamlay olmasligi "mudofaa sanoatini to‘xtatib va boshqa ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqarilishini bo‘g‘ib qo‘yishi" mumkin.

2025 yilda Yevropa Markaziy banki Xitoyning nodir yer elementlari yetkazib berish zanjiridagi "hal qiluvchi" roli "geosiyosiy notinchliklar oldidagi zaifliklarni" ko‘rsatishini ma’lum qildi.

Prezident Tramp bu qaramlikni kamaytirish uchun minerallar ishlab chiqarishni rivojlantirmoqchi ekanligini aniq aytgan.

2025 yil oktyabrь oyida AQSh Avstraliya bilan muhim minerallar bo‘yicha kelishuv imzoladi, unda Tramp shunday deydi: "Taxminan bir yildan keyin bizda shunchalik ko‘p muhim mineral va nodir yer elementlari bo‘ladiki, ularni qayerga qo‘yishni bilmay qolasiz."

AQShda nodir yer minerallari zaxiralari mavjud bo‘lsa-da, AQSh Geologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, ular global ta’minotning atigi 2 foizidan ortiq qismini tashkil etadi. Qayta ishlash imkoniyatlarini yaratish uchun esa yillar talab etilishi mumkin.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori Gratselin Baskaran shunday deydi: "Hozirda birorta ham davlatda Xitoyning bu sohadagi ustunligini ortda qoldirishga yetarli moliyaviy resurs yoki texnik imkoniyat yo‘q".

Xitoyda konchilik va qayta ishlash bo‘yicha ekologik talablarning pastligi unga raqobatchilariga nisbatan xarajatlarni kamaytirish imkonini bergan.

BBC News yaqinda Xitoy shimolidagi nodir yer elementlari konlarida zaharli chiqindilar to‘planib qolgan ochiq havzalar borligi, o‘rmonsizlashuv va tuproq eroziyasi haqida xabar bergan edi.