BMT, ShHT va boshqalar Tojik Qirg‘iz chegara kelishuvidan mamnunlar

Surat manbasi, president.kg
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara bitimiga erishilganini olqishladi. 14 mart kuni Dushanbedan parvoz qilgan ilk yo‘lovchi samolyot Bishkek aeroportiga qo‘ndi.
BMT bosh kotibining matbuot so‘zchisi Stevan Dujarrich xabar qilishicha, janob Guterrish Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga shu munosabat bilan tabriknomalar yo‘llagan.
"Kotibiyatdan xabar qilishlaricha, bosh kotib ikki mamlakatni ushbu tarixiy yutuqlari bilan tabriklaydi, ularning rahbarliklari, qat’iyati va bir necha o‘n yil davom etgan muzokara jarayonini muvaffaqiyatli yakunlarga olib kelgan siyosiy irodalarini yuqori baholaydi", dedi BMT rahbari matbuot kotibi.
Markaziy Osiyoning aksar mamlakatlari a’zosi hisoblanadigan Shanxay Hamkorlik tashkiloti ham Qirg‘iziston bilan Tojikiston bahsli chegara masalasiga yakun qo‘yishning uddasidan chiqqanlari munosabati bilan tabrikladi.
"ShHTga a’zo davlatlar imzolangan Shartnomaning alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etadilar va uni Shanxay Hamkorlik tashkiloti hududlarida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni yoyishga qimmatli ulush qo‘shadi deb ko‘radilar", deyiladi xalqaro tashkilot nomidan e’lon qilingan bayonotda.
Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari Turkiy Davlatlar tashkiloti, Rossiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlar rahbarlarining tabriklarini qabul qildilar.
13 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat prezidentlari davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish haqidagi bitimni imzoladilar.

Surat manbasi, .
So‘ng Prezident Rahmon va Prezident Japarov Qirg‘iz-Tojik chegarasida avtomobillar va yuklarni o‘tkazishga mo‘ljallangan "Qizil Bel Avtodorojniy" va "Qayrag‘och Avtodorojniy" deb nomlangan ikki chegaradan o‘tish nuqtasini qayta ochish marosimlarida video konferentsiya shaklida qatnashganlar.
Ushbu chegaradan o‘tish nuqtalari 2021 yildagi qonli to‘qnashuvlar oqibatida yopib qo‘yilgan edi.
O‘shanda 50 dan ortiq inson halok bo‘lgan, minglab kishi yaralangan edi.
Prezident Japarov 14 martdan boshlab ikki mamlakat o‘rtasida samolyot va avtobus qatnovlari qayta yo‘lga qo‘yilishini e’lon qildi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida suv va energetika, yo‘l va transport infratuzilmalari bo‘yicha hamkorlik shartnomalari ham imzolandi.
Ham Tojikiston va ham Qirg‘izistondagi siyosatchilar va oddiy odamlar ushbu hodisani tarixiy voqea deb olqishladilar, ochilgan chegara punktlarida qo‘shiqlar kuylanib raqslarga tushdilar.
1991 yil SSSR parchalanganidan keyin Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida ko‘plab bahsli hududlar sovet zamonidan "meros" bo‘lib qolgan, suv va yer uchun kelib chiqqan janjallar bir necha marta qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan edi.
Eng halokatlilari 2021 yil bahori va 2022 yil kuzida ro‘y berdi, to‘qnashuvlarda ikki mamlakat qurolli kuchlari ham aralashdi.
To‘qnashuvlarda ikki tomondan kamida 240 inson halok bo‘ldi, 750 kishi jarohatlandi.
Shu yil fevralida ikki tomon ayrim qishloqlar, strategik muhim suv ayirgich, yo‘llar va chorva yaylovlarini almashishga kelishib olganlari xabar qilindi.
Bitimlarni endi ikki mamlakat parlamentlari ma’qullashlari, ana undan keyin prezidentlar imzolashlari talab qilinadi.
Shu yil 31 mart kuni Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlarining birinchi sammiti bo‘lib o‘tishi xabar qilinayapti.





























