O‘zbek alifbosi islohoti yakuniga yetdimi?

O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi Lotin alifbosiga o‘tish qonunini qabul qilib Senatga yubordi. Oradan 33 yil o‘tib O‘zbekistonda alifbo islohoti o‘z yakuniga yaqinlashgandek ko‘rinayapti.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi xabar qilishicha, O‘zbekistonning Lotin alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan tashkil topadi.
Shuningdek, "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi qonun ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritdi.
Qonun ma’qullanib kuchga kirsa, hozir ikki belgi bilan yozib kelinayotgan Lotindagi O‘, G‘, Ch va Sh harflari bir belgi bilan ifodalanadi.
Qonunchilik palatasiga ko‘ra, yangi qonun ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
"Xususan, qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning amal qilishi saqlab qolinishi, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarining ramziy belgilari, peshlavha va ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlardan belgilangan muddatgacha foydalanish tartibi nazarda tutiladi", deyiladi xabarda.
Qonunchilik palatasining 7 iyuldagi yalpi majlisida qonun qabul qilinishidan oldin kuzatilgan muhokamalarda aytilishicha, bunday yondashuv davlat organlari va tashkilotlarida amalda foydalanilayotgan hujjatlar, blankalar, peshlavhalar, ko‘rsatkichlar va boshqa moddiy vositalarni bir vaqtning o‘zida almashtirish zaruratini bartaraf etadi.
Natijada davlat byudjeti mablag‘larining asossiz sarflanishining oldi olinadi, qo‘shimcha davlat xarajatlari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda alifbodagi o‘zgarishlarni amalga oshirish davlat organlari va tashkilotlari uchun moliyaviy jihatdan maqbul, bosqichma-bosqich tartibda ta’minlanadi.

Surat manbasi, Telegram/Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Bu O‘zbekiston alifbosining so‘nggi 100 yildagi to‘rtinchi o‘zgartirilishi bo‘ladi.
Alifbo o‘zgartirilishi aholi savodxonligi uchun doimo salbiy hodisa bo‘lgan, ammo o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi yozish-chizishni bilmagani uchun 1929 yildagi Arab alifbosidan Lotin alifbosiga o‘tilishi jarayoni uncha og‘riqli kechmagan.
1940 yili O‘zbekistonda yana alifboni almashtirishga qaror qiladilar: Kiril alifbosiga o‘tildi.
1989 yili O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berish qarori qabul qilingan vaqtda yana alifboni isloh etish chaqiriqlari yangradi.
Siyosiy rahbariyat ro‘yxushlik bildirmasa-da, "Birlik" va "Erk" muxolif siyosiy partiyalari bosimi ostida 1991 yili Lotin alifbosiga o‘tish masalasini parlament muhokamasiga kiritishga rozi bo‘ldi.
Mutaxassislar, yozuvchilar va jamoatchilik o‘rtasida O‘zbek yozuvini Kirildan Lotin grafikasiga qaytarish masalasi muhokamalari bir yilcha davom etdi.
1993 yil 2 sentyabrda "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi.
Qonun matnida bu qaror «keng jamoatchilik vakillari bildirgan istak-xohishlar» hisobga olinib qabul qilingani, bu qonun O‘zbekistonning "jahon kommunikatsiya tizimiga kirishini jadallashtiruvchi qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi" ta’kidlandi.

Maktab o‘quvchilari Lotin alifbosida bosqichma-bosqich o‘qitila boshlandilar.
Birinchi sinfga qabul qilingan bolalar 1994–1995 o‘quv yilidan boshlab yangi Lotin yozuvi asosidagi darsliklar bilan ta’lim ola boshladilar.
1997 yili O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi, Lotin alifbosidagi ayrim harflar noqulayligini bartaraf etish zarurligi haqidagi fikr-mulohazalar o‘rtaga chiqdi.
Ammo Lotin yozuviga uzil-kesil o‘tilishiga bog‘liq qaror Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgunicha ham qabul qilinmadi.
2021 yil 16 martida "'Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihada Lotin yozuvidagi O‘zbek alifbosini 28 harf va bir harflar birikmasidan iborat qilish taklifi ilgari surildi.
O‘zbekistonlik blogerlar uch yil oldingi muhokamalarda o‘rtaga tashlangan savollarga bugun ham javob berilmagani haqida yozmoqdalar.
Yangi qonun loyihasini endi O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatii ma’qullashi va Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolashi talab etiladi, ana undan keyin kuchga kirishi muddati belgilanadi.
O‘zbekiston bilan bir vaqtda Lotin alifbosiga o‘tishni boshlagan Ozarbayjon 2001 yili bu jarayonni nihoyasiga yetkazdi: o‘sha yili 1 avgustdan boshlab rasmiy hujjatlar, matbuot, tashqi yozuvlar va reklama faqat Lotin alifbosida bo‘lishi belgilab qo‘yildi.




























